O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Juma mav'izalari

12.02.2021 y. Mazhablar – Qur'on va sunnat mahsulidir

 
 

بسم الله الرحمن الرحيم

اَلْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي عَلَّمَ الْإِنْسَانَ مَا لَمْ يَعْلَم، وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى رَسُولِهِ الأَكْرَم وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أَجْمَعِيْنَ اَمَّا بَعْدُ

Muhtaram azizlar! Bugungi ma'ruza mavzusi hozirda dolzarb bo‘lgan, ayrim toifalar yanglish iddaolari tuyfayli musulmonlar orasida ixtiloflarga sabab bo‘layotgan mazhablar haqida bo‘ladi.

Ma'lumki, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam hayotlik paytlarida shariatga bog‘liq barcha masalalarning yechimini U Zotning o‘zlari bayon qilar edilar. Payg‘ambarimiz alayhissalomning vafotlaridan keyin odamlar bilmagan narsalarini asosan sahobalardan so‘rar edilar. Gohida uchrab turadigan qiyin masalalarni yechish uchun esa eng bilimdon sahobalar yig‘ilib maslahat qilishar va fatvo berishardi. Keyinchalik sahobalar yashash uchun turli yurtlarga ko‘chib ketdilar. Odamlar o‘zlari suhbatiga yetishgan olim sahobalarning fatvolariga amal qilishardi.

O‘sha davrning markaziy shaharlari – Madinada Abdulloh ibn Umar, Kufa shahrida Abdulloh ibn Mas'ud, Makkada Abdulloh ibn Abbos, Misrda Abdulloh ibn Amr ibn Os raziyallohu anhumning fatvolariga amal qilinardi. Aynan mana shu davrlarda sahobalar mazhabi shakllanganini ko‘rish mumkin.

Shundan keyin bu zotlarning shogirdlari ularning ishlarini davom ettirishdi. Fatvolarning asosiy qismida o‘z imomlariga ergashdilar va ularning mazhablarini qo‘llab quvvatladilar. Zamonlar o‘tishi bilan yigirmaga yaqin mazhablar ichidan faqat buyuk to‘rttasi qoldi. Qolganlarining ba'zi fatvolari turli kitoblarda uchrab turadi xolos.

Shu o‘rinda aytib o‘tish lozimki, hozirda ko‘p takrorlanayotgan “Dinda mazhablarga ergashish yo‘q!”, “Sahobalar davrida mazhablar bo‘lmagan” kabi puch da'volarga mutlaqo ilmiy asos mavjud emas. Sahobalar davrida ham mujtahid sahobalar mazhabi bor edi. Sahobalar mazhabi asosida hozirga qadar yetib kelgan to‘rtta fiqhiy mazhablar saqlanib qoldi.

Mazhabga ergashish – Qur'on va sunnatni qo‘yib shaxsga ergashish emas, balki aynan Qur'on va sunnatga ergashish sanaladi. Chunki Alloh taolo O‘zining Kalomida shunday marhamat qilgan:

 فَاسْأَلُوا أَهْلَ الذِّكْرِ إِن كُنتُمْ لَا تَعْلَمُونَ

 (سورة النحل/آية:43)

“Agar bilmasangiz, zikr ahlidan so‘rang” (“Nahl” surasi 43-oyat).

Boshqa bir oyati karimada esa:

 وَلَوْ رَدُّوهُ إِلَى الرَّسُولِ وَإِلَى أُولِي الْأَمْرِ مِنْهُمْ لَعَلِمَهُ الَّذِينَ يَسْتَنْبِطُونَهُ مِنْهُمْ

 (سورة النساء/آية:83)

“Agar uni Payg‘ambarga yoki o‘zlaridan bo‘lgan ish egalariga yetkazsalar, uni bilib olishni istovchilar o‘shalardan (so‘rab) bilaverar edilar” (Niso surasi 83-oyat).

Imom Tabariy va yana bir qancha mufassirlar mazkur oyatdagi “ish egalari” jumlasini “ahli ilmlar” deb tafsir qilganlar.

Ushbu oyati karimada Alloh taolo bandalariga o‘zlari bilmagan masalalarning javobini zikr ahli hisoblangan ulamolardan so‘rashga buyurmoqda. Musulmonlar ushbu ilohiy farmonga bo‘yinsunib, Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam zamonlaridan beri muayyan bir mazhabga taqlid qilib kelishmoqda. Aslida bu Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning bashoratlarining voqe'likdagi ko‘rinishi edi. Chunki hadisi sharifda U Zot:

يَحْمِلُ هَذَا الْعِلْمَ مِنْ كُلِّ خَلَفٍ عُدُولُهُ، يَنْفُونَ عَنْهُ تَحْرِيفَ الْغَالِينَ، وَانْتِحَالَ الْمُبْطِلِينَ، وَتَأْوِيلَ الْجَاهِلِينَ

(رواه الإمام البيهقي)

ya'ni: “Bu ilmni har bir avlodlardan ishonchli kishilar tashiydilar. Ular ilmni johillarning botil talqinlari, yo‘ldan ozganlarning da'volari va g‘uluvga ketganlarning xatolaridan saqlaydilar”,  deganlar (Imom Bayxaqiy «Madxal»da rivoyat qilgan).

Fiqhiy mazhablar hozirga qadar musulmonlar birdamligini saqlashda asosiy omil bo‘lib kelmoqda. Muhaddis olimlardan biri Abdulhaq Dehlaviy rahimahulloh to‘rt mujtahid imomlar yo‘li haqida shunday deganlar: “Islom dinining to‘rtta yo‘li – mazhabi bor. Kim shu yo‘llardan boshqasini tutsa, batahqiq adashibdi” (“Sharhu safarus-sa'ada” kitobi).

Hozirgi kunga kelib, buyuk mujtahid olimlarni qo‘yib, o‘zlariga ergashishga da'vat qiladigan qo‘shtirnoq ichidagi “mujtahidlar” ko‘p uchramoqda. Ular Qur'oni karim va hadisi shariflarni o‘zlarining nafsu havolari bilan izohlab, salafi solihlarimiz yo‘lidan og‘ishmoqda. Abdulloh ibn Amr ibn Os raziyallohu anhuning rivoyat qilishlaricha, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam aytganlar:

إِنَّ الله لاَ يَقْبِضُ الْعِلْمَ انْتِزَاعًا، يَنْتَزِعُهُ مِنَ الْعِبَادِ وَلكِنْ يَقْبِضُ الْعِلْمَ بِقبْضِ الْعُلَمَاءِ حَتَّى إِذَا لَمْ يُبْقِ عَالِمًا، اتَّخَذَ النَّاسُ رُءُوسًا جُهَّالاً، فَسُئِلُوا، فَأَفْتَوْا بغَيْرِ عِلْمٍ، فَضَلُّوا وَأَضَلُّوا

(رواه الإمام البخاري)

ya'ni: “Alloh taolo bandalaridan ilmni tortib olish bilan ko‘tarmaydi, balki ilmni olimlarni olish bilan ko‘taradi, hattoki bironta olim qolmaydi. Shunda odamlar johillarni yo‘lboshchi qilib oladilar. Ulardan so‘raydilar, ular javob beradilar, o‘zlari ham adashadilar, odamlarni ham adashtiradilar” (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Hozirda bemazhablikka chaqirayotgan kishilar “Alloh taolo mazhabga ergashishga buyurmagan, balki zikr ahlidan so‘rashga buyurgan”, deya odamlarni aldashga urinmoqda! Xo‘sh, mazhabboshlari zikr ahli bo‘lmasa, unda kim ekan?! Axir mujtahid imomlarimizning ilmiga, taqvosiga va ilmiy omonatdorligiga butun ummat tasannolar aytgan bo‘lsa, ularning ilmiga ergashmasdan yana kimga ergashish kerak?!

Boshqa bir hadisi sharifda yangi-yangi toifalar paydo bo‘lib, odamlarni to‘g‘ri yo‘ldan ozdirishi haqida Payg‘ambarimiz alayhissalom ogohlantirganlar:

 يَكُونُ في آخِرِ الزَّمَانِ دَجَّالُونَ كَذَّابُونَ يَأْتُونَكُمْ مِن الأَحَادِيثِ بِمَا لَمْ تَسْمَعُوا أَنْتُمْ وَلاَ آبَاؤُكُمْ فَإِيَّاكُمْ وَإِيَّاهُمْ لاَ يُضِلُّونَكُمْ وَلاَ يَفْتِنُونَكُمْ

 (رواه الإمام مسلم)

ya'ni: “Oxirzamonda «dajjollar», kazzoblar bo‘ladilar, ular sizlar va sizlarning otalaringiz ham eshitmagan hadislarni ko‘tarib keladilar. Sizlar ulardan, ular esa sizlardan uzoq bo‘lsin! Ular sizlarni zalolatga boshlab qo‘ymasinlar, sizlarni fitnaga aralashtirib, aldamasinlar!” (Imom Muslim rivoyatlari).

Muhtaram jamoat! Muayyan mazhabga taqlid qilgan musulmonlar hozirda ham, hozirgi kunga qadar ham ummatning mutlaq ko‘pchiligini tashkil qilgan. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam hadisi shariflaridan birida:

 فَإِذَا رَأَيْتُمُ اخْتِلَافًا فَعَلَيْكُمْ بِالسَّوَادِ الْأَعْظَمِ 

(رواه الإمام ابن ماجة)

ya'ni: “Agar ixtilofni ko‘rsangiz, o‘zingizga ko‘pchilik tomonini lozim tuting”, – deganlar (Imom Ibn Moja rivoyatlari). Demak, mazhabga ergashish katta jamoaga ergashish hisoblanadi.

Shuning uchun ham Islom ulamolari har bir davrda mazhabga ergashish lozimligini uqtirib kelishgan. Imom Al-Mardoviy rahimahulloh shunday deydilar: “Ijtihod qilishga layoqati bo‘lmagan har bir kishiga biror muayyan mazhabga taqlid qilishi lozim bo‘ladi. Bundan faqat ijtihod darajasiga yetgan kishi mustasnodir” (“Rioyatul-kubro” kitobi).

Imom Nafroviy rahimahulloh ham aytadilar: “To‘rt mazhab imomidan biriga ergashish vojibligiga musulmon ummatining ijmosi tuzilgandir. Faqat ijtihod ahllari bundan mustasno” ( “Favokehud-devoniy” kitobi)

Alloma Muhammad Amin Ibn Obidin rahimahulloh: “Muayyan mazhabda fatvo beruvchi kishining o‘z mazhabida aniq ko‘rsatilgan masalada boshqa mazhab yo‘lini tutishi va u bo‘yicha fatvo berishi joiz emas”, – deydilar (“Minhatul-Xoliq” kitobi).

Mingdan ortiq kitob ta'lif qilgan hanafiy mazhabining buyuk olimlaridan biri Ashraf Ali Tahonaviy rahimahulloh aytadilar: “Men yigirma besh yillik ilmiy tajribam asosida shuni bildimki, hozirgi davrda biror mazhabni tutmaslik oxir-oqibat dinsizlikka olib borar ekan” (“Malfuzot” kitobi).

Muhtaram jamoat! Ma'lumki, yurtimizda azaldan to‘liq Hanafiy mazhabi amalda bo‘lib kelgan. Hozirda ham yurtimizdagi deyarli barcha ahli ilmlar, ustozlar va masjid imomlari Hanafiy mazhabida ta'lim olib, shu mazhab asosida faoliyat olib bormoqdalar. Alloma Zafar Ahmad Usmoniy rahmahulloh: “Dinda ergashiladigan mujtahid imomlarning barchalari haq va to‘g‘ri yo‘ldadir. Agar bir yurtda ulardan birining mazhabi keng tarqalgan va o‘sha mazhab ulamolari ko‘p bo‘lsa, omi odamga o‘sha mazhabga ergashishi vojib bo‘ladi. Keng tarqalmagan va ulamolari ko‘p bo‘lmagan mazhabning ahkomlarini bilish, voqif bo‘lish uzrli bo‘lganligi uchun unga ergashmoqligi joiz bo‘lmaydi” (“E'lous sunan” 20-jild, 290-sahifa).

Xulosa qilib aytganda, mazhablarga ergashish  shariat ko‘rsatmasiga ergashishdir! Uni inkor qilish esa shar'iy ko‘rsatmalarga va butun Islom ulamolariga qarshi chiqish hisoblanadi. Zero, Islom tarixida biror mufassir yoki muhaddis yoxud faqihni bemazhab bo‘lgani ma'lum emas. Faqatgina mujtahid bo‘lgan kishilar bundan mustasno xolos. Shar'iy ilmlar borasida musulmonlarning ilmi yetarli bo‘lmagan bugungi davrda, ba'zilar tomonidan mazhablarni inkor  qilish faqat musulmonlarning birdamligiga futur yetkazadi xolos.

Qur'on va sunnatdan har kim o‘zboshimcha hukm chiqarish musulmonlarni kufrda ayblash, ularning qonini to‘kishni halol hisoblash, bog‘iylik, fitna va ixtilof qo‘zg‘ash kabi dinimizda qat'iyan man qilingan xatti-harakatlarga sabab bo‘lmoqda. Shu nuqtai nazardan, marhum Shayx Muhammad Said Ramazon Butiy rahmatullohi alayh: “Mazhabsizlik – islom shariatiga tahdid soladigan eng xatarli bid'atdir”, deganlar.

Muhtaram jamoat! Mav'izamiz so‘ngida hanafiy mazhabimizga doir bir masalani eslab o‘tishni lozim topdik. U ham bo‘lsa, jamoat namozlarida “omin”ni maxfiy aytishlik masalasidir. Bizning hanafiy mazhab ulamolari namozda “omin”ni maxfiy aytish sunnat ekanini ta'kidlaydilar. Bunga quyidagi hadislar ochiq dalolat qiladi. Imom Termiziy Alqama ibn Voildan, u o‘z otasidan rivoyat qilgan hadisda:

أَنَّ النَّبِىَّ صلى الله عليه وسلم قَرَأَ "غَيْرِ الْمَغْضُوبِ عَلَيْهِمْ وَلاَ الضَّالِّينَ" فَقَالَ « آمِينَ » وَخَفَضَ بِهَا صَوْتَهُ 

ya'ni: “Nabiy sollallohu alayhi va sallam (غَيْرِ الْمَغْضُوبِ عَلَيْهِمْ وَلاَ الضَّالِّينَ)ni o‘qidilar-da, past ovozda “omin”, dedilar”, deyilgan.

Bu hadisdan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Fotiha» surasini baland ovoz bilan o‘qib kelib, «omin»ni aytishga kelganda ovozlarini past qilganlarini tushunamiz. Imom Tabaroniy Abu Voildan qilgan rivoyatda: “Umar va Ali raziyallohu anhumolar namozda “Bismillahir rohmanir rohiym”ni ham, “omin”ni ham ovoz chiqarib aytmas edilar”, deyilgan.

Shu va bundan boshqa ko‘plab dalillarga amal qilib, namozda “Omin”ni maxfiy aytishlik ayni muddao bo‘ladi. Qolaversa, namozxonlar o‘rtasida turli tushunmovchiliklarga ham barham berilgan bo‘ladi.

Alloh taolo O‘zining haq dinini aziz qilib, musulmonlarning birdamligini ta'minlasin. Barchalarimizni ummat ichida ixtilof chiqaruvchilardan bo‘lishdan panohida asrasin. Omin!

 

"Mazhablar – Qur'on va sunnat mahsulidir" nomli mav'izani yuklab olish (PDF formatda)


Kiritilgan vaqti: 12/02/2021 08:34;   Ko‘rilganligi: 921
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/islam/juma/12022021-y-mazhablar-quron-va-sunnat-mahsulidir
Chop etilgan vaqti: 20/04/2024 11:47
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing