O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Juma mav'izalari

07.02.2020 y. Kechirimlilik – mo‘minga xos

 
 

بسم الله الرحمن الرحيم

الحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي يَقْبَلُ التَّوْبَةَ عَنْ عِبَادِهِ وَيَعْفُو عَنِ السَّيِّئَاتِ وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى رَسُولِهِ الَّذِي يَعْفُو وَيَصْفَحُ وَعَلَى آلِهِ وَأَصْحَابِهِ وَمَنْ تَبِعَهُمْ بِإِحْسَانٍ إِلَى يَوْمِ الدِّيْن أَمَّا بَعْدُ

Muhtaram jamoat! Ma'lumki, insondagi ulug‘ sifat va fazilatlardan biri – bu kechirimli bo‘lishdir. Alloh taolo insonlarning tashqi ko‘rinishini go‘zal qilib yaratgan. Agar inson siyrati va ichki dunyosini ham chiroyli qilsa, shunda u komillik darajasiga yetishi mumkin. Alloh taolo Qur'oni karimning bir qancha oyati karimalarida bandalarini bir-birlarining xato kamchiliklari va ayb-nuqsonlarini kechirishga buyurgan. Jumladan:

وَإِنْ تَعْفُوا وَتَصْفَحُوا وَتَغْفِرُوا فَإِنَّ اللَّهَ غَفُورٌ رَحِيمٌ

ya'ni: “Agar sizlar afv etsangiz, koyimasangiz va kechirsangiz, u holda, albatta, Alloh (ham sizlarga nisbatan) mag‘firatli va rahmlidir” (Tag‘obun surasi 14-oyat).

Demak, kishi birodarini kechirishi bilan Alloh taolo ham uning gunohini kechirar ekan.

Yana bir oyati karimada kechirgan kimsaga ajr berish Alloh taoloning zimmasida ekanligi bayon qilingan:

فَمَنْ عَفَا وَأَصْلَحَ فَأَجْرُهُ عَلَى اللَّهِ إِنَّهُ لَا يُحِبُّ الظَّالِمِينَ

ya'ni: “Bas, kimki afv etib (o‘rtani) tuzatsa, bas, uning mukofoti Allohning zimmasidadir. Albatta, U zolim (tajovuzkor)larni sevmas” (Sho‘ro surasi 40-oyat).

Boshqa oyati karimada Alloh taolo jannatiy bandalarini sifatlarini bayon qilib shunday degan:

وَالْكَاظِمِينَ الْغَيْظَ وَالْعَافِينَ عَنِ النَّاسِ وَاللَّهُ يُحِبُّ الْمُحْسِنِينَ

ya'ni: (Ular) g‘azablarini yutadigan, odamlarni (xato va kamchiliklarini) afv etadiganlardir. Alloh ezgulik qiluvchilarni sevar” (Oli Imron surasi 134-oyat).

Darhaqiqat, turli-tuman xulq-atvorli odamlar orasida yashar ekanmiz, albatta, ulardan bir qancha ozor-aziyatlar ko‘rishimiz mumkin. Agar har bir shunday ko‘ngilsizlik bizga qattiq ta'sir etib, g‘amga botirib qo‘yaversa, shubhasiz, butun hayotimiz azobga aylanadi. Shu bois imkon qadar yon-atrofimizdagilarning xatolari, bilib-bilmay yetkazgan ozorlariga sabr qilib, kechirishga harakat qilishimiz kerak bo‘ladi. Shunda bir-birimizga mehr-muhabbatimiz ziyoda bo‘ladi.

Barcha yaxshi xulq va sifatlarni o‘zlarida mujassam qilgan Zot –  Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam kechirimli bo‘lish fazilatida ham eng go‘zal namuna edilar.

Oisha raziyallohu anho onamizdan Payg‘ambarimizning xulqlari haqida so‘ralganda shunday javob berganlar:

"لَمْ يَكُنْ فَاحِشًا وَلاَ مُتَفَحِّشًا وَلاَ صخَّابًا فِي الْأَسْوَاقِ، وَلاَ يَجْزِي بِالسَّيِّئَةِ اَلسَّيِّئَةَ، وَلَكِنْ يَعْفُو وَيَصْفَحُ"

(رَوَاهُ الإمامُ الترمذي والإمامُ أحمدُ عن عائشةَ رضي الله عنها).

ya'ni: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam fahsh ishlarni qiluvchi, fahsh so‘zlarni so‘zlovchi va bozorlarda baqir-chaqir qilib yuruvchi inson emasdilar. Yomonlikka yomonlik bilan javob qaytarmas edilar, balki afv etib, kechirib yuborar edilar” (Imom Termiziy va Imom Ahmad rivoyatlari).

Islom tarixidan ma'lumki, Payg‘ambarliklarining o‘ninchi yillari o‘tib ham qu­raysh­­liklardan ijobiy natija chiqmagach, Payg‘ambarimiz sal­lal­lo­hu alay­hi va sallam Zayd ibn Horisa raziyallohu anhu hamrohligida Toifga bordilar. U Zot shoyad Toifda din ishlari yurishib ketsa, degan umidda qabila oqsoqollari bilan uchrashib, ularni Islomga chaqirdilar. Ammo ular unashmadi. Aksincha, Payg‘ambarimiz alayhissalomni masxara qildilar. Bu ham yetmaganday, o‘zlari­ning esi past, bebosh bolalarini Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning ortlaridan qichqirishga, so‘kib, tosh otishga yubordi­lar. Toifliklar yo‘lning ikki chetida turib, U Zot o‘ta­yotganlarida ayov­siz toshbo‘ron qilishdi. Payg‘ambarimiz sallallohu alay­hi va sallamning oyoqlari qonadi va g‘amgin bo‘lib, quvvatlari ozligi va zaifliklaridan Allohga iltijo qildilar. Shunda Alloh taolo U Zotning huzurlariga farish­tani yubordi. U kelib, ikki tog‘ni Toif ahli ustiga bostirib, ularni halok qilishga izn so‘radi. Lekin Alloh taolo tomonidan olamlarga rahmat etib yuborilgan Zot mushriklardan eng shiddatli aziyatni Toif xalqidan ko‘rganlariga qaramasdan, bu ishga izn bermadilar va shunday dedilar:

بَلْ أَرْجُو أَنْ يُخْرِجَ اللهُ مِنْ أَصْلاَبِهِمْ مَنْ يَعْبُدُ اللهَ وَحْدَهَ لاَ يُشْرِكُ بِهِ شَيْئًا

(رواه الإمامُ ابنُ خزيمةَ عن عائشةَ رضي الله عنها)

ya'ni: “Ularning sulbidan Allohning yolg‘iz O‘ziga ibodat qiladigan, Unga hech narsani shirk keltirmaydigan kishilar chiqishini umid qilurman” (Imom Ibn Xuzayma rivoyatlari).

Demak, kechirimli bo‘lish va g‘azabini yutishda barchalarimiz  Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan o‘rnak olishimiz kerak bo‘ladi.

Kishi g‘azabini yutib, birodarini kechirsa, unga jannatda huri iynlar va'da qilingan. Bu haqda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

"مَنْ كَظَمَ غَيْظًا وَهُوَ قَادِرٌ عَلَى أَنْ يُنْفِذَهُ، دَعَاهُ اللَّهُ عَزَّ وَجَلَّ عَلَى رُؤوسِ الْخَلَائِقِ يَوْمَ الْقِيَامَةِ حَتَّى يُخَيِّرَهُ اللَّهُ مِنَ الْحُورِ الْعِينِ مَا شَاءَ"

 (رواه الإمامُ الترمذي والإمامُ أبو داود عن معاذِ بنِ أنسٍ الجهنيِّ رضي اللهُ عنه).

ya'ni: “Kimki qodir bo‘la turib, g‘azabini yutsa, Alloh taolo Qiyomat kuni uni chaqirib, butun xaloyiq oldida shahlo ko‘zli hurlardan xohlaganicha olishga ixtiyor beradi” (Imom Termiziy va Imom Abu Dovud rivoyatlari).

Odamlarning xato va kamchiliklarini kechirish – g‘azabni yutishning davomidir. Ya'ni, haqiqiy taqvodor faqatgina g‘azabini yutmaydi, balki ana shu g‘azabini qo‘zg‘agan odamdan o‘ch olishga kuchi yetsa ham, uni kechiradi.

Kechirimli bo‘lish ulkan savob va jannatga kirish uchun sababdir. Bu haqda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

"إِذَا كَانَ يَوْمُ الْقِيَامَةِ نَادَى مُنَادٍ يَقُولُ: أَيْنَ الْعَافُونَ عَنِ النَّاسِ؟ هَلِمُّوا إِلَى رَبِّكُمْ، وَخُذُوا أُجُورَكُمْ، وَحَقٌّ عَلَى كُلِّ امْرِئٍ مُسْلِمٍ إِذَا عَفَا أَنْ يَدْخُلَ الْجَنَّةَ"

 (رواه الإمامُ ابنُ مُرْدَوَيْهْ عَن ابنِ عَباسٍ رضي اللهُ عنهما).

ya'ni: “Qiyomat kuni bo‘lganda bir jarchi nido qiladi: "Odamlarga kechirimli bo‘lganlar qayerda? Parvardigoringizni huzuriga kelinglar va savobingizni olinglar! Qaysi bir musulmon kechirimli bo‘lsa, jannatga kirishlikka haqlidir" (Imom Ibn Murdavayh rivoyatlari).

Dinimizda yomonlikka doimo yaxshilik bilan javob qaytarish fazilatli amallardan sanaladi. Albatta, yomonlikka yaxshilik bilan javob qaytarish faqat sabr toqatli, ikki dunyoda ham ulug‘ nasibaga ega bo‘ladigan kishilarning fe'lidir. Bilib bilmay ayb-nuqson va xato-kamchiliklarni qilgan kishilarga bir imkoniyat berib, ularni kechirishimiz – insoniy va musulmonlik burchimizdir.

Ma'lumki, Uhud jangida Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning old tishlari sinib, yuzlari qonga belandi, bu holat as'hoblariga juda og‘ir botdi. Hatto ayrimlari: “Ularni duoyi bad qilsangiz-chi?” deyishgacha bordi. Shunda U Zot:

إِنَّ اللهَ لَمْ يَبْعَثْنِى طَعَّانًا وَلاَ لَعَّانًا وَلَكِنْ بَعَثَنِى دَاعِيًا وَرَحْمَةً اَللَّهُمَّ اهْدِ قَوْمِى فَإِنَّهُمْ لاَ يَعْلَمُونَ

(رَواه الإمامُ البيهقىُّ عن عبدِ اللهِ بن عبيد بن عُمير).

ya'ni: “Meni Alloh taolo la'natlovchi va ta'na qiluvchi qilib yubormadi, balki yaxshilikka chaqiruvchi va olamlarga rahmat qilib yuborgan. Ey Alloh! Ularni to‘g‘ri yo‘lga boshla, albatta ular bilmaydilar”, – dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).

Afsuski, hozirda kundalik hayotda o‘ta qattiqqo‘l, mutakabbir insonlar uchrab turadi. Ular birovlarni ayb-nuqsonlarini, xato-kamchiliklarini qidirib, ularni yomonlashni, tanbeh berishni yaxshi ko‘radilar. Hech kim kamchilik va xatodan xoli emas. Insonning olijanobligi, izzatu sharafi uning kechirimliligida namoyon bo‘lishi bilan birga, bu uning martabasi yanada ziyoda bo‘lishiga sabab bo‘ladi.

Ushbu o‘rinda yana bir narsaga e'tibor qilish zarur. Har qanday zulm yoki tajovuzkorlik Alloh belgilagan chegaralardan oshmasligi kerak. Aks holda o‘ch olinadi. Bu haqda Oisha raziyallohu anho onamiz shunday deganlar:

"مَا انْتَقَمَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ لِنَفْسِهِ إِلَّا أَنْ تُنْتَهَكَ حُرْمَةُ اللَّهِ فَيَنْتَقِمَ لِلَّهِ بِهَا

(رواه الإمامُ البخاري عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهَا).

ya'ni: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Allohning hadlaridan biror had oyoqosti qilinmaguncha, O‘zlari uchun hech qachon o‘ch olmasdilar. Agar Allohning hadlaridan biror narsa oyoqosti bo‘lsa, insonlarning eng g‘azablisiga aylanar edilar” (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Muqaddas islom dinimiz insonlarni kechirimli bo‘lishga targ‘ib qiladi. Chunki kechirimli bo‘lishda insonlar uchun ko‘p manfaatlar bor. Avvalo, kechirgan inson o‘zini yengil tortib, Allohdan bo‘ladigan ajrga loyiq bo‘lsa, kechirilgan inson esa kechirguvchiga nisbatan bo‘lgan adovati ketib, qalbida unga nisbatan iliqlik va mehr paydo bo‘ladi.

Shu o‘rinda aytish joizki, Yurtboshimiz tashabbuslari bilan oxirgi uch yil ichida bayram va hayitlar arafasida turli xil jinoyatlarni qilib, chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lib, tuzalish yo‘liga o‘tgan minglab shaxslar avf etilmoqdalar. Ular o‘z oilalari bag‘riga qaytib, qalblarida Vatanga muhabbat, kelajakka ishonch tuyg‘ulari paydo bo‘lmoqda. Shu bilan birgalikda avf etilganlarni reabilitatsiya qilish, ularni jamiyatga qo‘shish va ish bilan ta'minlash ishlari ham olib borilmoqda. O‘z navbatida avf etilgan kimsalar ham kechirimni suiste'mol qilmasligi va shunga munosib javob berishi shariatimiz talabidir.

2019 yilda “Mehr-1” va “Mehr-2” insonparvarlik tadbirlari muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Ana shu tadbirlar doirasida Yaqin Sharqdagi qurolli mojarolar maydonidan, Afg‘onistondan 261 nafar fuqaro, asosan ayollar va bolalar yurtimizga qaytarib olib kelindi. Aldov oqibatida o‘zga yurtga borib qolib, og‘ir hayotiy davrni boshidan o‘tkazgan bu insonlarga hukumatimiz tomonidan ularning tinch hayotga qaytib, jamiyatga moslashishlari, ta'lim va ijtimoiy dasturlarda ishtirok etishlari uchun tibbiy, moddiy va ma'naviy yordamlar ko‘rsatildi. Boshpana va ish bilan ta'minlash choralari ko‘rildi.

(Imom-xatiblar mav'izaning mana shu o‘rnida ushbu islohotlarni o‘z so‘zlari bilan, jonli tarzda namozxonlarga tushuntirib  beradilar...).

Joriy yilning 24 yanvar kuni Yurtboshimiz Parlamentga qilgan  murojaatnomalarida kechirish va avf qilish to‘g‘risida quyidagi so‘zlarni aytdilar:

 “Sizlarga ma'lumki, keyingi yillarda yurtimizda olib borilayotgan insonparvar siyosat tufayli to‘g‘ri yo‘ldan adashgan, bilib-bilmay xatoga qo‘l urgan fuqarolarni sog‘lom hayotga qaytarish bo‘yicha muhim ishlar amalga oshirilmoqda. Joriy yilda ham diniy ekstremistik yo‘lga kirib qolganidan chin dildan pushaymon bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy-maishiy muammolarini aniqlash va hal etish, ularni jamiyatga moslashtirish bo‘yicha ishlar davom ettiriladi”.

Alloh taolo barchalarimizni kechirimli, sabrli va xushmuomala bandalaridan aylab, o‘zgalarga nisbatan bag‘rikeng bo‘lishimizni nasib aylasin!


Hurmatli azizlar! Maruzamizning fiqhiy masalalar qismini tahoratda ikki qo‘lni yuvish mavzusiga bog‘liq ba'zi hukmlar haqida suhbatlashamiz.

  • Tahoratda ikki qo‘lni tirsaklari bilan qo‘shib yuvish farz hisoblanadi. Agar ignani uchi miqdoricha joyga suv yetmay qolsa, tahorat durust bo‘lmaydi.
  • Agar tirnoq ostiga suv yetib borishiga to‘sqinlik qiladigan narsalar bo‘lsa, masalan, loy yoki xamir u yerga suv yetkazishga alohida e'tibor berish lozim.
  • Agar qo‘l tirsakgacha bo‘lgan joydan kesilgan bo‘lsa, qo‘lning qolgan qismi yuviladi. Agar tirsakdan kesilgan bo‘lsa, bilak suyagining boshi, ya'ni kesilgan joyning o‘zi yuviladi.
  • Agar qo‘lda ortiqcha barmoq yoki kaft bo‘lsa, ularni ham yuvish farz bo‘ladi.
  • Tirnoqqa bo‘yoq (lak) qo‘yilgan bo‘lsa, uni ko‘chirib tashlamaguncha tahorat va g‘usl mukammal bo‘lmaydi. Qo‘lga xina qo‘yishni tahoratga zarari yo‘q.
  • Agar qo‘ldagi uzuk tor bo‘lsa, uning ostiga suv yetkazish uchun qimirlatish farz bo‘ladi. Agar uzuk keng bo‘lsa, qimirlatib qo‘yish mustahabdir.
  • Tahoratdan keyin soch-soqol yoki tirnoq olinsa, tahorat qayta qilinmaydi.

(“Fatovoi hindiyya” kitobidan).

Alloh taolo O‘zi buyurganidek ibodatlarimizni ado etishga muvaffaq etsin!

 

"Kechirimlilik – mo‘minga xos" nomli mav'izani yuklab olish (PDF formatda)


Kiritilgan vaqti: 06/02/2020 15:47;   Ko‘rilganligi: 1985
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/islam/juma/07022020-y-kechirimlilik-mominga-xos
Chop etilgan vaqti: 28/03/2024 22:22
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing