O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Juma mav'izalari

09.08.2019 y. Bemorlarni ziyorat qilish – insoniy burch

 
 

بسم الله الرحمن الرحيم

الْحَمْدُ للهِ الَّذِي جَعَلَ الْمُؤْمِنِينَ بِنِعْمَتِهِ إِخْوَاناً وَعَلَى الخيرِ أَنْصَاراً وَأَعْوَاناً، وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى خَيرِ خَلْقِهِ مُحَمَّدٍ وَعَلَى آلِهِ وَأَصْحَابِهِ أَجْمَعِيْن أَمَّا بَعْدُ

Muhtaram birodarlar! Alloh taolo insoniyatni behisob ne'matlar bilan siylagan. Ular orasida inson uchun eng bebaholaridan ikkitasi – sihat-salomatlik va xotirjamlikdir. Darhaqiqat, bu ikki ne'matdan bahramand bo‘lib turganimiz uchun mehribon Alloh taologa cheksiz hamdu sanolar aytamiz!

Alloh taolo O‘z xohish-irodasi bilan ba'zi bandasiga dard berib, u sababli bandalarining xato-kamchiliklarini o‘chirib, gunohlarini yuvadi. Xalqimizda “Issiq jon, isitmasiz bo‘lmas” degan naql bor. Albatta, bu naql bejiz aytilmagan. Zero, xastalik go‘dakni ham, yoshni ham, keksani ham chetlab o‘tmaydi. Jumladan, Alloh taolo Qur'oni karimda shunday degan:

وَلَنَبْلُوَنَّكُمْ بِشَيْءٍ مِنَ الْخَوْفِ وَالْجُوعِ وَنَقْصٍ مِنَ الْأَمْوَالِ وَالْأَنْفُسِ وَالثَّمَرَاتِ وَبَشِّرِ الصَّابِرِينَ الَّذِينَ إِذَا أَصَابَتْهُمْ مُصِيبَةٌ قَالُوا إِنَّا لِلَّهِ وَإِنَّا إِلَيْهِ رَاجِعُونَ

أُولَئِكَ عَلَيْهِمْ صَلَوَاتٌ مِنْ رَبِّهِمْ وَرَحْمَةٌ وَأُولَئِكَ هُمُ الْمُهْتَدُونَ

(سورة البقرة/الآيات 157-155)

ya'ni: “Sizlarni biroz xavf-xatar, ochlik (azobi) bilan, molu jon va mevalar (hosili)ni kamaytirish yo‘li bilan sinagaymiz. (Shunday holatlarda) sabr qiluvchilarga xushxabar bering (ey Muhammad)!” Ularga musibat yetganda: “Albatta, biz Allohning ixtiyoridamiz va albatta, biz Uning huzuriga qaytuvchilarmiz”, – deydilar. Aynan o‘shalarga Parvardigorlari tomonidan salavot (mag‘firat) va rahmat bordir va aynan ular, hidoyat topuvchilardir (Baqara surasi, 155-157 -oyatlar).

Bemor kishining holidan xabar olib, ko‘ngil so‘rash – musulmonlarning vazifasi bo‘ladi. Bu haqda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

حَقُّ المُسْلِمِ عَلَى المُسْلِمِ خَمْسٌ: رَدُّ السَّلاَمِ وَعِيَادَةُ المَرِيضِ وَاتِّبَاعُ الجَنَائِزِ وَإِجَابَةُ الدَّعْوَةِ وَتَشْمِيتُ العَاطِسِ رَوَاهُ "ِ 

(رواه الامام الْبُخَارِيُّ وَالامام مُسْلِمٌ عن أبي هريرة).

ya'ni: “Musulmonning musulmon ustidagi haqqi beshta: salomga alik olish, bemorni ko‘rgani borish, janozada qatnashish, chaqirilgan joyga borish, aksirgan kishiga (“Yarhamukallohu...”, deb) javob aytish” (Imom Buxoriy,  va Imom Muslim rivoyati).

Ushbu hadisi sharifdan ham ko‘rinib turibdiki, biz mo‘min-musulmonlarning bir-birimizdagi haq-huquqlarimizdan biri – kasal bo‘lgan yaqinlarimiz yoki qavmu qarindoshlarimizdan bemor bo‘lib qolganlarini darhol ko‘rgani borishlik ekan.

Bemorni ziyorat qilish fazilati haqida hazrati Ali raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bunday deganlar:

"مَا مِنْ مُسْلِمٍ يَعُودُ مُسْلِمًا غُدْوَةً إِلا صَلَّى عَلَيْهِ سَبْعُونَ أَلْفَ مَلَكٍ حَتَّى يُمْسِيَ، وَإِنْ عَادَهُ عَشِيَّةً إِلا صَلَّى عَلَيْهِ سَبْعُونَ أَلْفَ مَلَكٍ حَتَّى يُصْبِحَ، وَكَانَ لَهُ خَرِيفٌ فِي الْجَنَّةِ"

(رواه الامام الترمذي عن علي كَرَّمَ اللَّهُ وَجهَهُ).

ya'ni: “Bir musulmon boshqa bir betob musulmonni ertalab borib ko‘rsa, albatta, unga kechqurungacha yetmish ming farishta salavot aytadi. Agar kechqurun kasalni ko‘rsa, unga yetmish ming farishta ertalabgacha salavot aytadi. Yana unga jannatda bir bog‘ yaratiladi” (Imom Termiziy rivoyati). Ushbu hadisi sharifdan ma'lum bo‘ladiki, agar bemor uchun noqulay bo‘lmasa, kechqurunlari ham ularni ko‘rish uchun borish mumkindir.

Aziz musulmonlar! Bemorlarni ziyorat qilish birinchi navbatda yaqin qarindoshlardan boshlanadi. Bu o‘z navbatida dinimizda buyurilgan qarindoshlar orasidagi silai rahmning mustahkamligini ta'minlaydi.

Bemorlarni ziyorat qilish fazilati va ularning qalbiga xursandchilik kirgizuvchi hadislardan biri – quyidagi hadisi qudsiy bo‘lib, unda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam orqali Alloh taolo bunday deydi:

"إِنَّ اللَّهَ عَزَّ وَجَلَّ يَقُولُ يَوْمَ الْقِيَامَةِ: "يَا بْنَ آدَمَ مَرِضْتُ فَلَمْ تَعُدْنِي؟" قَالَ: يَا رَبِّ كَيْفَ أَعُودُكَ وَأَنْتَ رَبُّ الْعَالَمِينَ؟ قَالَ: "أَمَا عَلِمْتَ أَنَّ عَبْدِي فُلانًا مَرِضَ فَلَمْ تَعُدْهُ؟ أَمَا عَلِمْتَ أَنَّكَ لَوْ عُدْتَهُ لَوَجَدْتَنِي عِنْدَهُ؟"

(رواه الامام مسلم عن أبي هريرة رضي الله عنه).       

ya'ni: “Alloh taolo qiyomat kuni bunday deydi: “Ey odam farzandi, (nega)men kasal bo‘lganimda meni ko‘rgani qilmading? Banda esa: “Ey Rabbim, axir Sen olamlar Parvardigorisan, qanday seni ko‘rgani boraman?” Shunda Alloh taolo aytadi: “Sen falonchi bandamning kasal ekanini bilib turib, nima uchun uni ko‘rgani bormading? Bilmaysanmi, agar o‘sha kasalni ziyorat qilish uchun oldiga borganingda, uning huzurida meni toparding?” (Imom Muslim rivoyati).

Afsuski, hozirgi kunda shu narsalarni guvohi bo‘lamizki, ba'zi kishilar keksayib qolgan ota-onalari va yaqin qarindoshlari, mahalladoshlari, kasbdoshlari, do‘stlarini borib ko‘rish uchun vaqt yo‘qligini sabab qilib, ziyorat qilishga, duolarini olishga bormaydilar. Bu bilan ko‘p savoblardan benasib qoladilar. Zero, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bizlarga kasal bo‘lgan birodarlarimizni ziyorat qilib, ularning duolarini olishga undab shunday deganlar:

"عُودُوا الْمَرْضَى، وَمُرُوهُمْ فَلْيَدْعُوا لَكُمْ، فَإِنَّ دَعْوَةَ الْمَرِيضِ مُسْتَجَابَةٌ، وَذَنْبَهُ مَغْفُورٌ"

 (رواه الامام الطبراني والامام البيهقي عن أنس رضي الله عنه).

ya'ni: “Bemorlarni ziyorat qilinglar va ulardan haqqingizga duo qilishlarini so‘ranglar. Chunki kasalning duosi farishtalarni duosi kabi mustajobdir va uning gunohlari kechirilgandir” (Imom Tabaroniy va Imom Bayhaqiy rivoyat qilgan).

Dinimizning go‘zal hikmatlari va Alloh taoloning biz bandalariga mehribonchiligini qarangki, biz agar bir bemor birodarimizni ko‘rish uchun borsak, go‘yoki uning og‘irini yengil va dardiga shifo tilab qaytamiz va asosiy maqsad shu bilan hosil bo‘ladi, deb tushunib qolganmiz. Vaholanki, Rahimli Parvardigorimiz shu savobli ishda ham biz bandalariga ko‘proq ajr-savob topish va duosi mustajob bo‘ladigan insonlarning duosidan bahramand bo‘lish baxtiga muyassar qildi.

Ulug‘ savoblarda doim peshqadam bo‘lgan Abu Bakr Siddiq raziyallohu anhuning fazilatlariga dalolat  qiluvchi quyidagi hadisda ham bemorni ziyorat qilish fazilati haqida bunday deyilgan:

قال رسول الله صلى الله عليه وسلم: "مَنْ أَصْبَحَ مِنْكُمْ الْيَوْمَ صَائِمًا؟" قَالَ أَبُو بَكْرٍ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ: "أَنَا"، قَالَ: "فَمَنْ تَبِعَ مِنْكُمْ الْيَوْمَ جَنَازَةً؟" قَالَ أَبُو بَكْرٍ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ: "أَنَا"، قَالَ: "فَمَنْ أَطْعَمَ مِنْكُمْ الْيَوْمَ مِسْكِينًا؟" قَالَ أَبُو بَكْرٍ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ: "أَنَا"، قَالَ: "فَمَنْ عَادَ مِنْكُمْ الْيَوْمَ مَرِيضًا؟" قَالَ أَبُو بَكْرٍ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ: "أَنَا"، فَقَالَ رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم: "مَا اجْتَمَعْنَ فِي امْرِئٍ إِلاَّ دَخَلَ الْجَنَّةَ"

(رواه الامام مسلم عن أبي هريرة رضي الله عنه).

ya'ni: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Sizlardan kim bugun ro‘za tutti?” – desalar, Abu Bakr Siddiq raziyallohu anhu: “Men”, – dedi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Sizlardan kim bugun biror janozada ishtirok etdi?” – desalar, Abu Bakr Siddiq raziyallohu anhu: “Men”, – dedi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Sizlardan kim bugun biror miskinga taom berdi?” – desalar, Abu Bakr Siddiq raziyallohu anhu: “Men”, – dedi.  Rasululloh sallallohu alayhi vasallam:“Sizlardan kim bugun biror bemorni ko‘rgani bordi?” – desalar, Abu Bakr Siddiq raziyallohu anhu: “Men”, – dedi. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Kimda shu barcha xislatlar (bir kunda)jam bo‘lsa, u jannatga kiradi”, – dedilar” (Imom Muslim rivoyati).

Muhtaram jamoat! Dinimizda har bir xayrli ishning odobi bo‘lgani kabi, ulamolarimiz bemorning ziyorati bobidagi odoblarni quyidagicha sanab berganlar:

  • Xastalangan kishining huzuriga kirganda, ochiq yuz, xush ko‘ngil, shafqat bilan muomala qilinadi, uning yuziga sinchiklab qaralmaydi, ko‘p va qattiq ovozda gapirilmaydi.
  • Kasal ko‘rish chog‘ida bemorga dard – Allohning bir ne'mati ekani, banda unga sabr qilsa, Alloh taolo bilib-bilmasdan qilingan gunohlarni kechirishini aytib, bemorni ko‘ngli ko‘tariladi.
  • Bemorning bosh-ko‘zi, manglayi, oyoq-qo‘lini silab, yaxshi so‘zlar bilan ko‘ngli ko‘tariladi, dard vaqtinchalik ekanini aytib, tasalli beriladi.
  • Kasal kishining ziyoratiga ozroq hadya olib, salom bilan kiriladi va unga yaqin, iloji bo‘lsa, bosh tomonida o‘tirib, ahvoli so‘raladi.
  • Bemorni ziyorat qilish – Alloh taoloni ziyorat qilishga tenglashtirilgan, xasta kishi garchi g‘ayridin kishi bo‘lsa ham, hol so‘rash yaxshidir.
  • Kasal bo‘lgan odamni borib ko‘rishning savobi va fazilati juda ko‘p. Bemorni ziyorat qilish, undan hol-ahvol so‘rash, biror yetishmovchiligi bo‘lsa, ko‘maklashib yuborish – musulmon kishi zimmasidagi zarur vazifalardandir.
  • Uning huzurida past ovozda, tabassum bilan gapiriladi, “Ko‘nglingiz nima tilaydi?” – deb so‘raladi. Agar u xohlagan narsasini aytsa va bu unga zarar qilmasa, xoh o‘zi, xoh yaqinlari orqali topib berishga harakat qilinadi.
  • Bemor yotgan uyda kulish, yig‘lash yaxshi emas, har xil kinoyali, og‘ir botadigan, ko‘ngilga keladigan so‘zlarni aytilmaydi.
  • Agar zarurat bo‘lmasa, kasal ko‘rgani kechasi bormagan ma'qul, chunki dard odatda kechga borib kuchayib, bemorning ahvoli tanglashadi yoki u charchab, oromga shaylangan bo‘ladi.
  • Kasalni toliqtirib qo‘ymaslik uchun uning oldida uzoq o‘tirilmaydi. O‘zining roziligi bo‘lsa, bir oz o‘tirib, ko‘nglini ko‘taruvchi ibratli hikoyalar so‘zlab turiladi. Gapi sovuq, befarosat kishilarni bemorning yoniga yo‘latmagan ma'qul.
  • Xastalikka chalingan kishi ham, o‘z navbatida, kelganlarga dardi haqida gapirib, hikoya qilavermasligi, faqat so‘ralgandagina javob qaytarishi kerak. U dardi kuchayganida, o‘ziga o‘lim tilamay, Allohdan shifo so‘raydi va shukrona aytadi.
  • Bemorning huzuridan turayotganda, uning haqqiga duo qilib, Allohdan shifo so‘raladi. Imkon bo‘lsa bemorni duosi olinadi. Chunki uning duosi ijobatdir. Xayrlashishda “Xudo xohlasa, tezda tuzalib ketasiz”, “Dard ham bir mehmon, hali sog‘ayib ketasiz” kabi so‘zlar bilan tasalli beriladi.

 

ILOVA: QURBONLIK QILISH FAZILATI

Alloh taologa bandani yaqinlashtiruvchi eng savobli ibodatlardan biri – qurbonlikdir. Bu haqda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

"مَا عَمِلَ ابْنُ آدَمَ يَوْمَ النَّحْرِ عَمَلًا أَحَبَّ إلَى اللَّهِ مِنْ هِرَاقَةِ دَمٍ وَإِنَّهُ لَتَأْتِي يَوْمَ الْقِيَامَةِ بِقُرُونِهَا وَأَظْلَافِهَا وَأَشْعَارِهَا وَأَنَّ الدَّمَ لَيَقَعُ مِنَ اللَّهِ عَزَّ وَجَلَّ بِمَكَانٍ قَبْلَ أَنْ يَقَعَ عَلَى الْأَرْضِ فَطِيبُوا بِهَا نَفْسًا"

(رَوَاهُ الإِمَامُ ابْنُ مَاجَهْ وَ الإِمَامُ التِّرْمِذِيُّ عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهَا).

ya'ni: “Odam bolasi qurbonlik kuni qiladigan amallarining ichida qon chiqarishidan ko‘ra Alloh taologa mahbubroq amal yo‘q. Qurbonlikka so‘yilgan jonivor qiyomat kuni o‘z shoxi, tuyog‘i va yunglari bilan keladi. Qurbonlik qoni yerga tushmay turib, Alloh taoloning huzurida qabul bo‘ladi. Shuning uchun dildan chiqarib qurbonlik qilinglar”, – dedilar” (Imom Ibn Moja va Imom Termiziy rivoyati).

Qurbonlik qilish jahannamdan to‘siqligi haqida Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bunday deganlar:

"مَنْ ضَحَّى طَيِّبَةً بِهَا نَفْسُهُ مُحْتَسِباً لِأُضْحِيَّتِهِ كَانَتْ لَهُ حِجَاباً مِنَ النَّارِ"

 (رَوَاهُ الإِمَامُ الطَّبَرَانِيُّ عَنْ الحُسَيْنِ بْنِ عَلِيٍّ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا)

ya'ni: “Kim qurbonlikni chin ko‘ngildan va savob umidida qilsa, u (qurbonlik) uning uchun do‘zaxdan parda bo‘ladi” (Imom Tabaroniy rivoyati).

Qurbonlik qilinayotgan jonliqni birinchi qon tomchisi yerga tushishi bilan egasining gunohlari kechirilishi borasida hadisi sharifda shunday keladi: 

قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ لِفَاطِمَةَ: " يَا فَاطِمَةُ قُومِي إِلَى أُضْحِيَّتِكِ فَاشْهَدِيهَا فَإِنَّ لَكِ بِأَوَّلِ قَطْرَةٍ تَقْطُرُ مِنْ دَمِهَا أَنْ يُغْفَرَ لَكِ مَا سَلَفَ مِنْ ذُنُوبِكِ"، قُلْتُ: يَا رَسُولَ اللَّهِ، هَذَا لَنَا خَاصَّةً أَهْلَ الْبَيْتِ أَمْ لَنَا وَلِلْمُسْلِمِينَ عَامَّةً؟ قَالَ: "بَلْ لَنَا وَلِلْمُسْلِمِينَ عَامَّةً"

(رواه الإمام الحاكم عن ابي سعيد الخدرى رضى الله عنه).

ya'ni: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Fotima raziyallohu anhoga: “Ey Fotima qurbonligingiz oldida turib guvoh bo‘ling. Chunki qurbonlik qonining birinchi qatrasi tomishi bilan o‘tgan gunohlaringiz mag‘firat qilinadi”, – dedilar. Shunda Fotima onamiz: “Ey, Allohning Rasuli, bu faqat bizni oilamiz uchunmi yoki biz va barcha musulmonlar uchunmi?” – dedilar. Shunda U Zot: “Biz va barcha musulmonlar uchun”, – dedilar” (Imom Hokim rivoyati).

Qurbonlik qilishga qodir bo‘la turib, jonliq so‘ymagan kishidan Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam xafa bo‘lib bunday deganlar:

"xafa bo‘libagan kishidan Payg‘ambarimiz  egasini gunohlarikechirilishi borasida hadisi sharifda shunday keladi:

مَنْ وَجَدَ سَعَةً لأَنْ يُضَحِّىَ فَلَمْ يُضَحِّ فَلاَ يَحْضُرْ مُصَلاَّنَا" (رواه الإمام ابن ماجه والإمام أحمد)

ya'ni: “Kimki qurbonlik qilishga imkon topib, qurbonlik qilmasa, namozgohimizga kelmasin” (Imom Ibn Moja va Imom Ahmad rivoyati).

Shunday ekan, imkonimiz bo‘lsa, har birimiz bunday buyuk savobli ishda bir-birimiz bilan musobaqa qilishimiz ayni muddaodir.

 

ILOVA: 2019 yil Qurbon hayiti kuni va namozining vaqti

Muhtaram imom-domla! O‘zbekiston musulmonlari idorasi Oliy hay'ati hijriy 1440 yil zulhijja oyining birinchi kuni 2019 yilning 1 avgustiga to‘g‘ri kelganini inobatga olib, joriy yilda Qurbon hayitining birinchi kuni 2019 yil 11 avgust (zulhijja oyining 10 kuni) yakshanba kuniga to‘g‘ri kelishi haqida qaror qabul qildi.

Shunga ko‘ra, 2019 yil 11 avgust yakshanba kuni Qurbon hayiti namozi Toshkent vaqti bilan 05:45 da (Samarqand viloyatida 06:00 da), boshqa joylarda namoz vaqtidagi tafovutni inobatga olib o‘qiladi.

Alloh taolo Qurbon hayiti namozini barchamizdan qabul aylab, bu kunning sharofati bilan yurtimizga O‘zining fayzu barakotini ato etsin! Omin!

 

"Bemorlarni ziyorat qilish – insoniy burch" nomli mav'izasi yuklab olish (PDF formatda)


Kiritilgan vaqti: 05/08/2019 19:41;   Ko‘rilganligi: 3814
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/islam/juma/09082019-y-bemorlarni-ziyorat-qilish-insoniy-burch
Chop etilgan vaqti: 08/11/2024 13:57
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing