O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Juma mav'izalari

29.11.2019 y. Halol kasb – baraka kaliti

 
 

بسم الله الرحمن الرحيم

الحَمْدُ للهِ الَّذِي قَالَ فِي كِتَابِهِ فَانْتَشِرُوا فِي الْأَرْضِ وَابْتَغُوا مِنْ فَضْلِ اللَّهِ وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمَ عَلَى سَيِّدِنَا مُحَمَّدٍ الَّذِي قال الْحَلَالُ بَيِّنٌ وَالْحَرَامُ بَيِّنٌ وَبَيْنَهُمَا مُشَبَّهَاتٌ ، وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أجْمَعِينَ، أَمَّا بَعْدُ

Muhtaram jamoat! Dinimiz hamma sohada mo‘tadil bo‘lishga chaqiradi. Dunyoni deb oxiratni, oxiratni deb dunyoni tashlab qo‘ymaslikka buyuradi. Shuning uchun musulmon kishi ikki dunyoni ham e'tiborga olib yashaydi va halol kasb izidan o‘ziga hamda ahli-oilasiga pokiza rizq izlaydi.

Halollik – shariatimizda eng asosiy masalalardan biri hisoblanadi. Zero, har bir musulmon bajargan solih amallarining qabul bo‘lishi, farzandlarining salohiyati, oilasining farovonligi aynan luqmasining halol, kasbi-korining shariat ko‘rsatmalariga muvofiq bo‘lishiga bog‘liqdir. Bu haqida Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deydilar:

طَلَبُ الْحَلاَلِ وَاجِبٌ عَلَى كُلِّ مُسْلِمٍ

 (رواه الإمام الطبراني عن انس ابن مالك رضي الله عنه)

ya'ni: “Halol rizq izlash – har bir musulmon uchun vojibdir”, – deyilgan (Imom Tabaroniy rivoyatlari).

Tirikchilik uchun kasb-kor qilish hayot zaruratlaridan bo‘lgani sababli Alloh taolo inson hayoti uchun kerak bo‘ladigan barcha sabablarni tayyorlab qo‘ygan. Qur'oni karimda shunday marhamat qilinadi:

اللَّهُ الَّذِي خَلَقَ السَّمَاوَاتِ وَالْأَرْضَ وَأَنْزَلَ مِنَ السَّمَاءِ مَاءً فَأَخْرَجَ بِهِ مِنَ الثَّمَرَاتِ رِزْقًا لَكُمْ وَسَخَّرَ لَكُمُ الْفُلْكَ لِتَجْرِيَ فِي الْبَحْرِ بِأَمْرِهِ وَسَخَّرَ لَكُمُ الْأَنْهَارَ  وَسَخَّرَ لَكُمُ الشَّمْسَ وَالْقَمَرَ دَائِبَيْنِ وَسَخَّرَ لَكُمُ اللَّيْلَ وَالنَّهَارَ

(سورة ابراهيم الاية-33-32)

ya'ni: “Alloh osmonlar va Yerni yaratgan va osmondan suv (yomg‘ir, qor) yog‘dirib, u sababli sizlarga rizq bo‘ladigan mevalarni chiqargan zotdir. U (O‘z) amri bilan dengizda suzib yurishi uchun kemalarni sizlarga bo‘yin sundirdi. Yana daryolarni ham sizlarga bo‘yin sundirdi (32). (U) doimo faoliyat ko‘rsatib turuvchi Quyosh va Oyni ham sizlarga bo‘ysundirdi. Yana kecha va kunduzni sizlarga bo‘ysundirdi (33)” (Ibrohim surasi 32-33-oyatlari).

Islom dini halol mehnat qilish, kasb-kor qilishni ulug‘ladi va unga ajr-savoblar va'da qildi. Qur'oni karimning bir necha o‘rnida halol kasb qilish ibodat bilan birga zikr qilingan. Jumladan, namoz ibodatini ado qilgandan keyin tarqalib, Alloh taoloning fazli – halol rizq izlash haqida Qur'oni karimda shunday deyiladi:

فَإِذَا قُضِيَتِ الصَّلَاةُ فَانْتَشِرُوا فِي الْأَرْضِ وَابْتَغُوا مِنْ فَضْلِ اللَّهِ وَاذْكُرُوا اللَّهَ كَثِيرًا لَعَلَّكُمْ تُفْلِحُونَ

 (سورة الجمعة الاية-10)

ya'ni:Bas, qachonki, namoz ado qilingach, yerda tarqalib, Allohning fazli (rizqi)dan istayveringiz! Allohni ko‘p yod etingiz! Shoyad (shunda) najot topsangiz(Jum'a surasi 10-oyat).

Hadisi shariflarda eng yaxshi kasb inson o‘z qo‘li va savdo yo‘li bilan qiladigan kasb ekani aytiladi. Hadisi shariflar dehqonchilik, chorvachilik, bog‘dorchilik, hunarmandlik, sanoat va ularni xaridorga yetkazish, ya'ni savdoni o‘z ichiga oladi. Bugungi kundagi turli xil xizmatlar ham mana shu savdoning ichiga kiradi, chunki xizmatlar ham pirovard natijada sotiladi. Rofe' ibn Xadij raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan eng yaxshi kasb qaysi, deb so‘rashdi. U Zot alayhissalom:

عَمَلُ الرَّجُلِ بِيَدِهِ وَكُلُّ بَيْعٍ مَبْرُورٍ

ya'ni: “Eng yaxshi kasb – kishi o‘z qo‘li bilan kasb qilishi va har bir yaxshi savdo”, – deb javob berdilar (Imom Ahmad rivoyatlari).

Sog‘lom, mehnatga layoqatli kishining o‘zi va ahli ayoli uchun kasb-kor qilib mol topishi – asosiy farzlardan keyingi farzdir. Lekin kasbu kor ham farz ekan deb, asosiy ibodatlarni chetga surib qo‘yilmaydi. Musulmon kishi zimmasidagi oila ahlini ta'minotsiz qoldirib, kasb-kor qilishni tashlashi yoki tilanchilik yo‘liga o‘tishi mumkin emas, balki halol mehnat qilishi kerak. Kishining kasbi odamlarning ko‘ziga har qancha haqir ko‘rinmasin, Alloh taoloning nazdida maqbul va sevimlidir. Bu haqda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday marhamat qiladilar:

لأَنْ يَأخُذَ أحَدُكُمْ أحبُلَهُ ثُمَّ يَأتِيَ الجَبَلَ ، فَيَأْتِيَ بحُزمَةٍ مِنْ حَطَب عَلَى ظَهْرِهِ فَيَبِيعَهَا ، فَيكُفّ اللهُ بِهَا وَجْهَهُ ، خَيْرٌ لَهُ مِنْ أنْ يَسْألَ النَّاسَ ، أعْطَوْهُ أَوْ مَنَعُوهُ

 (رواه الامام البخاري عن الزبير بن العَوَّام رضي الله عنه)

ya'ni: “Birortangiz arqonini olib toqqa borishi, u yerdan bir bog‘ o‘tinni orqalab kelib, (odamlarga) sotishi va Alloh shu (kasb) sababli uni tilanchilikdan asrashi, uning odamlardan tilanishi ular yo berib, yo bermasliklaridan yaxshiroqdir” (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Kasb-kor masalasida odamlar bir necha qismga bo‘linadilar. Ba'zilar biz Allohga tavakkal qilamiz deb, kasb qilishdan o‘zlarini chetga tortadilar va o‘zgalarga yuk bo‘ladilar. Aslida, tavakkal qilish – payg‘ambarlarning holi, kasb qilish esa – ularning sunnatlaridir. O‘tgan payg‘ambarlar, sahobalar va aziz-avliyolarning kasb-korlari bo‘lgani ma'lum va mashhur. Hazrati Umar aytardilar: “Meni bir kishining ko‘rinishi lol qoldiradi. Shunda u haqida so‘rasam, uning kasbi yo‘qligini aytishadi va u mening nazarimdan qoladi”.  

Bir toifa odamlar kasb-kor qilishda nuqsonga yo‘l qo‘yadilar va halolmi-harommi ajratib o‘tirmaydilar. Haromning gunohini yelkalariga olishlari bilan birga kasblarining barakasi ketadi. Eng yomoni haromdan o‘sgan go‘sht kishini do‘zaxga yetaklaydi.

Ba'zilar halol kasb qiladilar, lekin dunyo ularni Alloh taoloning haqqini ado qilishdan to‘sadi va oxiratlarini boy beradilar. Bu haqda Qur'oni karimda shunday deyiladi:

مَنْ كَانَ يُرِيدُ حَرْثَ الْآَخِرَةِ نَزِدْ لَهُ فِي حَرْثِهِ وَمَنْ كَانَ يُرِيدُ حَرْثَ الدُّنْيَا نُؤْتِهِ مِنْهَا وَمَا لَهُ فِي الْآَخِرَةِ مِنْ نَصِيبٍ

 (سورة الشورى الاية-20)

ya'ni:Kimki, oxirat ekinini (savobini) istar ekan, Biz unga ekini (hosili)ni ziyoda qilurmiz. Kimki dunyo ekinini istar ekan, Biz unga o‘shandan berurmiz va uning uchun oxiratda nasiba (savob) bo‘lmas(Sho‘ro surasi 20-oyat).

Oxirgi toifa odamlar kasbu kor qilishning shariatga mos yo‘lini tanlaydilar. Ularning maqsadi Alloh taoloning roziligi bo‘ladi. O‘zlarining haqlarini oladilar va zimmalaridagi burchlarni ado qiladilar. Haloldan infoq-ehson qiladilar. Mana shu – shariatimiz bizdan talab qilgan kasb qilish yo‘lidir.

Bugungi kunimizda ko‘pchilik dindorlik, taqvodorlikni namoz, ro‘za, haj bilan o‘lchaydi. Yuqoridagi ibodatlar taqvoning asosi bo‘lsa ham, ba'zi odamlar nazardan qochirayotgan bir nuqta bor. Bu – bandaning haqqidan hazar qilmaslik. Jumaga chiqadi, lekin tosh-tarozudan uradi, ro‘zani tutadi, ammo shartnoma va va'daga vafo qilmaydi. Zakotni beradi, biroq imkon bo‘lib qolsa, shubhali yoki sifatsiz (xalqqa zararli) mahsulotlarni ham sotaveradi. Xizmatni sifatli bajarishga ahdlashadi, lekin va'dasini bajarmaydi. Shuning uchun ham Imom Muhammad rahmatullohi alayhga taqvo haqida birorta kitob yozib bering deyilganda: “Ana savdo-sotiq haqida kitob yozib qo‘yibman-ku!”, – degan ekanlar. Demak, kishining taqvosi oldi-berdi qilayotganda, bandalar oldidagi o‘zining burchlarini o‘tayotganda bilinadi.

Kitob chiqaradigan va uning savdosi bilan shug‘ullanadiganlar ichida mualliflik huquqini poymol qilish ham bor. Bir kishi yillab mehnat qilgan narsani bir necha kunda o‘ziniki qilib nashr qilib chiqarsa, topgan puli halol bo‘ladimi?!

Keyingi paytlarda turli xil xalq ehtiyoji mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi firmalar ichida mahsulotiga mashhurroq firmaning emblema (savdo belgi)sini qo‘yib sotish ko‘payib qoldi. Masalan, bir firma yangi kir yuvish kukunini kashf qildi, deylik. Bu ishga ko‘p mablag‘ va vaqt sarflagan. Kukunga kerakli moddalarni me'yorida qo‘shgan. O‘ziga yarasha mijoz ham orttirgan. Shu paytda bir qallob chiqib, mashhur firmaning nomidan qalbaki, arzon mahsulot chiqara boshlaydi. Ko‘pchilik buning farqiga bormaydi. Eng yomoni qalbaki mahsulotlar tarkibida me'yordagi moddalar bo‘lmagani uchun ular sog‘liq uchun ham zararli bo‘ladi. Mana shunday pul topayotganlar “mening topganim halol” deya olarmikan?!

Kiyim bozoriga tushgan sodda kishilar uchqir dallollar qo‘liga tushadi. Natijada ularning ming aldovi bilan kiyimlarni bozor narxidan ikki-uch barobar qimmatga sotib olishadi. Oddiy matoni Misr paxtasidan bo‘lgan, deb aldab, xaridorni chuv tushirishadi. Musulmonlarni aldab topilgan pullarni “halol” deb bo‘larmikan?!

Muammoning yechimi – Alloh taoloning haqqiga rioya qilingani kabi, bandalarning haqlariga ham rioya qilish kerak. Barakasiz, ko‘p harom moldan, kam bo‘lsada halol-pok barakali mol yaxshi. Haromdan sadaqa qilingan ko‘p mablag‘ qabul bo‘lmaydi, halol oz bo‘lsa-da qabul bo‘ladi. Bu haqda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deydilar:

"يَا أَيّهَا النّاسُ إنّ الله طَيّبٌ ولاَ يَقْبَلُ إلاّ طَيّباً، وَإِنّ الله أمَرَ المُؤْمِنِينَ بِمَا أمَرَ بِهِ المُرْسَلِينَ، فَقَالَ: {يَا أَيّهَا الرّسُلُ كُلُوا مِنَ الطّيّبَاتِ وَاعْمَلُوا صَالِحاً إني بِمَا تَعْمَلُونَ عَلِيمٌ} وَقالَ: {يا أَيّهَا الّذِينَ آمَنُوا كُلُوا مِنْ طَيّبَاتِ مَا رَزَقْناكُمْ} قَالَ: وَذَكَرَ الرّجُلُ يُطِيلُ السّفَرَ أشْعَثَ أغْبَرَ يَمُدّ يَدَهُ إلَى السّمَاءِ يَا رَبّ يَا رَبّ وَمَطْعَمُهُ حَرَامُ، وَمَشْرَبَهُ حَرَامٌ. وَمَلْبَسُهُ حَرَامٌ وَغُذِيَ بِالْحَرَامِ فَانّى يُسْتَجَابُ لِذَلِكَ"

 (رواه الامام الترمذي عن أبي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه)

ya'ni: “Ey, odamlar! Albatta, Alloh pokdir va faqat pokni qabul qiladi. Alloh mo‘minlarga ham payg‘ambarlarga buyurgan narsani buyurdi: (Payg‘ambarlarimizga shunday dedik:) “Ey, payg‘ambarlar! Pok (taom)lardan tanovul qilingiz va ezgu (ish) qilingiz! Albatta, Men qilayotgan ishlaringizni biluvchidirman”. (Alloh taolo mo‘minlarga) aytdi: “Ey, imon keltirganlar! Sizlarga Biz rizq qilib bergan pokiza narsalardan yenglar!” U zot alayhissalom bir kishi haqida aytdilar: u uzoq safar qiladi, sochlari to‘zigan, ust-boshi chang, qo‘lini osmonga cho‘zib Ey, Rabbim! Ey, Rabbim, deydi. Vaholanki, yegani harom, ichgani harom, kiygani harom. Harom bilan oziqlangan, qanday qilib uning duosi qabul bo‘lsin!(Imom Termiziy rivoyatlari) 

Demak, harom moldan kiyish, yeyish va ichish bandaning duosi ijobat bo‘lishiga to‘siq bo‘ladi. Duo esa – ibodatning mag‘zi, mo‘minning quroli. Shunchalik fazilatlardan mahrum bo‘lgan kishida o‘zi nima qoladi?!

Mo‘min kishi halol kasb tanlab, pok yo‘llar bilan mol topishi darkor. Harom va shubhali mollardan qochishi kerak. Zero Qiyomatda kishi qayerdan topib, qayerga sarflaganini hisobini bermaguncha, oyoqlari o‘rnidan jilmaydi. 

Hurmatli jamoat! Yana bir muhim jihat shuki, bir narsani halol yoki harom qilish Alloh taolo va Rasulining haqlaridir. Hech kim o‘zicha bir narsani halolga yoki haromga chiqara olmaydi. Dinimiz mukammal bo‘lgani sababli halol ham, harom ham aniq bo‘lgan. Bu haqda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deydilar:

الْحَلَالُ بَيِّنٌ وَالْحَرَامُ بَيِّنٌ وَبَيْنَهُمَا مُشَبَّهَاتٌ لَا يَعْلَمُهَا كَثِيرٌ مِنْ النَّاسِ فَمَنْ اتَّقَى الْمُشَبَّهَاتِ اسْتَبْرَأَ لِدِينِهِ وَعِرْضِهِ...

(رواه الامام البخاري عن النُّعْمَانَ بْنَ بَشِيرٍ رضي الله عنه)

ya'ni:Halol ham aniq, harom ham aniq. Ularning o‘rtasida shubhali narsalar bor. Ko‘p odamlar buni bilmaydilar. Kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘yini pok saqlaydi...(Imom Buxoriy rivoyatlari).

Shariatimiz qoidalariga ko‘ra, haromni halolga chiqarish mumkin bo‘lmagani kabi, halol narsalarni haromga chiqarish ham mumkin emas. Qur'oni karimda shunday deyiladi:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا لَا تُحَرِّمُوا طَيِّبَاتِ مَا أَحَلَّ اللَّهُ لَكُمْ وَلَا تَعْتَدُوا إِنَّ اللَّهَ لَا يُحِبُّ الْمُعْتَدِينَ

(سورة المائدة الاية-87)

ya'ni: “Ey, imon keltirganlar! Sizlar uchun Alloh halol qilib qo‘ygan narsalarni haromga chiqarmangiz va haddan oshmangiz! Zero, Alloh haddan oshuvchilarni yoqtirmaydi” (Moida surasi 87-oyat).

Ba'zi kishilar Qur'on va hadisda hukmi topilmagan narsalarni haromga chiqarishga moyil bo‘ladilar. Vaholanki, Hanafiy mazhabimizda narsalardagi asli qoida – mubohlikdir. Ya'ni, hukmi noma'lum bo‘lgan narsalarning haromligiga dalil topilmaguncha, unga harom hukmi berilmaydi, balki muboh bo‘lib turadi.

Hozirgi kunda ko‘pincha ijtimoiy tarmoqlarda ilmiy saviyasi yetarli bo‘lmagan kishilar masalaning tafsilotini bayon qilmasdan, ilmsizlarcha bir kasb yo bir sohani umuman haromga chiqarish kabi illatlar yuzaga chiqmoqda. Vaholanki, Imom Abu Hanifa, Imom Molik va Imom Ahmad rahmatullohi alayhimlardan “harom” so‘zini ishlatishda nihoyatda ehtiyotkor bo‘lganliklari rivoyat qilinadi. Bu haqda Qur'oni karimda ogohlantirib aytiladi:

وَلَا تَقُولُوا لِمَا تَصِفُ أَلْسِنَتُكُمُ الْكَذِبَ هَذَا حَلَالٌ وَهَذَا حَرَامٌ لِتَفْتَرُوا عَلَى اللَّهِ الْكَذِبَ إِنَّ الَّذِينَ يَفْتَرُونَ عَلَى اللَّهِ الْكَذِبَ لَا يُفْلِحُونَ

 (سورة النحل الاية-116)

ya'ni: “Alloh nomidan yolg‘on to‘qib, tillaringizga kelgan yolg‘onni gapirib: «Bu halol, bu harom» deyavermangiz! Chunki Alloh sha'niga yolg‘on to‘qiydigan kimsalar sira najot topmagaylar” (Nahl surasi 116-oyat).

 Demak, halol-harom va shubhali narsalar to‘g‘risida har kim o‘zicha gapirib, ixtilof chiqaravermasdan, ustoz-olimlardan so‘rab aniqlashtirishimiz va o‘rganishimiz lozim bo‘ladi. Shunda dinimiz va obro‘mizni pok saqlagan bo‘lamiz.


Muhtaram jamoat! Mav'izamiz davomida aqidaviy masalalardan “Payg‘ambarlar haqida qanday e'tiqod qilishimiz lozimligi” haqida suhbatlashamiz.  

Payg‘ambarlarning birinchisi – Odam alayhissalom, oxirgisi – Muhammad sallallohu alayhi vasallamdirlar. Ilohiy payg‘ambarlarning soni juda ham ko‘p. Hadislarda ularning adadi turlicha kelgan. Ulamolarimiz payg‘ambarlar adadi haqida qat'iy bir raqam tayin etilmagani yaxshi, deydilar. Qur'oni karimda ismi zikr etilgan payg‘ambarlarning soni yigirma beshtadir. Bular: Odam, Idris, Nuh, Hud, Solih, Ibrohim, Lut, Ismoil, Is'hoq, Yoqub, Yusuf, Ayyub, Zulkifl, Shuayb, Muso, Xorun, Dovud, Sulaymon, Ilyos, Alyasaa, Yunus, Zakariyo, Yahyo, Iso va Muhammad alayhimussalomdirlar. Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qiladi:

وَلَقَدْ أَرْسَلْنَا رُسُلًا مِنْ قَبْلِكَ مِنْهُمْ مَنْ قَصَصْنَا عَلَيْكَ وَمِنْهُمْ مَنْ لَمْ نَقْصُصْ عَلَيْكَ وَمَا كَانَ لِرَسُولٍ أَنْ يَأْتِيَ بِآَيَةٍ إِلَّا بِإِذْنِ اللَّهِ ...

 (سورة غافر الاية-78)

ya'ni: Biz Sizdan oldin (ko‘p) payg‘ambarlarni yuborgandirmiz. Ulardan Biz Sizga qissasini aytganimiz ham bor, yana ulardan Biz Sizga qissasini aytmaganimiz ham bordir. Biror payg‘ambarga Allohning iznisiz biror mo‘jiza keltirish joiz emas(G‘ofir surasi 78-oyat).

Payg‘ambarlik vazifasi nuqtai nazaridan hamma payg‘ambarlar tengdirlar, oralarida farq yo‘qdir. Fazilat jihatidangina ular bir-birlaridan ajralib turishadi. Bu jihatdan Muhammad, Ibrohim, Muso, Iso, Nuh alayhimussalomlar ulul-azm (ya'ni, sha'ni ulug‘) payg‘ambarlar deyiladi. Bularning ham ichlarida eng fazilatlisi Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sallallohu alayhi vassalamdirlar. U Zot payg‘ambarlarning eng so‘nggisi hisoblanadilar va U Zotdan so‘ng payg‘ambar chiqmaydi.

Ulamolar payg‘ambarlar haqida to‘rt narsada e'tiqod qilishimiz vojib deydilar. Ular:

  1. Payg‘ambarlar bizga Alloh taolodan keltirgan har bir xabarda rostgo‘y ekanliklariga imon keltirishimiz vojibdir.
  2. Alloh tomonidan Payg‘ambarlarga topshirgan vazifani bekamu-ko‘st bajarganlari, shariatdan biror narsani yashirmaganlariga imon keltiramiz.
  3. Nabiy va rasullar payg‘ambarlikdan avval ham, payg‘ambarlik davrida ham katta va kichik gunohlardan pok bo‘lganlar. Buni boshqacha qilib “ismat” ham deyiladi.
  4. payg‘ambarlar Alloh taoloning shariatini yetkazishda vazifalariga o‘ta hushyorlik va ziyraklik bilan yondashganlar. Ularda g‘aflatda qolish va tushunmay qolish kabi nuqson sifatlar bo‘lmaganiga imon keltiramiz.

Alloh taolo barchamizning e'tiqodimizni mustahkam qilib, halol kasb bilan pok rizq talab qilishni oson qilsin! Alloh va Rasuli halol deganni halol, harom deganni harom deb, amal qilishni nasib aylasin! Omin!

 

"Halol kasb – baraka kaliti" nomli mav'izani yuklab olish (PDF formatda)


Kiritilgan vaqti: 28/11/2019 16:19;   Ko‘rilganligi: 2886
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/islam/juma/29112019-y-halol-kasb-baraka-kaliti
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 16:41
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing