Sayyor yig‘ilishning navbatdagisi Payariq tumanida tashkil qilindi
Bugun, 2023 yil 21 noyabr kuni navbatdagi sayyor yig‘ilish Payariq tumanida tashkil qilindi. Tumandagi mavjud 12 ta masjid imom-xatib, imom-noib hamda masjid xodimlari hamrohligida viloyatdagi 16 ta shahar va tuman bosh imom xatiblari tumandagi 12 ta masjid va 20 ta mahallalarga tarqalib, joylarda aholining kam ta'minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, nosog‘lom fikrda bo‘lgan, nogironligi bor va shu kabi toifadagi oilalar xonadoniga tashrif buyurdilar.
Shuningdek, mahalla markazlarida uyushmagan yoshlar bilan suhbatlar tashkil qilindi. Har bir mahalladagi fuqarolar soni, ijtimoiy holati va muammolari tahlil qilindi. Shu bilan bir qatorda viloyat ishchi guruhi Payariq tumanidagi 12 ta masjidda Peshin namozini o‘qib, yig‘ilgan namozxonlarga “Yurtimizda ta'limga e'tibor”, “Musulmon musulmonga ozor bermaydi”, “Ota-onaga hurmat”, “OAVdan to‘g‘ri foydalanish”, “Farzandlar tarbiyasiga e'tiborli bo‘laylik”, “Tinchlik-eng oliy nemat”, “Qo‘shnichilik haqlari”, “Ne'matlarga shukronalik”, “Oilangizni asrang”, “Yot g‘oyalarga aldanmang” va shu kabi bugungi kundagi dolzarb mavzular yuzasidan ma'ruzalar qildilar hamda ularning muammo va takliflarini tingladilar. Ish jarayonidagi holatlar ishchi guruh tomonidan dalolatnoma asosida xatlandi.
Ushbu tadbir davomida umumiy o‘rganilgan xonadonlar va o‘tkazilgan uchrashuvlar soni quyidagini tashkil qildi:
- Imom-xatiblar tashrif buyurgan mahallalar soni: 20 ta. Shundan 12 tasida muammolar borligi aniqlandi va barchasi ijroga yo‘naltirildi;
- Kam ta'minlangan oilalarga tashrif: 100 ta. Barchasiga moddiy yordam ko‘rsatildi hamda boshqa yo‘nalishdagi muammolari hamkor tashkilot masullari bilan birgalikda ijroga yo‘naltirildi.
- Nogironligi bor va kasalmand 5 nafar fuqarolar holidan xabar olindi. Shundan barchasiga moddiy yordam ko‘rsatildi.
- Notinch oilalarga tashrif: 1 ta. Ularning oilasidagi kelishmovchilik isloh qilindi;
- Ichkilikka ruju qo‘ygan 3 nafar fuqaro bilan suhbat o‘tkazildi. Tushuntirish ishlari davomida ushbu fuqarolar qilayotgan ishlarining oqibatlarini to‘g‘ri tushunib yetganligini aytib o‘tdi;
- Uyushmagan yoshlar bilan 11 ta MFYda yig‘ilish o‘tkazildi. Unda 100 nafarga yaqin uyushmagan yoshlarning ishtiroki ta'minlandi.
- Tumandagi 12 ta masjidda Peshin namozini o‘qilib, yig‘ilgan namozxonlarga dolzarb mavzularda ma'ruza qilindi. Unda 2 000 nafarga yaqin namozxonlar ishtirok etishdi.
- Yuqorida aytib o‘tilgan xonadonlarga ko‘rsatilgan jami moddiy yordam miqdori:
15 000 000 so‘mni tashkil qildi.
- Viloyat bosh imom-xatibi Zayniddin domla Eshonqulov tadbir oldidan joylardagi shahar va tuman bosh imom-xatiblariga ushbu o‘tkazilayotgan tadbirning naqadar xayrli ekani hamda bunday ilarning samarasi albatta diniy soha faoliyatini yanada jadallashishiga xizmat qilishi borasida nutq so‘zladilar va tadbir davomida e'tibor berilishi lozim bo‘lgan jihatlar yuzasidan o‘z tavsiya hamda ko‘rsatmalarini berdilar. Shundan so‘ng viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrullo domla Sattarov Payariq tumanidagi “Islom nuri” jome masjidida tumanda rasmiy faoliyat olib borayotgan otinoyilar va mahalla mullolari bilan faoliyatlarini yanada jadallashtirish, aholi orasida keng tarqalayotgan bid'at xurofotlarni to‘xtatishda qilinishi kerak bo‘lgan amaliy ishlar, aholi bilan yaqindan ishlash, faoliyatlariga mas'uliyat bilan yondashish va shu kabi masalalar yuzasidan davra suhbati o‘tkazdi.
- O‘tkazilgan mazkur sayyor uchrashuvlar davomida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ham tadbirlar tashkil qilingan bo‘lib, unda 100 tubdan ziyod mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi.
- Mazkur tadbirlardan so‘ng, ushbu sayyor uchrashuvda ishtirok etgan diniy soha xodimlari bilan tahliliy yig‘ilish tashkil qilindi. Unda Payariq tumanidagi mahallalarda o‘rganilgan muammolar, diniy sohadagi yutuq hamda kamchiliklar muhokama qilinib, ijroga yo‘naltirildi. Mazkur yig‘ilishga viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrullo domla Sattarov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning tumandagi mutaxassisi bevosita bosh bo‘ldilar. O‘tkazilgan tahliliy yig‘ilishda aholining turli qatlamlaridan o‘rganilgan kamchilik va muammolar hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ijroga yo‘naltirish choralari muhokama qilindi. Shuningdek, diniy soha xodimlariga rahbarlar tomonidan aholi bilan yanada yaqinroq ishlash, sohaning rivojini yanada takomillashtirish bo‘yicha kerakli ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.
O‘MI Samarqand viloyat vakilligi matbuot xizmati
Kiritilgan vaqti: 21/11/2023 16:32; Ko‘rilganligi: 654
Chop etilgan vaqti: 26/04/2025 00:28