O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Juma mav'izalari

17.12.2021 y. Bir hadis sharhi

 
 

بسم الله الرحمن الرحيم

 اَلْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي خَلَقَ الْإِنْسَانَ عَلَّمَهُ الْبَيَانَ وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى رَسُولِنَا  الَّذِي لاَ يَنْطِقُ عَنِ الْهَوَى إِنْ هُوَ إِلاَّ وَحْيٌ يُوْحَى وَعَلَى آلِهِ وَأَصْحَابِهِ أَجْمَعِينَ أَمَّا بَعْدُ

Muhtaram jamoat! Ma'lumki, barcha yaxshi amallarda va go‘zal xulq-odobda bizga namuna bo‘lgan suyukli Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamga Alloh taolo tomonidan qisqa kalimalar yordamida ko‘p ma'nolarni ifodalash fazilati berilgan. Manbalarda muhaddis ulamolar to‘rt hadisi sharifni “Islomning madori” deb tan olganlari keltirilgan. Hattoki, Imom Shofe'iy  rahmatullohi alayh “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam ushbu to‘rt hadisdan boshqa hadis aytmasalar ham, dunyoga yetar edi”, – degan ekanlar. Bugungi suhbatimizda ana shunday hadisi shariflardan birini bayon qilamiz.

Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz  alayhissalom shunday marhamat qilganlar:

مِنْ حُسْنِ إِسْلَامِ المَرْءِ تَرْكُهُ مَا لَا يَعْنِيهِ 

  (رواه الإمام الترمذيُّ)

ya'ni: “Kishi islomining go‘zal bo‘lishi – o‘zi uchun behuda narsalarni tark qilishidadir” (Imom Termiziy rivoyatlari).

Ushbu hadisi sharif jumlalari qisqa bo‘lsada, uning ma'nosi dunyo yaxshiligi va oxirat saodatini o‘z ichiga olgandir. Ulamolar ta'kidlaganlaridek, ushbu hadisi sharif Rasulullohning “Javomi'ul kalim”laridan biridir. Ya'ni qisqa jumlalar bilan ulkan ma'nolarni ifodalash mo‘jizalaridandir.

Mazkur hadisi sharif foydasiz gapni gapirish, befoyda narsaga qarash, behuda narsalarni eshitish, foydasiz narsalarni o‘ylash kabi barcha foydasi yo‘q gap-so‘z va ishlardan tiyilish kerak ekaniga ishora qilinmoqda.

Ibn Hajar Haytamiy rahmatullohi alayh “Fathul mubin” kitobida shunday deganlar:

 وَهَذَا الْحَدِيْثُ رُبْعُ الْإِسْلاَمِ عَلَى مَا قَالَهُ أَبُو دَاوُدَ، وَأَقُولُ: بَلْ هُوَ نِصْفُ الْإِسْلاَمِ، بَلْ هُوَ الْإِسْلاَمُ كُلُّه

ya'ni: “Imom Abu Dovud rahmatullohi alayhning gaplari bo‘yicha, bu hadisi sharifga amal qilish – Islom dinini to‘rtdan biriga tengdir. Men aytamanki, bu hadis Islomni yarmiga tengdir, balki Islom dinining hammasini ifodalaydi”.

Demak, mazkur hadisi sharif go‘yo bir mezonki, har bir mo‘min-musulmon o‘zini ushbu mezonga qo‘yib, islomi qandayligi va dinining qancha qismiga amal qilayotganini bilishi mumkin. Shunday ekan, kishini islomi go‘zal bo‘lishi uchun foyda bermaydigan barcha narsalarni tark qilib, foydali ish va amallar bilan mashg‘ul bo‘lishi kerak bo‘ladi. Tabiiyki, shariatga hamma har xil amal qiladi. Kimlardir nafs-havosini xohishiga yurmasdan ezgu amallarni ko‘paytirish tufayli farishtadan ham yuqori martabaga ko‘tarilsa, kimlardir havoi nafs xohishlariga ergashib,  ezgu amallardan yuz o‘girish sababli hayvondan ham past martabaga tushadi. Alloh taolo Qur'oni karimda bunday degan:

 وَالَّذِينَ اهْتَدَوْا زَادَهُمْ هُدًى وَآَتَاهُمْ تَقْوَاهُمْ

ya'ni: “Hidoyat topgan zotlarga esa (Alloh) ularga yanada hidoyatni ziyoda qilur va taqvo ato etur” (Muhammad surasi 17-oyat).

Kishi foydali ishlar bilan mashg‘ul bo‘lib, befoyda narsalardan o‘zini tiyib, islomini go‘zal qilsa, qilgan ezgu ishlariga savoblar ko‘paytirib beriladi. Bu haqda Payg‘ambarimiz alayhissalom shunday marhamat qilganlar:

إِذَا أحْسَنَ أحَدُكُمْ إسْلَامَهُ: فَكُلُّ حَسَنَةٍ يَعْمَلُهَا تُكْتَبُ له بعَشْرِ أمْثَالِهَا إلى سَبْعِ مِئَةِ ضِعْفٍ، وكُلُّ سَيِّئَةٍ يَعْمَلُهَا تُكْتَبُ لَهُ بِمِثْلِهَا 

(رواه الإمام االبخاري عن أبي سعيد الخدري رضي الله عنه)

ya'ni: “Qachon biringizning islomi go‘zal bo‘lsa, qilgan har bir yaxshi amali uchun o‘n barobardan yetti yuz barobargacha yoziladi. Qilgan yomonligi o‘z holicha yoziladi” (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Har bir musulmonga bir yaxshiligi uchun o‘n savob yozilishi  mavjud haqiqatdir. O‘ndan ortiq bo‘lib, to yetti yuzgacha bo‘lgan savoblar esa bandaning islomi, niyati, ixlosi go‘zalligiga qarab bo‘ladi.

Kishi o‘zi uchun muhim va kerakli ishlar bilan mashg‘ul bo‘lsagina, islomi go‘zallashadi. Aksincha, keraksiz narsalar bilan band bo‘lsa, umri, rizqi va vaqtidan baraka ketadi. Qolaversa, sog‘ligiga ham putur yetadi. Darhaqiqat, ba'zi insonlar o‘zlariga aloqasi yo‘q so‘zlarni gapirib yurishlari yoki o‘zlari uchun muhim bo‘lmagan savollarni ko‘p so‘rashlariga guvoh bo‘lamiz. Bu ularning dinlari sustligidan dalolat. Afsuski, hozirgi kunda ko‘pchilik o‘zaro muloqot va o‘tirishlarida befoyda, behuda so‘zlar bilan vaqtlarini zoye qilmoqdalar. Bu haqda Alloh taolo Qur'oni karimda bunday degan:

 لَا خَيْرَ فِي كَثِيرٍ مِنْ نَجْوَاهُمْ إِلَّا مَنْ أَمَرَ بِصَدَقَةٍ أَوْ مَعْرُوفٍ أَوْ إِصْلَاحٍ بَيْنَ النَّاسِ

ya'ni: “Ularning ko‘p shivirlashib gaplashishlarida yaxshilik yo‘qdir. Magar sadaqa berishga, ezgulikka yoki odamlar o‘rtasini isloh qilishga buyurgan bo‘lsalar, bu yaxshidir” (Niso surasi 114-oyat).

Demak, o‘zaro o‘tirish va majlislarimizda dunyo va oxiratga foydasi bor masalalar haqida gaplashib, behuda va lag‘u gap-so‘zlardan o‘zimizni tiyishimiz  dinimiz talabidir. Qolaversa, har bir gap-so‘zimizni farishtalar yozib turadilar. Bu haqda Alloh taolo shunday degan:

 مَا يَلْفِظُ مِنْ قَوْلٍ إِلَّا لَدَيْهِ رَقِيبٌ عَتِيدٌ

ya'ni: “U biror so‘zni talaffuz qilsa, albatta, uning oldida hoziru nozir bo‘lgan bir kuzatuvchi (so‘zni yozib oluvchi farishta) bordir (Qof surasi 18-oyat).

Demak, og‘zimizdan chiqqan har bir so‘zimizga Qiyomat kuni yo savob yoki jazo olishimizni aslo unutmasligimiz kerak!

Ming afsuski, bugungi kunda ba'zi kattayu-kichik bekorchi va befoyda gap-so‘zlar, g‘iybatu bo‘htonlar bilan mashg‘ul bo‘ladigan maydonlardan biri – ijtimoiy tarmoqlardir. Telegram, feysbuk, instagram, yutub va tik-tok kabi ijtimoiy tarmoqlarda dunyo va oxiratlariga foydasi bo‘lmagan narsalar bilan kuniga soatlab vaqtlarini sarflamoqda. Qolaversa, bir narsani aniq bilmasdan va uni oxiriga yetmasdan, shu narsa haqida fikr bildirib, natijada, bir musulmonni obro‘si to‘kilishi, uni ayblash, g‘iybat, bo‘hton, shaxsiyatiga tegish, musulmon kishini kofirga chiqarish va haqoratlash kabi imoni bor kishiga aslo yarashmaydigan befoyda narsalar bilan mashg‘ul bo‘lmoqdalar. Vaholanki, Payg‘ambarimiz alayhissalom hadisi shariflarida bunday deganlar:

لَا تُؤْذُوا عِبَادَ اللهِ، وَلَا تُعَيِّرُوهُمْ، وَلَا تَطْلُبُوا عَوْرَاتِهِمْ؛ فَإِنَّهُ مَنْ طَلَبَ عَوْرَةَ أَخِيهِ الْمُسْلِمِ طَلَبَ اللهُ عَوْرَتَهُ< حَتَّى يَفْضَحَهُ فِي بَيْتِهِ 

(رواه الإمام أحمد عن ثوبان رضي الله عنه)

ya'ni: “Allohning bandalariga ozor bermanglar, uyaltirmanglar, kamchiliklarini qidirmanglar! Kim musulmon birodarining kamchiligini qidirsa, Alloh ham uning kamchiligini qidiradi. Alloh kimning kamchiligini qidirsa, uni uyini ichida bo‘lsa ham sharmanda qiladi” (Imom Ahmad rivoyatlari).

Tabiiyki, o‘ziga nisbatan noto‘g‘ri tana-dashnom va ayblovlarni eshitgan kishi necha kunlar tinchi buzilib, halovati yo‘qoladi. Bu narsaga sababchi bo‘lganlar qattiq gunohkor bo‘lib, bir mo‘min-musulmonga zulm qilgan bo‘ladilar.

Shuni unutmasligimiz kerakki, Qiyomat kuni har bir hatti-harakatimiz va yozishmalarimizdan so‘ralamiz. Alloh taolo Qu'oni karimda bu haqda bunday degan:

 وَلَا تَقْفُ مَا لَيْسَ لَكَ بِهِ عِلْمٌ إِنَّ السَّمْعَ وَالْبَصَرَ وَالْفُؤَادَ كُلُّ أُولَئِكَ كَانَ عَنْهُ مَسْئُولًا

ya'ni: “(Ey, inson!) O‘zing (aniq) bilmagan narsaga ergashma! Chunki quloq, ko‘z, dilning har biri to‘g‘risida (har bir inson) mas'ul bo‘lur (javob berur)” (Isro surasi 36-oyat).

Shunday ekan, ijtimoiy tarmoqda bo‘lsin yoki boshqa joyda, bir narsaga munosabat bildirishda yoki o‘zgalar haqqiga fikr aytishda, juda ham ehtiyot bo‘lib, shariatimiz belgilagan chegaradan chiqmasligimiz lozim bo‘ladi.

Shuni ham ta'kidlash kerakki, hozirgi globallashuv davrida eng asosiy muammoga aylangan illatlardan biri  yolg‘on axborotdir. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda turli asossiz ma'lumotlarni tarqatish, turli bo‘htonlar va uydirmalarni asossiz ravishda urchitish holatlari uchramoqda. Ayrim soddadil musulmonlar mana shunday uydirmalarga ishonib, yolg‘on va bo‘htonga sherik bo‘lib, bir qancha vaqtlarini zoye va behuda sarflamoqdalar. Eng achinarlisi buning oqibatida insonlarning obro‘ va sha'nlari toptalmoqda, musulmon inson nomiga noma'qul gaplar aytilmoqda, ta'na toshlari otilmoqda, shariatimizda qaytarilgan ulkan buzuqliklarga yo‘l ochilmoqda. Vaholanki, yolg‘onchilikning naqadar jirkanch ekanini Payg‘ambarimiz alayhissalom shunday deganlar:

 إِذَا كَذَبَ العَبْدُ تَبَاعَدَ عَنْهُ الْمَلَكُ مِيْلاً مِنْ نَتْنِ مَا جَاءَ بِهِ 

(رَوَاهُ الامَامُ مُسْلِمٌ عَنْ ابْنِ عُمَرَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا)

ya'ni: “Agar banda yolg‘on gapirsa, yolg‘oni badbo‘yligidan farishta undan bir mil nariga uzoqlashadi” (Imom Muslim rivoyatlari).

Azizlar! O‘tgan ulug‘larimizning hayotlarini ko‘zdan kechiradigan bo‘lsak, ular vaqtlarini hech isrof qilmasdan dunyo va oxirat foydasi uchun sarflaganlarini ko‘ramiz. Ulug‘larimizdan Abulvafo Ibn Aqil hazratlari aytadilar: “Tilim gapirishdan, ko‘zim kitob mutolaasidan qolgan taqdirda ham, umrimning bir lahzasini behuda o‘tkazishimni o‘zimga munosib deb bilmayman. Dam olish uchun yotgan paytimda ham fikrimni ishlatib, yonboshlagan holimda xotiramdagi narsalarni xatga tushurishni o‘ylayman”.

Ibn Umar raziyallohu anhu aytanlar:

إِذَا أَمْسَيْتَ فَلاَ تَنْتَظِرِ الصَّبَاحَ، وَإِذَا أَصْبَحْتَ فَلاَ تَنْتَظِرِ المَسَاءَ، وَخُذْ مِنْ صِحَّتِكَ لِمَرَضِكَ، وَمِنْ حَيَاتِكَ لِمَوْتِكَ

ya'ni: “Kechga yetsang, tongni kutma, tongga yetsang kech bo‘lishini kutma. Sog‘ligingda kasallik uchun, hayotingda o‘liming uchun nasiba ol (ya'ni, sog‘lik va hayotingdan unumli foydalan)” (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Abu Said al-Xudriy raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam aytdilar:

اسْتَكْثِرُوا مِنَ الْبَاقِيَاتِ الصَّالِحَاتِ" قِيلَ: وَمَا هِي يَا رَسُولَ اللَّه؟ قَالَ: "التَّكْبِيرُ، والتَّهْلِيلُ، وَالتَّسْبِيحُ، والتَّحْمِيدُ، وَلا حَوْلَ وَلا قُوَّةَ إِلا بِاللَّه

 (روى الإمام أحمد عَنْ أبي سعيد الخدري رضي الله عنه)

 ya'ni: “Boqiy qoluvchi solih amallarni ko‘paytiringlar!” Shunda, nima u ey Allohning Rasuli?  deb so‘raldi. U Zot alayhissalom: “Ular takbir, ya'ni “Allohu akbar”, tahlil, ya'ni “La ilaha illallohu, Muhammadur rasululloh”,   hamd, ya'ni “Alhamdu lilloh” va havqala, ya'ni “lo havla valo quvvata illo billoh” deb javob berganlar” (Imom Ahmad rivoyatlari).

Luqmoni Hakimdan: “Bunday oliy fazilatlarga qanday erishdingiz?” – deb so‘rashibdi. U zot: “Rost so‘zlash, omonatdorlik va foydasiz ishlarni tark etish bilan erishdim”, deya javob bergan ekanlar. Hasan Basriy rahmatullohi alayh  aytganlar:

مِنْ عَلامَةِ إعْرَاضِ اللَّهِ عَنْ الْعَبْدِ أَنْ يَجْعَلَ شُغْلَهُ فِيمَا لاَ يَعْنِيهِ

 ya'ni: “Alloh bandasidan yuz o‘girganining alomati, uni foydasiz ishlar bilan mashg‘ul qilib qo‘yganidir”.

Mo‘min-musulmon kishi vaqtini ahli ayoli va farzandlarining ilm-ma'rifatini oshirish yo‘lida ham band qilishi ham zarurdir. Chunki kishi doimiy ravishda o‘zini ustida ishlab, ilmini oshirib borishi bilan birgalikda qo‘l ostidagi ayoli va farzandlariga bilganlarini o‘rgatishi kerak. Payg‘ambarimiz alayhissalom hadisi sharifda bu haqda shunday deganlar:

 إِنَّ لِأَهْلِكَ عَلَيْكَ حَقًّا، فَأَعْطِ كُلَّ ذِي حَقٍّ حَقَّهُ

 (رواه الإمام الترمذيُّ عَنْ وهب بن عبدالله رضي الله عنه)

ya'ni:” Albatta xotiningiz va farzandlaringizni ham sizda haqqi bor. Shunday ekan, har bir haq ekasining haqqini ado qiling!” (Imom Termiziy rivoyatlari).

Xulosa shuki, mo‘min-musulmon inson Robbisi oldidagi burchini va jamiyat oldidagi mas'uliyatini anglab yetib, ana shu burch va mas'uliyatni mukammal ado etish uchun harakat qiladi. Uning bekorchi ishlarga, oldi-qochdi gaplarga, safsatalarga toqati bo‘lmaydi. Darhaqiqat, inson foydasiz narsalar bilan vaqt o‘tkazmasa, balki bor vaqti, kuchi, g‘ayrati, e'tiborini dunyosi va oxirati uchun manfaatli ishlar, savobli amallar uchun sarf etsa, ushbu inson komil imon sohibidir. Dunyoyu oxiratda uning yuzi yorug‘dir.

Alloh taolo barchamizni Islomimizni go‘zal qilib, ikki dunyo saodatiga musharraf aylasin! Omin!

 

"Bir hadis sharhi" nomli mav'izani yuklab olish (PDF formatda)


Kiritilgan vaqti: 16/12/2021 13:24;   Ko‘rilganligi: 3200
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/islam/juma/17122021-y-bir-hadis-sharhi
Chop etilgan vaqti: 25/04/2024 19:36
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing