O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Juma mav'izalari

19.03.2021 y. Dinimizda qo‘shnichilik haqlari

 
 

بسم الله الرحمن الرحيم

الحَمْدُ للهِ رب العالمين وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمَ عَلَى سَيِّدِنَا ونبينا مُحَمَّدٍ الأمين ، وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أجْمَعِينَ، أَمَّا بَعْد

Muhtaram jamoat! Inson hayoti davomida jamiyatdan ajralib kun kechira olmaydi. Atrofdagilar bilan turli ijtimoiy aloqalar o‘rnatadi. Har qanday holatda ham oila, mahalla va jamiyat ichida bo‘ladi. Tabiiyki, hayoti davomida uning atrofdagilarga nisbatan huquq va burchlari paydo bo‘ladi. Mana shunday huquqlardan biri qo‘shnichilik haqqi bo‘lib, unga dinimizda alohida e'tibor berilgan.

Alloh taolo Qur'oni karimda O‘ziga ibodat qilish va Unga hech narsani sherik qilmaslikka buyurganidan keyin, bir qancha toifalarga yaxshilik qilishga buyuradi. O‘sha kishilar ichida qo‘shnilar ham zikr qilingan. Oyati karimada shunday deyiladi:

  وَاعْبُدُوا اللَّهَ وَلَا تُشْرِكُوا بِهِ شَيْئًا وَبِالْوَالِدَيْنِ إِحْسَانًا وَبِذِي الْقُرْبَى وَالْيَتَامَى وَالْمَسَاكِينِ وَالْجَارِ ذِي الْقُرْبَى وَالْجَارِ الْجُنُبِ وَالصَّاحِبِ بِالْجَنْبِ وَابْنِ السَّبِيلِ وَمَا مَلَكَتْ أَيْمَانُكُمْ إِنَّ اللَّهَ لَا يُحِبُّ مَنْ كَانَ مُخْتَالًا فَخُورًا  

ya'ni: “Allohga ibodat qilingiz va Unga hech narsani sherik qilmangiz! Ota-onalarga esa yaxshilik qilingiz! Shuningdek, qarindoshlar, yetimlar, miskinlar, qarindosh qo‘shni-yu begona qo‘shni, yoningizdagi hamrohingiz, yo‘lovchi (musofir)ga va qo‘l ostingizdagi (qaram)larga ham (yaxshilik qiling)! Albatta, Alloh kibrli va maqtanchoq kishilarni sevmaydi” (Niso surasi 36-oyat).

Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday dedilar:

 ما زالَ يُوصِينِي جِبْرِيلُ بِالْجَارِ، حتَّى ظَنَنْتُ أنَّه سَيُوَرِّثُهُ

 (رواه الامام البخاري عن عائشة رضي الله عنها)

ya'ni: “Jabroil meni doim qo‘shni haqida yaxshilikka buyurganidan, uni merosxo‘r qilib qo‘yarmikan, deb o‘yladim” (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Gohida qo‘shnilarning holidan g‘aflatda qolamiz, ularni holidan xabar olmaymiz, vaholanki, eng avvalo ular uchun bizning zimmamizda bir qancha haqlar bor: ko‘rganda salom berish; maslahat so‘rasa, to‘g‘risini aytish; aksa ursa, javob qaytarish; kasal bo‘lsa, ziyorat qilish; vafot etsa, janozasiga qatnashish va hokazolar.

Ulug‘ sahobalardan Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhu aytadilar: “Bir paytlar o‘z dinor va dirhamiga musulmon birodaridan ko‘ra haqli emas edik. Hozir esa musulmon birodarimizdan ko‘ra dinor va dirhamlarimiz bizga sevimli bo‘lib qoldi. Payg‘ambarimiz alayhissalomdan eshitganman:

كَمْ مِنْ جَارٍ مُتَعَلِّقٍ بِجَارِهِ يَوْمَ الْقِيَامَةِ ، يَقُولُ : يَا رَبِّ ، هَذَا أَغْلَقَ بَابَهُ دُونِي ، فَمَنَعَ مَعْرُوفَهُ 

 رواه الامام البخاري

ya'ni: “Qiyomat kuni qanchadan-qancha qo‘shnilar borki, qo‘shnisiga yopishib olib: “Ey, Rabbim! U meni yuzimga eshigini yopdi, yaxshiligidan mahrum qildi”, deydi”, – deganlar” (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Abu Shurayh al-Xuzoiydan rivoyat qilinadi, Payg‘ambarimiz alayhissalom aytdilar:

مَنْ كَانَ يُؤْمِنُ بِاللهِ وَالْيَوْمِ الْآخِرِ فَلْيُحْسِنْ إِلَى جَارِهِ 

رواه الامام مسلم

 ya'ni: “Kim Allohga va Oxirat kuniga imon keltirgan bo‘lsa, qo‘shnisiga yaxshilik qilsin!” (Imom Muslim rivoyatlari).

Qo‘shnilar o‘rtasidagi yaxshilikning bir ko‘rinishi – hayitlarda, quvonchli kunlar va munosib vaqtlarda o‘zaro hadya almashishdir. Muhimi – qo‘shnining hadyasi nima bo‘lsa ham, uni kam ko‘rmaslik kerak bo‘ladi. Abu Hurayra raziyallohu anhu aytadilar, Payg‘ambarimiz alayhissalom shunday dedilar:

 يَا نِسَاءَ الْمُسْلِمَاتِ لَا تَحْقِرَنَّ جَارَةٌ لِجَارَتِهَا وَلَوْ فِرْسِنَ شَاةٍ 

رواه الامام مسلم

ya'ni: “Ey, muslima ayollar! Qo‘shni qo‘shnining hadyasini past sanamasin, agarchi qo‘yning tuyog‘i bo‘lsa ham” (Imom Muslim rivoyatlari).

Oisha onamiz Payg‘ambarimiz alayhissalomdan so‘radilar: “Ikki qo‘shnimning qaysi biriga hadya beray?” U Zot alayhissalom: “Eshigi yaqiniga”, – dedilar (Imom Buxoriy rivoyatlari). Bu bilan yon qo‘shnining haqqi o‘zgalarnikidan ko‘proq bo‘lishini eslatib qo‘ydilar.

O‘zaro taom ulashish ham qo‘shniga yaxshilik qilishdandir. Abu Zarr raziyallohu anhu aytadilar: “Suyukli Payg‘ambarim menga buyurganlar:

 إذَا طَبَخْتَ مَرَقًا فأكْثِرْ مَاءَهُ، ثُمَّ انْظُرْ أَهْلَ بَيْتٍ مِن جِيرَانِكَ، فأصِبْهُمْ منها بمَعروفٍ

رواه الامام مسلم

ya'ni: “Sho‘rva qaynatsangiz, suvini ko‘paytiring, so‘ngra qo‘shnilaringiz ahliga qarab, yaxshilik-saxovat bilan undan suzib bering” (Imom Muslim rivoyatlari)

O‘ziga to‘q qo‘shnilar hech qachon qiynalgan qo‘shnilarni e'tiborsiz tashlab qo‘ymasligi kerak. Qo‘shnilar zaruriy taom va kiyim kechak kabi narsalarga muhtoj bo‘lib qolishsa, albatta, ularga yordam qo‘lini cho‘zish zarur. Anas ibn Molik raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday dedilar:

مَا آمَنَ بِي مَنْ بَاتَ شَبْعَانَ وَجَارُهُ جَائِعٌ إِلَى جَنْبِهِ وَهُوَ يَعْلَمُ بِهِ

رواه الامام الطبراني

ya'ni: “Yon qo‘shnisi och ekanini bilib turib, to‘q holida tunni o‘tkazgan kishi menga imon keltirmabdi” (Imom Tabaroniy rivoyatlari).

Musibat bo‘lgan xonadon ahlini qarindosh va qo‘shnilar taom bilan yo‘qlashi ham – dinimizdagi go‘zal sunnatlardandir. Ja'far raziyallohu anhu vafot etganlarida Payg‘ambarimiz alayhissalom shunday deganlar:

اِصْنَعُوا لِآلِ جَعْفَرٍ طَعَامًا فَإِنَّهُ قَدْ أَتَاهُمْ أَمْرٌ شَغَلَهُمْ

 رواه الامام أبو داود عن عبد الله بن جعفر

ya'ni: “Ja'farning oilasiga taom tayyorlanglar, ularning boshiga mashg‘ul qiluvchi og‘ir ish tushdi” (Imom Abu Dovud rivoyatlari).

Dinimiz qo‘shnilarga yaxshilikka buyurish bilan birga, ularga ozor berishdan qaytaradi. Bu haqda Payg‘ambarimiz alayhissalom shunday deydilar:

مَنْ كَانَ يُؤْمِنُ بِاللهِ وَاليَومِ الْآخِرِ،فَلاَ يُؤْذِ جَارَهُ 

رواه الامام مسلم عن أبى هريرة رضي الله عنه

ya'ni: Kim Alloh va Oxirat kuniga imon keltirgan bo‘lsa, qo‘shnisiga ozor bermasin! (Imom Muslim rivoyatlari).

Aslida o‘zgaga nohaq aziyat berish harom amallardan, lekin qo‘shniga aziyat berishning  gunohi undanda kattadir. Abdulloh ibn Mas'ud raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Payg‘ambarimiz alayhissalomdan so‘radim:

أيُّ الذَّنْبِ عِنْدَ اللَّهِ أكْبَرُ، قالَ: أنْ تَجْعَلَ لِلَّهِ نِدًّا وهو خَلَقَكَ قُلتُ: ثُمَّ أيٌّ؟ قالَ: ثُمَّ أنْ تَقْتُلَ ولَدَكَ خَشْيَةَ أنْ يَطْعَمَ معكَ قُلتُ: ثُمَّ أيٌّ؟ قالَ: أنْ تُزَانِيَ بحَلِيلَةِ جَارِكَ .... 

رواه الامام البخاري

Allohning nazdida eng yomon gunoh qaysi?”. “Sizni yaratgan holida Alloh taologa o‘zgani sherik qilishingiz”, – dedilar. “Keyin qaysi biri?” – dedim. U Zot alayhissalom: “Siz bilan birga taomlanishidan (ya'ni, kambag‘allikdan) qo‘rqib farzandingizni o‘ldirishingiz”, – dedilar. “Keyin qaysi?” – dedim. U Zot: “Qo‘shningizni jufti bilan zino qilishingiz”, – dedilar” (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Hadisi sharifda qo‘shnining molini o‘g‘irlash boshqa o‘n xonadondan o‘g‘rilik qilishning gunohidan kattaroq ekani aytilgan. Boshqa hadisi sharifda shunday deyiladi: “Alloh uch kishini yaxshi ko‘radi, uch kishini yomon ko‘radi: ... Bir kishining doim ozor beradigan qo‘shnisi bor, ularning o‘rtasini o‘lim yoki ko‘chish ajratgunicha, uning aziyatlariga sabr qiladi (uni Alloh yaxshi ko‘radi)...” (Imom Ahmad rivoyatlari).

Hozirda ayrim qo‘shnilar orasida yer-joy yoki boshqa masalalardagi o‘zaro talashishlar oqibatida yuzaga kelayotgan xunuk oqibatlar dinimiz ta'limotlariga mutlaqo ziddir. Bunday xijolatli ishlarga barham berish uchun qo‘shnilar o‘zaro kelishuv, hurmat, oliyjanoblik va diyonat bilan ish tutishlari kerak. Shunda Alloh taoloning rahmatiga sazovor bo‘ladilar, rizqlariga barakot kiradi, hayotlari ma'noli va mazmunli kechadi. Har kuni urush janjal bo‘lgan joyda baraka, xotirjamlik va ko‘ngilxushligi bo‘lmaydi.

Ayniqsa o‘zganing yerini zulm bilan o‘zlashtirib olishning jazosi qattiq bo‘ladi. Bu haqda Payg‘ambarimiz alayhissalom shunday deganlar:

مَنْ اِقْتَطَعَ شِبْرًا مِنْ اَلْأَرْضِ ظُلْماً طَوَّقَهُ اَللَّهُ إِيَّاهُ يَوْمَ اَلْقِيَامَةِ مِنْ سَبْعِ أَرَضِينَ 

مُتَّفَقٌ عَلَيْهِ روي عَنْ سَعِيدِ بْنِ زَيْدٍ

ya'ni: “Kim zulm bilan bir qarich yerni egallab olsa, Alloh taolo Qiyomat kuni o‘sha yerni yetti qavat yerni ostigacha bo‘yniga osib qo‘yadi”(Muttafaqun alayh).

Hasanul Basriy aytadilar: “Yaxshi qo‘shnichilik – faqat yomonlik qilishdan tiyilish emas, balki qo‘shnidan yetgan aziyatga sabr qilishdir”.

Xatib Bag‘dodiy rivoyat qiladilar: “Imom A'zam Abu Hanifaning bir mahsido‘z qo‘shnisi bor edi. Kuni bilan ishlar, kechki paytlar olib kelgan taomlarini yeb, may ichib, sarxush bo‘lib: “Ular meni qadrimga yetishmadi, qanday ham yigitni boy berdilar...”, degan baytni uxlab qolguncha takrorlardi. Abu Hanifa rahimahullohning odatlari kechalari bilan namoz o‘qish edi. Qo‘shnining ovozini har kuni eshitardilar. Bir kuni ovozi eshitilmay qoldi. So‘rab surishtirsalar, uni qamab qo‘yishibdi. Bomdod namozini o‘qigandan keyin, xachirlariga minib, amirning huzuriga kirdilar. Amir hurmat bilan kutib oldi va hojatlarini so‘radi. U zot: “Bir etikdo‘z qo‘shnim bor edi, qamab qo‘yishibdi, shuni ozod qilishsa...”, – dedilar. Amir o‘sha kundan beri qamalganlarning barchasini ozod qildi. Abu Hanifa rahimahulloh ulovda, mahsido‘z piyoda birga uylariga qaytishdi. Yetib kelishgach, Abu Hanifa uning yoniga borib: “Ey, yigit! Sizning qadringizga yetmadikmi?!” – dedilar. U: “Yo‘q, aksincha, himoya qildingiz, g‘amxo‘rlik qildingiz. Qo‘shnichilik hurmati va haqqa rioya qilganingiz uchun Alloh sizni yaxshilik bilan mukofotlasin” – dedi. Shundan keyin u kishi tavba qilib, nojo‘ya ishlarini tark qildi” (“Tarixi Bag‘dod” kitobi).

Xalqimizda “Qo‘shning tinch, sen tinch” degan naql bor. Yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini o‘rnatish – davlatimiz olib borayotgan xayrli ishlardan biridir. Ayniqsa, biz bilan chegaradosh xalqlar bilan qadimdan quda-anda bo‘lib kelganmiz. Dinimiz, tariximiz, madaniyatimiz va urf odatlarimiz – bir xil. Hozir ham o‘zaro madaniy-iqtisodiy aloqalar kundan-kunga rivojlanib bormoqda. Bu ishlar ham – davlatimizda ayni dinimizdagi yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini hayotga tatbiq qilishdir.

Hurmatli jamoat! Alhamdulillah, qishdan chiqib, ekin-tikin mavsumiga ham salomat yetib keldik. Albatta, dehqonchilik, bog‘dorchilik va chorvachilik bilan shug‘ullanish xalqimizga mo‘l-ko‘l rizq keltiradi, halol rizq topish maqsadida mehnat qilganlar katta savoblarga ham erishadilar.

Dehqonchilik bashariyat uchun zarur bo‘lgan kasblardan. Usiz inson hayotini tasavvur qilib bo‘lmaydi. Bu haqda Qur'oni karimda shunday deyiladi: “O‘lik (qo‘riq) yer ular uchun (qayta tirilishga) bir alomatdir, Biz uni (suv bilan) tiriltirdik va undan (turli) donlarni undirib chiqardik. Bas, ular undan yemoqdalar. Yana Biz unda (erda) xurmozor va uzumzor bog‘larni (paydo) qildik va u yerda buloqlarni oqizib qo‘ydik. Toki (odamlar) mevasidan yesinlar. Holbuki, u (mevalar)ni o‘z qo‘llari (bilan) qilmagan edilar. Axir shukr qilmaydilarmi?! (Yosin surasi 33-35-oyatlar).

Payg‘ambarimiz alayhissalom dehqonchilik va ko‘chat o‘tqazishga juda ko‘p targ‘ib etganlar. Masalan, bir hadisi shariflarida: “Agar Qiyomat qoyim bo‘lib qolsayu, qaysi biringizning qo‘lingizda ekaman deb turgan ko‘chat niholi bo‘lsa, uni ekishga ulgursa, ekib qo‘ysin”, – deb marhamat qilganlar (Imom Ahmad rivoyatlari).

Boshqa bir hadisi shariflarida esa: “Biron-bir musulmon kishisi bir daraxt o‘tqazsa yoki bir narsa eksa, undan qush yoki inson tanovul etib, manfaatlansa, shu sababdan u kishi ehson qilganlik savobiga erishadi” (Muttafaqun alayh).

Bu hadisi shariflardan ko‘chat yoki ekindan foyda kelib tursa, o‘sha inson vafot etib ketgan bo‘lsa ham, unga Qiyomatgacha savob borib turishi bildirilmoqda.

Shunday ekan, hammamiz o‘zimiz yashab turgan joylarga, mahallalarga turli daraxt ko‘chatlarini ekib, obod qilsak, bundan nafaqat insonlar, balki hayvonlar va qushlar manfaat topsa ham, savob hosil bo‘laveradi.

Alloh taolo barchamizga chiroyli qo‘shnichilik aloqalarini o‘rnatish va qo‘shnilar bilan tinch-totuv, ahil yashashni nasib aylasin! Omin!

 


Kiritilgan vaqti: 19/03/2021 10:13;   Ko‘rilganligi: 1047
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/islam/juma/19032021-y-dinimizda-qoshnichilik-haqlari
Chop etilgan vaqti: 20/04/2024 19:03
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing