O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Tadbirlar

Bu ko‘ngil ovlash oyidir

 
 

Abu Fazl “Musnad” nomli hadislar to‘plamida Salmon roziyallohu anhudan quyidagicha rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sha'bonning oxirgi kuni bizga xutba qilib bunday dedilar: “Ey odamlar! Darhaqiqat, sizlarga buyuk bir oy soya solmoqda. Muborak oy. Unda ming oydan yaxshi bir kecha bor. Alloh u (oy)ning ro‘zasini farz qildi, kechasini ibodat bilan o‘tkazishni ixtiyoriy – nafl qildi. Kim unda ixtiyoriy ravishda bir yaxshi ish qilsa, xuddi bir farzni ado etgandek bo‘ladi. Kim unda bir farzni ado etsa, xuddi yetmishta farzni bajargandek bo‘ladi. U sabr oyidir, sabrning savobi esa jannatdir. U ko‘ngil ovlash oyidir. U mo‘minning rizqi ziyoda qilinadigan oydir...”.

Mana, oylar sultoni, fayz va baraka, rahmat va mag‘firat oyi bo‘lgan Ramazon kunlari birin-ketin o‘tib bormoqda. Ramazon oyida badaniy ibodatlar bilan bir qatorda ijtimoiy sohada ham ko‘plab ezgu amallar bajariladi, moliyaviy ibodatlar amalga oshiriladi. Jumladan, bu oyda mehr-muruvvat, xayr-saxovat ishlari yanada rivoj oladi. Kishilar bu oyda boshqa oylardagiga qaraganda saxovatpeshalikni ko‘proq namoyish qilib, beva-bechoralar, miskin va kambag‘allar holidan xabar olib, jamiyatning bu toifasiga ham alohida e'tibor berilishini ta'minlaydilar.

Samarqand viloyati Jomboy tumanida faoliyat olib borayotgan imom xatiblar tuman bosh imom xatibi N.Xidirov boshchiligida joylarda bu muqaddas oyning mazmun-mohiyati va ahamiyati xususida uchrashuv va davra suhbatlari tashkil etib kelmoqdalar. Saxovatli insonlarni jalb etgan holda kam ta'minlangan oilalarga moddiy tomondan yordam ko‘rsatib, qarovsiz qolganlar, xususan boquvchisini yo‘qotgan oilalar, bemor va qariyalar holidan xabar olmoqdalar. Ular tomonidan Ramazon oyi boshlangandan buyon shu kabi oilalarga jami 3500000 so‘mlik moddiy yordam ko‘rsatildi.

Qaysi jamiyatda beva-bechoralar, kambag‘al va miskinlar, zaif kishilar holidan xabar olinar, ularning moddiy va ma'naviy ta'minoti bekamu-ko‘st qilinar ekan, o‘sha jamiyatning tinchligi bardavom bo‘ladi, iqtisodi va boshqa sohalari rivoj topadi.

O‘MI Samarqand viloyati vakilligi


Kiritilgan vaqti: 11/05/2019 00:00;   Ko‘rilganligi: 718
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/events/bu-kongil-ovlash-oyidir
Chop etilgan vaqti: 25/06/2021 17:20
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing