Kattaqo‘rg‘on shahrida ma'naviy-ma'rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi
Bugun, 2024 yil 29 oktyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyati vakilligining tashabbusi hamda yillik ish rejasiga asosan va albatta viloyat hokimligining jamoat hamda diniy tashkilotlar bilan ishlash bo‘limi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning viloyatdagi hamda uning joylardagi bo‘limlari bilan hamkorlikda tashkil qilingan navbatdagi sayyor yig‘ilish Kattaqo‘rg‘on shahrida o‘tkazildi.
Shahardagi mavjud 5 ta masjid imom-xatiblari va noiblari, mahalla mullalari hamda hamkor tashkilot mas'ullarining hamrohligida viloyatdagi 16 ta shahar va tuman bosh imom xatiblari shahardagi 17 ta mahallalarga tarqalib, joylarda aholining kam ta'minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, IHM va shu kabi toifadagi oilalarga tashrif buyurdi. Shuningdek, mahalla markazlarida uyushmagan yoshlar va ularning oila a'zolari bilan suhbatlar tashkil qildilar. Har bir mahalladagi fuqarolar soni, ijtimoiy holati va muammolari tahlil qilindi. Shu bilan bir qatorda, viloyat ishchi guruhi Kattaqo‘rg‘on shahridagi 5 ta masjidda Peshin namozini o‘qib, yig‘ilgan namozxonlarga “Sabrning ajri ulug‘”, “Farzandlar tarbiyasiga e'tiborli bo‘laylik”, “Shukr qilish fazilati”, “Yoshlikni g‘animat biling”, “Fitnalarga berilmaylik”, “Tinchlikning qadriga yeting”, “Silai rahmning fazilatlari”, “Bid'atlarning tarqalishiga yo‘l qo‘ymaylik”, “Yoshlar kelajagimiz”, “Ota-onaga yaxshilik qilish ulug‘ savob”, “Internetdan foydalanish odoblari”, “Yot g‘oyalarga aldanmang”, “Ilm olishning fazilatlari” va boshqa bugungi kundagi dolzarb mavzular yuzasidan ma'ruzalar qildilar hamda ularning muammo va takliflarini tingladilar. Ish jarayonidagi holatlar ishchi guruh tomonidan dalolatnoma asosida xatlandi.
Shahardagi 5 ta masjidda Peshin namozi o‘qilib, yig‘ilgan namozxonlarga dolzarb mavzularda ma'ruzalar qilindi. Unda 700 nafardan ziyod namozxonlar ishtirok etishdi.
Shundan so‘ng, ushbu sayyor uchrashuvda ishtirok etgan diniy soha xodimlari bilan tahliliy yig‘ilish tashkil qilindi. Unda Kattaqo‘rg‘on shahridagi mahallalarda va masjidlarda o‘rganilgan muammolar, diniy sohadagi yutuq hamda kamchiliklar muhokama qilinib, ijroga yo‘naltirildi. Mazkur yig‘ilishga viloyat vakilligi xodimi H.Temirov bevosita bosh bo‘ldilar. O‘tkazilgan tahliliy yig‘ilishda masjidning obodonchiligi hamda aholining turli qatlamlaridan o‘rganilgan kamchilik va muammolar hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ijroga yo‘naltirish choralari muhokama qilindi. Shuning bilan bir qatorda, diniy soha xodimlariga rahbarlar tomonidan masjidlarni doim ozoda saqlash, ta'mirlash ishlariga e'tiborli bo‘lish, aholi bilan yanada yaqinroq ishlash, sohaning rivojini yanada takomillashtirish hamda joylarda diniy vaziyatni yanada sog‘lomlashtirish bo‘yicha kerakli ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.
Mazkur tadbirlardan so‘ng, Allohdan yurtimiz tinchligi, osmonimiz musaffoligi, yurtboshimizning olib borayotgan ishlariga zafarlar so‘ragan holda xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyati vakilligi Matbuot xizmati
Kiritilgan vaqti: 29/10/2024 22:23; Ko‘rilganligi: 201
Chop etilgan vaqti: 27/03/2025 05:44