O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Juma mav'izalari

06.12.2019 y. Inson haq-huquqlari – oliy qadriyat!

 
 

بســـــم الله الرحمن الرحيم  

الحَمْدُ للهِ الَّذِي أَمَرَ عِبَادَهُ بِالْعَدْلِ وَالإِحْسَانِ، وَنَهَى عَن البَغْيِ وَالظُّلْمِ وَالعُدْوَانِ، وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى نَبِيِّنَا محمد الَّذِي نَشَرَ العَدْلَ وَالأَمَانَ، وَحَفِظَ كَرَامَةَ الإِنْسَانِ، وَعَلَى آلِهِ وَأَصْحَابِهِ الكِرَامِ، أَمَّا بَعْدُ

Muhtaram azizlar! Ma'lumki, har bir davlatning ravnaqi va farovonligi yurtda amalda bo‘lgan qonunlarning adolatligi va insonparvarligiga, xalq tomonidan ushbu ko‘rsatmalarga amal qilinishiga bog‘liqdir.

Yurtimiz mustaqillikka erishganidan so‘ng xalqimiz qo‘lga kiritgan eng katta yutuqlaridan biri inson huquq va erkinliklarini ta'minlovchi hujjat bo‘lmish Bosh qomusimizning qabul qilinishi bo‘ldi.

Konstitusiya millatimiz ruhiga, hayot tarzi va urf-odatlariga mos bo‘lgan imon-e'tiqod, insof, diyonat, mehr-oqibat, or-nomus, hayo kabi eng ezgu fazilatlarni o‘z ichiga olgan. Konstitusiya milliy davlatchiligimizning ramzi sifatida insonning qadr-qimmatini ulug‘lash, uning huquqiy qonuniy manfaatlari daxlsizligini ta'minlashga xizmat qiladi. Bosh qomusimizda bayon etilgan tamoyillar har bir inson o‘zini chinakam baxtiyor xis etishi, osuda va farovon hayot kechirishiga qaratilgan.

Binobarin, Alloh taolo inson naslini ulug‘ladi, unga behisob ne'matlar, yaxshiliklar ato etdi. Boshqa maxluqotlarga bermagan fazilatlarni aynan odamga xosladi.

Mamlakatimizda istiqomat qiluvchi turli din vakillari, jumladan yurtimiz musulmonlari ham, belgilab qo‘yilgan huquq va erkinliklardan keng foydalanmoqdalar.

Qayd etish joizki, diniy sohada muhtaram Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoevning bevosita tashabbuslari bilan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, o‘tgan davr mobaynida joylarda tubdan yangi qurilib, xalqimiz ixtiyoriga topshirilgan Toshkent shahridagi “Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf”, Termiz shahridagi “Imom Termiziy”, Urganch shahridagi “Oxun bobo” masjidlari, Qarshi tumanidagi “Abul Mu'in Nasafiy” majmuasi, yangidan tashkil etilgan Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, “Hadis ilmi maktabi”, buyuk ajdodlarimizning ilmiy asarlari va boshqa turli diniy mavzulardagi adabiyotlar yetarli darajada nashr etilayotgani, yurtdoshlarimizning kunlik ibodatlari bilan bir qatorda muborak haj va umra ibodatlarini to‘la to‘kis ado etayotganlari – diniy sohada olib borilayotgan islohotlarning amaliy ifodasi hisoblanadi.

E'tirof etishimiz lozim bo‘ladiki, mazkur islohotlar huquqimiz kafolatlangani va erkinligimiz to‘liq ta'minlanayotganligidan dalolatdir.

Bu yutuqlarmizning barchasi yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va xotirjamlik demakdir.

Muhtaram jamoat! Islom ta'limotiga ko‘ra, din – inson o‘z xohishi bilan e'tiqod qiladigan ilohiy ko‘rsatmalar majmuidir. Alloh taolo O‘zining Kalomida shunday marhamat qilgan:

لَا إِكْرَاهَ فِي الدِّينِ قَدْ تَبَيَّنَ الرُّشْدُ مِنَ الْغَيِّ... (سورة البقرة/ 256)

ya'ni: “Dinda zo‘rlash yo‘q, zero, to‘g‘ri yo‘l yanglish yo‘ldan ajrim bo‘ldi...” (Baqara surasi 256-oyat).

Islom biror shaxsni dinga zo‘rlab kiritishga, o‘z e'tiqodini boshqalarning xohish-irodasiga qarshi o‘laroq tiqishtirishga yo‘l qo‘ymaydi.

Amaldagi qonunlarimizda ham aynan fuqarolarning vijdon erkinligi va boshqa diniy ehtiyojlari to‘liq kafolatlangani, diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmasligi qayd etilgan.

Bundan tashqari, Islom dini azaldan oila va nikohga katta e'tibor qaratib kelgan. Nasl-nasabni saqlash, jamiyatning ma'naviy holatini yaxshilashning asosiy omili – oila deya e'tirof etilgan.

Qonunlarimizda ham oila masalasiga alohida to‘xtalib o‘tiladi: “Oila jamiyatning asosiy bo‘g‘inidir hamda jamiyat va davlat muhofazasida bo‘lish huquqiga ega” (O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining o‘n to‘rtinchi bob, 63-moddasi).

Shuningdek, shariatimizda ota-onaning farzandi oldida uchta burchi borligi aytiladi. Chiroyli ism qo‘yish, go‘zal xulq-atvorli etib tarbiyalash va voyaga yetgach, agar o‘g‘il bola bo‘lsa, soliha qizga uylantirish; qiz bo‘lsa, imon-e'tiqodli musulmonga turmushga berishdir. Bu borada ham islom dinimizning qarashlariga asosiy huquqiy qomusimiz hamohang. Unga ko‘ra:

“Ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar”, – deyiladi (O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining o‘n to‘rtinchi bob, 64-moddasi).

Qur'oni karimda shunday deyiladi:

وَعَلَى الْمَوْلُودِ لَهُ رِزْقُهُنَّ وَكِسْوَتُهُنَّ بِالْمَعْرُوفِ  ... (سورة البقرة/ 133)

ya'ni: “...Ularni me'yorida oziqlantirish va kiyintirish otaning (erning) zimmasidadir...” (Baqara surasi 133-oyat).

Ana shunday hamohanglik Konstitusiyaning deyarli barcha moddalarida sezilib turadi. Unda O‘zbekiston hududida yashovchi har bir fuqaroning manfaatlari, huquq va burchlari qonun asosida belgilab qo‘yilgan bo‘lib, fuqarolarning millati, irqi va dinidan qat'i nazar, teng huquqli ekani kafolatlanadi.

Diniy soha xodimlari esa kishilarni muqaddas Islom qadriyatlari asosida tarbiyalab, jamiyat oldida turgan vazifalarni amalga oshirishda, hayotiy muammolarni hal etishda davlatga yordam berishlari, jamiyat a'zolarida amaldagi qonun-qoidalarga hurmat hissini shakllantirishlari zarur.

Qur'oni karimdagi “Niso” surasi 59-oyatida

 يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا أَطِيعُوا اللَّهَ وَأَطِيعُوا الرَّسُولَ وَأُولِي الْأَمْرِ مِنْكُمْ ...  (سورة النساء/ 59)

ya'ni: “Ey, iymon keltirganlar! Allohga itoat qilingiz, payg‘ambarga itoat qilingiz hamda o‘zingizdan bo‘lgan ish egalariga (ya'ni rahbarlarga) itoat qilingiz”, – deyilgan. Shundan ma'lum bo‘ladiki, muqaddas Islom dinida jamiyat barqarorligi va taraqqiyoti uchun rahbarga itoat qilishlik buyurilgan. Ushbu itoatkorlik rahbar ko‘rsatmalari bilan bir qatorda, jamiyatda ayni paytda amalda bo‘lgan, xalq tomonidan umume'tirof etilgan qonunlarga itoat etishni ham nazarda tutadi.

Jamiyatdagi insonlarning o‘zaro bir-birlaridagi haq-huquq va majburiyatlarini astoydil ado etib, joriy bo‘lgan ma'lum qonun-qoidalarga rioya qilib yashashlari ijtimoiy adolatning qaror topishida muhim o‘rin tutadi. Islom dinida jamiyatdagi har bir kishining haq-huquq va majburiyatlari uning millati va e'tiqodidan qat'iy nazar, aniq  va ravshan belgilab berilgan.

Eng avvalo, har bir shaxs yashash huquqiga ega ekanligi Qur'oni karimning ko‘plab oyatlarida bayon etilgan, Jumladan:

وَلَا تَقْتُلُوا النَّفْسَ الَّتِي حَرَّمَ اللَّهُ إِلَّا بِالْحَقِّ  (سورة الأنعام/151)

ya'ni: “Alloh taqiqlagan jonni nohaq qatl qilmangiz!” (An'om surasi, 151-oyat).

Demak, hech kimsa boshqa kimsaning hayotiga tajovuz qilishi va uning yashash huquqidan nohaq mahrum qilishi mumkin emas. Dunyoda sodir bo‘layotgan voqealar zamirida turli dinlar o‘rtasida murosasizlik, adovat va nafratni yoyish, shu orqali tinch yurtlarni beqaror makonlarga aylantirishga harakat qilish maqsadi yotibdi. Biz esa mamlakatimizda yashaydigan barcha millat va din vakillari bilan bag‘rikenglikda hayot kechirmoqligimiz lozim bo‘ladi.

Darhaqiqat, Alloh taolo insoniyatni avvalda hur qilib yaratgan. Keyinchalik insoniyat turli xil omillar sababli quldorlik davrini ham boshidan o‘tkazdi. Islom dini kelib, qullarni ozod qilishga keng targ‘ib etdi. Aksincha, hur odamni qullikka solishni eng og‘ir gunohlardan sanadi. Quyidagi hadisda shu ma'no ifodalangan:

"ثَلَاثَةٌ أَنَا خَصمُهُمْ يَومَ القِيَامَةِ رَجُلٌ أَعْطَى بِي ثُمَّ غَدَرَ، وَرَجُلٌ بَاعَ حُرًّا فَأَكَلَ ثَمَنَهُ، وَرَجُلٌ اسْتَأْجَرَ أَجِيرًا فَاسْتَوْفَى مِنْهُ وَلَمْ يُعْطِه أَجْرَهُ" (رَوَاهُ الإِمَامُ البُخَارِيُّ عَن أَبِي هُرَيرَةَ رَضِيَ الله عَنهُ).

ya'ni: “Qiyomat kuni men uch toifa kishi bilan xusumatlashaman: men bilan va'da berib, so‘ngra xiyonat qilgan; hur kishini sotib, pulini yegan; ijarachi yollab, undan to‘la-to‘kis foydalanib bo‘lgach, haqqini bermagan kishi” (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Bu hadisda bugungi kunda xorijda o‘z yurtdoshlarini aldab, ularning qullikka mahkum qilayotgan, ularning huquq va erkinliklarini cheklayotgan nobakor shaxslar uchun jiddiy ogohlantirish mavjud.

Shu bilan birga, ta'lim olish, mehnat qilish, davolanish, e'tiqod qilish, mulkka egalik qilish huquqlari ham dinimizda hamma uchun birdek kafolatlangandir. Bosh qomusimizda ham aynan mana shu huquqlar alohida moddalar bilan kafolatlab qo‘yilgan.

Muhtaram azizlar! Dinimizda, shuningdek, jamiyatdagi har bir kishining zimmasida o‘zi yashab turgan jamiyatga nisbatan, undagi har bir shaxsga nisbatan va Vataniga nisbatan burch va majburiyatlari bor ekanligi ham bayon etilgan. Qur'oni karimda shunday deyilgan:

وَاعْبُدُوا اللَّهَ وَلَا تُشْرِكُوا بِهِ شَيْئًا وَبِالْوَالِدَيْنِ إِحْسَانًا وَبِذِي الْقُرْبَى وَالْيَتَامَى وَالْمَسَاكِينِ وَالْجَارِ ذِي الْقُرْبَى وَالْجَارِ الْجُنُبِ وَالصَّاحِبِ بِالْجَنْبِ وَابْنِ السَّبِيلِ وَمَا مَلَكَتْ أَيْمَانُكُمْ إِنَّ اللَّهَ لَا يُحِبُّ مَنْ كَانَ مُخْتَالًا فَخُورًا  

(سورة النساء/39).

ya'ni: “Allohga ibodat qilingiz va Unga hech narsani sherik qilmangiz! Ota-onalarga esa yaxshilik qilingiz! Shuningdek, qarindoshlar, yetimlar, miskinlar, qarindosh qo‘shni-yu begona qo‘shni, yoningizdagi hamrohingiz, yo‘lovchi (musofir)ga va qo‘l ostingizdagi (qaram)larga ham (yaxshilik qiling)! Albatta, Alloh kibrli va maqtanchoq kishilarni sevmaydi” (Niso surasi, 39-oyat).

Shuningdek, kishining oilasi oldidagi majburiyati, rahbarga itoat etish majburiyati, Vatanini himoya qilish majburiyati, boshqa din va millat vakillari oldidagi majburiyatlari ham borki, Alloh taolo dinimizda bularni bayon qilib bergan. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam hadislarining birida shunday dedilar:

"لا تَحَاسَدُوا، وَلَا تَنَاجَشُوا، وَلَا تَبَاغَضُوا، وَلَا تَدَابَرُوا، وَلَا يَبِعْ بَعْضُكُمْ عَلَى بَيْعِ بَعْضٍ وَكُونُوا عِبَادَ اللَّهِ أخْوَانًا، الْمُسْلِمُ أَخُو الْمُسْلِمِ، لَا يَظْلِمُهُ، وَ لَا يَخْذُلُهُ، وَ لَا يَحْقِرُهُ، التَّقْوَى هَاهُنَا، - وَيُشِيرُ إِلَى صَدْرِهِ ثَلَاثَ مَرَّاتٍ - بِحَسْبِ امْرِئٍ مِنْ الشَّرِّ، أَنْ يَحْقِرَ أَخَاهُ الْمُسْلِمَ، كُلُّ الْمُسْلِمِ عَلَى الْمُسْلِمِ حَرَامٌ؛ دَمُهُ، وَمَالُهُ، وَعِرْضُهُ"

(رواه الامام مسلم عن أبي هريرة رضي الله عنه).

ya'ni: “Bir-biringizga hasad qilmanglar, molning narxini yolg‘ondan ko‘tarmanglar, bir-biringizga bug‘zu-adovat qilmanglar, bir-biringizdan yuzingizni burmanglar, hech biringiz boshqaning savdosi ustiga savdo qilmasin, Allohning birodar bandalari bo‘linglar! Musulmon  musulmonning birodaridir, unga zulm qilmaydi, uni yordamsiz tashlab qo‘ymaydi, uni tahqirlamaydi. Taqvo mana bu joydadir, deb, uch marta ko‘kraklariga ishora qilib aytdilar. Kishining musulmon birodarini tahqirlashi uning yomonligiga kifoya qiladi. Har bir musulmonga musulmonning qoni, moli va obro‘yi haromdir” (Imom Muslim rivoyatlari).

Yuqoridagi oyat va hadislarning mazmunidan ma'lum bo‘ladiki, kishilik jamiyatida qonunlarning ahamiyati juda ham katta. Darhaqiqat, adolatli qonunlar – xalq farovonligi hamda dunyo va oxirat obodligining asosidir.

Muhtaram azizlar! Oldimizda bizning barcha haq-huquqlarimizning amalga oshirishda omil bo‘ladigan saylovlar jarayoni turibdi.

Xalq ravnaqi va yurt kelajagi borasidagi qarorlar hukmdorlar tomonidan mashvaratlarda kengashib, qabul qilingani ma'lum. Shu boisdan, bugungi kundagi Oliy Majlisda xalq vakillari tomonidan olib borilayotgan faoliyat, qabul qilinayotgan qarorlarni milliy va diniy qadriyatlarning mantiqiy davomi sifatida e'tirof etish mumkin. 

Demak, Yurtimizda olib borilayotgan saylovlar xalqimizning tarixiy an'analariga hamohang desak, aslo mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz.

Shunday ekan, joriy yilning 22 dekabr kuni o‘tkaziladigan xalq noiblari saylovida barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib, faol qatnashaylik. Zero, ushbu tadbirlarga befarq bo‘lish, yurt kelajagi va taraqqiyotiga befarq bo‘lish demakdir.


Muhtaram jamoat! Mav'izamizning fiqhiy masalalar qismida hanafiy mazhabimiz bo‘yicha paypoqqa mas'h tortish masalasiga to‘xtalib o‘tamiz.

Darhaqiqat, Qur'oni karim bizga tahoratni ma'lum bir tartibda ado etishni farz qilgan. Aslida unda oyoqlarga masx tortish emas, balki yuvish ochiq-oydin ravishda buyurilgan. Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا إِذَا قُمْتُمْ إِلَى الصَّلَاةِ فَاغْسِلُوا وُجُوهَكُمْ وَأَيْدِيَكُمْ إِلَى الْمَرَافِقِ وَامْسَحُوا بِرُءُوسِكُمْ وَأَرْجُلَكُمْ إِلَى الْكَعْبَيْنِ...  (سورة المائدة/6).

«Ey, imon keltirganlar! Namoz (o‘qish)ga turar ekansiz, albatta, yuzlaringizni, qo‘llaringizni tirsaklarigacha yuvingiz, boshlaringizga mas'h tortingiz va oyoqlaringizni to‘piqlarigacha (yuvingiz)!” (Moida surasi 6-oyat).

Ushbu oyatda Alloh taolo tahoratda oyoqlarni yuvishga buyurmoqda. Shunga qaramay, maxsilarga masx tortish joizligiga butun ummat ittifoq qilgan. Bu haqdagi rivoyatlar mutavotir (juda ko‘p kishi rivoyat qilgan sahih hadislar) darajasiga yetgan.

Bugungi kundagi paypoqlarning barcha turiga xoh qalin, xoh yupqa bo‘lsin, mas'h tortib bo‘lmaydi. Ba'zi hadislarda Payg‘ambar alayhissalom “javrob”ga mas'h tortganlari rivoyat qilingan. Hozirgi zamonaviy arab tili lug‘atlarida “javrob” – paypoq ekani qayd etiladi. Lekin shuni ta'kidlab o‘tish lozimki, Payg‘ambar alayhissalom davrlaridagi javroblar bilan hozirgi zamonaviy paypoqlar – butunlay boshqa-boshqa narsalardir. Buni to‘g‘ri anglab yetish uchun mo‘tabar manbalarga murojaat qilib, asri saodat davrlarida javrob qanday bo‘lganini yaxshi bilib olishimiz kerak bo‘ladi. Mug‘iyra ibn Sho‘ba raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

"تَوَضّأَ النّبيُّ صلى الله عليه وسلم وَمَسَحَ عَلَى الْجَوْرَبَيْنِ وَالنّعْلَينِ"

(أَخْرَجَهُ الإِمَامُ التِّرْمِذِيُّ وَالإِمَامُ أَبُو دَاوُدَ)

ya'ni: “Nabiy sallallohu alayhi vasallam tahorat qildilar va javrobga hamda kovushga mas'h tortdilar” (Imom Termiziy va Imom Abu Dovud rivoyatlari).

Qomusul Muhit” va “Lisonul Arab” nomli eng mo‘tabar lug‘at kitoblarda “javrob” – kishining oyoqlariga o‘raladigan narsa ekani aytilgan. Alloma Shavkoniy: “Maxsi yumshoq, oshlangan teridan qilinadi, choriq uning ustidan kiyiladi, javrob esa choriqdan ham katta bo‘ladi”, – deganlar. Molikiy mazhabidagi muhaqqiq ulamolardan Ibn Arabiy hadislarda kelgan javrobni quyidagicha izohlaydi:

الجَوْرَبُ: غِشَاءَانِ لِلْقَدَمِ مِنْ صُوفٍ يُتَّخَذُ لِلدُّفْءِ

ya'ni: “Javrob – ikki oyoqni issiq tutish uchun jundan tayyorlangan va uni o‘rab turadigan narsadir” (“Orizatul ahvaziy sharhi Sunani Termiziy” kitobi). Alloma Badriddin Ayniy mazkur ta'rifga qo‘shimcha qilib, javrobni odamlar odatda o‘ta sovuq o‘lkalarda kiyishini ta'kidlab o‘tganlar.

Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning davrlarida joriy bo‘lgan javrobga berilgan ta'riflarning hammasini o‘rganib, xulosa qilinsa, u – jundan yoki paxtadan to‘qilgan qalin matodan bo‘lgan, oyoqni issiq tutish uchun kiyiladigan yoki oyoqqa o‘raladigan narsa bo‘lgani ma'lum bo‘ladi. Javrobning maxsidan farqi shuki, maxsi oshlangan teridan tikilib tayyorlangan bo‘lsa, javrob qalin matodan tayyorlangan. Ba'zi ulamolarga ko‘ra, javrobning osti yoki usti teridan qoplangan.

Zamon o‘tishi bilan turli oyoq kiyimlar tikilib, ularga ham “javrob” deb atalishi joriy bo‘lgan. Bu hol ayniqsa javrob turli o‘lkalarda turli ko‘rinishda bo‘lishi bilan ham farqlana boshlagan. Fuqaholarimiz javrobga mas'h tortishning hukmi o‘sha oyoq kiyimining holatiga qarab belgilanishini ochiq oydin aytib o‘tganlar. Jumladan: mo‘tabar fiqhiy manba hisoblangan “Inoya” kitobida shunday deyiladi:

الْمَسْحُ عَلَى الْجَوْرَبَيْنِ عَلَى ثَلَاثَةِ أَوْجُهٍ : فِي وَجْهٍ يَجُوزُ بِالِاتِّفَاقِ وَهُوَ مَا إذَا كَانَا ثَخِينَيْنِ مُنَعَّلَيْنِ ، وَفِي وَجْهٍ لَا يَجُوزُ بِالِاتِّفَاقِ وَهُوَ أَلَّا يَكُونَا ثَخِينَيْنِ وَلَا مُنَعَّلَيْنِ ، وَفِي وَجْهٍ لَا يَجُوزُ عِنْدَ أَبِي حَنِيفَةَ خِلَافًا لِصَاحِبَيْهِ وَهُوَ أَنْ يَكُونَا ثَخِينَيْنِ غَيْرَ مُنَعَّلَيْنِ .

ya'ni: “Javrobga mas'h tortishning hukmi uch xil ko‘rinishda bo‘ladi:

-  Agar u qalin javrob bo‘lib, ostiga teri qo‘yilgan bo‘lsa, mas'h tortish joiz. Bunga ulamolarimiz ittifoq qilganlar.

-  Teridan bo‘lmagan yupqa javrob bo‘lsa, mas'h tortib bo‘lmaydi. Bunga ham barchalari (ya'ni Imom Abu Hanifa, Imom Abu Yusuf va Imom Muhammad) ittifoq qilganlar.

-  Teridan bo‘lmagan lekin qalin javrob bo‘lsa, Imom A'zam nazdida mas'h tortish durust emas. Imom Abu Yusuf va Imom Muhammad nazdida mas'h tortish joiz”.

Demak, avvalgi paypoqlar mahsiga o‘xshagani, mahsiga qo‘yilgan talablarga javob bergani uchun ularga mas'h tortilgan. Ushbu talablarga javob bera olmagan har qanday oyoq kiyimlarga mas'h tortish joiz emas, deb hisoblangan. 

Ibn Abu Shaybaning “Al-Musannaf” kitobida shunday keltiriladi: “Said ibn Musayyib va Hasan Basriy rahimahumalloh: “Javrob juda qalin bo‘lsagina, unga mas'h tortishga ruxsat beriladi”, – der edilar”.

Alloma Kosoniy rahimahulloh “Badoye'us sanoye'” kitobida shunday yozadilar: “Ulamolarning yagona fikriga ko‘ra, agar javroblarning matosi suv sizib o‘tadigan darajada yupqa bo‘lsa, ularga mas'h tortish mumkin emas”.

Alloma ibn Nujaym rahimahulloh ham shunday deydilar: “Ip yoki jundan qilingan javroblarga mas'h tortish mumkin emas. Bu borada hech qanday ixtilof yo‘q. Kiyilgan javrob bir farsax (uch mil, taxminan 6 km.) dan ortiq yo‘l yursa bo‘ladigan darajada qalin bo‘lsagina, ulamolarning fikrida biroz farq uchrashi mumkin (“Al-Bahrur-Roiq” kitobi).

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, barcha faqihlar va mujtahidlar suv sizib o‘tadigan, oyoqda o‘zini tutib tura olmaydigan, ya'ni bog‘ichsiz tushib ketadigan, yuqorida aytilgan masofagacha kiyib yurilsa, yirtilib ketadigan paypoqlar va poyafzalga mas'h tortish joiz emasligiga ittifoq qilganlar. Bugungi kunimizda kiyilayotgan ip, paxta, jun, neylon va boshqa narsalardan qilingan paypoqlarda yuqorida ulamolarimiz aytib o‘tgan javroblarning xususiyatlari mutlaqo yo‘q, shuning uchun ularga mas'h tortib bo‘lmaydi.

Agar kimdir hozirgi yupqa paypoqlarga mas'h tortayotgan bo‘lsa, Imom Abu Hanifa va u zotning ikki shogirdlari hamda Imom Molik, Imom Shofeiy, Imom Ahmad ibn Hanbalning mazhablariga ko‘ra uning tahorati durust bo‘lmaydi.

Alloh taolo xalqimiz hayotini bundan ham farovon aylasin! Yurtimizni turli xildagi samoviy va aroziy ofatu balolardan hifzu himoyasida saqlab, barchamizni O‘zi rozi bo‘ladigan amallar bilan yashab o‘tmog‘imizga muyassar qilsin! Omin!

 

"Inson haq-huquqlari – oliy qadriyat!" nomli mav'izani yuklab olish (PDF formatda)


Kiritilgan vaqti: 05/12/2019 16:27;   Ko‘rilganligi: 1522
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/islam/juma/06122019-y-inson-haq-huquqlari-oliy-qadriyat
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 00:49
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing