O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Juma mav'izalari

07.01.2022 y. Oila mustahkamligi – jamiyat farovonligi

 
 

بسم الله الرحمن الرحيم

 اَلْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي خَلَقَ الْإِنْسَانَ عَلَّمَهُ الْبَيَانَ وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى رَسُولِنَا  الَّذِي لاَ يَنْطِقُ عَنِ الْهَوَى إِنْ هُوَ إِلاَّ وَحْيٌ يُوْحَى وَعَلَى آلِهِ وَأَصْحَابِهِ أَجْمَعِينَ أَمَّا بَعْدُ

Hurmatli jamoat! Alloh taolo o‘zining komil hikmati bilan inson zotini juft qilib yaratdi. Ularning o‘rtasiga ulfatchilik va muhabbat solib, oila bo‘lib yashashga rag‘bat paydo qiladi. Insoniyat yaratilgandan beri Alloh taolo ularni halol yo‘l bilan nasl qoldirish, yerda hayotni davom ettirishga targ‘ib qiladi. Hozirgacha o‘tgan barcha ilohiy shariatlarda, jumladan Islom shariatida ham oila qurish uchun nikoh joriy qilinib, zino harom qilingan.

Alloh taoloning bandalariga marhamati cheksiz va U Zotning ne'matlari son-sanoqsizdir. Qur'oni karimda bu haqda shunday deyiladi:

 وَإِنْ تَعُدُّوا نِعْمَةَ اللَّهِ لَا تُحْصُوهَا إِنَّ اللَّهَ لَغَفُورٌ رَحِيمٌ

ya'ni: “Agar Allohning ne'mat(lar)ini sanasangiz, sanog‘iga yeta olmaysiz. Haqiqatan, Alloh kechirimli va rahmlidir” (Nahl surasi 18-oyat).

Oila qurib yashash ham Alloh taoloning ulug‘ ne'matlaridan biridir. Qur'oni karimda Odam alayhissalomning o‘zidan unga juft yaratilgani Alloh taoloning mo‘jizalaridan deb sanaladi:

 وَمِنْ آيَاتِهِ أَنْ خَلَقَ لَكُمْ مِنْ أَنْفُسِكُمْ أَزْوَاجًا لِتَسْكُنُوا إِلَيْهَا وَجَعَلَ بَيْنَكُمْ مَوَدَّةً وَرَحْمَةً إِنَّ فِي ذَلِكَ لَآيَاتٍ لِقَوْمٍ يَتَفَكَّرُونَ

ya'ni: “Uning alomatlaridan (yana biri) – sizlar (nafsni qondirish jihatidan) taskin topishingiz uchun o‘zlaringizdan juftlar yaratgani va o‘rtangizda inoqlik va mehribonlik paydo qilganidir. Albatta, bunda tafakkur qiladigan kishilar uchun alomatlar bordir” (Rum surasi 21-oyat).

Alloh taoloning inoyati bilan, agar munosabatlar to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilsa, er-xotin o‘rtasidagi rishta eng mustahkam aloqa bo‘ladi.

Qur'oni karimda er-xotin o‘rtasidagi go‘zal munosabatni shunday tasvirlanadi:

 هُنَّ لِبَاسٌ لَكُمْ وَأَنْتُمْ لِبَاسٌ لَهُنَّ

ya'ni: Ular sizlar uchun   libos, sizlar  ular uchun libosdirsiz (Baqara surasi 187-oyat).

Boshqa oyati karimada oilasiz erkak va ayollarning valiy (yaqin)lariga ularni uylab qo‘yish buyuriladi:

 وَأَنْكِحُوا الْأَيَامَى مِنْكُمْ وَالصَّالِحِينَ مِنْ عِبَادِكُمْ وَإِمَائِكُمْ إِنْ يَكُونُوا فُقَرَاءَ يُغْنِهِمُ اللَّهُ مِنْ فَضْلِهِ وَاللَّهُ وَاسِعٌ عَلِيمٌ

ya'ni: “Sizlarning orangizdagi tul (erkak va ayol)larni hamda qul va cho‘rilaringizdan yaroqlilarini uylantiringiz! Agar (ular) kambag‘al bo‘lsalar, Alloh ularni o‘z fazli bilan boyitur. Alloh (fazlu karami) keng va dono zotdir” (Nur surasi 32-oyat).

Oila qurib yashash – payg‘ambarlarning sunnatidir. Jumladan Payg‘ambarimiz alayhissalom ham bizni nikohlanib yashashga buyurganlar. Mazhabimizga ko‘ra mo‘tadil holatda nikohlanish – sunnatdir. Zero Payg‘ambarimiz alayhissalom shunday marhamat qiladilar:

 النِّكَاحُ من سُنَّتِي فمَنْ لمْ يَعْمَلْ بِسُنَّتِي فَليسَ مِنِّي ، و تَزَوَّجُوا ؛ فإني مُكَاثِرٌ بِكُمُ الأُمَمَ ، و مَنْ كان ذَا طَوْلٍ فَلْيَنْكِحْ  و مَنْ لمْ يَجِدْ فَعليهِ بِالصِّيامِ، فإنَّ الصَّوْمَ لهُ وِجَاءٌ 

ya'ni: “Nikoh  mening sunnatimdir, kim sunnatimga amal qilmasa, mendan emas. Uylaninglar, men ummatlar oldida sizlarning ko‘pliklaringiz bilan faxrlanaman. Ey yoshlar jamoasi! Sizlardan kim oila boqishga qodir bo‘lsa, uylansin. Kim nafaqaga qodir bo‘lmasa, ro‘za tutishni lozim tutsin. Chunki u shahvatni jilovlashdir” (Imom Ibn Moja Oisha raziyallohu anhodan rivoyat qilganlar).

Payg‘ambarimiz alayhissalom nikohlanish har ikki tomonga ne'mat ekanini bayon qilib aytadilar:

 مَن رَزَقَهُ اللَّهُ امرَأَةً صَالِحَةً فَقَد أَعَانَهُ عَلَى شَطرِ دِينِهِ، فَليَتَّقِ اللَّهَ فِي الشَّطرِ الثَّانِي 

(أخرجه الامام الحاكم عن أنس بن مالك رضي الله عنه)

ya'ni: “Kimga Alloh taolo solih ayol nasib qilgan bo‘lsa, unga dinini yarmida yordam qilibdi, ikkinchi yarmida Alloh taolodan taqvo qilsin!” (Imom Tabaroniy va Imom Hokim rivoyat qilishgan).

Soliha ayol –bolalarining tarbiyasi, erning ibodati va boshqa ishlarda juftiga eng yaxshi ko‘makchidir.

Hanafiy mazhabimizda nikohlanish – ibodat uchun uzlatga chekinishdan afzaldir.

Albatta, oila o‘zaro hurmat va muhabbat ustiga quriladi. Shunda er-xotin yaxshi va yomon kunlarda bir-biriga suyanchiq, hamdard va yordamchi bo‘la oladi. Agar oilalar avvaldan nikoh orqasidan boylikka, obro‘ga ega bo‘lish va hokazo g‘arazli maqsadlar bilan qurilsa, uzoqqa bormasligi aniq.

Katta orzu havaslar bilan nikohlangan yoshlarning o‘rtalariga biroz vaqt o‘tgach, tushunmovchilik ham bo‘lib turadi. Alloh taolo bunday kishilarga tanbeh berib shunday deydi:

 وَعَاشِرُوهُنَّ بِالْمَعْرُوفِ ۚ فَإِن كَرِهْتُمُوهُنَّ فَعَسَىٰ أَن تَكْرَهُوا شَيْئًا وَيَجْعَلَ اللَّهُ فِيهِ خَيْرًا كَثِيرًا

ya'ni: “...Ular bilan totuv turmush kechiringiz. Agar ularni yomon ko‘rsalaringiz, (bilib qo‘yingki,) balkim sizlar yomon ko‘rgan narsada Alloh (sizlar uchun) ko‘pgina yaxshilik paydo qilishi mumkin” (Niso surasi 19-oyat).

Alloh taolo ayollarga chiroyli muomala qilishga buyurmoqda. Fahshga yurmagan, itoatsizlik qilmagan ayolini biror sabab: (xunuklik, yomon xulqlilik) tufayli xush ko‘rmagan erkaklarga oyati karimada sabrli bo‘lish tavsiya qilinmoqda. Shoyadki Alloh bu oila rishtasi orqali ularga yaxshiliklar, xususan solih farzandlar ato etsa. Bu borada Payg‘ambarimiz alahissalom shunday deydilar:

 لا يَفْرَكْ مُؤْمِنٌ مُؤْمِنَةً إنْ كَرِهَ مِنْهَا خُلُقاً رَضِيَ مِنْهَا آخَرَ

(رواه الامام مسلم عن أَبي هريرة رضي الله عنه)

ya'ni: “Mo‘min mo‘minani yomon ko‘rmasin, agar uning bir xulqini xush ko‘rmasa, boshqasidan rozi bo‘ladi” (Imom Muslim rivoyatlari).

Haqiqatan ham mukammal er yoki mukammal xotinni topish amri mahol ish. Chunki hammada ham ozmi-ko‘pmi kamchilik bo‘ladi. Beayb Parvardigor! Er ayolining mana shunday kamchiliklarini uning yaxshiliklari evaziga kechirishi, ba'zilaridan ko‘z yumishi lozimdir.

Shayx Abu Muhammad ibn Abu Zayd ilm va diyonatda yuqori martabali kishi edilar. U zotning yomon xulqli jufti bo‘lib, haq huquqlarga rioya qilmas, shayxga tili bilan aziyat berardi. U zotni bunday xotinga sabri uchun odamlar malomat qilishardi. U kishi: “Haqiqatda, Alloh taolo menga salomatlik, ilm va mulk ne'matlarini komil qilib bergan. Balki u bir gunohim sababli menga nasib qilgandir, undan ajrashsam, yanada kattaroq sinov kelishidan qo‘rqaman”, –deganlar (Tafsiri Tabariy kitobidan).

Oila mustahkam bo‘lishining eng muhim asosi – er-xotin o‘z huquq va majburiyatlariga rioya qilishlaridir. Erning oiladagi vazifalari haqida Payg‘ambarimiz alayhissalomdan so‘ralganda shunday deydilar:

 أن تُطْعِمَها إذا طَعِمْتَ ، وتَكْسُوها إذا اِكتسَيتَ ، ولا تَضْرِبِ الوَجْهَ ، ولاَ تُقَبِّحْ 

(رواه الامام أبو داود عن حكيم بن معاوية رضي الله عنه)

ya'ni: “O‘zingiz taomlansangiz, uni ham taomlantirasiz, kiyinsangiz, kiyintirasiz, yuzga urmang! Haqorat qilmang!” (Imom Abu Dovud rivoyat qilganlar).

Buyuk sahoba Ibn Abbos raziyallohu anhu aytadilar: “Ayolim men uchun bezangani kabi, men ham u uchun ko‘rkam bo‘lishni xush ko‘raman”.

Payg‘ambarimiz alayhissalomdan alayhissalom risoladagi kelin haqida esa shunday deganlar:

 إِذَا صَلَّتْ الْمَرْأَةُ خَمْسَهَا وَصَامَتْ شَهْرَهَا وَحَفِظَتْ فَرْجَهَا وَأَطَاعَتْ زَوْجَهَا قِيلَ لَهَا ادْخُلِي الْجَنَّةَ مِنْ أَيِّ أَبْوَابِ الْجَنَّةِ شِئْتَ

(رواه الامام ابن حبان عن أبي هريرة رضي الله عنه) 

ya'ni: “Agar ayol besh vaqt namozini o‘qisa, Ramazon ro‘zasini tutsa, avratini haromdan saqlasa va eriga itoat qilsa, u ayolga: “Jannatga xohlagan eshigidan kir!”, – deyiladi” (Imom Ibn Hibbon rivoyatlari).

Dinimizda nikohlanish va oilani saqlab qolishga qattiq targ‘ib qilinsada, imkon bo‘lmaganda oxirgi chora sifatida taloq-ajralish joriy qilingan. Ya'ni, zarurat bo‘lganda, hech iloj qolmaganda, ajralish joiz, bir umr zulm ko‘rib yashashga er ham, xotin ham majbur emas.

Bu o‘rinda muhimi shuki, nikoh ham bir og‘iz so‘z bilan bog‘langani kabi, uning uzilishi ham bir og‘iz so‘z bilan bo‘ladi. Afsuski, gohida nikoh-taloq masalalaridan bexabar er-xotinlarning kelishmovchiligi erning o‘rinsiz taloq aytishi bilan tugaydi.

Alloh taolo erkakka uch marta taloq qilish haqqini bergan. Albatta, bu ishda ham chegara bor. Taloqlar soni uchtaga yetmasdan, erkak aqlini yig‘ib olishi kerak. Gohida johil er uchta imkoniyatini birvarakayiga aytib, qayta yarashish imkoniyatini yo‘qqa chiqaradi.

Alloh taolo Qur'oni karimda ayollarga go‘zal muomalada bo‘lishga targ‘ib qilib, ularga zarar berish maqsadida ushlab turishdan qaytaradi. Bu ishni “haddan oshish” va “zulm” deb atadi. Taloq masalasi Alloh taoloning oyatlaridandir. Bu haqda oyati karimada shunday deyilgan:

 وَإِذَا طَلَّقْتُمُ النِّسَاءَ فَبَلَغْنَ أَجَلَهُنَّ فَأَمْسِكُوهُنَّ بِمَعْرُوفٍ أَوْ سَرِّحُوهُنَّ بِمَعْرُوفٍ وَلَا تُمْسِكُوهُنَّ ضِرَارًا لِتَعْتَدُوا وَمَنْ يَفْعَلْ ذَلِكَ فَقَدْ ظَلَمَ نَفْسَهُ وَلَا تَتَّخِذُوا آَيَاتِ اللَّهِ هُزُوًا

ya'ni: “Xotinlarni taloq qilganingizda ( ular idda) muddatiga yetsalar, bas, ularni yaxshilik bilan olib qolingiz yoki yaxshilik bilan javoblarini beringiz. Ularga zulm qilib, zararlantirish niyatida ushlab turmang! Kim shunday qilsa, demak, o‘ziga zulm qilibdi. Allohning oyatlarini hazil bilmangiz!...” (Baqara surasi 231-oyat).

Demak, musulmon er xotinini yaxshilik bilan olib qolishi yoki (ortiq oilani saqlab qolish imkoni bo‘lmasa) yaxshilik bilan javobini berishi kerak. Aks holda Alloh taoloning oyatlarini hazil bilish, yengil sanash ular bilan “o‘ynashish”ning oqibati yomon bo‘ladi. Allohning azobi zolimlarni qattiq tutadi.

Ba'zi kishilar taloq qilish gunoh ekan, Alloh taoloning Arshi titrar ekan deb, xotiniga “taloq” lafzini aytmay, lekin o‘zlari boshqaga uylanib yuraveradilar. Nohaq, hech bir sababsiz taloq qo‘yish dinimizda qoralanadi. Lekin oilani saqlashni imkoni bo‘lmaganda, taloq ham bir chora. Har qanday holatda taloq aytish gunoh, hech qachon taloq aytmaslik kerak, degan gap Qur'oni karimda ham, hadisi shariflarda ham, hatto ulamolarimizning so‘zlarida ham uchramaydi. Aksincha, xotinni arosatda qoldirib, talog‘ini bermasdan yurish gunoh bo‘ladi, zulm hisoblanadi.

Ba'zilar esa xotinidan butunlay ajralmoqchi bo‘lgan kishi “uch taloq” aytishi shart ekan degan mutlaqo noto‘g‘ri fikrda yuradilar. Aslida ajrashmoqchi bo‘lgan kishi xotiniga: “Seni bir taloq qildim” deyishi ham kifoya. Birdaniga “uch taloq” aytish qattiq gunoh hisoblanadi. Chunki bunday qilish bir tomondan Alloh taolo bandaga bergan uchta imkoniyatni birdaniga yo‘q qilish bo‘lsa, boshqa tomondan qayta yarashish imkonini ham yo‘qqa chiqaradi. Bu mavzuda quyidagi hadisi sharif rivoyat qilingan:

قَالَ مَحْمُودُ بْنُ لَبِيدٍ أُخْبِرَ رَسُولُ اللهِ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم عَنْ رَجُلٍ طَلَّقَ امْرَأَتَهُ ثَلاَثَ تَطْلِيقَاتٍ جَمِيعًا فَقَامَ غَضْبَانًا ثُمَّ قَالَ: أَيُلْعَبُ بِكِتَابِ اللهِ وَأَنَا بَيْنَ أَظْهُرِكُمْ حَتَّى قَامَ رَجُلٌ وَقَالَ: يَا رَسُولَ اللهِ أَلاَ أَقْتُلُهُ

(رَوَاهُ الامام النَّسَائِيُّ)

ya'ni: “Mahmud ibn Labiyd raziyallohu anhu aytadi: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga bir kishi o‘z xotinini jamlab uch taloq qo‘ygani xabar qilindi. Shunda U Zot g‘azablanib, o‘rinlaridan turdilar-da: “Men ichingizda turib, Allohning kitobini o‘yin qilinadimi?!  dedilar. Hattoki bir odam o‘rnidan turib: “Yo Rasululloh! Uni bo‘yniga uraymi?” – deb yubordi” (Imom Nasaiy rivoyati).

Alloh taolo oila masalalarida aksar o‘rinlarda erkaklarga xitob qilgan. Bu – oilada erkakning mas'ulligiga ishora! Bu rahbarlik vazifasini suiste'mol qilib, uni ojizalarga zulm qilishga vosita qilib olmaslik kerak. Biz ham mo‘min-musulmon aka-ukalarimizni dinimizning oila mavzusidagi buyruqlariga amal qilish, olijanoblik va mardlik bilan ish tutishga chaqiramiz.

Hurmatli jamoa! Hozirgi kunda soha mutaxassislari yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh ko‘payotgani, bu esa ba'zi bir salbiy oqibatlarga olib kelayotganini aytmoqdalar.  Shariatimizga ko‘ra aka-uka va opa-singillar o‘zaro quda bo‘lishlari joiz. Chunki Niso surasining 23-oyatida uylanish mumkin bo‘lmagan yaqin qarindoshlar haqida batafsil bayon qilingan bo‘lib, unda amaki va ammaning qizlari, tog‘a va xolaning qizlari uylanish mumkin bo‘lmagan qarindoshlarga kirmagan. Shariat ularga uylanishni man qilmagan.

Ammo ba'zi ulamolar qarindoshlar o‘rtasidagi nikohni joiz deb bilsalarda, imkon qadar begonalardan uylanishga targ‘ib qilganlar. Bularning boshida Hazrati Umar raziyallohu anhu zikr qilinadilar. Ibn Hajar Asqaloniy rahimahulloh “At-Talxisul-habiyr” nomli kitoblarida keltirishicha, Hazrati Umar raziyallohu anhu faqat yaqin qarindoshlari bilan quda-anda bo‘ladigan Bani Soibga qarata: “Nega sizlar juda nimjon va zaiflashib ketgansizlar? Bo‘ldi endi, bundan keyin zaifhol bo‘lmasligingiz uchun nikohda begonalardan olinglar!”, – deganlar.

Bundan tashqari  Imom Abu Homid G‘azoliy rahimahulloh qarindoshlar o‘rtasidagi nikohda begonalardan farqli o‘laroq iymanish, tortinish va hayo kuchli bo‘lishini ta'kidlaganlar. Bu esa o‘rtadagi muhabbatga to‘siq bo‘ladigan narsadir.

Alloh taolo oilalarimizga fayzu barokat ato qilsin! Oila ahlimiz bilan chiroyli muomalada yashab o‘tishni nasib qilsin! Yangidan oila qurayotgan yoshlarimizning o‘rtalarini yaxshilikda jamlasin! Omin!

 

“Oila mustahkamligi – jamiyat farovonligi” nomli mav'izani yuklab olish (PDF formatda)


Kiritilgan vaqti: 05/01/2022 14:24;   Ko‘rilganligi: 778
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/islam/juma/07012022-y-oila-mustahkamligi-jamiyat-farovonligi
Chop etilgan vaqti: 19/04/2024 11:54
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing