O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Tadbirlar

NUROBOD TUMANIDA SAYYOR YIG‘ILISH BO‘LIB O‘TDI 13.08.2024 Y

 
 

Bugun, 2024 yil 13 avgust kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyati vakilligining tashabbusi hamda yillik ish rejasiga asosan va albatta viloyat hokimligining jamoat hamda diniy tashkilotlar bilan ishlash bo‘limi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning viloyatdagi hamda uning joylardagi bo‘limlari bilan hamkorlikda tashkil qilingan navbatdagi sayyor yig‘ilish Nurobod tumanida o‘tkazildi.

Tadbirlar oldidan viloyat bosh imom-xatibi v.v.b. Yoqubjon domla Mansurov ishchi guruh a'zolari bilan uchrashib, o‘zining kerakli ko‘rsatma va topshiriqlarini berib o‘tdi. Shundan so‘ng, Yoqubjon domla mazkur masjid hududidagi bemor va nogironligi bor oilalar holidan xabar olib, moddiy ko‘maklar ko‘rsatdi hamda haqlariga xayrli duolar qildi. Qolgan bosh imom-xatiblar va iqtidorli imom-xatiblar ham taqsimot asosida tumandagi mavjud 14 ta masjid imom-xatiblari va noiblari hamda joriy yil Haj ibodatiga borib kelgan hojilar hamrohligida hududlarga tarqalib, joylarda aholining IHM, nogironligi bor, kam ta'minlangan, boquvchisini yo‘qotgan va notinch oilalar xonadoniga tashrif buyurdilar. Shuningdek, mahalla markazlarida uyushmagan yoshlar bilan suhbatlar tashkil qilindi. Har bir mahalladagi fuqarolar soni, ijtimoiy holati va muammolari tahlil qilindi. Shu bilan bir qatorda, viloyat ishchi guruhi Nurobod tumanidagi 14 ta masjidda Peshin namozini o‘qib, yig‘ilgan namozxonlarga “Qo‘shnichilik odoblari va haqlari”, “Oila – muqaddas dargoh”, “Ommaviy axborot vositalaridan foydalanish odoblari”, “Tinchlik qadri”, “Farzandlar tarbiyasiga e'tiborsiz bo‘lmaylik”, “Yoshlar kelajagimiz”, “Ne'matlarga shukr qilish fazilati”, “Oilangizni asrang”, “Yot g‘oyalarga aldanmang” va boshqa, bugungi kundagi dolzarb mavzular yuzasidan ma'ruzalar qildilar hamda ularning muammo va takliflarini tingladilar. Ish jarayonidagi holatlar ishchi guruh tomonidan dalolatnoma asosida xatlandi.

Shundan so‘ng, ushbu sayyor uchrashuvda ishtirok etgan diniy soha xodimlari bilan tahliliy yig‘ilish tashkil qilindi. Unda Nurobod tumanidagi mahallalarda o‘rganilgan muammolar, diniy sohadagi yutuq hamda kamchiliklar muhokama qilinib, ijroga yo‘naltirildi. Mazkur yig‘ilishga viloyat bosh imom-xatibi v.v.b. Yoqubjon domla Mansurov hamda Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning tumandagi mutaxassisi bevosita bosh bo‘ldilar. O‘tkazilgan tahliliy yig‘ilishda masjidning hujjat yuritish va obodonchilik bo‘yicha hamda aholining turli qatlamlaridan o‘rganilgan kamchilik va muammolar hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ijroga yo‘naltirish choralari muhokama qilindi. Shuning bilan bir qatorda, diniy soha xodimlariga rahbarlar tomonidan aholi bilan yanada yaqinroq ishlash, sohaning rivojini yanada takomillashtirish hamda joylarda diniy vaziyatni yanada sog‘lomlashtirish, yaqinlashib kelayotgan Mustaqillik bayrami munosabati bilan barcha masjidldarda tozalikni ta'minlash va shu kabi dolzarb yo‘nalishlar bo‘yicha kerakli ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.

Mazkur tadbirlardan so‘ng, Allohdan yurtimiz tinchligi, osmonimiz musaffoligi, yurtboshimizning olib borayotgan ishlariga zafarlar so‘ragan holda xayrli duolar qilindi.

O‘MI Samarqand viloyat vakilligi matbuot xizmati


Kiritilgan vaqti: 13/08/2024 16:54;   Ko‘rilganligi: 326
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/events/nurobod-tumanida-sayyor-yigilish-bolib-otdi-13082024-y
Chop etilgan vaqti: 24/03/2025 10:39
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing