O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Juma mav'izalari

19.11.2021 y. Abu Hanifa – buyuk mujtahid imom!

 
 

بسم الله الرحمن الرحيم

الحَمْدُ لله وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى رَسُولِهِ محمد وَعَلَى آلِهِ وَأَصْحَابِهِ أَجْمَعِينَ

Muhtaram jamoat! Alloh taoloning inoyati bilan Islom dini  Payg‘ambarimiz alayhissalomga mukammal nozil qilindi. Sahobalar, ulardan keyin tobe'in, taba tobe'inlar va ulamolar ushbu dinni kelajak avlodga yetkazishda katta fidokorlik ko‘rsatishdi  va hozirgacha ko‘rsatmoqdalar.

Xususan, mazhab ulamolari Imom Abu Hanifa, Imom Molik, Imom Shofe'iy va Imom Ahmad rahimahumulloh Qur'oni karim, hadisi sharif, ulamolar ijmosidan chiqarib olgan usul va fiqhga oid qoidalar bilan dinimizning Qiyomatgacha saqlanib qolishiga hissa qo‘shdilar.

Ma'lumki, yurtimiz Islom nuri bilan munavvar bo‘lgan paytlardan beri vatandoshlarimiz hanafiy mazhabiga amal qilib kelishgan. Hanafiy mazhabimizga Imom A'zam Abu Hanifa va shogirdlari Imom Abu Yusuf hamda Imom Muhammad rahimahumulloh asos solganlar.

Imom A'zam rahmatullohi alayh – Islom tarixidagi buyuk shaxslardan biri. Mazhabboshimiz sifatida u zotning hayotlarini o‘rganar ekanmiz, Alloh taoloning inoyati va tavfiqi u zotga yor bo‘lganini anglaymiz. Islom ummati nima sababdan ulug‘ mujtahidlarning yo‘llarini bir ovozdan haq deb bilganlarini tushunib olamiz. Ularning ilmiy salohiyati va insoniy fazilatlariga guvoh bo‘lamiz.

Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayh hijriy 80 (melodiy 699) yilda Kufa shahrida xalifa Abdulmalik ibn Marvon davrida tug‘ilganlar. Bu davrda bir jamoa sahobalar hayot edilar. Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayh ularga ergashgan tobe'inlardan bo‘lganlar. Chunki u zot Kufaga tashrif buyurgan sahoba Anas ibn Molik haqida: “Anas raziyallohu anhuni ko‘rganman”, deganlari bizga ishonchli holda yetib kelgan.

Payg‘ambarimiz alayhissalom faqihlar haqida shunday deganlar:

مَنْ يُرِدْ اللَّهُ بِهِ خَيْرًا يُفَقِّهْهُ فِي الدِّينِ

(متفق عليه عن معاوية رضي الله عنه)

ya'ni: “Kimga Alloh yaxshilikni iroda qilsa, uni dinda faqih qilib qo‘yadi” (Muttafaqun alayh). Imom Shofe'iy rahmatullohi alayh aytadilar:

اَلنَّاسُ فِي الفِقْهِ عِيَالٌ عَلَى أَبِي حَنِيْفَةَ

ya'ni: “Odamlar fiqh ilmida Abu Hanifaga qaram (muhtoj)dirlar”.

Mashhur muhaddis va muarrix Imom Zahabiy rivoyat qiladilar:

قِيْلَ لِمَالِكٍ: هَلْ رَأَيْتَ أَبَا حَنِيْفَةَ؟ قَالَ: نَعَمْ، رَأَيْتُ رَجُلًا لَوْ كَلَّمَكَ فِي هَذِهِ السَّارِيَةِ أَنْ يَجْعَلَهَا ذَهَبًا، لَقَامَ بِحُجَّتِهِ 

ya'ni: Imom Molikka: “Abu Hanifani ko‘rganmisiz?” deyilganda, u zot: “Ha, ko‘rganman, agar mana shu ustunni tilla deb isbotlamoqchi bo‘lsa, hujjat keltira oladigan kishi ekanini bildim”, – deganlar (“Siyaru a'lomun nubalo” kitobi).

Axloq va taqvolari. Alloh taolo olim bandalarini maqtab, shunday deydi:

  إِنَّمَا يَخْشَى اللَّهَ مِنْ عِبَادِهِ الْعُلَمَاءُ إِنَّ اللَّهَ عَزِيزٌ غَفُورٌ

ya'ni: “Bandalari orasida Allohdan ulamolargina qo‘rqarlar. Haqiqatan, Alloh qudratli va mag‘firatlidir” (Fotir surasi 28-oyat).

Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayh Alloh taolo harom qilgan amallardan juda ehtiyotkor, o‘ta aqlli, sukuti ko‘p, doim tafakkurda bo‘ladigan kishi edilar. Sergap emasdilar. Kam kulardilar. U kishidan biror masala so‘ralsa, javoblari asosli bo‘lardi. Dinini ehtiyot qilar, har kimni yaxshilik bilan yod qilardilar. O‘zgalarning aybi bilan emas, o‘zining nafsi bilan mashg‘ul edilar.

Zakovatlari: U zot 20 yoshlaridan keyin fiqh ilmini o‘rganishga qattiq kirishdilar va toki umrlarini oxirigacha ta'lim olish, ta'lim berish, fatvo berish va ilm safarlaridan bo‘shamadilar. Umrlarini dinning asoslarini mustahkamlash, fiqhiy masalalarga javob topish va botil firqalarga raddiyalar berishga bag‘ishladilar.

Tarixiy manbalarda keltirilishicha, bir guruh dahriylar hazrat Imomi A'zam rahmatullohi alayhni oldilariga kelib, munozara qilishmoqchi bo‘lishdi. Imomi A'zam rahmatullohi alayh: “Sizlardan bir masala so‘rayman, keyin xohlaganingizni qilasiz”, – dedilar va: “Bir kemaning ichi to‘la mol bo‘lsa va dengiz to‘lqinli bo‘lsa, kemachi bo‘lmasa, bu kema o‘z-o‘zidan najot topib, biror tarafga keta oladimi?” – deb so‘radilar. Dahriylar: “Mumkin emas”, – deb javob berishdi. So‘ngra Imomi A'zam rahmatullohi alayh  aytdilar: “Bu dunyoning borligi, uning o‘zgarib turishi, olamda jarayon etayotgan shuncha ishlar bir Yaratuvchi va boshqarib turuvchisiz sodir bo‘la oladimi?!”. Shunda hamma dahriylar tavba qilib, Alloh taoloning bir va borligiga imon keltirishdi.

Ustoz va shogirdlari. Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayh juda ko‘p olimlarning ilmidan foydalanganlar. Hatto ularning soni 4000 mingga yaqin bo‘lgani aytiladi. Abu Ja'far u zotdan: “Ey, Abu Hanifa, ilmni kimlardan o‘rgandingiz”, – deb so‘raganida: “Hammoddan, u – Ibrohimdan, u esa – Umar ibn Xattob, Ali ibn Abu Tolib, Abdulloh ibn Mas'ud, Abdulloh ibn Abbos raziyallohu anhumning shogirdlaridan”, – deb javob berganlar. Demak Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayhning mazhablari bir qancha buyuk sahobalarning ilm buloqlaridan suv ichgan.  

Hazrati Umar ibn Xattob raziyallohu anhu Ko‘faga buyuk sahobiy Abdulloh ibn Mas'ud raziyallohu anhuni muallim qilib yubordilar. Hazrati Ali raziyallohu anhu Kufaga kelganlarida, u yerda faqihlarning ko‘pligidan xursand bo‘lib: “Alloh Abdullohni rahmat qilsin, bu diyorni ilmga to‘ldiribdi”, – degan  ekanlar. O‘z navbatida Hazrati Ali raziyallohu anhu ham xalifalik davrlarida poytaxtni Kufaga ko‘chirdilar. Keyinchalik bir yarim ming sahobalarni bu shaharga jalb qildilar. Mana shu shaharda tug‘ilib o‘sgan Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayhning ustozlari silsilasi ham yuqorida zikr qilingan sahobalarga, xususan Abdulloh ibn Mas'ud raziyallohu anhuga bog‘lanadi. Ya'ni Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayh fiqh ilmlarini Hammod ibn Abu Sulaymondan, u kishi Ibrohim Naxaiydan, u kishi Alqama ibn Qaysdan, u kishi Ibn Mas'ud raziyallohu anhudan olganlar.

Abu Hanifa rahmatullohi alayh fiqhga ruju' qo‘yib, o‘sha vaqtning buyuk mashoyixlaridan dars oldilar. Bu haqda o‘zlari quyidagilarni aytadilar: “Men ilm va fiqhning konida edim. Uning ahli ila majlis qurdim. Ularning fuqaholaridan bir faqihni lozim tutdim”. O‘sha faqih Hammod ibn Abu Sulaymon rahmatullohi alayh edilar. U zot o‘z zamonasining eng yirik olimi faqih, o‘ta ziyrak, olijanob bir shaxs edilar.

Imomi A'zam rahmatullohi alayh 18 yil davomida Hammod ibn Abu Sulaymondan fiqh ilmini o‘rgandilar. Bu haqda Imomning o‘zlari shunday deydilar: “Men Hammodni lozim tutganim kabi, biror kishi boshqani lozim tutganini bilmadim. Ko‘p savol beruvchi edim. Hatto ba'zida mendan zerikib: “Ey, Abu Hanifa, qornim shishib, yuragim siqilib ketdi”, – der edilar”.

Makka va Madinaga ko‘p marotaba qatnab, u yerda ilm majlislari qurish natijasida yuzga yaqin tobe'inlar bilan ko‘rishganlar. U zot ayniqsa, ana shu tobe'inlardan hadis rivoyat qilar va fiqh muzokarasini olib borar edilar.

Abu Hanifa hadis ilmida ham yetuk edilar. Bu fanda U zotning eng mashhur ustozlaridan biri, tobe'in Ato ibn Abu Raboh raziyallohu anhudirlar. Ibn Abbos raziyallohu anhuning ilmlari o‘sha kishida edi. Imom u zotdan hadis eshitar va shu bilan birga “ilm dengizi” deb nomlangan buyuk sahobiy Abdulloh ibn Abbos raziyallohu anhuning fiqhini ta'lim olar edilar. Abu Hanifa rahmatullohi alayh o‘z ustozlarini yod etib: “Hammod ibn Abu Sulaymondan ko‘ra faqihroq va Ato ibn Abu Rabohdan ko‘ra barcha ilmni jamlovchiroq kishini ko‘rmadim”, – degan edilar.

Kitoblari. Imom Abu Hanifa rahimahulloh davrlarida kitob yozish keng tarqalgan emas edi. Shu sababli u zot ko‘p kitob yozib qoldirmaganlar. Balki odamlarga ijtihod, fatvo va dars berish bilan manfaat yetkazganlar. Tarjimai hol kitoblarda u kishiga tegishli kitoblar: “Fiqhul akbar”, “Al-Olim val mutaallim”, “Al-Vasiyya” va “Risolatun ila Usmon Battiy” sanaladi. U zotning shogirdlari darslar davomidagi ma'lumotlarni to‘plab kitob shakliga keltirishgan. Darslarda U zot tomonidan aytilgan hadisi shariflarni to‘plab, bir nechta hadislar jamlanmasi “Musnadi Abu Hanifa” nomli kitoblar tuzilgan.

U zot fiqh ilmini og‘zaki naql qilishdan yozma shaklga o‘tkazishda katta ta'sir ko‘rsatgan faqihlarning birinchilaridir.

Ibodatlari. U zotning uzoq yillar kechalari ibodat qilishlari, tahajjudlari va xuftonning tahorati bilan bomdodni o‘qishlari juda ko‘pchilikdan bizga yetib kelgan. Abu Osim an-Nabil aytadilar:

كَانَ أَبُو حَنِيَفَةَ يُسَمَّى الْوَتَدَ؛ لِكَثْرَةِ صَلاَتِهِ

ya'ni: “U zot ko‘p namoz o‘qiganlaridan “qoziq”, – deb atashardi”.

Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayh Qur'oni karimni to‘liq va mukammal yod olgan edilar. Abu Yusuf rahmatullohi alayhdan Imom A'zam rahimahulloh har kecha namozda Qur'oni karimni xatm qilganliklari rivoyat qilingan.

Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayh bir nechta shogirdlarini o‘zlari homiylik qilib tarbiya qilganlar. Jumladan, katta shogirdlaridan biri Imom Abu Yusuf rahmatullohi alayh kambag‘al oiladan bo‘lib, dars halqalariga har doim qatnasha olmas edi. Bir kuni Imom Abu Hanifa u kishini chaqirib, bir xaltachada pul berdilar. Ichida 100 dirham (42,5 g tillaga to‘g‘ri keladi) bor edi. Abu Yusufga: “Dars halqasini lozim tuting. Pul tugasa menga bildiring”, – dedilar. Shundan keyin Abu Yusuf darsdan qolmadilar. Abu Yusuf u zotga pul tugaganini bildirmasdilar. Lekin pullari tugar- tugamas Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayh Abu Yusufga mablag‘ berardilar. Imomning o‘tkir farosati va saxovati sababli Abu Yusuf rahmatullohi alayh yetuk olim, mujtahid bo‘lib yetishdi. Xalifa Horun ar-Rashid davrida qoziul quzot (eng katta qozi) lavozimida ishlab, hanafiy mazhabining keng yoyilishiga sabab bo‘ldilar.  

Ulamolarning maqtovlari. Rasuli akram alayhissalom hadisi sharifda shunday marhamat qiladilar:

وَالَّذِي نَفْسِي بِيَدِهِ لَو كَانَ الدَّيْنُ مُعَلَّقًا بِالثُّرَيَّا لَتَنَاوَلَهُ رَجُلٌ مِنْ فَارِسٍ

(رواه الإمام البخاري عن أبي هريرة رضي الله عنه)

ya'ni: “Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, agar din Surayyo yulduziga osilgan bo‘lganda ham, forslardan bir kishi uni oladi” (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Ushbu hadisi sharif borasida mashhur muhaddis olim Alloma Suyutiy aytadilar: Bu hadisda Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayhga ishora qilingan, chunki forsiylardan birortasi Imom A'zam rahimahullohning darajasiga yetmagan”, – deganlar (“Tabyizus sahifa” kitobi).

Muhaddislar sultoni, 100 mingdan ortiq hadislarni yod bilgan Yahyo ibn Ma'in (158 h.y.da tug‘ilganlar) rahimahulloh aytadilar: “Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayh hadis borasida ishonchli bo‘lib, yodlagan hadisinigina rivoyat qiladi, yodlamaganini aytmaydi”.

Imom Yahyo ibn Main mashhur muhaddislarning ustozi hisoblanadilar. U zotning ilmi hadislarni va barcha roviylarini to‘la qamrab olganidan Imom Ahmad: “Yahyo ibn Ma'in bilmagan hadis – hadis emas”, – deganlar. Hadislar borasida shuncha ilmga ega bo‘lishlariga qaramasdan, fiqhda Imom Abu Hanifaning mazhablarida bo‘lganlar. Imom Buxoriy, Imom Muslim va Imom Ahmad ibn Hanballarning ustozi Yahyo ibn Ma'indek zotlar Imom Abu Hanifani madh etib, boshlariga ko‘targan ekan, ba'zi kishilar ushbu buyuk Imomga ta'na qilishdan uyalsalar, yaxshi bo‘lar edi.

Yahyo ibn Ma'in shunday deydilar: “Men qiroatda – Hamzaning qiroatida, fiqhda esa Abu Hanifaning mazhabidaman”.

Mashhur muhaddis Imom Zahabiy shunday deydilar: “Bu imomga fiqh va uning eng nozik jihatlari ham taslimdir, bunga shak-shubha yo‘q!” “Fiqh borasida unga to‘xtalingan, odamlar bu borada unga boqimandadir”.

Hadis roviylaridan, Imom Molikning shogirdi Yahyo Qatton (120 h.y.da tug‘ilgan) shunday deydilar: “Abu Hanifa gapiga ko‘ra yaxshi sanalgan narsani, albatta olamiz”.

Hatto mazhabsizlar e'tirof etgan Ibn Taymiya ham o‘zini “Minhojus sunnah” kitobida Imom A'zam rahmatullohi alayh haqlarida quyidagi maqtov so‘zni aytgan:

أَنَّ أَبَا حَنِيفَةَ وَأَصْحَابِهِ مِمَّنْ لَهُ فِي الأُمَّةِ لِسَانُ صِدْقٍ مِنْ عُلَمَائِهَا

ya'ni: “Abu Hanifa va u zotning shogirdlari ummat ichida chinakam maqtovga ega bo‘lgan ulamolardandir”.

Muhtaram jamoa! Xulosa o‘rnida aytish joizki, fiqhiy mazhab ulamolari har sohada yetuk, ijtihod qilish salohiyatiga ega bo‘lganlar va bu ishga nihoyatda mas'uliyat bilan yondashganlar. Ularning birorta so‘zi dalilsiz bo‘lmagan. Ular kuchli asos – Qur'oni karim va sunnatga suyanganlari sababli, hozirgacha butun dunyo musulmonlari bu fiqhiy mazhablarga ergashib kelmoqdalar.

Lekin ming afsuski, ba'zi bir toifalar, mazhabga ergashmaymiz, biz Qur'oni karim va sunnatga ergashamiz, degan puch da'vo bilan Islom ummati o‘rtasiga fitna solmoqdalar. Vaholanki, fiqhiy mazhablarga ergashish – ayni Qur'oni karim va sunnatga sahobalar hamda tobe'inlar tushungani kabi ergashishdan boshqa narsa emas! U da'vo qiluvchilar mujtahidlar hal qilgan minglab masalalarni Qur'on va sunnat asosida qaytadan ko‘rib chiqmoqchi bo‘lishdi, lekin qisqa vaqt ichida o‘zaro juda ko‘plab ixtiloflarga borishdi. Bu ularning da'volari puch ekani, o‘zlari esa ijtihod darajasiga loyiq emasligini ko‘rsatdi.

Hozirda ayrim mazhabsizlikka chaqirayotgan toifalar salafi solihlardan bo‘lgan Imom Abu Hanifadek zotga ergashilsa, malomat qilib, hozirgi kunda yashayotgan yoki yaqinda yashab vafot etgan qo‘shtirnoq ostidagi “shayx”larining yo‘llariga ergashish zarurligini aytadilar. Vaholanki, to‘rt mazhab sohiblari Rasululloh alayhissalom maqtagan muborak zamonlarda yashab, ijod qilganlar. Qolaversa, to‘rt mazhab imomlarining ilmlari va taqvolariga butun ummat ulamolari tasannolar aytishgan.

Mazhabdan yuz o‘girish salafi solih yo‘lidan yuz o‘girish bo‘lib, shubhasiz adashishga olib boradi. Shuning uchun ham alloma Muhammad Said Ramazon Butiy: “Mazhabsizlik – islom shariatiga tahdid soladigan xatarli bid'atdir”, deganlar.

Mashhur alloma Shoh Valiyulloh Dehlaviy shunday deydilar: “Hindiston va Movarounnahr yurtlarida shofeiylarni ham, hanbaliylarni ham, molikiylarni ham mazhabi tarqalmagan, boshqa mazhab kitoblari ham yetib kelmagan. Shuning uchun ushbu diyorlarda yashovchi, ijtihod darajasiga yetmagan kishilarga Abu Hanifa mazhabiga ergashish vojib bo‘ladi”.

Yuqoridagi yetuk ulamolardan boshqa ko‘plab allomalarning bu mavzudagi fatvo va xulosalarini keltirish mumkin. Demak, bizning yurtimizda faqatgina Imomi A'zam Abu Hanifa rahmatullohi alayhning mazhabiga amal qilish lozim ekani ma'lum bo‘lmoqda. Hozirgi kunda mo‘tadil, Qur'oni karim va sunnati sharifga asoslangan Hanafiy mazhabiga dunyo musulmonlarining deyarli yarmi amal qilmoqda. Bu hanafiy mazhabiga katta fazilat beradi.             

Imom Abu Hanifa haqlarida alohida suhbat qilishimizdan maqsad – ushbu zotni yaxshiroq tanib, u zotga ergashaylik! Zero, Alloh taolo anbiyolarning qissalarini Qur'oni karimda zikr qilib, shunday buyurgan:

 أُولَٰئِكَ الَّذِينَ هَدَى اللَّهُ ۖ فَبِهُدَاهُمُ اقْتَدِهْ

ya'ni: “Aynan o‘shalar Alloh hidoyatga boshlagan zotlardir. Bas, (Siz ham) ularning yo‘liga iqtido qiling!” (An'om surasi 90-oyat).

Islom ummati mujtahid ulamolarga ergashishi bilan Alloh taolo hidoyat qilgan zotlar izidan yurgan bo‘ladilar.  

Alloh taolo mazhabboshimiz Imom Abu Hanifadan O‘zi rozi bo‘lsin! U zot qoldirgan ilmiy merosdan to‘liq foydalanishga barchamizni muvaffaq aylasin! Omin!

 

"Abu Hanifa – buyuk mujtahid imom!" nomli mav'izani yuklab olish (PDF formatda)


Kiritilgan vaqti: 18/11/2021 11:22;   Ko‘rilganligi: 1189
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/islam/juma/19112021-y-abu-hanifa-buyuk-mujtahid-imom
Chop etilgan vaqti: 19/05/2024 06:12
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing