O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Juma mav'izalari

25.06.2021 y. Yusuf alayhissalom qissasidan ibratlar

 
 

بسم الله الرحمن الرحيم

اَلْحَمْدُ للهِ وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى رَسُولِهِ سَيِّدِنَا مُحَمَّدٍ، نَبِيِّ الرَّحْمَةِ وَرَسُولِ السَّلاَمِ، وَعَلَى آلِهِ وَصَحَابَتِهِ الْكِرَامِ، أَمَّا بَعْدُ

Muhtaram jamoat! Alloh taolo insoniyatni yaratgandan beri ularga o‘zini tanitish va hidoyatga boshlash uchun ketma-ket payg‘ambarlar va ilohiy kitoblar jo‘natib turgan. U Zot o‘zining komil hikmati ila Islomni – oxirgi din, Payg‘ambarimizni – oxirgi Rasul, Qur'onni – oxirgi kitob qildi. Qur'oni karim Qiyomatgacha insoniyatga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatuvchi yo‘lboshchidir. Ulamolarimiz Qur'on o‘z ichiga asosan uchta katta mavzuni o‘rab olganini aytadilar: e'tiqodiy masalalar, diniy hukmlar va o‘tgan qavmlarning qissalari. Qur'oni karimda bizdan avvalgi o‘tgan ba'zi qavmlar va shaxslarning amallari maqtalsa, ba'zilarining qilgan ishlari yomonlanadi. Har ikkisida ham biz uchun ko‘plab ibratlar bor. Maqtalganlaridan o‘rnak olishimiz, yomonlanganlarning amallaridan saqlanishimiz darkor!

Ma'lumki, Qur'oni karim qissalari ichida eng chiroylisi Payg‘ambar Yusuf alayhissalom qissasidir. Bu haqda Alloh taolo shunday deydi:

      نَحْنُ نَقُصُّ عَلَيْكَ أَحْسَنَ الْقَصَصِ بِمَا أَوْحَيْنَا إِلَيْكَ هَذَا الْقُرْآَنَ وَإِنْ كُنْتَ مِنْ قَبْلِهِ لَمِنَ الْغَافِلِينَ

ya'ni: “Biz Sizga ushbu Qur'on (surasi)ni vahiy qilishimiz bilan birga go‘zal qissani aytib berurmiz. Siz esa, (ey, Muhammad!) undan (vahiydan) oldin bexabarlardan (biri) edingiz” (Yusuf surasi 3-oyat).

Bu qissaning boshqalaridan farqi sura to‘lig‘icha Yusuf alayhissalomning boshidan kechirgan voqealarga bag‘ishlangan. Buning ustiga surada qiziquvchilar uchun ko‘plab ibratlar bor. Qur'oni karimda shunday deyiladi:

 لَقَدْ كَانَ فِي يُوسُفَ وَإِخْوَتِهِ آَيَاتٌ لِلسَّائِلِينَ

ya'ni: “Haqiqatan, Yusuf va (uning) birodarlari (qissasi)da so‘rovchilar uchun alomatlar bordir” (Yusuf surasi 7-oyat).

Mazkur sura Makkada, Payg‘ambarimiz alayhissalom uchun og‘ir sinovlar bo‘lgan pallalarda nozil bo‘lgan. Alloh taolo Yusuf alayhissalomning mashaqqatli sinovlarni bosib o‘tishlari va natijada najot topishlarini eslatish bilan  Payg‘ambarimiz alayhissalomga kuchli tasalli berdi. Oxir-oqibat U Zot alayhissalomning ham ishlari najot topishi, Islom yer yuziga tarqalishi xushxabarini berdi.

Surani o‘qish asnosida quyidagi ibratlarga duch kelamiz:

1. Sir saqlash. Yusuf alayhissalom otalari Yaqub alayhissalomga ajoyib tush ko‘rganini aytganlarida, U Zot odatda yosh bolalar bunday tush ko‘rmasligi, bu tush kelajakda Yusuf alayhissalomning payg‘ambar bo‘lishiga bashorat ekanini bildilar. O‘zi busiz ham Yusuf alayhissalomga hasad qilib yuradigan akalaridan, dushmanligi ortib ketmasligi uchun, bu tushni sir saqlashni buyurdilar:

 إِذْ قَالَ يُوسُفُ لِأَبِيهِ يَا أَبَتِ إِنِّي رَأَيْتُ أَحَدَ عَشَرَ كَوْكَبًا وَالشَّمْسَ وَالْقَمَرَ رَأَيْتُهُمْ لِي سَاجِدِينَ 

ya'ni: “Eslang, Yusuf (o‘z) otasiga (Ya'qubga) dedi: “Ey, otajon! Men (tushimda) o‘n bitta yulduz, Quyosh va Oyning menga sajda qilayotgan hollarida ko‘rdim”” (Yusuf surasi 4-oyat).

 قَالَ يَا بُنَيَّ لَا تَقْصُصْ رُؤْيَاكَ عَلَى إِخْوَتِكَ فَيَكِيدُوا لَكَ كَيْدًا إِنَّ الشَّيْطَانَ لِلْإِنْسَانِ عَدُوٌّ مُبِينٌ 

ya'ni: “(Otasi) aytdi: “Ey, o‘g‘ilcham! Tushingni birodarlaringga so‘zlab bermagin! Aks holda senga qattiq makr qilishadi. Zero, shayton insonga aniq dushmandir”” (Yusuf surasi 5-oyat).

Demak, bundan kelib chiqadiki, inson o‘rni kelganda sir saqlashni ham bilishi zarur. Xususan, oilaviy sirlar yoki o‘zga mo‘min-musulmonlarning bizga ishonib aytgan sirlariga omonatdor bo‘lishimiz kerak bo‘ladi.

2. Hasaddan saqlanish. Hasad shunday yomon illatki, hatto u Ya'qub alayhissalom oilasida tarbiya ko‘rgan kishilar – Yusuf alayhissalomning o‘gay akalarini ham chetlab o‘tmadi. Hasad sababli ular Alloh taoloning Payg‘ambari Ya'qub alayhissalomni ayblashdi. Yusuf alayhissalomni joniga qasd qilishdi. Qur'oni karimda ular haqida shunday deyilgan:

إِذْ قَالُوا لَيُوسُفُ وَأَخُوهُ أَحَبُّ إِلَى أَبِينَا مِنَّا وَنَحْنُ عُصْبَةٌ إِنَّ أَبَانَا لَفِي ضَلَالٍ مُبِينٍ

ya'ni: “O‘shanda (akalari) aytdilar: “Yusuf va uning ukasi (Binyamin) otamizga bizdan ko‘ra suyukliroqdir. Vaholanki, biz bir to‘p (ko‘pchilik)miz. Haqiqatan, otamiz aniq gumrohlik uzradir”” (Yusuf surasi 8-oyat).

 Lekin Yusuf alayhissalomdagi fazilatlar Alloh taolo tomonidan ato qilingan fazilat ekanini ko‘ra olmadilar. Nima bo‘lganda ham, Alloh taoloning xohish-irodasi ustun keluvchidir. Hasadgo‘y hech qachon murodiga yetmaydi, u o‘zini-o‘zi yeb bitiradi. Nihoyada baribir Yusuf alayhissalom payg‘ambarlik martabasi va odamlar orasida sharaf va izzatga ega bo‘ldilar. Akalari esa qilmishlariga pushaymon va ayblariga iqror bo‘lib, tavba tazarru qildilar.   

3. To‘g‘ri yo‘ldan adashtiruvchi amallardan chetlanish. Insonni haqdan toydiruvchi amallardan uzoq bo‘lish, ularga kirishmaslik vojibdir. Yusuf alayhissalomni Misr azizining xotini zinoga chorlaganda undan chetlandilar, gunohga qo‘l urmadilar. Yusuf alayhissalom qiyin imtihondan o‘tdilar: chiroyli, mansabdor va xo‘jayin xotin zinoga chorlasada, kuchli imonlari sababli, gunohdan voz kechdilar, shariatda sobit turdilar. Alloh taolodan bu fitnani ketkazishni so‘rab duo qildilar. Qur'oni karimda bu haqda shunday deyiladi:

وَرَاوَدَتْهُ الَّتِي هُوَ فِي بَيْتِهَا عَنْ نَفْسِهِ وَغَلَّقَتِ الْأَبْوَابَ وَقَالَتْ هَيْتَ لَكَ قَالَ مَعَاذَ اللَّهِ إِنَّهُ رَبِّي أَحْسَنَ مَثْوَايَ إِنَّهُ لَا يُفْلِحُ الظَّالِمُونَ

ya'ni: “U (Yusuf) uyida bo‘lgan ayol (Zulayxo) undan nafsini (qondirishini) talab qildi va eshiklarni qulflab: “Qani kel!” – dedi. (Yusuf) dedi: “Alloh saqlasin! Axir, u (ering) xojam-ku?! Menga yaxshi joy bergan bo‘lsa?! Zolimlar, zotan, najot topmaslar”” (Yusuf surasi 23-oyat). Oyatdagi "zolimlar"dan murod xoinlar yoki zinokorlardir.

4. To‘g‘ri yo‘lga ergashish. Alloh taoloning roziligi va uning jannatiga yetaklovchi haq yo‘lga ergashish, U Zotning g‘azabi va azobiga duchor qiladigan ishlardan saqlanish vojibdir. Bu narsa Yusuf alayhissalomning zino qilishdan va saroydagi ayollarning chaqirig‘iga yurgandan ko‘ra mashaqqatli bo‘lsada zindonni tanlaganlarida ko‘rinadi. Qur'oni karimda Yusuf alayhissalomning so‘zlari shunday keltiriladi:

 قَالَ رَبِّ السِّجْنُ أَحَبُّ إِلَيَّ مِمَّا يَدْعُونَنِي إِلَيْهِ وَإِلَّا تَصْرِفْ عَنِّي كَيْدَهُنَّ أَصْبُ إِلَيْهِنَّ وَأَكُنْ مِنَ الْجَاهِلِينَ 

ya'ni: “(Yusuf) dedi: “Ey, Rabbim! Menga taklif etishayotgan narsadan ko‘ra zindon ma'qulroqdir. Agar ularning makrlarini mendan darig‘ tutmasang, ularga moyil bo‘lib, johillardan bo‘lib qolurman” (Yusuf surasi 33-oyat).

5. Haq yo‘lda sabr va sabot ko‘rsatish. Yusuf alayhissalom katta qiyinchiliklarni boshidan kechirdilar: akalari quduqqa tashlab ketishdi, U Zotni karvon ahli quduqdan chiqarib olib, Misrda qul qilib sotishdi, Misr azizining xonadonida ayollar makriga va tuhmatiga uchrab, bir necha yil zindonda yotdilar. Bu qiyinchiliklarni Alloh taoloning sinovi deb bilganlari sababli, bir necha yillardpn keyin hasadgo‘y akalariga duch kelganlarida ham, ularga yaxshi muomala qildilar. Ularning qilmishlarini kechirdilar. Mana shu bag‘rikenglik barchamizga katta ibratdir.

Yana bu qiyinchiliklar U Zotni haq yo‘ldan, payg‘ambarlik vazifasini bajarishdan to‘sa olmadi. Hatto zindonda ikki hamrohlari tush ta'birini so‘rashganda, ularga avval Alloh taoloni tanitishdan gap boshlab, dinning mohiyatini bayon qildilar:

 يَا صَاحِبَيِ السِّجْنِ أَأَرْبَابٌ مُتَفَرِّقُونَ خَيْرٌ أَمِ اللَّهُ الْوَاحِدُ الْقَهَّارُ 

ya'ni: “Ey, ikki hamzindonlarim! Turli-tuman “ilohlar” yaxshimi yoki yagona va g‘olib Allohmi?” (Yusuf surasi 39-oyat).

6. Odamlardan yordam so‘rash. O‘zidan zarar va zulmni ko‘tarish uchun odamlardan yordam so‘rash joizdir. Yusuf alayhissalom imonlari komil zot edilar, shu bilan birga zindondagi hamrohlaridan zulm va tuhmatdan qutilish uchun yordam so‘radilar:

 وَقَالَ لِلَّذِي ظَنَّ أَنَّهُ نَاجٍ مِنْهُمَا اذْكُرْنِي عِنْدَ رَبِّكَ  

ya'ni: “Ikkovidan xalos topuvchi deb hisoblagan (soqiyga Yusuf): «Xojang (Misr shohi) huzurida mening to‘g‘rimda gapir!» – dedi...” (Yusuf surasi 42-oyat).

Natijada bir necha yillardan keyin, podshohning tushini ta'bir qilish kerak bo‘lganda, o‘sha kishi Yusuf alayhissalomni eslaydi va U Zotni zindondan chiqishiga sabab bo‘ladi. Lekin yordam so‘rash savob-ezgu ishlarda bo‘lishi kerak, gunoh ishlarda emas!

7. O‘zini tuhmatdan poklash. Inson hayoti davomida uchragan tuhmatlardan o‘zini poklashi kerak bo‘ladi. Yusuf alayhissalom saroy ayollarining makri va bo‘hton bilan zindonga tushib qoldilar. Vaqti kelib podsho U Zotni huzuriga chaqirtirdi. Zindondan chiqish paytida, U Zotni xalqning oldida zino tuhmatidan pok ekanini e'lon qilishlarini talab qildilar. Natijada haqiqat yuzaga chiqdi, Podshohning surishtiruvi sababli Yusuf alayhissalomni zinoga chorlagan Misr azizining xotini aybiga iqror bo‘ldi va Yusuf alayhissalom tuhmatlardan pok bo‘lib zindondan chiqdilar.

 ذَلِكَ لِيَعْلَمَ أَنِّي لَمْ أَخُنْهُ بِالْغَيْبِ وَأَنَّ اللَّهَ لَا يَهْدِي كَيْدَ الْخَائِنِينَ 

ya'ni: “(Shundan keyingina Yusuf dedi): “Buni men (Misr azizi) g‘oyibligida unga xiyonat qilmaganimni va Alloh (Zulayxo va ayollardek) xiyonatchilar makrini ravo qilmasligini (Aziz yoki shoh) bilishi uchun (qildim)” (Yusuf surasi 52-oyat).

8. Xotirjamlik, kengchilik – sinov imtihonlardan keyindir. Yusuf alayhissalom ko‘p alamli sinovlarni imon quvvati va sabr bilan yengib o‘tdilar. Sinovlar izidan kenglik keldi. Misrda aziz insonga aylandilar, podshohning yaqin odamlaridan bo‘lib, uning xazinasini boshqaruvchi bo‘ldilar. Oyati karimada shunday deyiladi:

 وَقَالَ الْمَلِكُ ائْتُونِي بِهِ أَسْتَخْلِصْهُ لِنَفْسِي فَلَمَّا كَلَّمَهُ قَالَ إِنَّكَ الْيَوْمَ لَدَيْنَا مَكِينٌ أَمِينٌ  

ya'ni: “Shoh: «Uni huzurimga keltiringiz, uni o‘zimga xos kishilardan qilib olay!» – dedi. U bilan so‘zlashgach (shoh): «Sen bugun(dan boshlab) bizning huzurimizda martabali va ishonchli (shaxs)dirsan», – dedi (Yusuf surasi 54-oyat).

9. Ehtiyoj tug‘ilganda inson o‘z qobiliyatini ma'lum qilishi. Shariatimiz musulmonlarni hech bir ehtiyojsiz va sababsiz o‘zini maqtashdan qaytaradi. Lekin biror mas'uliyatli vazifaga nomzod tanlanayotgan vaqtda o‘sha o‘ringa loyiq kishi o‘zining ilmiy va amaliy salohiyatini bayon qilishi joizdir. Hatto ba'zi o‘rinlarda undan ko‘ra loyiq kishi topilmasa, shu vazifani zimmasiga olish shart bo‘lib qoladi. Yusuf alayhissalom Misr xazinasini boshqarishga o‘zlari loyiq ekanlari, bunga iqtidorlari yetishini podshohga aytdilar. Natijada U Zot Misrni yetti yillik qurg‘oqchilik davrida ocharchilikdan saqlab qoldilar. Nafaqat Misr, balki yon atrofdagi odamlarga ham yordam ko‘rsatdilar. U Zotni quduqqa tashlagan akalari ham bug‘doy so‘rab Misrga kelishadi va Yusuf alayhissalomga yo‘liqishadi. Qur'oni karimda shunday deyiladi:

 قَالَ اجْعَلْنِي عَلَى خَزَائِنِ الْأَرْضِ إِنِّي حَفِيظٌ عَلِيمٌ 

ya'ni: (Yusuf) dedi: Meni shu yerning xazinaboni qilib qo‘y! Zero, men (omonatni) saqlovchi va (o‘z ishini puxta) biluvchidirman (Yusuf surasi 55-oyat).

10. Ko‘z tegishi haqdir. Payg‘ambarlar – odamlar orasida eng ko‘p Alloh taologa tavakkul qiluvchi zotlardir. Shu sababli bu qissadan bilamizki, ko‘z tegishiga qarshi choralarni ko‘rish tavakkulga zid bo‘lmagan, joiz ishdir. Qur'oni karimda Ya'qub alayhissalomning farzandlariga ko‘zdan saqlanish uchun qilgan tavsiyasi shunday ifodalanadi:

 وَقَالَ يَا بَنِيَّ لَا تَدْخُلُوا مِنْ بَابٍ وَاحِدٍ وَادْخُلُوا مِنْ أَبْوَابٍ مُتَفَرِّقَةٍ وَمَا أُغْنِي عَنْكُمْ مِنَ اللَّهِ مِنْ شَيْءٍ إِنِ الْحُكْمُ إِلَّا لِلَّهِ عَلَيْهِ تَوَكَّلْتُ وَعَلَيْهِ فَلْيَتَوَكَّلِ الْمُتَوَكِّلُونَ 

ya'ni: “(So‘ngra ularni safarga kuzatayotib) aytdi: “Ey, o‘g‘illarim! (Misrga) bir darvozadan kirmangiz, balki turli xil darvozalardan kiringiz! Men sizlardan Allohning biror hukmini qaytara olmayman. Hukm faqat Allohning izmidadir. Ungagina tavakkul qildim. Barcha tavakkul qiluvchilar (ham) Uning O‘zigagina tavakkul qilsinlar!”” (Yusuf surasi 67-oyat).

11. Musulmonning hayotida duoning muhimligi. Duo – ibodatning asosidir! U bandaning Robbiga qanchalik bog‘liqligini ko‘rsatib turadi. Yusuf alayhissalom Alloh taologa ko‘p duo qildilar, boshlariga tushgan har bir mashaqqatda Alloh taologa duo bilan bog‘landilar. Ayollarning makriga uchraganda, bu baloni daf qilishni so‘rab duo qildilar. Alloh U Zotga kengchilik berganida, ilm va imon bilan siylaganida shunday duo qildilar:

رَبِّ قَدْ آَتَيْتَنِي مِنَ الْمُلْكِ وَعَلَّمْتَنِي مِنْ تَأْوِيلِ الْأَحَادِيثِ فَاطِرَ السَّمَاوَاتِ وَالْأَرْضِ أَنْتَ وَلِيِّي فِي الدُّنْيَا وَالْآَخِرَةِ تَوَفَّنِي مُسْلِمًا وَأَلْحِقْنِي بِالصَّالِحِينَ

ya'ni: “Ey, Rabbim! Menga podshohlik ato etding, yana barcha gap (tush)larning ta'vil (ta'bir)laridan menga ta'lim berding. Ey, osmonlar va Yerni ijod etgan zot! Dunyoyu oxiratda O‘zing egamdirsan. (Ajalim yetganida) musulmon holimda vafot ettir va meni solihlar (qatori)ga qo‘shgin!” (Yusuf surasi 101-oyat).

Alloh taolo barchamizni Qur'oni karimni o‘qiydigan, uni tadabbur qiladigan, ibrat va nasihat oladiganlardan qilsin! Omin!

 

"Yusuf alayhissalom qissasidan ibratlar" nomli mav'izani yuklab olish (PDF formatda) 


Kiritilgan vaqti: 25/06/2021 10:45;   Ko‘rilganligi: 143
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/islam/juma/25062021-y-yusuf-alayhissalom-qissasidan-ibratlar
Chop etilgan vaqti: 23/09/2021 19:07
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing