O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Juma mav'izalari

07.05.2021 y. Kechirimlilik – mo‘minga xos fazilat

 
 

بسم الله الرحمن الرحيم

اَلْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي عَلَّمَ الْإِنْسَانَ مَا لَمْ يَعْلَم، وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى رَسُولِهِ الأَكْرَم وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أَجْمَعِيْنَ اَمَّا بَعْدُ

Hurmatli jamoat! Dinimiz bizni solih amallarga buyurish bilan birga namunali va go‘zal axloqqa ham targ‘ib etadi. Zotan, din uch narsadan iboratdir: to‘g‘ri aqida, solih amal va namunali xulq.  Ana shu maqtalgan axloqlardan biri halimlik va kechirimlilikdir. Bir so‘z bilan aytganda kechirimli bo‘lish, dinimiz ta'limotidir. Quyida bunga dalil o‘laroq Qur'oni karim oyatlari va sunnati nabaviyada kelgan dalillarni  keltirib o‘tamiz:

خُذِ الْعَفْوَ وَأْمُرْ بِالْعُرْفِ وَأَعْرِضْ عَنِ الْجَاهِلِينَ

ya'ni: “Afvni (qabul qilib) oling, yaxshilikka buyuring, johillardan esa yuz o‘giring!” (A'rof surasi 199-oyat).

Mazkur oyati karimada Alloh taolo O‘z nabiysiga kechirimli bo‘lish, insonlarni yaxshilikka buyurish va johil kishilarning gap so‘zlariga e'tibor qilmaslikka buyurmoqda. Mo‘min inson ushbu sifatlar bilan sifatlansa, Alloh taolo O‘z kalomida maqtagan taqvodorlar qatorida bo‘ladi. Zotan, U Zot shunday marhamat qiladi:

 الَّذِينَ يُنْفِقُونَ فِي السَّرَّاءِ وَالضَّرَّاءِ وَالْكَاظِمِينَ الْغَيْظَ وَالْعَافِينَ عَنِ النَّاسِ وَاللَّهُ يُحِبُّ الْمُحْسِنِينَ

ya'ni: “Ular (mazkur taqvodorlar) farovonlik va tanglik kunlarida ham xayr-cadaqa qiladigan, g‘azablarini yutadigan, odamlarni (xato va kamchiliklarini) afv etadiganlardir. Alloh ezgulik qiluvchilarni sevar” (Oli Imron surasi 134-oyat).

Alloh taolo ato qilgan rahmat sababli Payg‘ambarimiz alayhissalom sahobiylarga muloyimlik bilan muomala qilar edilar, sahobiylar ham U Zotning atrofida jipslashgan edilar. Bu haqda Qur'oni karimda shunday deyiladi:

فَبِمَا رَحْمَةٍ مِنَ اللَّهِ لِنْتَ لَهُمْ وَلَوْ كُنْتَ فَظًّا غَلِيظَ الْقَلْبِ لَانْفَضُّوا مِنْ حَوْلِكَ فَاعْفُ عَنْهُمْ وَاسْتَغْفِرْ لَهُمْ وَشَاوِرْهُمْ فِي الْأَمْرِ فَإِذَا عَزَمْتَ فَتَوَكَّلْ عَلَى اللَّهِ إِنَّ اللَّهَ يُحِبُّ الْمُتَوَكِّلِينَ

ya'ni: “Allohning rahmati sababli (Siz, ey, Muhammad,) ularga (sahobalarga) muloyimlik qildingiz. Agar dag‘al va toshbag‘ir bo‘lganingizda, albatta, (ular) atrofingizdan tarqalib ketgan bo‘lur edilar. Bas, ularni afv eting, (gunohlari uchun) kechirim so‘rang va ular bilan kengashib ish qiling! (Biror ishga) azmu qaror qilsangiz, Allohga tavakkul qiling, zero, Alloh tavakkul qiluvchilarni sevar” (Oli Imron surasi 159-oyat).

Ya'ni “Siz, ey, Muhammad, Uhud jangida qilgan itoatsizliklari va harbiy intizomni buzganliklari uchun yoronlaringizni jazolash yoki tanbeh berib, dag‘al muomala bilan xafa qilish o‘rniga Mening Sizga ato etgan rahmatim va shafqatim tufayli ularga yumshoq munosabatda bo‘ldingiz. Aks holda ular Sizdan yuz o‘girib, hatto dindan ham qaytib ketishlari mumkin edi. Mazkur voqeada yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklarini avf eting va gunohlarini kechirishni Mendan so‘rang. Mendan ko‘rsatma berilmagan ishlarda ular bilan bamaslahat ish tuting. Maslahatlashib bir qarorga kelgandan keyin Menga tavakkal qilib o‘sha ishni amalga oshiravering. Zero, Men barcha ishlarini Menga tavakkal qilgan holda qiluvchilarni do‘st tutaman”, deb Haq taolo o‘z payg‘ambari Muhammad alayhissalotu vassalomga xitob qilmoqda.

Qur'oni karimning bir qancha oyati karimalarida bandalarini bir-birlarining xato kamchiliklari va ayb-nuqsonlarini kechirishga buyurilgan. Demak, kishilar o‘zaro bir birlarini kechirishi, afv qilishligi bilan jamiyatda ahillik, birdamlik va bir birini qo‘llab-quvvatlash, buning natijasida mustahkam jamiyat barpo bo‘ladi.

Payg‘ambarimiz alayhissalomning xulqlarida ham kechirimlilik o‘z aksini topgan edi.  Oisha onamizdan Payg‘ambarimiz alayhissalomning xulqlari haqida so‘ralganda shunday javob berganlar:

لَمْ يَكُنْ فَاحِشًا وَلاَ مُتَفَحِّشًا وَلاَ صَخَّابًا فِي الْأَسْوَاقِ، وَلاَ يَجْزِي بِالسَيِّئَةِ اَلسَّيِّئَةَ، وَلَكِنْ يَعْفُو ويَصْفَحُ

(رواه الامام الترمذى والامام احمد)

 ya'ni: Rasululloh sallallohu alayhi vasallam fahsh ishlarni qiluvchi, fahsh so‘zlarni so‘zlovchi va bozorlarda baqir-chaqir qilib yuruvchi inson emasdilar. Yomonlikka yomonlik bilan javob qaytarmas edilar, balki afv etib, kechirib yuborar edilar (Imom Termiziy va Imom Ahmad rivoyatlari).

Payg‘ambarimiz alayhissalom Uhud g‘azotida jarohat oldilar, muborak yuzlari qonadi. Bu haqda Abdulloh ibn Mas'ud raziyallohu anhu shunday deydilar: “Payg‘ambarimiz alayhissalom yuzlaridagi qonni artib, o‘tgan payg‘ambarlardan birini qavmi urib, jarohat yetkazishganini aytib turganlari ko‘z o‘ngimda turibdi. U zot alayhissalom: Ey, Alloh! Qavmimni kechirgin, ular bilishmayapti”, der edilar” (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Bu voqea bizga Payg‘ambarimiz alayhissalomning kechirimlilik va ulug‘ xulqlarini ko‘rsatadi.

Jamiyat mustahkam va barqaror bo‘lishida islomiy odob axloqqa har qachongidanda muhtojroqmiz desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Jumladan, inson zotiga Alloh taolo tomonidan ato etilgan ulug‘ sifat va fazilatlardan biri – kechirimli bo‘lishdir. Alloh taolo insonlarning tashqi ko‘rinishini go‘zal va hushbichim qilib yaratgan. Agar inson siyrati va ichki dunyosini ham chiroyli qilsa, shunda u mukammallik darajasiga yetishi mumkin.

Barcha go‘zal xulqlarni o‘zlarida jam qilgan Zot –  Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam kechirimli bo‘lish fazilati borasida shunday deganlar:

مَنْ كَظَمَ غَيْظًا، وَهُوَ يَسْتَطِيْعُ أَنْ يُنْفِذَهُ، دَعَاهُ اللهُ يَوْمَ الْقِيَامَةِ عَلَى رَءُوسِ الْخَلاَئِقِ، حَتَّى يُخَيِّرَهُ فِي أَيِّ الْحُوْرِ شَاءَ

(رواه الامام الترمذي عن سهل بن معاذ بن أنس الجهني، عن أبيه)

ya'ni: “Kimki qodir bo‘la turib, g‘azabini yutsa, Alloh taolo Qiyomat kuni uni chaqirib, butun xaloyiq oldida hurlardan xohlaganicha olishga ixtiyor beradi” (Imom Termiziy rivoyatlari).

Azizlar! Xabaringiz bor, kuni-kecha Prezidentimizning amaliy sa'y-harakatlari bilan “Mehr-5” operatsiyasi natijasida Suriyadagi urush ketayotgan “qaynoq nuqtalarga” borib qolib, “Al-Hol” lagerida 3 yildan ortiq vaqt davomida ushlab turilgan 24 nafar ayol va 69 nafar bolalar O‘zbekistonga qaytarildi. “Mehr” insonparvarlik operatsiyasining uzviy davomi sifatida muborak Ramazon oyi kunlari amalga oshirilgan ushbu tadbir ulkan ahamiyatga ega bo‘lib, buning o‘ziga xos ramziy ma'nosi bor. Ma'lumki, ushbu oyda yaxshilik, kechirimlilik, o‘zgalarga mehr-oqibat ko‘rsatish, adovatni unutish kabi insoniy fazilatlar yanada ko‘proq namoyon bo‘ladi. Ana shu jihatdan, ushbu tadbir ayni vaqtida va o‘rnida tashkil etilganini alohida ta'kidlash lozim.

Vaqtida Vatan, tinchlik, yaqinlarining qadriga yetmasdan o‘zga yurtlarga yanglish “jihod”, “hijrat” iddaolari bilan chiqib ketgan insonlar ta'bir joiz bo‘lsa, xalqimiz hotirjamligi va ravanaqiga nomaqbul ish qilgan edilar, deb aytsak xato bo‘lmas. Ammo, xalqimizning bag‘rikenglik, pushaymonlarni avf etish hislatlari, Davlat rahbarining kechirimlilik siyosatining ifodasi sifatida ayblariga pushaymon ekanliklari sababli ularning Vatanga qaytish, jamiyatimiz ravnaqi yo‘lida harakat qilishlari uchun yana bir bor imkon berildi.

Aslida, “jihod”, “hijrat” tushunchalari islomda katta ahamiyatga ega. Bu shunchaki har bir kishi o‘zining tushunchasi va xohish-istagi bilan amalga oshirilaveradigan ishlar emas. Uning mazmun-mohiyati, shart-sharoiti, maqsad chuqur o‘rganilib, so‘ng amalga oshiriladi. Bu borada yetarli bilimga ega bo‘lmagan ayrim fuqarolar Suriya, Iroq yerlariga ketib, fitnalarning avj olishi, begunoh insonlarning, mo‘min-musulmonlarning qonlari nohaq to‘kilishiga sabab bo‘lishi albatta, ulkan gunohdir. Buni anglamagan yoshlar Suriyaga chorlab jar solayotgan soxta da'vatchilarning iddaolari yolg‘on ekani, holbuki u yerlarda jihodning farzi ayn bo‘lishi uchun belgilangan shartlarning birortasi unda mavjud emasligini bilmaydilar.

Bugungi kunda qilib qo‘ygan ishlaridan ming pushaymon qilayotgan, urush o‘lkalarida xoru zor bo‘lib, lagerlarda asirlikda qiynalayotgan ayollar va bolalarni kechirgan Prezidentimiz va xalqimiz ularga tom ma'noda insonparvarlik, mo‘minlik va muruvvat qo‘lini cho‘zmoqda.   

Bilib-bilmay xato qilgan va bugun qilmishiga chin ma'noda pushaymon bo‘lib, Vataniga qaytarilganlar, farzandlarini bag‘riga bosib, mamlakatimizda qaror topgan insonparvarlik, adolat uchun shukronaliklarini izhor etishlari zarur.

 Hurmatli jamoa! Ramazon oyining oxirgi o‘n kunligi toq kechalari – Qadr kechasi izlanadigan vaqtdir.

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam Qadr kechasini maqtab bunday deganlar:

لِلَّهِ فِيهِ لَيْلَةٌ خَيْرٌ مِنْ أَلْفِ شَهْرٍ, مَنْ حُرِمَ خَيْرَهَا فَقَدْ حُرِمَ

(رواه الإمام أحمد عن أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه)

ya'ni: “Allohga qasamki, Ramazon oyida ming oydan afzalroq bir kecha bor. Kim undan foydalanib qolmasa, shubhasiz (juda ko‘p narsadan) mahrum bo‘libdi” (Imom Ahmad rivoyatlari).

Demak, Qadr kechasini topib, uni ibodat bilan o‘tkazgan kishi 83 yilu to‘rt oylik ibodatdan afzalroq savob olar ekan. Bu biz ummat uchun naqadar katta baxt. Alloh barchamizga nasib qilsin!

Boshqa bir hadisi sharifda shunday deganlar:

مَنْ قَامَ لَيْلَةَ الْقَدْرِ إِيمَانًا وَاحْتِسَابًا غُفِرَ لَهُ مَا تَقَدَّمَ مِنْ ذَنْبِهِ

(رَوَاهُ الامَامُ البُخَارِيُّ عن أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه)

ya'ni: “Kim Qadr kechasini imon va ixlos bilan bedor o‘tkazsa, uning shu kechagacha qilgan gunohlari mag‘firat qilinur” (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Ba'zi hadisi shariflarda mana shunday muborak kechalarda hammaning duosi qabul bo‘lishi, lekin silai rahmni uzgan, o‘zaro arazlashganlar ijobatdan mahrum bo‘lishi aytilgan. Shu sabab arazlashganlar shu kunlarda yarashib, yana silai rahmni bog‘lashga astoidil harakat qilaylik.

Aziz yurtdoshlar! Mana shu kunlarda ko‘pchilik musulmonlar fitr sadaqasini berishga shoshiladilar. Hadisi shariflarda zikr qilinishicha bu sadaqa ro‘za davomida yo‘l qo‘yilgan xato kamchiliklar to‘ldiruvchi bo‘ladi.

Fitr sadaqasini berish zakotga qodir kishilarga vojib, boshqalarga ixtiyoriy hisoblanadi. Uni Ramazon oyi davomida berish ham joiz, ammo afzali hayit namozga chiqishdan oldin berishdir.

Alloh taolo barchamizga Ramazon hayitini muborak qilsin, mana shunday xursandchilik kunlarimizni ko‘p qilsin! Omin!

 

"Kechirimlilik – mo‘minga xos fazilat" nomli mav'izani yuklab olish (PDF formatda)


Kiritilgan vaqti: 06/05/2021 18:53;   Ko‘rilganligi: 862
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/islam/juma/07052021-y-kechirimlilik-mominga-xos-fazilat
Chop etilgan vaqti: 27/04/2024 01:06
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing