O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Juma mav'izalari

14.01.2022 y. Islom dinida inson qadri

 
 

بسم الله الرحمن الرحيم

الحَمْدُ لله وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى رَسُولِهِ محمد وَعَلَى آلِهِ وَأَصْحَابِهِ أَجْمَعِينَ

Muhtaram jamoat! Alloh taolo inson zotini barcha jonzotlardan afzal qilib yaratgan. Hatto farishtalarini ham hazrati Odam alayhissalomga ta'zim qilishga buyurgan. Alloh taolo odamzodga butun borliqni bo‘ysundirib qo‘yish bilan birga, barcha mavjudotlarni inson manfaatiga xizmat qildirib qo‘ygan. Quyosh aynan insonni isitib, yer yuzida hayotni ta'minlash uchun nur sochsa, tunda insonlar uchun oy ziyo sochadi. Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qiladi:

  وَلَقَدْ كَرَّمْنَا بَنِي آدَمَ وَحَمَلْنَاهُمْ فِي الْبَرِّ وَالْبَحْرِ وَرَزَقْنَاهُمْ مِنَ الطَّيِّبَاتِ وَفَضَّلْنَاهُمْ عَلَى كَثِيرٍ مِمَّنْ خَلَقْنَا تَفْضِيلًا

ya'ni: “Darhaqiqat, (Biz) Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizga (ot-ulov va kemalarga) mindirib qo‘ydik hamda ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni O‘zimiz yaratgan ko‘p jonzotlardan afzal qilib qo‘ydik” (Isro surasi 70-oyat).

Ushbu ma'noga Qur'oni karimda quyidagicha ishora qilinadi:

 أَلَمْ تَرَوْا أَنَّ اللَّهَ سَخَّرَ لَكُمْ مَا فِي السَّمَاوَاتِ وَمَا فِي الأَرْضِ وَأَسْبَغَ عَلَيْكُمْ نِعَمَهُ ظَاهِرَةً وَبَاطِنَةً   

ya'ni: “(Ey, insonlar!) Alloh osmonlar va Yerdagi barcha narsalarni sizlarga bo‘yin sundirib qo‘yganini va sizlarga barcha zohiriy va botiniy (moddiy va ma'naviy) ne'matlarini komil berganini ko‘rmadingizmi?!” (Luqmon surasi 20-oyat).

Sa'diy She'roziy rahimahulloh o‘zlarining “Guliston” asarida ushbu ma'noni quyidagicha izohlaganlar:

اَبْرُ و بَادُ و مَهُ و خُورْشِیْدُ و فَلَکْ دَرْکَارَنْدْ

تَا تُو نَانِی بَه کَفْ آرِی وَبَه غَفْلَتْ نَخُورِی

هَمَه اَزْ بَحْرِ تُو سَرْگَشْتَه وَفَرْمَانْ بَرْدَارْ

شَرْطِ اِنْصَافْ نَبَاشَدْ کِه تُو فَرْمَانْ نَبَرِی

Siz bir burda nonni topib, g‘aflatda emasligingiz uchun bulut, shamol, oy, osmonu falaklar xizmatdadur;
Barcha Alloh yaratgan narsalar siz uchun xizmatda va Allohning buyorug‘iga itoatda. Shunday ekan, Sizni itoatda bo‘lmasligingiz insofdan bo‘lmaydi.

Alloh taolo O‘z irodasi va qudrati ila insonni aqlli qilib yaratdi. Shuning uchun ham dinimiz aql rivoji va taraqqiyotiga katta ahamiyat beradi. Zero, Qur'oni karimning juda ko‘p o‘rinlarida  insonlar aql yuritishga, fikrlashga, nazar solish va ibrat olishga undaladi. Aql yuritmaydigan kishilar esa, qattiq tanqid ostiga olinadi:

 إِنَّ شَرَّ الدَّوَآبِّ عِنْدَ اللَّهِ الصُّمُّ الْبُكْمُ الَّذِينَ لاَ يَعْقِلُونَ

ya'ni: “Allohning nazdida jonzotlarning eng yomoni bu aqlni ishlatmaydigan “kar” va “soqov”lardir”, – deyilgan (Anfol surasi 22-oyat). 

Farishtalarni Alloh taolo faqat toat-ibodat va ba'zi maxsus vazifalarni ado etish uchungina yaratgan. Shuning uchun ularda aql boru, lekin nafsu havo yo‘q. Hayvonotda esa nafsu shahvat boru, lekin aql yo‘q. Ammo odamzodda aql ham bor, nafsu shahvat ham bor. Aql uni to‘g‘ri yo‘lga, savobli ishlarga boshlasa, farishtalardan ham oliy maqomda bo‘ladi. Agar inson aqlini ishlatmasa, Robbisining ko‘rsatmasi asosida hayot kechirmasa, hayvondan ham tuban bo‘lib ketadi. Buni hozirgi zamonimizda ayrim yurtlarning g‘ayri insoniy munosabatlarni ham ma'qullashidan guvohi bo‘lib turibmiz.

Muhtaram jamoat! Islom diniga ko‘ra barcha insonlar barobar, bir-birlariga birodardirlar. Ulardan biri boshqasidan hech narsada – na boylikda, na mansabda, na chiroyi, na xushbichim gavdasi bilan, na jamiyatda tutgan o‘rni bilan ustun bo‘la oladi. Alloh nazdida insonlarning eng ulug‘i faqat Uning o‘zidan qo‘rqadigan taqvodorlaridir. Alloh taolo bu haqda shunday deydi:

 يَا أَيُّهَا النَّاسُ إِنَّا خَلَقْنَاكُمْ مِنْ ذَكَرٍ وَأُنْثَى وَجَعَلْنَاكُمْ شُعُوبًا وَقَبَائِلَ لِتَعَارَفُوا إِنَّ أَكْرَمَكُمْ عِنْدَ اللَّهِ أَتْقَاكُمْ إِنَّ اللَّهَ عَلِيمٌ خَبِيرٌ 

ya'ni: Ey, insonlar! Darhaqiqat, Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishingiz uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila (elat)lar qilib qo‘ydik. Albatta, Alloh nazdida (eng azizu) mukarramrog‘ingiz taqvodorrog‘ingizdir. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor zotdir (Hujurot surasi 13-oyat).

Shuning uchun ham dinimizda odamlarni irqiy mansubligi va tanasining rangi bo‘yicha bir-biridan afzal ko‘rishni taqiqlaydi. Mashhur sahobalardan biri Abu Zarr Al-G‘iforiy raziyallohu anhu bir qora tanli qullaridan achchiqlanib, onasi ham qora ekani bilan ayblaganlarida Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bundan qattiq g‘azablanganlar va shunday deganlar:

 يا أبَا ذَرٍّ أعَيَّرْتَهُ بأُمِّهِ؟! إنَّكَ امْرُؤٌ فِيكَ جَاهِلِيَّةٌ ،  إخْوَانُكُمْ خَوَلُكُمْ، جَعَلَهُمُ اللَّهُ تَحْتَ أيْدِيكُمْ، فمَن كانَ أخُوهُ تَحْتَ يَدِهِ، فَلْيُطْعِمْهُ ممَّا يَأْكُلُ، ولْيُلْبِسْهُ ممَّا يَلْبَسُ، ولَا تُكَلِّفُوهُمْ ما يَغْلِبُهُمْ، فإنْ كَلَّفْتُمُوهُمْ فأعِينُوهُمْ 

ya'ni: “Ey Abu Zarr! Sen uni onasi bilan aybladingmi?! Senda johiliyat odati bor ekan! Qullaringiz birodarlaringizdir. Alloh ularni qo‘l ostilaringizda qilib qo‘ydi. Kimning birodari qo‘l ostida ekan, o‘zi yegan taomdan uni ham yedirsin, kiygan kiyimidin kiydirsin. Ularga og‘ir keladigan ishlarni buyurmanglar. Agar og‘ir ishga buyursangizlar, ularga yordam beringlar”, dedilar”, – dedilar (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Dunyo tarixida Islomdan boshqa hech bir din va ta'limot xizmatkorini xojasiga birodar deb atamagan. Ushbu hadisi sharifdan kishi qo‘l ostidagi xodim, ishchilariga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishi kerakligi haqida aniq ko‘rsatmalar berilgan.

Muhtaram azizlar! Ma'lumki, tarixda qullar va cho‘rilar bo‘lgan. Islom qullikka qarshi kurashib, uning oldini olib kelgan umuminsoniy din hisoblanadi. Dinimiz quldorlikni yo‘qotish maqsadida juda katta va ulug‘ ishlarni joriy qilgan. Jumladan, hadislarda sadaqaning eng afzali qul ozod qilish ekani ta'kidlangan.

Quldorlik hozirda qolmagan. Lekin afsuski, hozirgi kunda odam savdosi bilan shug‘ullanib, hur-ozod insonlarni qul qilib sotish yoki ayrim onalikka noloyiq ayollar o‘zlarining murg‘ak farzandlarini sotish holatlari uchrab turibdi. Vaholanki, dinimiz insonni sotishdan, uni xo‘rlashdan, qul qilishdan qat'iy qaytaradi. Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasullulloh sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

 قَالَ اَللَّهُ عز وجل: ثَلَاثَةٌ أَنَا خَصْمُهُمْ يَوْمَ اَلْقِيَامَةِ: رَجُلٌ أَعْطَى بِي ثُمَّ غَدَرَ, وَرَجُلٌ بَاعَ حُرًّا فَأَكَلَ ثَمَنَهُ وَرَجُلٌ اِسْتَأْجَرَ أَجِيرًا  فَاسْتَوْفَى مِنْهُ وَلَمْ يُعْطِهِ أَجْرَهُ 

 (رَوَاهُ الإمَامُ مُسْلِمٌ)

ya'ni: “Alloh taolo aytdi: “Men Qiyomat kunida uch toifa kishiga dushmanman: (Birinchisi:) mening nomim bilan qasam ichib, so‘ng xiyonat qilgan kishi; (Ikkinchisi) hur odamni sotib, pulini yegan kishi; (Uchinchisi:) bir insonni ishlatib, haqini bermagan kishidir” (Imom Muslim rivoyatlari).

Ochiqko‘ngil yurtdoshlarimizga, katta hayot ostonasida turgan yoshlarga qarata aytamizki: “Qadringizni biling, ilm va hunar o‘rganing!”. Haqiqatni bilgan, qalbi uyg‘oq kishi nafsini jilovlay oladi. Rizq Allohdan ekaniga  imon keltirib, yomonlarning va'dasiga aldanmaydi.

Muhtaram azizlar! Dinimizda insonning joni, e'tiqodi, aqli, moli va obro‘sini saqlash muhim o‘rin tutadi. Payg‘ambarimiz alayhissalom bu haqda shunday deydilar:

 أَيُّهَا النَّاسُ، إِنَّ دِمَاءَكُمْ وَأَمْوَالَكُمْ وَأَعْرَاضَكُمْ عَلَيْكُمْ حَرَامٌ 

ya'ni: “Ey, odamlar! Qoningiz, molingiz va obro‘-e'tiboringiz bir-biringizga haromdir!”.

Payg‘ambarimiz alayhissalomning yuqoridagi muborak nasihatlaridan xabari yo‘q ba'zi yoshlar ijtimoiy tarmoqlar orqali to‘g‘ri kelgan kimsani g‘iybat va bo‘hton qilib, qanchadan-qancha musulmonlarning obro‘sini to‘kib, go‘yo ijtimoiy tarmoqlar orqali g‘iybat va bo‘hton qilishga ruxsat bordek, harom ish qilmoqdalar. Vaholanki, g‘iybat ijtimoiy tarmoqda bo‘ladimi yoki undan boshqa joyda bo‘ladimi, farqi yo‘q – haromdir.

Xulosa qilib aytganda, Alloh taolo insoniyatni qanchalar azizu mukarram qilib yaratgan bo‘lsa, odamizot shu qadr qimmatini saqlashi, Robbisi uni nima uchun yaratganini mulohaza qilib, Unga ibodat qilishi hamda yer yuzini obod qilishi lozim. Buning uchun esa, Alloh taoloni tanishi, U Zot buyurganidek hayot kechirishi, o‘zi uchun kerakli bo‘lgan foydali ilmlarni egallashi kerak. Hasan Basriy rahmatullohi alayh: “Ey, Rabbimiz, bizga bu dunyoda ham yaxshilik ato etgin, oxiratda ham yaxshilik (ato etgin) va bizni do‘zax azobidan asragin” (Baqara surasi, 201-oyat) degan oyati karimani: “Dunyodagi yaxshilikdan murod ilm va ibodat, oxiratdagi yaxshilik esa jannatdir”, deb tafsir qilganlar. 

Muhtaram azizlar! Vatan sarhadlari daxlsizligini ta'minlash, yurt sha'ni va or-nomusini ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash shu zaminda yashayotgan har bir imonli, e'tiqodli va ixlosli farzandning muqaddas burchidir. Shuni alohida ta'kidlash joizki, tinchlikni saqlash, mustaqilligimizni yanada mustahkamlash, yurtimiz barqarorligi va xavfsizligini ta'minlashda milliy armiyamizning alohida o‘rni bor.

Dinimizda Vatanni himoya qilish ishiga o‘zini baxshida etish eng ulug‘ savobli amallardan ekanligi aytilgan. Bu to‘g‘rida Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan shunday hadisi sharif rivoyat qilingan:

﴿عَيْنَانِ لَا تَمَسُّهُمَا النَّارُ: عَيْنٌ بَكَتْ مِنْ خَشْيَةِ اللهِ وَعَيْنٌ بَاتَتْ تَحْرُسُ فِي سَبِيلِ اللهِ

(رواه الإمام الترمذي)

ya'ni: “Ikki ko‘z egasini do‘zax otashi kuydirmas: biri  – Allohning azobidan qo‘rqib yig‘lagan ko‘z, ikkinchisi – Alloh yo‘lida qo‘riqchilik qilib bedor bo‘lgan ko‘z” (Imom Termiziy rivoyatlari).

Bugun yurtimizda “Vatan himoyachilari kuni” sifatida nishonlanadi. Darhaqiqat, Vatan – muqaddas makon. Uni himoya qilish, dushmanlardan asrash, uning ravnaqi va farovonligi yo‘lida xizmat qilish – har bir inson uchun ham farz, ham qarzdir. Kindik qoni to‘kilgan Vatanni, shu mustaqil yurtni ko‘z qorachig‘iday asrab-avaylash inson uchun go‘yo o‘z oilasini, sha'nini, or-nomusini, imon-e'tiqodini himoya qilish kabidir.

Muhtaram azizlar! So‘zimiz so‘ngida yana bir bor bugungi kunda dolzarb bo‘lgan sog‘liq-salomatlik mavzusiga biroz to‘xtalmoqchimiz.

Sog‘liqni saqlash sohasi mutaxassislari kuzatishlar va izlanishlardan keyin koronavirus – COVID-19 kasalligidan saqlanishning eng samarali vositasi vaksina olish ekani to‘g‘risida xulosaga keldilar.

Dinimiz ko‘rsatmalarida inson o‘z sog‘lig‘i hamda jamiyat salomatligini asrashi lozimligi ta'kidlanadi. Shariatimizda insonlarga zarar yetadigan holatlarda shariatimiz zararni daf qilish sabablarini qo‘llashga buyuradi. Shunday ekan vaksina olish zarurati bir necha jihatlar bilan ta'kidlanadi.

Birinchidan, Alloh taolo har bir dardning shifosini ham bergan. Bu haqda Payg‘ambarimiz alayhissalom shunday deganlar:

 مَا أنْزَلَ اللهُ دَاءً إلَّا أَنْزَلَ لَهُ شِفَاءً 

 (أَخْرَجَهُ الإِمَامُ البُخَارِيُّ)

ya'ni: “Alloh taolo har bir kasallikka shifosini tushirgandir” (Imom Buxoriy rivoyati).

Ikkinchidan, ba'zi kishilar kasal emasligini ro‘kach qilib, vaksina olishga beparvo bo‘ladilar, vaholanki shariatimizda bemorlikdan avval undan saqlanishga buyurilgan. Bu haqda ulamolarimiz shunday deganlar:

الوِقَايَةُ خَيْرٌ مِنَ العِلاَجِ

ya'ni: “Kasallikdan saqlanish uni davolashdan yaxshiroqdir” (“Al-Fiqhul islomiy va adillatuhu” kitobi).

Demak, bemor bo‘lmagan kimsalar ham kasallik tegishining oldini olishi va shunga sabab bo‘ladigan muolajalarni qilishi dinimiz talabidir.

Qolaversa, hozirgi kunda Haj va Umra ziyorati safarini rejalashtirayotgan kishilardan ham birinchi navbatda vaksina bilan emlangan bo‘lishi talab qilinmoqda. Qolaversa, dunyoning har qanday davlatiga bormoqchi bo‘lgan kishidan vaksina bilan emlanganlik so‘ralmoqda.

Xulosa shuki, hozirgi kunda davlatimiz tomonidan fuqarolarimizga yetkazib berilayotgan vaksinalarni olishimizga dinimiz ruxsat beradi. Emlanish shar'an joiz, chunki bu davolanishning bir ko‘rinishidir.

Alloh taolo yurtimizni turli yomon ko‘zlardan asrasin! Hammamizni oqibatimizni xayrli qilsin, xalqimiz farovonligini bundan ham ziyoda aylasin! Omin!

 

“Islom dinida inson qadri” nomli mav'izani yuklab olish (PDF formatda)


Kiritilgan vaqti: 13/01/2022 11:55;   Ko‘rilganligi: 1770
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/islam/juma/14012022-y-islom-dinida-inson-qadri
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 19:11
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing