O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Juma mav'izalari

24.12.2021 y. “O‘zaro mehr-oqibatli bo‘lmaguningizcha, komil mo‘min bo‘lolmaysizlar”

 
 

بسم الله الرحمن الرحيم

الحَمْدُ لله وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى رَسُولِهِ محمد وَعَلَى آلِهِ وَأَصْحَابِهِ أَجْمَعِينَ

Muqaddas Islom dinimiz insonlarni tinch-totuv, hamjihat, kechirimli, bir-birimizga do‘st va birodar bo‘lib hayot kechirishga buyuradi. Tarixdan ma'lumki, dinimizni mana shu ko‘rsatmasiga amal qilib yashagan musulmonlar doimo baxt va saodatda yashaganlar, tinch-totuv hayot kechirganlar. Alloh taolo Qur'oni karimda musulmonlar o‘zaro aka-uka va birodar ekani haqida shunday marhamat qilgan:

  إِنَّمَا الْمُؤْمِنُونَ إِخْوَةٌ

ya'ni:  “Albatta, mo‘minlar birodardirlar” (Hujurot surasi 10-oyat).

Islom dini insonlarni doimo bir-birlari bilan yaxshi muomalada bo‘lishga buyurar ekan, ularning muomalalari beg‘araz bo‘lishi uchun o‘zaro munosabatlari ham samimiy bo‘lishi lozimligini ta'kidlaydi.

Zero, inson tabiatan kirishimli qilib yaratilgan, ya'ni u jamiyatdan ajralib, alohida yashay olmaydi. Shunday ekan, mo‘min kishi diniy va dunyoviy ishlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishda solih do‘stu yorlarni tanlashi lozim. Payg‘ambarimiz alayhissalom muborak hadisi shariflarida marhamat qiladilar: 

 وَالَّذِي نَفْسِي بِيَدِهِ لاَ تَدْخُلُوا الْجَنَّةَ حَتَّى تُؤْمِنُوا وَلاَ تُؤْمِنُوا حَتَّى تَحَابُّوا

Bir-birlaringizga birodar bo‘lmaguningizcha, mo‘min bo‘lmaysizlar, mo‘min bo‘lmaguningizcha, jannatga kira olmaysizlar”(Imom Muslim rivoyatlari).

Agar bu do‘stlik Alloh uchun bo‘lsa, u yana ham mustahkam bo‘ladi, chunki Alloh roziligi uchun bo‘lgan do‘stlikka hech qanday dunyoviy g‘araz aralashmaydi. Boshqacha qilib aytganda, dunyoviy ishlar yuzasidan sen-menga borib qolgan taqdirda ham, ularning do‘stligiga putur yetmaydi. Shuning uchun ham dinimizda Alloh uchun do‘stlashishga targ‘ib qilinib, bunga katta ajru mukofotlar va'da qilingan. Abu Dardo raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sallallohu alayhi vasallam aytdilar:

 إنَّ حَوْلَ الْعَرْشِ مَنَابِرُ مِنْ نُوْرٍ عَلَيْهَا قَوْمٌ لِبَاسُهُمْ نُوْرٌ وَوُجُوهُهُمْ نُوْرٌ لَيْسُوا بِأَنْبِيَاءَ وَلاَ شُهَدَاءَ يَغْبِطُهُمُ النَّبِيُّونَ وَالشُّهَدَاءُ فَقَالُوا: يَا رَسولَ اللهِ صِفْهُمْ لَنَا فَقَالَ: هُمْ اَلْمُتَحَابُّونَ فِي اللهِ وَالْمُتَجَالِسُونَ فِي اللهِ وَالْمُتَزَاوِرُونَ فِي اللهِ 

(رواه الإمام مسلم)

ya'ni: “Arshning atrofida nurdan bo‘lgan minbarlar bor. Ushbu minbarlarda liboslari nur, yuzlari nur bo‘lgan bir qavm bo‘ladilar. Ular payg‘ambar ham, shahidlar ham emaslar. Ularni payg‘ambar va shuhadolar havas qiladilar”, – dedilar. Shunda sahobalar: “Bizga ularni tavsiflab bering, Yo Rasululloh”, dedilar. Shunda  Rasulimiz alayhissalom: “Ular Alloh yo‘lida bir-birlariga muhabbat qiluvchilar, Alloh yo‘lida birga o‘turuvchilar, Alloh yo‘lida bir-birlarini ziyorat qiluvchilar”,  deya  marhamat qildilar (Imom Muslim rivoyatlari).

Islom tarixidan ma'lumki, Abu Zarr raziyallohu anhu bilan Bilol ibn Raboh raziyallohu anhu o‘rtalarida biroz kelishmovchilik bo‘lib,  achchiqlangan Abu Zarr raziyallohu anhu Bilol ibn Rabohga: “Ey qora xotinning o‘g‘li, meni bosib olding!”  degandilar, Bilol g‘azab qilgan holda o‘rnilaridan turib: “Allohga qasam, men bu ishni Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga aytaman”,  dedilar. 

Bu xabar yetkazilganida Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning yuzlari o‘zgarib ketdi va: Ey Abu Zarr! Onasini aybladingizmi? Sizda johiliyat odatlari bor ekan”,  dedilar. 

Abu Zarr yig‘ladilar va: “Ey Allohning rasuli, menga istig‘for ayting” dedilarda, masjiddan yig‘lagan holda chiqib ketdilar. 

Keyin Bilolning oldiga kelib, yuzlarini tuproqqa qo‘ydilar-da: “Allohga qasam, to oyog‘ing bilan yuzimni ezg‘ilamaguningcha, boshimni ko‘tarmayman. Sen olijanob kishisan, men esa  pastkashman”,  dedilar. 

Bilol ham yig‘lab unga yaqinlashdilar-da, uning yuzidan o‘pdilar. So‘ngra: "Allohga qasamki, Alloh uchun bir marta bo‘lsa ham sajda qilgan yuzni oyog‘im bilan bosmayman”, dedilar. Keyin ikkovlari o‘rinlaridan turib, bir-birlarini quchoqlab, yig‘ida davom etishdi.

Bizlar bugungi kunda bir-birimizga yomonlik qilib qo‘ysak, kechirasiz deb aytishga ham botina olmaymiz. Aslida, uzr so‘rash yuqori saviyadagi madaniyat hamda oliy fazilatli xulqlardandir. Qolaversa, Islom dinida, irqiy kamsitish yoki millat ajratish, inson zotini tahqirlash qoralangan. Inson qaysi millat va irqdan bo‘lmasin, unga nisbatan kamsitish  ma'naviy qashshoqlikdir!

Mo‘min-musulmonlar o‘zaro birodar bo‘lganlaridan keyin, bir kishi haqida fikr bildirish borasida tiliga juda ehtiyot bo‘lishi lozim. Bu haqda Payg‘ambarimiz alayhissalom shunday deganlar:

 إِنَّ العَبْدَ لَيَتَكَلَّمُ بِالكَلِمَةِ مِنْ رِضْوَانِ اللَّهِ، لاَ يُلْقِي لَهَا بَالا، يَرْفَعُهُ اللَّهُ بِهَا دَرَجَاتٍ، وَإِنَّ العَبْدَ لَيَتَكَلَّمُ بِالكَلِمَةِ مِنْ سَخَطِ اللَّهِ، لاَ يُلْقِي لَهَا بَالا، يَهْوِي بِهَا فِي جَهَنَّمَ

 (رواه الإمام البخاري عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه) 

ya'ni: “Kishi o‘zi e'tibor bermagan holda Alloh rozi bo‘ladigan so‘zni aytishi mumkin. Bu bilan Alloh uning jannatdagi darajasini ko‘taradi. Shuningdek, kishi o‘zi e'tibor bermagan holda Allohni g‘azabi keladigan so‘zni gapirib qo‘yishi mumkin. Bu bilan  Alloh uni jahannamga tushiradi” (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Payg‘ambarimiz alayhissalom musulmonlarning bir-birlariga do‘st, birodar, ko‘makdosh bo‘lishlari  zarurligini bundan o‘n besh asr muqaddam e'lon qilib, Islom ummatini o‘zaro birodarlikka, qardoshlikka, hamkorlikka chaqirganlar. Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar: 

 المُسلمُ أخو المُسلمِ لا يَظلِمُه ولا يُسلِمُه مَن كان في حاجةِ أخيه كان اللهُ في حاجتِه ومَن فرَّجَ عن مسلمٍ كُربةً فرَّجَ اللهُ بها عنه كُرْبةً مِن كُرَبِ يَومِ القِيَامَةِ ومَن سَتَرَ مُسْلمًا سَتَرَه اللهُ يَومَ القِيَامَةِ 

ya'ni: “Musulmon  musulmon kishining birodaridir. Unga zulm ham qilmaydi va birodarini dushmanga ham topshirib qo‘ymaydi. Kim birodarining hojatida bo‘lsa, Alloh ham uning hojatida bo‘ladi. Kim musulmondan g‘am-tashvishni ketkazsa, Alloh taolo uni Qiyomat g‘am-tashvishlaridan xalos etadi. Kim musulmonning aybini berkitsa, Alloh taolo Qiyomat kunida uning ham aybini berkitadi” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

Anas raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam aytdilar: 

 لَا يُؤْمِنُ أحَدُكُمْ، حتَّى يُحِبَّ لأخِيهِ ما يُحِبُّ لِنَفْسِهِ

ya'ni: “Kishi o‘zi uchun yaxshi ko‘rgan narsani birodariga ham ravo ko‘rmagunicha komil mo‘min bo‘la olmaydi” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari). 

Payg‘ambarimiz alayhissalom sahobai kiromlardan birlariga uch marta Jannatni bashoratini berdilar. Shunda, Abdulloh ibn Amr raziyallohu anhu u kishini uylarida mehmon bo‘lib, uch kun amallarini kuzatdilar. Lekin hech qanday ortiqcha amalni ko‘rmadilar. Keyin, u sahobadan Abdulloh ibn Amr: “Qaysi amalingiz tufayli Rasululloh sallallohu alayhi vasallam aytgan narsaga erishgansiz?” – deb so‘radilar. U zot: “Siz ko‘rganingizdan boshqa narsa yo‘q. Lekin ko‘nglimda biror musulmonga nisbatan g‘illu g‘ashlik saqlamayman va Alloh unga bergan narsaga hasad qilmayman”, – dedilar. Abdulloh ibn Amr: “Ha, mana shu narsa sizni ushbu darajaga olib chiqqan ekan”, – dedilar (Imom Ahmad rivoyatlari).

Muhtaram azizlar! Do‘stlik va birodarchilikka putur yetkazadigan masalalardan biri  turli masalalarda ixtilof qilish, bexuda tortishuvlarga kirishishdir. Aynan shu kunlarda yangi yil kunini nishonlash haqida bahs-munozaralar ko‘paymoqda. Ma'lumki, ayni paytda dunyoda yuzlab bayramlar va nishonlanadigan kunlar mavjud. Har bir mamlakatning bayram va tantanalari mana shu xalqning dini, madaniyati va tarix mobaynida erishgan yutuqlarini o‘zida aks ettiradi. Bugungi kunda yurtimizdagi bayramlar xilma-xil bo‘lib, ular milliy, diniy, kasbiy va xalqaro kabi turlarga bo‘linadi. Mazkur bayramlarning ayrimlari hukumat tomonidan dam olish kuni sifatida e'lon qilingan.

Bayramlar uch qismga bo‘linadi, quyida ularni bayon qilamiz:

1. Diniy bayram. Islomda diniy bayramlar Alloh taolo va uning Rasuli tomonidan belgilangan, uni boshqa insonlar belgilay olmaydi. Bu kunlarda maxsus ibodatlar (hayit namozi, qurbonlik) qilinadi. Bunday bayramlar Islomda ikkita bo‘lib ular – Iydul Fitr (Ramazon hayiti) va Iydul Azho (Qurbon hayiti)dir. Ramazon hayiti Ramazon oyi ro‘zasini tutish tugagani munosabati bilan o‘tkaziladi. Qurbon hayiti Hajning asosiy arkonlari yakunlangani munosabati bilan, Zulhijja oyining o‘ninchi kuni nishonlanadi va unga keyingi “tashriq kunlari” nomini olgan uch kun ham qo‘shiladi. Bu bayramlar haqida Anas raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sallallohu alayhi vasallam Madinaga kelganlarida, ularning o‘yin-kulgi qiladigan ikki kunlari bor edi. “Bu ikki kun qanday kun?” – deb so‘radilar. “Johiliyatda o‘yin-kulgi qiladigan kunimiz edi”, – deyishdi. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Albatta, Alloh sizlarga u ikkisi o‘rniga ulardan ko‘ra yaxshi Azho (Qurbon hayiti) va Fitr (Ramazon hayiti) kunlarini berdi”, – dedilar” (Imom Abu Dovud rivoyatlari).

Islom dini bayramlarida xursandchilik qilgan, ota-onasi, ahli ayoli, qarindosh va tanish-bilishlariga kengchilik yaratganlar hamda qurbonlik qilganlar savob oladilar va ibodat qilganning ajriga erishadilar. Hatto yeb-ichish xursandchilik alomati bo‘lganidan yuqorida zikr qilingan ikki hayit va tashriq kunlarida ro‘za tutish makruhdir.

2. Boshqa din vakillarining bayrami. Masalan, rojdestvo, pasxa va shunga o‘xshagan bayramlar. Musulmon kishi boshqa din vakillarining diniy bayramlarini nishonlashi mumkin emas. Chunki bu mansux bo‘lgan (hukmlari bekor bo‘lgan) dinlarni qo‘llab-quvvatlash va Islomdan ustun qo‘yish, o‘zini ularga o‘xshatish bo‘lib qoladi.

3. Dinga aloqasi bo‘lmagan ijtimoiy bayram. Masalan, 8 mart, 9 may, 1 sentyabr, 1 oktyabr, 8 dekabr va shunga o‘xshash bayramlar. Dinga aloqasi bo‘lmagan ijtimoiy bayramlardan ko‘zlangan maqsad to‘g‘ri bo‘lsa, turli ma'siyatlar aralashuvi sababli shariat ko‘rsatmalaridan tashqariga chiqilmasa, Islom bunday dunyoviy bayramlarni man qilmaydi.

Yuqoridagilar kabi ijtimoiy bayramlardan yana biri – melodiy yil boshlanish sanasini nishonlashdir.

Yurtimizda ham yangi yil sanasini o‘ziga xos tarzda kutish va o‘tkazish odat tusiga kirgan. Ushbu sanani nishonlovchi fuqarolar o‘zlarini boshqa din vakillariga qaysidir aqidada o‘xshashlikni maqsad qilmaydilar. Aksincha yangi boshlanadigan sanani xursandchilik bilan kutib, yangi kunga yangi maqsadlar, yangicha kayfiyat bilan kirib borishni maqsad qiladilar. Shu sababdan ularning qilayotgan ishlariga diniy tus berish, ularni e'tiqodiy xatoga yo‘l qo‘yganlikda ayblash yoxud kufrga nisbat berish mutlaqo nojoiz sanaladi.

Vaholanki, birovni kufrga chiqarish  juda hassos masaladir. Buning o‘zini asoslari, qoidalari, bu masalani hal qiladigan kishilari bor. Agar bir kishi dinda qat'iy dalillar bilan sobit bo‘lgan biror narsani o‘zi bilgan holda inkor qilsa yoki biror kufr lafzini aytsa, hatto barcha holatda ham uni kofirga chiqarish oddiy insonlarning ishi emas. Bu masala qozilar, muftiylar ko‘rib chiqadigan masaladir.

To‘g‘ri, ushbu masala yuzasidan zamonamiz ulamolari o‘rtasida har xil fikrlar mavjud. Shariatga zid bo‘lmagan holatda nishonlashni joiz deydigan ulamolar, melodiy yil hisobining boshlanishini nasroniylikdagi diniy bayramlar bilan bog‘lash noto‘g‘ri, deydilar. Chunki ulardagi diniy bayram yilning 24–25 dekabr yoki 6–7 yanvar kunlariga belgilangandir. Dunyo aholisi 1 yanvar kuniga milodiy sananing boshlanishi sifatida qaraydi. Uni muayyan din, shu jumladan nasroniylik yoki boshqa din bilan bog‘lamaydi.

Dinimiz manbalarida ham boshlanayotgan kun, oy va yil uchun baraka so‘rab duo qilish zikr qilingan. Tolha ibn Ubaydulloh raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallallohu alayhi va sallam qachon yangi chiqqan oyni ko‘rsalar shunday der edilar:

 اللَّهُمَّ أَهِلَّهُ عَلَيْنَا بِالْيُمْنِ وَالْإِيمَانِ وَالسَّلَامَةِ وَالْإِسْلَامِ رَبِّي وَرَبُّكَ اللهُ 

(رَوَاهُ الامَامُ التِّرْمِذِيُّ)

“Allohim! Uni bizga xayr-baraka, imon, salomatlik va Islom ila chiqargin. Robbim va Robbing  Allohdir” (Imom Termiziy rivoyat qilgan).

Shunday ekan, har bir boshlanayotgan kun, oy, yilni yaxshi duo va niyatlar ila boshlash durust bo‘ladi.

Alloh taolo barchalarimizni O‘zining roziligi yo‘lida do‘stlashuvchi solih bandalaridan qilsin! Mo‘min-musulmonlarning hamjihatligini ta'minlasin! Omin!

 

“O‘zaro mehr-oqibatli bo‘lmaguningizcha, komil mo‘min bo‘lolmaysizlar” nomli mav'izani yuklab olish (PDF formatda)


Kiritilgan vaqti: 23/12/2021 16:52;   Ko‘rilganligi: 1149
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/islam/juma/24122021-y-ozaro-mehr-oqibatli-bolmaguningizcha-komil-momin-bololmaysizlar
Chop etilgan vaqti: 20/04/2024 18:54
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing