O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Juma mav'izalari

27.08.2021 y. Islomda birodarlik va o‘zaro hamjihatlik

 
 

بسم الله الرحمن الرحيم

الحمد لله رب العالمين، والصلاة والسلام على خاتم النبيين، وعلى إخوانه الأنبياء والمرسلين، وعلى آله وصحبه أجمعين،  أَمَّا بَعْدُ

Muhtaram jamoat! Muqaddas Islom dinimiz bizni tinch-totuv, o‘zaro ahl-inoq, hamjihat, kechirimli, bir-birimizga do‘st va birodar bo‘lib hayot kechirishga buyuradi. Tarixdan ma'lumki, dinimizni mana shu ko‘rsatmasiga amal qilib yashagan musulmonlar doimo baxt va saodatda yashaganlar, tinch-totuv hayot kechirganlar. Alloh taolo Qur'oni karimda musulmonlar o‘zaro aka-uka va birodar ekani haqida shunday marhamat qilgan:

 إِنَّمَا الْمُؤْمِنُونَ إِخْوَةٌ

ya'ni:  “Albatta, mo‘minlar birodardirlar” (Hujurot surasi 10-oyat).

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam ham bir qancha hadisi shariflarida musulmonlar o‘zaro aka-uka va birodar ekani haqida bunday deganlar:

 المُسْلِمُ أخُو المُسْلِمِ 

(رواه الإمام البخاري عن عبد الله بن عمر رضي الله عنه)

ya'ni: “Musulmon musulmonning birodaridir (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Demak, mo‘min-musulmonlar bir-birlariga aka-uka va birodar bo‘lganlaridan keyin, ular o‘rtalarida o‘zaro rioya qilinishi kerak bo‘lgan haq-huquqlar va vazifalar mavjud. Quyida ulardan eng dolzarblarini bayon qilamiz:

Birinchidan, mo‘min mo‘minga ko‘zgu bo‘lishi kerak. Chunki Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam hadisi shariflarida shunday deganlar:

المؤمنُ مرآةُ المؤمنِ

 (رواه الإمام أبو داود عن أبي هريرة  رضي الله عنه)

ya'ni:  “Mo‘min mo‘minning ko‘zgusidir”  (Imom Abu Dovud rivoyatlari).

Demak, mo‘min kishi birodari uchun ko‘zgu vazifasini bajarib, uni bilib-bilmasdan qilgan sahvu xatolarini chiroyli yo‘llar bilan ko‘rsatib, unga nasihat qiladi va to‘g‘ri yo‘lga boshlaydi.

Bu haqda Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qilgan:

 وَالْمُؤْمِنُونَ وَالْمُؤْمِنَاتُ بَعْضُهُمْ أَوْلِيَاءُ بَعْضٍ يَأْمُرُونَ بِالْمَعْرُوفِ وَيَنْهَوْنَ عَنِ الْمُنكَرِ

ya'ni: Mo‘minlar va mo‘minalar bir-birlariga do‘stdirlar: (odamlarni) yaxshilikka buyuradilar, yomonlikdan qaytaradilar” (Tavba surasi 71-oyat).

Shuningdek, mo‘min kishi hadisi shariflarda aytilganidek, eng avvalo kechirimli, shirin so‘z, ochiq chehrali, husni xulqli bo‘ladi.

Ikkinchidan, mo‘min kishi tilini o‘zgalarni g‘iybati va obro‘sini to‘kishdan tiyishi lozim. Bu haqda Payg‘ambarimiz alayhissalom shunday deganlar:

 إِنَّ العَبْدَ لَيَتَكَلَّمُ بِالكَلِمَةِ مِنْ رِضْوَانِ اللَّهِ، لاَ يُلْقِي لَهَا بَالا، يَرْفَعُهُ اللَّهُ بِهَا دَرَجَاتٍ، وَإِنَّ العَبْدَ لَيَتَكَلَّمُ بِالكَلِمَةِ مِنْ سَخَطِ اللَّهِ، لاَ يُلْقِي لَهَا بَالا، يَهْوِي بِهَا فِي جَهَنَّمَ

 (رواه الإمام البخاري عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه)

ya'ni: “Kishi o‘zi e'tibor bermagan holda Alloh rozi bo‘ladigan so‘zni aytishi mumkin. Bu bilan Alloh uning jannatdagi darajasini ko‘taradi. Shuningdek, kishi o‘zi e'tibor bermagan holda Allohni g‘azabi keladigan so‘zni gapirib qo‘yishi mumkin. Bu bilan  Alloh uni jahannamga tushuradi” (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Demak, kishi nima gapirayotganiga e'tibor qilishi hamda o‘zgalar haqida so‘zlash va fikr bildirishda nihoyatda ehtiyot bo‘lishi kerak. Ming afsuski, hozirgi kunda ba'zilar tillariga erk berib, yolg‘on va bo‘htonlarni tarqatmoqda. Bunday holatlar ijtimoiy tarmoqlarda juda avj olgan. Natijada, kishi o‘zini musulmon birodarini g‘iybat qiladi, obro‘sini to‘kadi va oyatu hadislarda aytilgan azobu uqubatga giriftor bo‘ladi. Eng achinarlisi, ba'zilar ahli ilm va olim kishilarni g‘iybat qilib, obro‘sini to‘kadi. Hofiz Ibn Asokir rahmatullohi alayh bu haqda shunday deganlar:

... أن من أطلق لسانه في العلماء بالثلب بلاه الله قبل موته بموت القلب

ya'ni:  “Kim ulamolarning obro‘sini to‘kish borasida tiliga erk bersa, Alloh taolo uni o‘limidan oldin qalbini o‘ldirib qo‘yish bilan jazolaydi”.

Uchinchidan, mo‘min kishining qalbi boshqalarga nisbatan hasad, gina va  adovatdan xoli bo‘lishi lozim. Chunki Payg‘ambarimiz alayhissalom hadisi sharifda shunday deganlar:

لا تَحَاسَدُوا وَلا تَنَاجَشُوا وَلا تَبَاغَضُوا وَلا تَدَابَرُوا وَلا يَبِعْ بَعْضُكُمْ عَلَى بَيْعِ بَعْضٍ وَكُونُوا عِبَادَ اللَّهِ إِخْوَانًا الْمُسْلِمُ أَخُو الْمُسْلِمِ لا يَظْلِمُهُ وَلا يَخْذُلُهُ وَلا يَحْقِرُهُ، التَّقْوَى هَاهُنَا - وَيُشِيرُ إِلَى صَدْرِهِ ثَلاثَ مَرَّاتٍ - بِحَسْبِ امْرِئٍ مِنْ الشَّرِّ أَنْ يَحْقِرَ أَخَاهُ الْمُسْلِمَ كُلُّ الْمُسْلِمِ عَلَى الْمُسْلِمِ حَرَامٌ دَمُهُ وَمَالُهُ وَعِرْضُهُ

(رواه الإمام مسلم عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ)

ya'ni: “Bir-biringizga hasad qilmanglar, tanojush qilmanglar (ya'ni, sotib olish qasdi bo‘lmagan holda boshqa birovni qiziqtirish uchun biringiz boshqa biringizning molini oshiq narxda so‘ramasin), bir-biringizga adovat qilmanglar, bir-biringizdan yuz o‘girmanglar, biringiz biringizning savdosi ustiga savdo qilmasin, o‘zaro birodar bo‘ling, ey Allohning bandalari! Musulmon musulmonning birodaridir. Unga zulm qilmaydi, uni yordamsiz qo‘ymaydi, uni kamsitmaydi. Taqvo mana bu yerda – muborak qalblariga ishora qilib, uch marta shunday dedilar. Musulmon birodarini kamsitishi kishining yomonligiga kifoyadir. Har bir musulmonning qoni, moli va nomusi musulmonga haromdir (Imom Muslim rivoyatlari).

Demak, mo‘minning qalbi boshqalarga nisbatan sof va har qanday g‘illu-g‘ashdan xoli bo‘lishi kerak.

Payg‘ambarimiz alayhissalom sahobai kiromlardan birlariga uch marta Jannatni bashoratini berdilar. Shunda, Abdulloh ibn Amr raziyallohu anhu u kishini uylarida mehmon bo‘lib, uch kun amallarini kuzatdilar. Lekin hech qanday ortiqcha amalni ko‘rmadilar. Keyin, u sahobadan Abdulloh ibn Amr: “Qaysi amalingiz tufayli Rasululloh sallallohu alayhi vasallam aytgan narsaga erishgansiz?” – deb so‘radilar. U zot: “Siz ko‘rganingizdan boshqa narsa yo‘q. Lekin ko‘nglimda biror musulmonga nisbatan g‘illu g‘ashlik saqlamayman va Alloh unga bergan narsaga hasad qilmayman”, – dedilar. Abdulloh ibn Amr: “Ha, mana shu narsa sizni ushbu darajaga olib chiqqan ekan”, – dedilar (Imom Ahmad rivoyatlari).

Afsuski, hozirgi kunda ba'zi fuqarolar, ayniqsa o‘spirin yoshlar o‘zini musulmon birodariga dushmanchilik yoki johillik qilib, har xil sovuq qurollar bilan bir-birini joniga qasd qilmoqda yoki tan jarohatlari yetkazmoqda. Vaholanki, musulmon boshqa musulmonga qurol bilan hamla qilishi yoki qurol ko‘tarishi aslo mumkin emas va dinimiz buni qattiq qoralaydi. Bu haqda Payg‘ambarimiz alayhissalom shunday deganlar:

مَن حَمَلَ عليْنا السِّلاحَ فليسَ مِنَّا

(رواه الإمام البخاري عن عبد الله بن عمر رضي الله عنه)

ya'ni: “Kim bizga qurol ko‘tarsa, u  bizdan emas” (Imom Buxoriy rivoyatlari). Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda: Rasululloh sallallohu alayhi va sallam shunday deganlar: “Birortangiz birodariga qurol o‘qtalmasin! Zero, u bilmaydiki, Shayton qurolni uning qo‘lidan chiqarib yuborsa, u Do‘zaxning bir chuquriga tushishi mumkin” (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Birovga qurol o‘qtalish deyilganda, faqatgina o‘qotar qurolni tushunmaslik kerak, balki barcha turdagi tig‘li buyumlar ham shunday qurol qatoriga kiradi.

Shuni ham ta'kidlash kerakki, janjallashgan ikki musulmonni o‘rtasini isloh qilganga ham juda katta ajru mukofotlar va'da qilingan. Bu haqda Payg‘ambarimiz alayhissalom bunday deganlar:

ألا أخبرُكُم بأفضلَ من دَرجةِ الصِّيامِ والصَّلاةِ والصَّدَقةِ قالوا بلَى قال إصلاحُ ذاتِ البينِ

(رواه الإمام الترمذي عن أبي الدرداء رضي الله عنه)

ya'ni: “Sizlarga namoz, ro‘za va sadaqadan ham afzalroq amalni xabarini beraymi? Shunda sahobalar: “Ha”, – dedilar. Rasululloh alayhissalom: “O‘rtani isloh qilish”, – dedilar” (Imom Termiziy rivoyatlari).

To‘rtinchidan, mo‘min kishi o‘zgani hojatini chiqaradigan va mushkilini aritishda yordamchi bo‘lishi kerak. Chunki Payg‘ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Allohga eng sevimli banda  odamlarga ko‘proq manfaati tegadiganidir! Alloh taologa eng mahbub amal  musulmonning qalbiga xursandchilik kirgizishingiz, undan g‘am tashvishlarini aritishingiz, zimmasidagi qarzini uzib berishingiz, ochligini ketkazishingizdir! Musulmon birodarimni hojatini chiqarish yo‘lida yurishim Masjidun Nabaviyda bir oy e'tikof o‘tirishimdan yaxshiroqdir. Kim o‘ch olishga qodir bo‘la turib, g‘azabini yutsa, Alloh uning qalbini Qiyomat kunida o‘zining roziligi bilan to‘ldiradi. Kim birodarining hojati bilan yurib, uni ravo qilsa, Alloh qadamlar toyadigan Kunda uning qadamlarini sobit qilib qo‘yadi”, – dedilar (Imom Tabaroniy rivoyatlari).

Agar Alloh taolo sizni musulmonlarning hojatlarini chiqarishga muyassar qilgan bo‘lsa, bu siz uchun – katta baxt va ulkan sharafdir.

Beshinchidan, mo‘min kishi o‘zgalarni aybini oshkor qilmasligi lozim. Dinimiz ko‘rsatmalariga ko‘ra, kishi boshqa birodarining aybini qidirib yurib, uni o‘zgalarga oshkor qilishi aslo mumkin emas. Chunki banda xatokor, hech kim ayb ish qilishdan xoli emas. Buning ustiga ayb ish qilgan kishi tavba qilib, Alloh taoloning nazdida gunohidan poklangan bo‘lsa, uni nohaq ayblash bo‘ladi. Bu haqda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Kim musulmon birodarining aybini yashirsa, Alloh uning aybini Qiyomat kuni yashiradi. Kim musulmon birodarining aybini oshkor qilsa, Alloh uning aybini oshkor qiladi, hatto uni o‘z uyida ham sharmanda qiladi” (Imom Ibn Moja rivoyatlari).

Demak, kishi o‘zgani aybini ko‘rganda, uni yashirishi va unga nasihat qilishi –  haqiqiy mo‘minlik vazifasidir.

Ming afsuski, hozirgi kunda ba'zi kimsalar birovlarning o‘zlariga xos, boshqaga ma'lum qilishi mumkin bo‘lmagan suratlari, video yoki ma'lumotlarini boshqalarga yoki ijtimoiy tarmoqlarda e'lon qilmoqdalar. Maqsadi – ma'lumot egasini aybini oshkor qilib, sharmanda qilishdir. Mana shunday holatda bir musulmonning obro‘sini to‘kish aslo musulmonchilikka to‘g‘ri kelmaydi. E'lon qiluvchini yuqoridagi hadisi sharifda aytilganidek, bu dunyoni o‘zida Alloh sharmanda qiladi va Qiyomat kunidagi ahvoli esa juda og‘ir bo‘ladi.

Aziz yurtdoshlar! Ma'lumki, Vatanimiz mustaqilligiga 30 yil bo‘ldi. Bu davr mobaynida barcha sohalarda ko‘plab katta-katta islohotlar va yangiliklar bo‘ldi va bo‘lmoqda. Mana shunday Vatanimiz ravnaqi yo‘lida jon kuydirib harakat qilayotgan barcha soha rahbaru xodimlarini xayrli ishlarida Alloh taolo madadkor bo‘lsin!

Azizlar! Inson qayerda tug‘ilib o‘ssa, ana shu yer uning uchun aziz Vatan hisoblanadi. Kindik qoni to‘kilgan joy inson uchun hech narsaga almashtirib bo‘lmaydigan, hamma narsadan ham qimmatli makondir.

Demak, Vatanni sevish, uni sog‘inib yashash – inson tabiatida mavjud bo‘lgan nozik hisdir. Vatanni sevish faqat tilda qolib ketmasligi, balki vatandoshlar yurt ravnaqi uchun birlashishi, bir-biriga xayrihoh bo‘lib, dunyo-oxiratda foydali ishlarga harakat qilishlari kerak. Chunki ko‘rib turganimiz kabi qo‘shni davlatlarimiz va Sharq davlatlarida notinchlik hukm surmoqda. Urush harakatlari, qon to‘kilishlar davom etmoqda. U yerlarda odamlarning joni xavfda, qochqinlar ko‘paygan va ular borgan joylarida ham og‘ir sharoitlarda yashamoqdalar. Biz musulmon yurtlarda tinchlik xotirjamlik bo‘lishi tarafdorimiz va shuni chin dildan xohlaymiz. Bu xohishni ro‘yobga chiqarishning avvalgi chorasi – o‘z yurtimizda tinchlikni asrab avaylashdir. Bemalol din-diyonatimizga amal qilayotgan, shariatimiz shiorlari barpo bo‘lib turganda, noshukrlik qilmaslik, turli buzg‘unchi targ‘ibotlarga uchmaslik, bilim va kuchimizni Vatan ravnaqi, dinimiz rivoji yo‘lida sarflash burchimizdir. Shu kunlarda ham Vatanni, ota-onasini tashlab, jangari to‘dalar yig‘ilgan joylarga chiqib ketayotganlar uchrab turibdi. Ularning deyarli hammasi qilgan ishiga pushaymon bo‘ladi, lekin so‘nggi pushaymon o‘zingga dushman, deganlaridek, iziga qaytishga imkon topolmay, xoru zor bo‘lmoqda. Shu sababdan, yoshlarimizni turli aldovlardan saqlash maqsadida va yurtimizdan boshqa yurtga hijrat qilishga hech qanday asos yo‘q ekani hamda Suriya kabi urush hududlariga borish – fitnaga aralashib qolish ekani haqida kuni-kecha O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay'ati rasman Fatvo berdi. Fatvoga amal qilish  barcha mo‘min-musulmonlarga shart va lozimdir!

Xullas, Vatanimiz farzandlari sifatida hech ham noshukrlikka yo‘l qo‘ymay, ko‘pdan-ko‘p shukrona qilish – burchimizdir. Chunki noshukrlik ne'matlarni qo‘ldan ketishiga sabab bo‘ladi. Alloh taolo ne'matlarga shukr qilsak, ziyoda qilish va'dasini bergan: “...agar (bergan ne'matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman...” (Ibrohim surasi 7-oyat).

Alloh taolo barchamizni Vatanimiz taraqqiyoti va farovonligi yo‘lida olib borayotgan xayrli ishlarimizga rivoj bersin, farzandlarimiz ulug‘ ajdodlarga loyiq farzandlar bo‘lishini nasib aylasin, dunyo va oxiratimiz saodatiga yetaklaydigan amallar qilishimizni nasibu ro‘zi aylasin! Omin!

 

"Islomda birodarlik va o‘zaro hamjihatlik" nomli mav'izani yuklab olish (PDF formatda)


Kiritilgan vaqti: 26/08/2021 17:31;   Ko‘rilganligi: 1925
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/islam/juma/27082021-y-islomda-birodarlik-va-ozaro-hamjihatlik
Chop etilgan vaqti: 25/04/2024 04:35
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing