O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Juma mav'izalari

21.05.2021 y. Ijtimoiy tarmoqlardagi firibgarlik va aldovlardan ogoh bo‘ling!

 
 

بسم الله الرحمن الرحيم

اَلْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي عَلَّمَ الْإِنْسَانَ مَا لَمْ يَعْلَم، وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى رَسُولِهِ الأَكْرَم وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أَجْمَعِيْنَ اَمَّا بَعْدُ

Hurmatli jamoat! Kundan-kunga ijtimoiy tarmoqlarning inson hayotidagi ahamiyati tobora ortib bormoqda. Ularning jamiyat uchun ijobiy jihatlari bilan birga, salbiy ta'sirini ham qayd etish lozim. Ko‘plab yurtdoshlarimiz bu sohada foydali faoliyat olib borib, o‘zlariga ham, jamiyatga ham manfaat keltirishmoqda. Jumladan, fan, madaniyat, reklama, savdo-sotiq, ko‘rgazma va ilmiy faoliyatlar xalqaro tarmoqlarda olib borilayotganiga guvoh bo‘lib turibmiz.

Ammo, “guruch kurmaksiz bo‘lmaydi” deganlaridek, bu sohada ham odamlarning soddaligi, ishonuvchanligidan foydalanib, firibgarlik bilan shug‘ullanuvchilar topiladi. Aslida, dinimiz har bir ishda to‘g‘ri so‘z bo‘lishga targ‘ib qilgan. To‘g‘ri so‘zlikning samarasi o‘laroq – Alloh taolo bandaning barcha ishlarini to‘g‘irlashi va'da qilingan. Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qiladi:

 يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا اتَّقُوا اللَّهَ وَقُولُوا قَوْلًا سَدِيدًا  يُصْلِحْ لَكُمْ أَعْمَالَكُمْ وَيَغْفِرْ لَكُمْ ذُنُوبَكُمْ وَمَنْ يُطِعِ اللَّهَ وَرَسُولَهُ فَقَدْ فَازَ فَوْزًا عَظِيمًا 

ya'ni: Ey, mo‘minlar! Allohdan qo‘rqingiz va to‘g‘ri so‘zlangiz! (Shunda Alloh) ishlaringizni o‘nglar va gunohlaringizni mag‘firat etar. Kimki Allohga va Uning payg‘ambariga itoat etsa, bas, u ulug‘ yutuqqa erishibdi (Ahzob surasi 70-71 oyatlar).

Ijtimoiy tarmoqlardagi firibgarliklarni shartli ravishda ikkiga bo‘lish mumkin:

1. Moliyaviy firibgarlik.

Keyingi paytlarda xalqqa xizmat qilib kelayotgan ko‘plab xayriya fondlari “soya”sida odamlarning ishonuvchanligidan foydalanib, aldov yo‘li bilan harom mol to‘plovchilar ham ko‘zga tashlanib qolmoqda. Masalan, yolg‘ondan biror bemor kishining suratini qo‘yib, yordam so‘raladi va pul tashlash uchun kartalar joylashtiriladi. Bunga ishongan kishilar kartalarga pul jo‘natishadi. Shunday qilib xolis kishilarning mablag‘larini firibgarlar o‘zlashtiradilar.

Gohida firibgarlar ijtimoiy tarmoqlarga turli maqsadlarda o‘z plastik kartalarini joylashtirgan kishilarga pul tashlab beramiz, deb maxfiy kodni yoki to‘liq karta ma'lumotlarini so‘rashadi, kod yoki ma'lumotlar aytilsa, karta ichidagi pulni tortib oladilar.

Boshqa holatlarda sizga to‘lov qilganini aytib, hisobni tekshirish uchun havola (ssilka) jo‘natadi. O‘sha havolani ochib ko‘rilsa, sizning kartangizdan pulni yechib oladigan tizim ishga tushadi.

Odamlarni chalg‘itadigan jihati telefon qilib ma'lumotlarni so‘raydigan firibgar o‘zini falon bankni xizmatchisiman, deb tanishtirishi ham mumkin. Bu ishlarning barchasi zamonaviy firibgarlik – o‘g‘rilikdir.

O‘g‘rilik – dinimizda katta gunohlardan sanalib, dunyoda ham jazo tayinlangan jinoyatlardan biridir. O‘g‘rilik qadimdan barcha ilohiy dinlarda gunoh va jinoyat sanalgan.

Katta gunohlarga dunyoda – jazo, oxiratda azob belgilangan bo‘ladi. Katta gunohlar faqat tavba va birovni haqqini egasiga yetkazish bilan yuviladi.

Makka fathidan so‘ng Rasululloh sallallohu alayhi vasallam erkaklardan keyin ayollar bilan bay'at qilishni boshladilar. Bu Safo tepaligida edi. Umar raziyallohu anhu Payg‘ambarimiz alayhissalomdan pastroqda o‘tirib olib, Ul Zotning nomidan imon keltirgan ayollarga oyatdagi shartlarni yetkazib bay'at qilgan. O‘sha shartlar ichida o‘g‘rilik qilmaslik ham bor edi. Oyati karimada  bu jinoyat katta gunohlar bilan birga sanalgan. Qur'oni karimda shunday deyiladi:

 يَا أَيُّهَا النَّبِيُّ إِذَا جَاءَكَ الْمُؤْمِنَاتُ يُبَايِعْنَكَ عَلَى أَنْ لَا يُشْرِكْنَ بِاللَّهِ شَيْئًا وَلَا يَسْرِقْنَ وَلَا يَزْنِينَ وَلَا يَقْتُلْنَ أَوْلَادَهُنَّ وَلَا يَأْتِينَ بِبُهْتَانٍ يَفْتَرِينَهُ بَيْنَ أَيْدِيهِنَّ وَأَرْجُلِهِنَّ وَلَا يَعْصِينَكَ فِي مَعْرُوفٍ فَبَايِعْهُنَّ وَاسْتَغْفِرْ لَهُنَّ اللَّهَ إِنَّ اللَّهَ غَفُورٌ رَحِيمٌ

ya'ni: “Ey, Payg‘ambar! Qachonki, Sizning oldingizga mo‘mina ayollar kelib, Allohga biror narsani sherik qilmaslikka, o‘g‘irlik qilmaslikka, zino qilmaslikka, o‘z bolalarini o‘ldirmaslikka, qo‘l va oyoqlari orasida to‘qib oladigan bo‘htonni keltirmaslikka hamda biror yaxshi ishda Sizga itoatsizlik qilmaslikka huzuringizda qasamyod etsalar, Siz ularning qasamyodlarini qabul qiling va ular uchun Allohdan mag‘firat so‘rang! Albatta, Alloh (o‘z bandalariga nisbatan) kechirimli va rahmlidir” (Mumtahana surasi 12-oyat).

Alloh taolo musulmonlarni o‘zaro mollarini botil yo‘llar bilan yeyishdan qaytaradi. O‘g‘irlik, firibgarlik ham – botil yo‘llarning biridir. O‘zaro rozilik va halol tijorat bilan topilgan boyliklar – haloldir.  Qur'oni karimda shunday deyiladi:

 يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا لَا تَأْكُلُوا أَمْوَالَكُمْ بَيْنَكُمْ بِالْبَاطِلِ إِلَّا أَنْ تَكُونَ تِجَارَةً عَنْ تَرَاضٍ مِنْكُمْ وَلَا تَقْتُلُوا أَنْفُسَكُمْ إِنَّ اللَّهَ كَانَ بِكُمْ رَحِيمًا

ya'ni: “Ey, imon keltirganlar! Mol-mulklaringizni o‘rtada nohaq (yo‘llar) bilan yemangiz! O‘zaro rozilik asosidagi tijorat bo‘lsa, u bundan mustasno...” (Niso surasi 29-oyat).

Odamlarni norozi qilib, ularning mablag‘larini o‘g‘irlaydiganlarni topgan harom luqmalari ularni do‘zaxning tubiga tortadi. Abu Hurayra raziyallohu anhu aytadilar: “Sizlardan har bir kishi og‘ziga tuproq solishi harom luqma solishidan ko‘ra xayrliroqdir”. Abu Bakr Siddiq raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasuli Akram sallallohu alayhi vasallam aytdilar: «Haromdan oziqlangan hech bir jasad jannatga kirmaydi»” (Imom Abu Ya'lo va Imom Bazzor rivoyatlari).

2. Ma'naviy firibgarlik.

Bu tur firibgarlik ijtimoiy tarmoqlarda iqtisodiy firibgarlikdan ham ko‘proq uchraydi. Quyida ularga to‘xtalib o‘tamiz:

  1. Yolg‘on xabar tarqatish.

Har kuni ijtimoiy tarmoqlarda minglab xabarlar tarqaladi. Lekin shuning hammasi ham ishonchli emas. Ba'zilari bilmasdan hatto yolg‘onga aralashsa, ba'zilari qasddan, qandaydir maqsadlar bilan yolg‘on ma'lumot tarqatadi. Natijada ular o‘zi va yolg‘onga amal qilganlarning gunohini yelkalariga “ortib” oladilar. Alloh taolo Qur'oni karimda shunday deydi:

 يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا إِنْ جَاءَكُمْ فَاسِقٌ بِنَبَأٍ فَتَبَيَّنُوا أَنْ تُصِيبُوا قَوْمًا بِجَهَالَةٍ فَتُصْبِحُوا عَلَى مَا فَعَلْتُمْ نَادِمِينَ

ya'ni: “Ey, mo‘minlar! Agar sizlarga biror fosiq kimsa xabar keltirsa, sizlar (haqiqiy ahvolni) bilmagan holingizda biror qavmga aziyat yetkazib qo‘yib, (keyin) qilgan ishlaringizga pushaymon bo‘lmasligingiz uchun (u xabarni) aniqlab (tekshirib) ko‘ringiz!” (Hujurot surasi 6-oyat).

Odamlardan eshitgan narsasini surishtirmay gapiraverish gunoh ekaniga ko‘plab hadisi shariflar dalolat qiladi.

  1. Qimor va firibgarlik o‘yinlari.

Keyingi yillarda ijtimoiy tarmoqlarda qimor o‘yinlari sezilarli darajada ko‘paydi. Ayniqsa bukmekerlik kompaniyalarda futbol uyinlariga pul tikish, ayrim blogerlarning qimor o‘yinlarini tashkil etishi ko‘p ko‘zga tashlanmoqda. Islomda qimor o‘yini qat'iy harom qilingan! Bunga Alloh taoloning ushbu oyati asos bo‘lgan:

 يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُواْ إِنَّمَا الْخَمْرُ وَالْمَيْسِرُ وَالأَنصَابُ وَالأَزْلاَمُ رِجْسٌ مِّنْ عَمَلِ الشَّيْطَانِ فَاجْتَنِبُوهُ لَعَلَّكُمْ تُفْلِحُونَ

ya'ni: “Ey iymon keltirganlar! Albatta, xamr, qimor, butlar va (fol ochadigan) cho‘plar iflosdir. Shaytonning ishidir. Bas, undan chetda bo‘ling. Shoyadki, najot topsangiz” (Moida surasi 90-oyat).

Qimordan topilgan molni yemoq sudxo‘rlik bilan topilgan molni yemoqdan ham og‘irroqdir! Chunki qimorboz shariatda harom qilingan ikki gunohi azimga qo‘l uradi. Harom o‘yin o‘ynaydi va o‘yinda yutib olgan harom molni o‘zlashtiradi. Qimorni reklama qilib targ‘ib qilayotganlar shuni bilsinlarki, ularning targ‘iboti bilan qimorga qo‘shilgan har bir kishining gunohidan bularga ham tengma-teng yozilib turadi.

  1. Odamlarning obro‘larini to‘kish va ularni bir-biriga gij-gijlash.

Shariatimizga ko‘ra, har bir musulmonning sha'ni va obro‘sini to‘kish – xuddi qonini to‘kish yoki molini o‘zlashtirish kabi, boshqa musulmon uchun haromdir! Qolaversa, Payg‘ambarimiz alayhissalom muborak hadisi shariflaridan birida shunday deganlar:

مَّا عُرِجَ بِي مَرَرْتُ بِقَوْمٍ لَهُمْ أَظْفَارٌ مِنْ نُحَاسٍ، يَخْمُشُونَ وُجُوهَهُمْ وَصُدُورَهُمْ، فَقُلْتُ: مَنْ هَؤُلَاءِ يَا جِبْرِيلُ؟ قَالَ: هَؤُلَاءِ الَّذِينَ يَأْكُلُونَ لُحُومَ النَّاسِ، وَيَقَعُونَ فِي أَعْرَاضِهِمْ

(رواه الإمام أبو داود عن أنس رضي الله عنه)

ya'ni: “Jabroil alayhissalom meni osmonga olib chiqqanda bir qavmning oldidan o‘tdim. Ularning misdan tirnoqlari bo‘lib, u bilan yuzlari va ko‘ksilarini timdashar edi. Men: “Ey Jabroil, bular kimlar?” – deb so‘radim. Shunda: “Ular odamlarning go‘shtini yeb, ularni g‘iybat qilib, obro‘larini to‘kkan kimsalardir”, – deb javob berdi” (Imom Abu Dovud rivoyatlari).

Aslida turli fitnalar uyushtirish, insonlar o‘rtasida adovat urug‘ini sochish – dinimizda eng katta jinoyatlardan biri ekani ta'kidlangan. Alloh taolo Qur'oni karimda shunday degan:

 وَالْفِتْنَةُ أَكْبَرُ مِنَ الْقَتْلِ  

ya'ni: “Fitna esa qotillikdan ham kattaroq (gunoh)dir...” (Baqara surasi 217-oyat)

  1. Fahsh va behayolikning tarqalishi

Firibgarlar katta daromad topish, odamlarni ma'naviy tubanlikka tushirish, xalqning o‘zligini yemirish uchun jamiyatda behayo tasvirlar, video-roliklar tarqatadilar.

Nomahram bo‘lgan shaxslarning ij  timoiy tarmoqlardagi noshar'iy suhbatlari ko‘plab oilalarning buzilishiga sabab bo‘lmoqda. Alloh taolo Qur'oni Karimda shunday marhamat qiladi:

 قُلْ لِلْمُؤْمِنِينَ يَغُضُّوا مِنْ أَبْصَارِهِمْ وَيَحْفَظُوا فُرُوجَهُمْ ذَلِكَ أَزْكَى لَهُمْ إِنَّ اللَّهَ خَبِيرٌ بِمَا يَصْنَعُونَ

ya'ni: (Ey, Muhammad!) Mo‘minlarga ayting, ko‘zlarini (nomahram ayollardan) quyi tutsinlar va avratlarini (zinodan) saqlasinlar! Mana shu ular uchun eng toza (yo‘l)dir. Albatta, Alloh ular qilayotgan (sir) sinoatlaridan xabardordir (Nur surasi 30-oyat).

Shu o‘rinda ota-onalarga eslatib o‘tamizki, ijtimoiy tarmoqlarda o‘g‘il-qizlarimizni “ovlash” uchun “to‘r” tashlab, poylab turgan fahsh targ‘ibotchilari biz o‘ylagandan ko‘ra ancha ko‘p. Farzandlarimizni ularning qo‘liga topshirib qo‘ymaylik, ularga o‘zimiz ega chiqaylik! Buning uchun, chiroyli tarbiya berish bilan birga, doimiy nazoratni ham unutmaslik kerak! Zero yoshligidan fahsh botqog‘iga botgan o‘g‘il-qizning kelajagi mavhumdir.

  1. Ijtimoiy tarmoqdagi soxta da'vatchilar

Ming yillardan beri haq yo‘lda sobit turgan musulmon jamoasi o‘rtasiga turli xiloflar solish, Qur'on va sunnatning zohiriga yopishib olib, 18 asrda paydo bo‘lgan “bid'at” (yangi paydo bo‘lgan) g‘oyalar asosida fatvolar chiqarish, yangi uchragan masalalarni aksariyatiga “bid'at” tamg‘asini urish, natijada o‘zini ham, o‘zgani ham adashtirish ham – katta firibgarlikdir!

Bunday kishilar odamlarga o‘zlarini olim qilib ko‘rsatib, izidan ergashtirib, noto‘g‘ri tomonga yo‘llamoqdalar. Bu dunyoning o‘zidayoq borsa-kelmas joylarga jo‘natishmoqda va buzuq e'tiqod sababli do‘zaxning yoqasiga olib borib qo‘yishmoqda. Qolaversa, diniy ilmlarni olishda, fatvo olishda shaxsiyatlar muhimdir. Internet orqali, ijtimoiy tarmoqlar orqali dindan, shariatdan gapirayotgan, lekin aslida kimligi ham, kimdan ta'lim olgani ham noma'lum kimsalardan din olinmaydi. Chunki, fatvo bu – din demakdir!  Shariatimizga ko‘ra esa, uni kim yetkazayotgani muhimdir. Shuning uchun mashhur tobein Muhammad ibn Siyrin rahmatullohi alayhi: “Bu ilm  dindir. Dinlaringizni kimdan olayotganingizga qaranglar”, – deganlar (Imom Muslim rivoyatlari).

Imom  Abu Lays Samarqandiy rahmatullohi alayh: “Ilmni ishonchli zotlardan olish lozim, chunki dinning ustuni ilm bilandir. Kishi o‘zining jonini ishonadigan kishigagina dinini ham ishonib topshirishi lozim”, – deganlar.

Ijtimoiy tarmoqlar orqali dinimizga bo‘layotgan zararlardan yana biri –  har bir yurtning peshqadam olimlarini tahqirlash, tuhmat-buhton so‘zlari bilan obro‘sizlantirish, ularni nifoqda, kufrda ayblashdir. Ularning bundan o‘ylagan maqsadlari – musulmon ommasini ilmiy rahbarsiz qoldirib, o‘zlariga ergashtirish va boshqarishdir.

Jundab raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Kimki birovni sharmisor qilsa, Alloh ham uni Qiyomat kuni sharmanda qiladi, kimki o‘zgalarni qiynasa, Alloh ham uni Qiyomat kuni qiynaydi”, – deb aytdilar (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Qalbidan din tashvishi, ummat g‘ami o‘chib, ishi – faqatgina ulamolarning ayblarini qidirish, ularni g‘iybat qilish bo‘lgan kimsalarning ushbu nayranglariga nisbatan xushyor bo‘lmasak, oqibati juda ham xatarli bo‘lishi mumkin.

Alloh taolo barchamizni O‘zi rozi bo‘ladigan ishlarga muvaffaq aylab, ikki dunyo saodatini nasib qilsin! Omin!

 

"Ijtimoiy tarmoqlardagi firibgarlik va aldovlardan ogoh bo‘ling!" nomli mav'izani yuklab olish (PDF formatda)


Kiritilgan vaqti: 21/05/2021 09:58;   Ko‘rilganligi: 1267
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/islam/juma/21052021-y-ijtimoiy-tarmoqlardagi-firibgarlik-va-aldovlardan-ogoh-boling
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 00:40
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing