O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Juma mav'izalari

10.09.2021 y. Yoshlarni ijtimoiy illatlardan saqlaylik!

 
 

بسم الله الرحمن الرحيم

الحمد لله رب العالمين، والصلاة والسلام على خاتم النبيين، وعلى إخوانه الأنبياء والمرسلين، وعلى آله وصحبه أجمعين، أَمَّا بَعْدُ

Muhtaram jamoat! Ma'lumki, jamiyatning rivoji yoshlarimizning aqliy, ilmiy va jismoniy salohiyatiga bog‘liqdir. Ayniqsa aholisining salmoqli hissasini yoshlar tashkil etadigan yurtimizda bu masalaning ahamiyati yanada katta. Albatta, Vatanimizning taraqqiyotiga hissa qo‘sha oladigan yoshlar o‘z-o‘zidan yetishib chiqmaydi. Balki ularning tarbiyasi, ta'limi bilan shug‘ullanish, ularni bilim-ma'rifatga qiziqtiradigan sharoitlar yaratishimiz kerak bo‘ladi. Shu bilan birga ularni oliy maqsadlardan chalg‘ituvchi yomon illatlardan himoya qilish ham shar'iy burchimizdir.

Payg‘ambarimiz alayhissalom hadisi shariflarining birida shunday deganlar: “Yaxshi hamsuhbat bilan yomon hamsuhbatning misoli mushki anbar sotuvchi bilan temirchining bosqoniga o‘xshaydi. Mushki anbar sotuvchi atridan sovg‘a qilishi yoki undan sotib olishingiz, hech bo‘lmasa uning xushbo‘yidan bahra olishingiz mumkin. Ammo temirchining bosqoni esa, yo kiyimingizni kuydiradi, hech bo‘lmasa tutuni dimog‘ingizni achitadi” (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Quyida yoshlarimizni himoya qilishimiz kerak bo‘lgan bir nechta illatlarni sanab o‘tamiz:

1. Vaqtni bekor o‘tkazish. Inson umri – uning eng qimmatli boyligidir. Mana shu boyligini isrof qilgan, undan unumli foydalanmagan kishi ikki dunyoda ham obro‘ topmaydi. Albatta, Alloh taolo insonga eslatma-ibrat olgudek umr beradi, lekin bu umrni bekorga sovurish oxirida qattiq pushaymonlikka sabab bo‘ladi. Bu haqda Qur'oni karimda shunday deyiladi:

وَهُمْ يَصْطَرِخُونَ فِيهَا رَبَّنَا أَخْرِجْنَا نَعْمَلْ صَالِحًا غَيْرَ الَّذِي كُنَّا نَعْمَلُ أَوَلَمْ نُعَمِّرْكُمْ مَا يَتَذَكَّرُ فِيهِ مَنْ تَذَكَّرَ وَجَاءَكُمُ النَّذِيرُ

ya'ni: “Ular u joyda: “Parvardigoro, bizlarni (azobdan) chiqargin – bizlar qilib o‘tgan amallarimizdan boshqacha yaxshi (amallarni) qilaylik!” – deb faryod qilurlar. Axir, Biz sizlarga eslatma oladigan kishi eslatma olgudek uzun umr bermaganmidik?! Sizlarga ogohlantiruvchi (payg‘ambar) ham kelgan edi-ku!...” (Fotir surasi 37-oyat).

Payg‘ambarimiz alayhissalom yoshlik kishining kamolot kasb etadigan, ko‘p yutuqlarga erishadigan vaqti ekaniga ta'kidlab shunday deydilar:

اغتنم خمسا قبل خمس : شبابك قبل هرمك وصحتك قبل سقمك وغناك قبل فقرك وفراغك قبل شغلك وحياتك قبل موتك

  (رواه الامام الترمذي )

 ya'ni: Besh narsani besh narsadan oldin g‘animat biling: keksalikdan oldin yoshlikni, kasallikdan oldin salomatlikni, kambag‘allikdan oldin boylikni, bandlikdan oldin bo‘sh vaqtni, o‘limdan oldin tiriklikni g‘animat biling! (Imom Termiziy va Imom Bayhaqiylar rivoyat qilishgan).

Demak, yoshlarimiz hayotining bahori bo‘lgan davrni turli bekorchi o‘yin-kulgu va gunoh ishlar bilan emas, balki bilim-ma'rifat va kasb egallash, ibodat va savobli ishlar bilan o‘tkazishi kerak. Tarixda nom qoldirgan barcha ulug‘lar yoshligini g‘animat bilgan, o‘sha davrda kerakli bilim va malakani o‘zlashtirgan zotlardir.

2. Qimor va turli aqlni ketkazuvchi narsalarni iste'mol qilish. Barchamizga ma'lumki, giyohvand moddalar va qimor – yoshlarimizning kelajagini barbod qiluvchi narsalardandir. Qanday qilib bo‘lsa ham, ichishga, chekishga va qimorga pul topish payiga tushgan kishi har qanday razillikka qo‘l urishi mumkin. Ko‘pincha bu illatlarning oxiri o‘z joniga yoki o‘zganing joniga qasd qilish bilan yakunlanadi. Mazkur illatlarning barchasi Qur'oni karimning bitta oyatida harom qilingan:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا إِنَّمَا الْخَمْرُ وَالْمَيْسِرُ وَالْأَنْصَابُ وَالْأَزْلَامُ رِجْسٌ مِنْ عَمَلِ الشَّيْطَانِ فَاجْتَنِبُوهُ لَعَلَّكُمْ تُفْلِحُونَ

ya'ni: “Ey, imon keltirganlar! Albatta, may (mast qiluvchi ichimliklar), qimor, but-sanamlar va (fol ochadigan) cho‘plar shaytonning ishidan iborat ifloslikdirki, undan chetlaningiz! Shoyad (shunda) najot topsangiz” (Moida surasi 90-oyat).

Keyingi paytlarda internet (ijtimoiy tarmoqlar)da qimor o‘yinlari sezilarli darajada ko‘paydi. Qimor o‘ynab xonavayron bo‘lgan, chiqib bo‘lmas ko‘chaga kirganlar talaygina. Bu kishilar boshqalarga ibrat bo‘lishi kerakki, Alloh taolo harom qilgan ishlarni qilishning oxiri voydir! Shu o‘rinda ijtimoiy tarmoqlarda zo‘r berib qimorni targ‘ib qilayotgan blogerlarga eslatamizki, ularning reklamasi sabab kim qimorga qo‘shilsa, ularning gunohiga  o‘sha blogerlar ham teng sherik bo‘ladilar.

3. Ma'naviy buzuqliklar. Avvallari sodda ko‘rinishda bo‘lgan ma'naviy buzuqliklar bugungi kunda zamonaviylashib, ijtimoiy tarmoqda keng tarqalib ketdi. Yosh avlodni fahsh domiga osongina tortadigan turli sayt va kanallar mavjud. Yoshligidan bunday virtual zinoga mubtalo bo‘lgan yoshlarning ongidan bu razolatning chiqib ketishi juda qiyin bo‘ladi. Zinoning yomonligi shundaki, jamiyatning asosi bo‘lgan oilaga jiddiy va katta putur yetadi. Oila qurib halol pokiza yashashning ahamiyati kamayadi. Nasl-nasab buziladi. Shu sababli dinimizda bu katta gunoh hisoblanadi. Birorta ilohiy dinlarda zino halol bo‘lgan emas. Hatto Payg‘ambarimiz alayhissalom zinoning yomonligini bayon qilib, shunday deganlar:

لايزني الزاني وهو مؤمن

ya'ni: “Zinokor mo‘min holida zino qilmaydi” (Imom Muslim rivoyatlari).

Farzandlarimizni bu balodan qutqarishning yang yaxshi yo‘li, ularni doim nazorat qilib turish, yomon do‘stlarga qo‘shilib qolishdan saqlash, solih insonlar bilan do‘stlashishiga yordamlashish, bo‘sh vaqtlarini turli fan va sport to‘garaklarida o‘tishini ta'minlashdir.

4. Shafqatsizlik, qotillik. Keyingi paytlarda yoshlar o‘rtasida mushtlashuv, pichoqbozlik, bir-birini shafqatsizlik bilan kaltaklash va joniga qasd qilish vaqti-vaqti bilan uchrab turibdi. Bu ishlarni guruh-guruh bo‘lib qilish yanayam yomonroq natijalarga olib kelmoqda. Dinimiz esa, nafaqat inson, balki hayvonlarga ham mehr-shafqat bilan yondashishga buyuradi. Alloh taolo mashriqu mag‘ribdagi barcha mo‘min-musulmonlarni dindosh aka-ukalar deb e'lon qilgan. Agar ular o‘zaro kelishmay qolsalar, ularning o‘rtalarini isloh qilish savobli ish bo‘lib, mo‘minlarni najot topishiga sabab bo‘ladi. Qur'oni karimda bu haqda shunday deyiladi:

 إِنَّمَا الْمُؤْمِنُونَ إِخْوَةٌ فَأَصْلِحُوا بَيْنَ أَخَوَيْكُمْ وَاتَّقُوا اللَّهَ لَعَلَّكُمْ تُرْحَمُونَ

ya'ni: Albatta, mo‘minlar dinda o‘zaro birodardirlar. Bas, sizlar ikki birodaringiz o‘rtasini tuzatib qo‘yingiz va Allohdan qo‘rqingiz, shoyad, rahm qilinsangiz (Hujurot surasi 10-oyat).

Farzandlarimizni mo‘min-musulmonlarga kechirimli, shafqatli, do‘st bo‘lib o‘sishi uchun kerakli tarbiya va e'tiborni berishimiz kerak. Chunki dinimizda Alloh yo‘lida do‘st-birodar bo‘lish savobli ishlardan hisoblanadi.

Qur'oni karimda mo‘min bandani qasddan o‘ldirishning jazosi jahannam ekani bayon qilinadi:

 وَمَنْ يَقْتُلْ مُؤْمِنًا مُتَعَمِّدًا فَجَزَاؤُهُ جَهَنَّمُ خَالِدًا فِيهَا وَغَضِبَ اللَّهُ عَلَيْهِ وَلَعَنَهُ وَأَعَدَّ لَهُ عَذَابًا عَظِيمًا

ya'ni: “Kimda-kim qasddan bir mo‘minni o‘ldirsa, uning jazosi jahannamda abadiy qolishdir. Yana unga Alloh g‘azab qilgay, la'natlagay va unga ulkan azobni tayyorlab qo‘ygay” (Niso surasi 93-oyat).

Demak, ikki musulmonni gij-gijlash, ularni urushtirish emas, balki ularni o‘rtalarini kelishtirish, yarashtirish maqtovga sazovor ishdir.

5. Dinni notayin kishilardan o‘rganish. Keyingi yillarda yoshlarimizni to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘ishiga sabab bo‘lgan omillardan biri ijtimoiy tarmoqlarda berkinib olgan kimsalardan ilm olishlaridir. Din ilmini har kimdan olinmaydi. Uni nasl nasabi ma'lum, ustozi, mazhabi, e'tiqodi ma'lum kishilardan olinadi. Gapirayotgan gapi boshqa maqsadi boshqa odamlar ummatga katta zarar keltiradi. Musulmonlarni firqalarga bo‘lib tashlaydi. Yaqinda qo‘l telefonlariga musulmonlarni fitnaga solayotgan Abu Saloh, Abdulloh Zufar nomli kishilarning maruzalarini telefonda saqlash, tarqatish javobgarlikka sabab bo‘lishi haqida ogohlantirish keldi. Bundan tegishli xulosa chiqarib javobgarlikka sabab bo‘ladigan ishni qilib, o‘zimizni ham, yaqinlarimizni ham tashvishga qo‘ymaylik. Ta'kidlash joizki, ayrim kishilar kelgan xabarga qiziqib nomi zikr qilingan kimsalarning video, audiolarini qidirib ko‘rishmoqda. Bu xato ustiga xatodir. Aslo bunday qilmaslik kerak. Dinni ishonchli, e'tiborli, hamma e'tirof qilgan ustozlardan o‘rganish to‘g‘ri yo‘ldir.

Shuni ham ta'kidlash kerakki, hozirgi kunda ba'zilar farzandlarini o‘qitish uchun chet ellarga olib borib, ularni o‘zga yurtda qarovsiz holda tashlab kelmoqdalar. Natijada, farzandlari ilm olishni o‘rniga befoyda ishlar, kimligi noma'lum do‘stlar bilan qimmatli vaqtini behuda sarflamoqda. Shuningdek, ba'zilar esa, farzandini chet eldagi kimligi aniq bo‘lmagan, e'tiqodi va dinu diyonati noma'lum shaxslarga shogirdlikka topshirib kelmoqdalar. Shuni unutmaslik kerakki, farzand barkamol va el-yurtga xizmat qilishi uchun uning ustozini avvalo to‘g‘ri yo‘lda va e'tiqodda adashmagan bo‘lishi hamda soha mutaxassislari tomonidan e'tirof qilingan shaxs bo‘lishi katta ahamiyat kasb etadi.

Agar ustozning o‘zi tarbiya va nasihatga muhtoj  bo‘lsa, undan ta'lim olgan shogirddan yaxshi natija chiqishi juda qiyin. Sir emaski, hozirgi kunda to‘g‘ri yo‘ldan adashgan ustozlardan ta'lim olgan farzandlar, o‘z ota-onalarini hurmat qilmasdan: “Ota-onam faqat meni dunyoga kelishimga sabab bo‘lgan xolos”, deyayotgan bo‘lsa, ba'zilari ota-onasini imonsizlikda ayblamoqda. Ba'zilari tug‘ilib o‘sgan yurtiga qarshi chiqib, bir qancha muammolarga sabab bo‘lmoqda.

Yoshlarimiz ijtimoiy tarmoqlardan foydalanib bilimlarini oshirishmoqchi bo‘lishsa, rasmiy saytlarga murojaat qilishsin, rasmiy masjidlar va imom-domlalarimizning kanallariga a'zo bo‘lishsin. Zero, ijtimoiy tarmoqlarda g‘arazli maqsadlar bilan faoliyat olib boradigan sayt, kanal va shaxslar juda ko‘p. Ular jamiyatimiz va yoshlarimiz tarbiyasiga katta tahdid bo‘lib, firqalanish, dinda g‘ulu ketish va mazhabsizlik urug‘larini sochmoqdalar.

Aytish joizki, bugungi kunda yoshlar tarbiyasi va kamoloti maqsadida yurtimizda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganiga o‘zingiz guvoh bo‘lmoqdasiz. Yoshlar orasida kitobxonlikni oshirish uchun joylarda yangi kutubxonalar tashkil etilayotgani, musobaqalar o‘tkazilayotgani, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish uchun joylarda to‘garaklar, texnoparklar ochilayotgani, yosh olimlar uchun berilayotgan turli imtiyozlar shular jumlasindandir. Zero, imon-e'tiqodi mustahkam, ilm-ma'rifatli, jismonan sog‘lom yoshlar yurtning buyuk kelajagi garovidir.

Muhtaram jamoat! Yoshlarning odob-axloqi, ta'lim-tarbiyasi, ilm-ma'rifati bilan har bir ota-ona va mas'ullar shug‘ullansa, kelajakda bizning farzandlarimizdan ham Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Alisher Navoiy, Xorazmiy, Ibn Sino, Farg‘oniy kabi buyuk olimu allomalar chiqadi, inshaalloh.

 Payg‘ambarimiz alayhissalom hadisi sharifda shunday marhamat qildilar:

مَا نَحَلَ وَالِدٌ وَلَدًا مِنْ نَحْلٍ أَفْضَلَ مِنْ أَدَبٍ حَسَنٍ

(رواه الإمام الترمذي)

ya'ni: “Ota o‘z bolasiga chiroyli odobdan ko‘ra yaxshiroq narsa bera olmaydi” (Imom Termiziy rivoyatlari).

Alloh taolo yoshlarimizni kamolotga erishishi, ham ma'naviy, ham jismoniy yetuk bo‘lishi, insofli tavfiqli bo‘lishini nasib qilsin. Ota-onalariga doim rahmat keltirishini muyassar aylasin! Omin!   

 

"Yoshlarni ijtimoiy illatlardan saqlaylik!" nomli mav'izani yuklab olish (PDF formatda)


Kiritilgan vaqti: 08/09/2021 09:14;   Ko‘rilganligi: 666
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/islam/juma/10092021-y-yoshlarni-ijtimoiy-illatlardan-saqlaylik
Chop etilgan vaqti: 19/05/2024 05:11
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing