O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Juma mav'izalari

09.07.2021 y. Poraxo‘rlik – taraqqiyot kushandasi

 
 

بسم الله الرحمن الرحيم

اَلْحَمْدُ للهِ وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى رَسُولِهِ سَيِّدِنَا مُحَمَّدٍ، نَبِيِّ الرَّحْمَةِ وَرَسُولِ السَّلاَمِ وَعَلَى آلِهِ وَصَحَابَتِهِ الْكِرَامِ، أَمَّا بَعْدُ

Muhtaram jamoat! Dinimiz musulmonlarni bir qancha ishlarga buyurgan va bir qancha ishlardan qaytargan. Buyurilgan ishlarda banda va jamiyatga katta manfaatlar bo‘lsa, qaytarilgan ishlarda ularga katta zararlar bor. Man qilingan ishlarni qilishning zarari ba'zida faqat ma'lum shaxslarga yetsa, ba'zisining zarari keng ko‘lamli bo‘lib, butun jamiyatga salbiy ta'sir qiladi. Ana shunday illatlardan biri poraxo‘rlikdir.

Poraxo‘rlik – jamiyatda adolat, tenglik, sog‘lom raqobat va halollik ustun bo‘lishiga to‘sqinlik qiladigan illatlardan biridir. Bu illat davlat va jamiyatning rivojiga salbiy ta'sir qilgani sababli deyarli har bir jamiyat unga qarshi kurashadi. Kurashda natijaga erishganlari katta rivojlanishga erishmoqdalar, uni yenga olmagan jamiyatlarda esa buning aksi.

Aksariyati musulmonlar bo‘lgan bizning jamiyatimizda bu masalaning yechimi qanday bo‘ladi!? Aslida, biz dinimiz ko‘rsatmalari, sevimli Payg‘ambarimiz sunnatlariga amal qilsak, poraxo‘rlik, korrupsiya va tanish-bilishchilik kabi illatlarga o‘rin qolmaydi. Dinimiz va imonimiz shuni taqozo qiladi.

Poraning mohiyati va ta'rifi haqida ulamolarimiz shunday deydilar: “Pora – biror shaxs tomonidan, hukm qiluvchi yoki boshqalarga uning foydasiga hukm chiqarishi yoki u istagan narsaga yetkazishi uchun beriladigan narsa”. Boshqa ta'rifda: “Pora – haqni botilga chiqarish yoki botilni haq qilib ko‘rsatish uchun beriladigan narsa”, – deyiladi.

Kimnidir foydasiga nohaq hukm chiqarish yoki o‘zining zimmasida bo‘lgan ish uchun pora olish hech ixtilofsiz harom amal bo‘lib, katta gunohlardan biridir.

Qur'oni karimda bu mavzuda shunday deyiladi:

 سَمَّاعُونَ لِلْكَذِبِ أَكَّالُونَ لِلسُّحْتِ

ya'ni: “(Ular) yolg‘on (to‘qish uchun Siz)ga quloq soladigan va haromni (porani) yeydiganlardir...” (Moida surasi 42-oyat). Mufassir, tobe'in Sa'id ibn Jubayr rahimahulloh: “Oyatdagi “harom”dan murod poradir”, deganlar.  

Alloh taolo mo‘min-musulmonlarni halol kasb qilish, mollarini o‘zaro rozilik bilan olishga chaqiradi. Oyati karimada shunday deyiladi:

وَلَا تَأْكُلُوا أَمْوَالَكُم بَيْنَكُم بِالْبَاطِلِ وَتُدْلُوا بِهَا إِلَى الْحُكَّامِ لِتَأْكُلُوا فَرِيقًا مِّنْ أَمْوَالِ النَّاسِ بِالْإِثْمِ وَأَنتُمْ تَعْلَمُونَ

ya'ni: Mol (va boylik)laringizni o‘rtalaringizda botil (yo‘llar) bilan yemangiz! Shuningdek, bila turib, odamlarning haqlaridan bir qismini gunoh yo‘li bilan yeyish (o‘zlashtirish) maqsadida uni hokimlarga havola etmangiz! (Baqara surasi 188-oyat).

Bu oyatning zamirida o‘g‘rilik, bosqinchilik, aldov, firibgarlik, jumladan, poraxo‘rlik bilan o‘zgalarning mollarini o‘zlashtirish haromligi yotadi.

Yana boshqa oyati karimada shu ma'no takrorlanadi:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا لَا تَأْكُلُوا أَمْوَالَكُم بَيْنَكُم بِالْبَاطِلِ إِلَّا أَن تَكُونَ تِجَارَةً عَن تَرَاضٍ مِّنكُمْ

ya'ni: “Ey, imon keltirganlar! Mol-mulklaringizni o‘rtada nohaq (yo‘llar) bilan yemangiz! O‘zaro rozilik asosidagi tijorat bo‘lsa, u bundan mustasno” (Niso surasi 29-oyat).

Payg‘ambarimiz alayhissalom ham doimo poraxo‘rlikning yomonligidan ogohlantirdilar va undan qaytardilar. Poraxo‘rlik mavzusida mashhur bo‘lgan  hadis Abdulloh ibn Amr raziyallohu anhudan rivoyat qilingan: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam:

لَعْنَةُ اللَّهِ عَلَى الرَّاشِي وَالْمُرْتَشِي

ya'ni: “Allohning la'nati pora beruvchi va pora oluvchiga bo‘lsin!” – dedilar.

Boshqa hadisi sharifda: “Hukmda pora beruvchi va pora oluvchiga Allohning la'nati bo‘lsin”, – deyilgan  (To‘rt sunan sohiblari va Imom Ahmad rivoyat qilishgan).

Yana bir rivoyatda pora oluvchi va beruvchi o‘rtasidagi vositachi ham la'natlangan. Demak, pora talab qilish ham, pora berish ham, ular o‘rtasida vositachilik qilish ham harom amaldir.

Jumhur ulamolarimiz: “O‘zining haqqiga yetisha olmayotgan yoki o‘zidan zulm yo zararni daf qilmoqchi bo‘lgan kishigina pora berishi mumkin, bunday holatda gunoh pora oluvchining bo‘yniga tushadi”, – deydilar.

Yana bir hadisi sharifda Payg‘ambarimiz alayhissalom shunday deydilar:

الراشي والمرتشي في النار

ya'ni: “Pora beruvchi ham, pora oluvchi ham do‘zaxdadir” (Imom Tabaroniy Ibn Umar raziyallohu anhudan rivoyat qilganlar).

Poraxo‘rlikning yana bir ko‘rinishi vazifador, mas'ul shaxslarning aslida, o‘z zimmalaridagi ishlarga ham sovg‘a-hadya olishlaridir. Unday kishilar avvaldan belgilangan, talab qilib oladigan sovg‘alari natijasida bir ishni olishga nomzod bo‘lganlar ichida haqlisi emas, balki, salohiyatsiz bo‘lgani ish ustiga keladi. Keyin u qurgan uylar qulaydi, qurgan ko‘priklari cho‘kadi, ishlar ko‘zlangan natijani bermaydi. Bunday hadyaning pora ekani kunday ravshan. Shuning uchun Payg‘ambarimiz alayhissalom zakot molini yig‘ishga jo‘natgan kishi sovg‘a olganida unga: “Ota-onasini uyida kutib o‘tirganida, unga hadya qilisharmidi?!” – deganlar.        

Ba'zilar porani hadya deb nomlab olishadi. Aslida, poraning hadyadan farqi shuki, hadyani so‘rab olinmaydi. Yana hadya ikki o‘rtada muhabbat hosil qilish uchun qilinadi. Chunki Payg‘ambarimiz alayhissalom aytadilar: “O‘zaro hadyalashinglar, o‘rtalaringizda muhabbat paydo bo‘ladi” (Imom Molik “Muvatto” kitoblarida rivoyat qilganlar). Pora beruvchi va oluvchi o‘rtasida muhabbat paydo bo‘lmaydi, chunki pora beruvchi nimadandir ta'magir bo‘ladi. Mabodo ular o‘rtasidagi ish hal bo‘lmasa, o‘zaro katta dushmanchilik paydo bo‘ladi.

Alloma Ibn Hajar Asqaloniy aytadilar: “Vazifador kishiga haqni o‘zgartirish uchun hadya berilsa, unga egalik qilishi (foydalanishi) joiz emas”.

Aytish joizki, millatimiz xulqida yaxshilikka yaxshilik qaytarish ruhi bor. Mas'ul shaxs undan hech narsa talab qilmay, ta'ma qilmay, o‘z vazifasini bajarib, fuqaroni ishini bitirsa, unga yaxshilik qaytargisi keladi. Hech qanday ta'masiz, ishi bitib, bemalol ketishi mumkin bo‘lib turganda ham, ko‘nglidan chiqarib, hadya bermoqchi bo‘lsa, bunda ikki tomonga ham bir gunoh yo‘q. Pora avvaldan belgilangan, so‘rab olinadigan, haqni nohaq, nohaqni haq qilish uchun beriladigan narsa bo‘ladi.  

Davlat tomonidan odamlarni yengilini oson qilish uchun vazifador qilingan ayrim kishilar odamlardan biror narsa olmasalar ularning ishlarini bitirmaydilar. Bu o‘zlariga yuklangan omonatga xiyonat, o‘zgalarga zulm qilish va odamlarning mollarini harom yo‘l bilan yeyishdir.  

Adolatli hukmdor nomini olgan Umar ibn Abdulaziz u kishiga keltirilgan hadyalarni qabul qilmas edilar. U kishiga: “Payg‘ambarimiz alayhissalom U kishiga hadya berilsa, qabul qilardilarku?!” deyishsa: “Ha, haqiqatan u mollar Payg‘ambarimiz alayhissalomga hadya bo‘lgan, bizga esa bu poradir. Chunki odamlar u zotga payg‘ambarliklari sababli yaqinlashmoqchi bo‘lishgan. Bizga esa boshliq bo‘lganimiz uchun yaqinlashmoqchi bo‘ladilar”, – dedilar.

Yana bir holat borki, bu millatning oyog‘iga bolta uradi, uning ma'naviyati va kelajagiga tahdid soladi, bu – ta'lim sohasidagi poraxo‘rlikdir. Chunki bilimdon o‘qituvchi qolib, salohiyatsiz, bilimsiz kishi yoshlarga ta'lim bersa, yoshlarning kelajagi xavf ostida qoladi. Oliygohga kelganda yana poraxo‘rlik bo‘lib, bilimdon qolib, nodon o‘qishga kirib ketsa, o‘z-o‘zidan ilmiy saviya tushib ketadi. Odamlarda adolatga nisbatan ishonch yo‘qoladi. Chet ellarda o‘qish va o‘sha yerlarda ishlashga qiziqish kuchayadi. Natijada millatning ko‘pgina salohiyatli farzandlari boshqa davlatlar foydasiga ishlaydi. Vataniga qaytib, yana poraxo‘rlikka duch kelishini bilsa, undan ko‘ra chet elda qolishni ma'qul ko‘radi. Shunday qilib eng bilimdon va foydali kishilardan mahrum bo‘lib qolaveramiz.  

Hurmatli jamoa! Bir kishi pora yoki harom bo‘lgan hadyani qabul qilsa, uni egasiga qaytarish vojib bo‘ladi. Ba'zi olimlar esa: “Nohaq o‘zlashtirilgan mollar, ma'lum bo‘lsa, egasiga qaytariladi, ma'lum bo‘lmasa, musulmonlar foydasiga sarflanadi”, – deyishgan.

Shom diyorining qozisi Imom Avzo'iyning yoniga bir nasroniy kishi bir mesh asal bilan keldi va: “Ba'labakkaning voliysi menga zulm qildi, o‘sha kishiga men haqimda yozsangiz”, – dedi. Imom unga: “Xohlasang asalingni o‘zingga qaytaraman va xat yozib beraman. Xohlasang uni qabul qilaman va xat yozmayman”, – dedilar. U: “Mayli, asalni qaytaringda, xat yozib bering”, – dedi. Keyin Imom voliyga undan xirojni kamaytirishni so‘rab xat yozdi. Voliy u zotning so‘zlarini e'tiborga olib, nasroniyning jizyasi (jon solig‘i)dan o‘ttiz dirham arzonlashtirdi.

Bu hikoyadan Imom Avzoiyning asalni olib, voliyga xat yozishni xush ko‘rmaganlari, balki uni pora deb bilganlari aniq bo‘ladi.

Demak, jamiyatdagi har bir shaxs dinimiz man qilgan poraxo‘rlik va shunga o‘xshagan illatlarga qarshi kurashda faol bo‘lishi kerak. Aks holda, bu gunohning zarari hammaga uradi va jamiyatdagi har bir sohadaga zanjir singari bog‘lanib ketadi. Gohida porani mansabdor shaxs so‘rasa, gohida biz o‘zimiz ularga sovg‘a taklif qilamiz, o‘zimiz ularni shunga o‘rgatamiz va loyiq bo‘lmagan o‘ringa yoki narsaga erishmoqchi bo‘lamiz. Qars ikki qo‘ldan chiqadi, shuning uchun hadisi shariflarda poraga aloqador bo‘lgan har ikki tomon azobu uqubatda bir xil bo‘lishi bayon qilingan.


Azizlar! Bugun juma mav'izalarida davom etib kelayotgan fiqhiy suhbatlarimizni davom ettirib, namozni buzuvchi amallarni o‘rganamiz. Namozni quyidagi amallar buzadi:

  • Namoz ichida o‘qiladigan sura va duolarni kitobga qarab o‘qish;
  • Takbiri tahrimada “Allohu akbar” lafzidagi “a” tovushini cho‘zish, ya'ni “Aaallohu akbar”, deyish (bundan tashqari, “Akbar” lafzidagi “a” tovushini cho‘zib “Aaakbar” va “ba” tovushini cho‘zib “Akbaaar” deyish ham namozni buzadi)
  • Tayammum bilan namoz o‘qiyotgan kishining suvga qodir bo‘lishi;
  • Aksa urib “Alhamdulillah” degan kishiga namoz asnosida “Yarhamukalloh” deyish;
  • Dunyoviy tashvish tufayli “uf” tortish yoki “oh-voh” deyish yoki yig‘lash. Ammo oxiratni o‘ylab, jannatdan umidvor bo‘lib, do‘zaxdan qo‘rqib yig‘lasa namozi buzilmaydi;
  • Namozdagi bir ruknni bajarish asnosida bir amalni uch marta qilish (masalan: kiyimni to‘g‘rilash, qashinish va hokazo amallar);
  • Namozda yeb-ichish;
  • Namozda ozmi, ko‘pmi dunyoviy so‘zni so‘zlash. Bu holatda namozxon garchi beixtiyor so‘zlasa ham namozi buziladi;
  • Yanglishib bo‘lsa ham birovga salom berish yoki salomga alik olish;
  • Namozxonning ko‘kragi qibladan boshqa tomonga burilishi;
  • O‘zi eshitadigan darajada kulish namozni buzadi tahoratni buzmaydi. Ammo yonidagi shaxs eshitadigan darajada kulsa, tahorati ham, namozi ham buziladi;
  • Uzrsiz tomog‘ini qirish yoki yo‘talish (masalan: ataylab yo‘talish kabi);
  • Namozda turib, biror xabarga javob berish. Bunda namozxon garchi, Qur'on oyatini o‘qib javob bergan bo‘lsa ham namozi buziladi (masalan: “Falonchi vafot etdi”, deyilsa, namoz o‘qiyotgan kishi: “Inna lillahi va inna ilayhi roji'un”, deb javob bersa);
  • Bomdod namozini o‘qish paytida quyoshning chiqishi;
  • Namozning farzlaridan birini tark qilish;  
  • Namozning ichida odamlardan so‘raladigan narsani Allohdan so‘rab duo qilish (masalan: “ey Alloh, menga ko‘p mol-mulk ber”, yoki “Falonaga meni uylantir”, – deyish kabi). (Manba: “Muxtasarul viqoya” va “Nurul izoh” kitoblari).

Alloh taolo barchalarimizni gunoh amallardan salomat saqlasin! O‘zi rozi bo‘ladigan amallarda bardavom qilib, ikki dunyo saodatiga musharraf aylasin! Omin!

 

"Poraxo‘rlik – taraqqiyot kushandasi" nomli mav'izani yuklab olish (PDF formatda)


Kiritilgan vaqti: 08/07/2021 12:32;   Ko‘rilganligi: 57
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/islam/juma/09072021-y-poraxorlik-taraqqiyot-kushandasi
Chop etilgan vaqti: 23/09/2021 20:25
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing