O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Tadbirlar

Ko‘ngillarni obod etib...

 
 

Ramazon oyida boshqa oylardagiga nisbatan saxovatga alohida e'tibor berilishi bejiz emas. Sababi bu oyda qilingan amalga juda ko‘p mukofot beriladi. Alloh O‘zining yo‘lida qilingan sadaqa va infoqni yetti yuz barobargacha ko‘paytirilishini Kalomida bayon qilgan. Ramazon oyida esa bu miqdor yanada oshirilishi shubhasiz. Saxovat ko‘rsatayotgan kishining ixlosi va qalbidagi ezgu niyati olinajak ajrni yanada ziyoda qiladi.

Samarqand viloyatida faoliyat olib borayotgan imom xatiblar muborak Ramazon oyi davomida saxovat tadbirlari o‘tkazish bo‘yicha xayrli ishlarni amalga oshirib kelmoqdalar. Shunday tadbirlarning navbatdagisida Samarqand shahar “Panjob” jome masjidi imom xatibi B. Rizayev tashabbusi va saxovatpesha insonlarning ko‘magi bilan Samarqand shahridagi 10-son Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga ehson dasturxoni yozildi. Bu maskanda 7 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan 140 nafarga yaqin yoshlar tarbiyalanadi. Ular bilan ehson davomida odab-axloq, yoshi ulug‘larga hurmat, imon-e'tiqod, ona Vatanga muhabbat va sadoqat dildan suhbat qilindi.

Davlatimiz tomonidan ularning turmush tarzi, ta'lim olishi, tibbiy xizmatdan foydalanishi va ijtimoiy moslashuvi, qo‘yingki, hech nimadan zoriqmay ulg‘ayishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Yordamga, mehrga muhtoj insonlarga har tomonlama ko‘mak berish va ularni qo‘llab-quvvatlash mehr-muruvvatli, saxovatli xalqimizga xos ezgu fazilat. Bugun mamlakatimizda har bir inson hukumatning, saxovatli elning g‘amxo‘rligidan bahramand bo‘layotir.

Tinchlik va xotirjamlik hukm surgan bu diyorda farovon hayot kechirib, Allohning amrlarini bajarish orqali U Zotning roziligiga erishish ulug‘ baxtdir. Bu baxt har birimizga nasib etsin!

O‘MI Samarqand viloyati vakilligi


Kiritilgan vaqti: 11/05/2019 00:00;   Ko‘rilganligi: 1456
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/events/kongillarni-obod-etib
Chop etilgan vaqti: 28/03/2024 19:16
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing