Paxtachi tumani aholisi imom-xatiblarimizdan mamnun bo‘lishdi
Bugun, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyati vakilligining tashabbusi navbatdagi sayyor yig‘ilish Paxtachi tumanida o‘tkazildi. Tadbirlar oldidan viloyat vakilligi xodimi X.Temirov ishchi guruh a'zolari bilan uchrashib, o‘zining kerakli ko‘rsatma va topshiriqlarini berib o‘tdi. Shundan so‘ng, Xasan domla Temirov Nurobod tumani bosh imom-xatibi R.Ravshanov hamda Paxtachi tumani bosh imom-xatibi I.Isayevlar hamrohligida tuman markazidagi “Xo‘ja Ziyovuddin” jome masjidi hududidagi bemor va nogironligi bor oilalar holidan xabar olib, moddiy ko‘maklar ko‘rsatdi hamda haqlariga xayrli duolar qildi. Qolaversa, tuman FHDYO bo‘limiga ham tashrif buyurib, oila qurvchi yoshlar bilan “Oila – muqaddas dargoh”, “Oilada er va xotin vazifalari” mavzularida ma'rifiy suhbatlar o‘tkazdi.
Qolgan bosh imom-xatiblar va iqtidorli imom-xatiblar ham taqsimot asosida tumandagi mavjud 12 ta masjid imom-xatiblari va noiblari hamda 2024 yilda Haj ibodatiga borib kelgan hojilar hamrohligida 18 ta mahallalarga tarqalib, joylarda aholining IHM, nogironligi bor, kam ta'minlangan, boquvchisini yo‘qotgan va notinch oilalar xonadonlariga kirilib, ulardan hol-ahvol so‘raldi. Hadisi sharifda: “Insonlarning Alloh taologa eng seviklisi odamlarga ko‘p manfaati yetkazadiganidir” (Imom Tabaroniy rivoyati), deyilgan.
Shuningdek, mahalla markazlarida uyushmagan yoshlar bilan suhbatlar tashkil qilindi. Har bir mahalladagi fuqarolar soni, ijtimoiy holati va muammolari tahlil qilindi. Shu bilan bir qatorda, viloyat ishchi guruhi Paxtachi tumanidagi 12 ta masjidda Peshin namozini o‘qib, yig‘ilgan namozxonlarga “Qo‘shnichilik odoblari va haqlari”, “Oila – muqaddas dargoh”, “Ommaviy axborot vositalaridan foydalanish odoblari”, “Tinchlik qadri”, “Farzandlar tarbiyasiga e'tiborsiz bo‘lmaylik”, “Yoshlar kelajagimiz”, “Ne'matlarga shukr qilish fazilati”, “Oilangizni asrang”, “Yot g‘oyalarga aldanmang” va boshqa, bugungi kundagi dolzarb mavzular yuzasidan ma'ruzalar qildilar hamda ularning muammo va takliflarini tingladilar. Ish jarayonidagi holatlar ishchi guruh tomonidan dalolatnoma asosida xatlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyati vakilligi Matbuot xizmati
Kiritilgan vaqti: 08/10/2024 21:14; Ko‘rilganligi: 298
Chop etilgan vaqti: 27/03/2025 04:57