O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Juma mav'izalari

05.07.2019 y. Folbinga borish – og‘ir gunoh

 
 

بسم الله الرحمن الرحيم

اَلْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي فَرَضَ عَلىَ عِبَادِهِ حَجَّ بَيْتِهِ الْحَرَامِ ، وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى نَبِيِّنَا سَيِّدِ الأَنَامِ ، وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ اَجْمَعِينَ أَمَا بَعْــدُ

Muhtaram jamoat! Bugungi kunda o‘zlarini turli xil jozibador nomlar bilan atab, odamlarni to‘g‘ri yo‘ldan og‘dirish bilan shug‘ullanayotganlar hamda ularning nayrangiga uchayotganlar, afsuski, kundan-kunga ortib bormoqda. Bu imtihon dunyoda hayotning past-balandlariga bardosh qilmaydigan ba'zi imoni zaif kishilar turli xil vajlar bilan folbinlarga murojaat qilib, ularning bozorini rivojlanishiga sababchi bo‘lmoqdalar.  

Shuning uchun ham “folbinlik”, “sehr-jodu” tushunchalari, shariatimizning unga bo‘lgan munosabatini o‘rganib chiqishimiz maqsadga muvofiqdir.

Ulamolardan Imom Bag‘aviy: “Folbin – turli ishlarning sabablarini bilishini, yo‘qolgan narsaning qayerda turganini, o‘g‘irlangan narsani kim o‘g‘irlagani kabi narsalarni bilishini da'vo qiluvchi shaxsdir”, – deydilar. Vaholanki, taqdirni bilish va kelajakda bo‘ladigan ishlarni yoki ularni o‘zgartirish faqatgina Allohning qo‘lida bo‘lib, hech bir zot Allohning yozgan taqdirini o‘zgartirishga qodir emas. Kelajakni ham, insonlar taqdirini ham faqat Alloh taolo bilishi, g‘ayb sirlaridan hech kim, farishtalar, jinlar, hatto do‘stlarini (valiylarni) ham xabardor etmagani haqida Qur'oni karimda ko‘p bora takrorlangan:

قُلْ لَا يَعْلَمُ مَنْ فِي السَّمَاوَاتِ وَالْأَرْضِ الْغَيْبَ إِلَّا اللَّهُ

(سورة النمل/65)

ya'ni: “Ayting: “Allohdan boshqa osmonlar va Yerdagi biror kimsa g‘aybni bilmas” (Naml surasi, 65-oyat).  

وَعِنْدَهُ مَفَاتِحُ الْغَيْبِ لَا يَعْلَمُهَا إِلَّا هُوَ وَيَعْلَمُ مَا فِي الْبَرِّ وَالْبَحْرِ وَمَا تَسْقُطُ مِنْ وَرَقَةٍ إِلَّا يَعْلَمُهَا وَلَا حَبَّةٍ فِي ظُلُمَاتِ الْأَرْضِ وَلَا رَطْبٍ وَلَا يَابِسٍ إِلَّا فِي كِتَابٍ مُبِينٍ

(سورة الأنعام/59)

ya'ni: “G‘ayb (yashirin ish va narsalar) kalitlari Uning huzuridadir. Ularni Undan o‘zga bilmas. Yana, quruqlik va dengizdagi narsalarni (ham)bilur. Biror yaproq (uzilib) tushsa (ham) uni bilur. Yer zulmatlari (qa'ri)dagi urug‘ bo‘lmasin, ho‘lu quruq bo‘lmasin, (hammasi) aniq Kitob (Lavhul-mahfuz)da (yozilgan)dir” (An'om surasi 59-oyati).

Boshqa bir oyatda Alloh taolo Payg‘ambar alayhissalomga shunday deyishlarini buyuradi:

قُلْ لَا أَمْلِكُ لِنَفْسِي نَفْعًا وَلَا ضَرًّا إِلَّا مَا شَاءَ اللَّهُ وَلَوْ كُنْتُ أَعْلَمُ الْغَيْبَ لَاسْتَكْثَرْتُ مِنَ الْخَيْرِ وَمَا مَسَّنِيَ السُّوءُ إِنْ أَنَا إِلَّا نَذِيرٌ وَبَشِيرٌ لِقَوْمٍ يُؤْمِنُونَ

 (سورة الأعراف/188)

ya'ni: “Ayting (ey, Muhammad!): Alloh xohlaganidan tashqari o‘zim uchun (biror) foyda va zarar (keltirish)ga ega emasman. Agar g‘ayb (ilmi)ni bilsam edi, xayrli ishlarni ko‘p qilgan bo‘lur edim va menga yomonlik (ham) etmagan bo‘lur edi” (A'rof surasi, 188-oyat).

Demak, bu dunyoda biror kimga zarar yoki foyda keltirishga, ya'ni kelayotgan baloni qaytarish yoki kimnidir baxtli qilishga ular qodir bo‘lmaydilar. Oyatda Payg‘ambar alayhissalom ham oddiy bashar ekanlari, o‘zlari va boshqalarga foyda keltira olmasliklari, g‘ayb ilmini bilmasliklari ta'kidlanmoqda.

Folbinlarning ba'zi toifalari oyat va duolarni betahorat holda, xatolar bilan o‘qiydilar. Namozni ham betahorat o‘qish mumkin emasligini bila turib, namozni haqorat qilish maqsadida nopok o‘qiydilar. Chunki ular qanchalik ashaddiy fojirning amalini qilsa, shayton va jinlar ham ularga ko‘proq xizmatda bo‘lib, yanada tezroq uning buyurganlarini bajaradi.

Alloh taolo Qur'oni karimda:

هَلْ أُنَبِّئُكُمْ عَلَى مَنْ تَنَزَّلُ الشَّيَاطِينُ  تَنَزَّلُ عَلَى كُلِّ أَفَّاكٍ أَثِيمٍ  يُلْقُونَ السَّمْعَ وَأَكْثَرُهُمْ كَاذِبُونَ

(سورة الشعراء/221-223)

ya'ni: “(Ey, Muhammad! Ayting): «Men sizlarga shaytonlar (jinlar)kimlarga tushishi haqida xabar beraymi? Ular barcha bo‘htonchi, gunohga botgan (folchi-romchi, kohin)larga tushurlar. Eshitib olganlarini ularga tashlarlar. (Lekin) Ularning ko‘plari yolg‘onchilardir” (Shuaro, 221-223-oyat).

Folbinlarning qilayotgan ishlari yolg‘on va firibgarlikdan boshqa narsa emas. Bu haqida Oisha raziyallohu anho rivoyat qilib aytadilar:  

سُئِلَ رَسُولُ اللهِ صلى الله عليه وسلم عَنِ الْكُهَّانِ؟ فَقَالَ: لَيْسُوا بِشَيْءٍ فَقَالُوا: يَا رَسُولَ اللهِ، إِنَّهُمْ يُحَدِّثُونَ أَحْيَاناً بِالشَّيْءِ يَكُونُ حَقًّا؟ فَقَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: تِلْكَ الْكَلِمَةُ مِنَ الْحَقِّ يَخْطَفُهَا الْجِنِّيُّ فَيُقِرُّهَا فِي أُذُنِ وَلِيِّهِ، فَيُخْلِطُونَ فِيْهَا أَكْثَرَ مِنْ مِائَةِ كَذِبَةٍ

  (رَوَاهُ الإِمَامُ البُخَارِيُّ عَنْ عَائِشَةَ رضي الله عنها)

ya'ni: Rasululloh sallallohu alayhi vasallamdan folbinlar haqida so‘rashdi. Shunda U zot: “Ular hech kim emas”, – dedilar. Yo Rasululloh! Ularning aytgan gaplari gohida to‘g‘ri chiqadi? – deyishdi. Rasululloh: “Jinlar rost gapni o‘g‘irlab olib, folbinlarning qulog‘iga quyadi. Folbin esa, unga yuzta yolg‘onni qo‘shib gapiradi”, –  deb javob berdilar”(Imom Buxoriy rivoyati).

Aytish joizki, bugungi kunda folbinlar va ularning yolg‘on kirdikorlariga aldanib qolayotganlar orasida ko‘pchilikni ayollar tashkil qiladi. Ular o‘zlarini “Ota-bobolarimiz: “Folga ishonma, folsiz yurma” degan”,  deb aldashga urinadilar. Vaholanki, butun Islom olamiga dars bergan ajdodlarimizning birorta ham asarlarida bu kabi asossiz gaplar uchramaydi.

Bundan ko‘rinib turibdiki, ularga ergashish, ulardan najot kutish mo‘minlarning e'tiqodiga putur yetkazadi. Bu haqida Payg‘ambar alayhissalom shunday deganlar:

"لَيْسَ مِنَّا مَنْ تَطَيَّرَ ، أَوْ تُطِيَّرَ لَهُ أَوْ تَكَهَّنَ ، أَوْ تُكِهِّنَ لَهُ أَوْ سَحَرَ ، أَوْ سُحِرَ لَهُ ، وَمَنْ أَتَى كَاهِنًا فَصَدَّقَهُ بِمَا يَقُولُ فَقَدْ كَفَرَ بِمَا أُنْزِلَ عَلَى مُحَمَّدٍ صلى الله عليه وسلم"

(رَوَاهُ الإِمَامُ البَزَّارُ عَنْ عِمْرَانَ بْنِ حُصَيْنٍ رضي الله عنه)

ya'ni: “Kim qush bilan fol ochsa yoki qush bilan fol ochtirsa, kim kohinlik qilsa yoki kohinga murojaat qilsa, kim sehr kilsa yoki sehr qildirsa, u  bizdan emas. Kim folbinga borib, uning aytganiga ishonsa, Muhammad sallalloxu alayhi vasallamga nozil qilingan narsaga kufr keltirgan bo‘ladi” (Imom Bazzor rivoyat qilgan).

Ba'zi tuppa-tuzuk kishilar xam “Ishonmaymiz-u, lekin shunday bo‘lsa xam bir borib qo‘yaveraylik-chi” deb, folbinlar huzuriga boraverishadi. Bu ish ham mutlaqo noto‘g‘ri. Mo‘min kishi shariatimizda qaytarilgan ishlardan uzoqda yurishi lozim. Folga ishonmay turib, folbinning huzuriga chora izlab borish hech bir sog‘lom aqlga to‘g‘ri kelmaydi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

مَنْ أَتَى كَاهِنًا فَصَدَّقَهُ بِمَا يَقُولُ فَقَدْ بَرِئَ مِمَّا أُنْزِلَ عَلَى مُحَمَّدٍ صلى الله عليه وسلم وَمَنْ أَتَاهُ غَيْرَ مُصَدِّقٍ لَهُ

لَمْ تُقْبَلْ لَهُ صَلاَةُ أَرْبَعِيْنَ لَيْلَةً

(رَوَاهُ الإِمَامُ الطَّبَرَانِيُّ عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ رضي الله عنه)

ya'ni: “Kim folbinga borib, uning gapiga ishonsa, Muxammad sallalloxu alayxi vasallamga nozil bo‘lgan narsadan ajrabdi. Kim uning xuzuriga kelsa-yu, gapiga ishonmasa, qirq kecha namozi qabul bo‘lmaydi” (Imom Tobaroniy rivoyati).

Haqiqiy mo‘min uchun qirq kunlik emas, bir mahal namozining qabul bo‘lmay qolishi  ulkan musibatdir. Bu musibat faqatgina folbinga borib, undan bir narsa haqida so‘rashning jazosidir. Uning aytganiga ishonadimi-yo‘qmi, buning farqi yo‘q. Ammo kim folbinga borib, uning aytganini tasdiqlasa, imoniga putur yetgan bo‘lar ekan. Bundan Allohning O‘zi asrasin! Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

مَنْ أَتَى كاهِناً فَسَأَلَهُ عَنْ شَيْءٍ حُجِبَتْ عَنْهُ التَّوْبَةُ أَرْبَعِينَ لَيْلَةً فَإِنْ صَدَّقَهُ بِمَا قالَ كَفَرَ

(رَوَاهُ الإِمَامُ الطَّبَرَانِيُّ عَنْ وَاثِلَةَ بْنِ الأَسْقَعِ رضي الله عنه)

ya'ni: “Kim folbinning huzuriga borib, undan biror narsani so‘rasa, qirq kechagacha tavbasi to‘siladi. Agar folbinning gapiga ishonsa, kofir bo‘ladi” (Imom Tabaroniy rivoyati).

Hozirgi paytda fol ochishning turlari son-sanoqsiz bo‘lib ketdi. Karta bilan, qushlarga xat torttirish bilan, qo‘lning kaftiga qarab turib, suratga qarab va hokazo... Bularning hammasi kufr ishlardir.

Sehr, folbinlik, ilgirlik kabi amaliyot bilan shug‘ullanishning har qanday turi harom hisoblanib, uni o‘rganish, o‘rgatish va shug‘ullanish qat'iyan taqiqlangan. Alloma Ibn Qudoma rahimahulloh: “Ilm ahli o‘rtasida ushbu hukm borasida xilof yo‘q”,  deb ta'kidlagan. Payg‘ambar alayhissalom shunday marhamat qiladilar:

مَنْ عَقَدَ عُقْدَةً ثُمَّ نَفَثَ فِيهَا فَقَدْ سَحَرَ، وَمَنْ سَحَرَ فَقَدْ أَشْرَكَ

(رَوَاهُ الإِمَامُ النَّسَائِيُّ عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه)

ya'ni: “Kim tugun tugib, unga dam ursa, sehr qilgan bo‘ladi. Kim sehr qilsa, shirk keltirgan bo‘ladi” ( Imom Nasaiy rivoyati).

Hanafiy mazhabining muhaqqiq ulamolaridan biri Muhammad Amin Ibn Obidin rahimahulloh folbinlikning hukmi haqida batafsil to‘xtalib o‘tib, quyidagicha xulosa qiladi:

وَالْحَاصِلُ أَنَّ الْكَاهِنَ مَنْ يَدَّعِي مَعْرِفَةَ الْغَيْبِ بِأَسْبَابٍ وَهِيَ مُخْتَلِفَةٌ فَلِذَا انْقَسَمَ إلَى أَنْوَاعٍ مُتَعَدِّدَةٍ... وَالْكُلُّ مَذْمُومٌ شَرْعًا، مَحْكُومٌ عَلَيْهِمْ وَعَلَى مُصَدِّقِهِمْ بِالْكُفْرِ ، وَفِي الْبَزَّازِيَّةِ : يَكْفُرُ بِادِّعَاءِ عِلْمِ الْغَيْبِ وَبِإِتْيَانِ الْكَاهِنِ وَتَصْدِيقِهِ ، وَفِي التَّتَارْخَانِيَّة : يَكْفُرُ بِقَوْلِهِ أَنَا أَعْلَمُ الْمَسْرُوقَاتِ أَوْ أَنَا أُخْبِرُ عَنْ إخْبَارِ الْجِنِّ إيَّايَ اهـ 

ya'ni: “Xulosa qilib aytganda, folbin – turli vositalar bilan g‘aybni bilishini da'vo qiladigan shaxsdir. Vositalarning turlariga qarab, ular ham har xil bo‘ladi... Shariatda ularning barchasi qoralangan. Folbinlar va ularni tasdiqlaganlarga “kofir” deya hukm qilingandir. “Bazzoziyya”da: “Kishi – g‘ayb ilmini da'vo qilishi bilan va folbinning oldiga borib, so‘zini tasdiqlashi bilan kofir bo‘ladi”, – deyilgan. “Tatarxoniyya”da: “Folbin “O‘g‘irlangan narsalarni bilaman” deyishi, “Jinlarning menga aytgan xabarlarini sizlarga yetkazaman” deyishi bilan kofir bo‘ladi”, – deyilgan” (“Raddul-muhtor”, 16-juz, 310-bet).

Bugungi kunimizda ham aynan sehr va folbinlik kabi illatlar tufayli odamlar orasida fitna paydo bo‘lib, er-xotin, aka-uka, opa-singil, qo‘ni-qo‘shni, ovsinlar o‘rtasida shubha, gumon aralashib, oqibatda qarindosh-urug‘, qo‘shnichilik rishtalariga putur yetmoqda.

Muhtaram jamoat! Hozirgi kunda munajjimlar bashoratiga qarab ish rejalashtiradigan, ularning bashoratlariga ishonib, o‘z hayot tarzini olib boradigan kishilarning borligi achinarli hol, albatta. Bu borada Ibn Abbos raziyallohu anhumodan shunday rivoyat qilinadi:

" مَنِ اقْتَبَسَ عِلْمًا مِنَ النُّجُومِ اقْتَبَسَ شُعْبَةً مِنَ السِّحْرِ زَادَ مَا زَادَ "

(رَوَاهُ الإِمَامُ أَبُو دَاوُد وَالإِمَامُ ابْنُ مَاجَةْ وَالإِمَامُ أَحْمَدُ)

ya'ni Kim yulduzlar ilmining bir bo‘lagini o‘rgansa, u sehr ilmining bir bo‘lagini o‘rgangan bo‘ladi. Qancha (yulduzlar ilmini) ko‘p o‘rgansa, shuncha (sehr ilmini) ko‘p o‘rgangan bo‘ladi (Imom Abu Dovud, Imom Ibn Moja va Imom Ahmad rivoyat qilgan).

Borliqda yuz berayotgan hodisalar, inson hayotidagi o‘zgarishlar yulduzlar almashuvi sababli emas, balki Allohning bandalariga bo‘lgan ilmi, hikmatiga ko‘ra bo‘ladi. Jurnal va gazetalarda chop etilayotgan munajjimlar bashoratiga murojaat qilib, unga ishonish kishining imoniga putur yetkazib qo‘yishi mumkin.

Alloh taolo O‘ziga bo‘lgan imonimizni mustahkam qilsin! Barchamizni turli fitna va ofatlardan O‘z panohida asrasin! O‘zi rozi bo‘ladigan ishlarga tavfiq bersin!

 

"Folbinga borish – og‘ir gunoh" nomli mav'izani yuklab olish (PDF formatda)


Kiritilgan vaqti: 02/07/2019 09:21;   Ko‘rilganligi: 4856
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/islam/juma/05072019-y-folbinga-borish-ogir-gunoh
Chop etilgan vaqti: 23/02/2024 04:26
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing