O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Juma mav'izalari

05.02.2021 y. Islom dinining folbinlik, sehr va “duoxonlik” kabi amallarga munosabati

 
 

بسم الله الرحمن الرحيم

اَلْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي عَلَّمَ الْإِنْسَانَ مَا لَمْ يَعْلَم، وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى رَسُولِهِ الأَكْرَم وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أَجْمَعِيْنَ اَمَّا بَعْدُ

Muhtaram jamoat! Sehr deganda bir narsani haqiqatidan boshqa tarafga burishni tushuniladi. Bundan sehrgarlarni botil narsani haqiqat qilib ko‘rsatishlari kelib chiqadi. Sehrni ayrim ulamolar mana bunday tushuntirishgan: sehr bu – sehrgar bilan jin o‘rtasidagi kelishuvdan iborat bo‘lib, unga ko‘ra jin sehrgarga itoat qilib, yordam beradi va so‘ragan narsasini bajaradi. Buning uchun sehr qilmoqchi bo‘lgan kishi jinga atab ba'zi harom va shirk amallarni bajarishi kerak. Bundan esa sehr-jodu qiluvchilar ma'siyat, shirk va kufrdan iborat ishlarni qilishlari va shunga buyurishlari ma'lum bo‘lyapti. Islomdan oldin bu ish juda ham keng avj olgan edi. Jinlarning ayrimlari osmondagi farishtalarning o‘zaro gaplarini o‘g‘rincha eshitib olib, yerdagi folbinlarga yetkazib turishgan. Qur'on nozil bo‘la boshlagandan keyin jinlar va folbinlar o‘rtasidagi ushbu munosabatlar nihoyasiga yetgan. Bu haqida Qur'on karimda jinlarning tilidan shunday deyiladi:

وَأَنَّا كُنَّا نَقْعُدُ مِنْهَا مَقَاعِدَ لِلسَّمْعِ ۖ فَمَن يَسْتَمِعِ الْآنَ يَجِدْ لَهُ شِهَابًا رَّصَدًا وَأَنَّا لا نَدْرِي أَشَرٌّ أُرِيدَ بِمَنْ فِي الأرْضِ أَمْ أَرَادَ بِهِمْ رَبُّهُمْ رَشَدًا  (سورة الجن 9-10)

ya'ni: Endi hozir (Muhammad payg‘ambar bo‘lgach), kimki (qaysi jin) tinglamoqchi bo‘lsa, o‘zini kuzatib turgan bir uchar yulduzni topar. Biz yerdagi kishilarga yomonlik iroda qilinganmi yoki Parvardigorlari ularga to‘g‘ri yo‘lni iroda qilganmi, bilmasmiz (Jin surasi 9-10-oyatlar).

Azizlar! Agar e'tibor bersak, sehr-jodu bilan birga doim folbinlik zikr qilinadi. Folbinlik bu – kelajakdan, g‘aybdan xabar berishdir. G‘ayb ilmi Allohga xos bo‘lganligi uchun uni da'vo qilish – islomdagi gunohi kabiralardan biridir. Sehr va folbinlikning har biri gunoh jihatidan bir-biridan kam bo‘lmaganligi uchun har ikkisi haqida bir hadisi sharifda umumlashtirib keltirilgan. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam dedilar:

مَنْ أَتَى كَاهِناً أَوْ عَرَّافاً فَصَدَّقَهُ بِمَا يَقُولُ فَقَدْ كَفَرَ بِمَا أُنْزِلَ عَلَى مُحَمَّدٍ
(رواه الإمام أحمد عن أبي هريرة رضي الله عنه)

ya'ni, “Kimda-kim sehr-jodu qiluvchi yoki fol ochuvchiga borib, uning aytayotgan gaplariga ishonsa, Muhammadga nozil qilingan (islom dini)ga kufr keltiribdi” (Imom Ahmad rivoyatlari).

Folbinlar ko‘proq kelajakda ro‘y beradigan ishlarni bilishlarini da'vo qiladilar. Bu esa, shariat hukmi bo‘yicha, kufr hisoblanadi. Chunki g‘aybni faqat Alloh taoloning O‘zigina biladi. Kim uni bilishni da'vo qilsa, kofir bo‘ladi. Alloh taolo Qur'oni karimda:

وَعِندَهُۥ مَفَاتِحُ ٱلْغَيْبِ لَا يَعْلَمُهَآ إِلَّا هُوَ... (سورة الأنعام 59)

ya'ni, “G‘ayb (yashirin ish va narsalar) kalitlari Uning huzuridadir. Ularni Undan o‘zga bilmas...” deb marhamat qilgan (An'om surasi 59-oyat).

Yana boshqa bir oyatda esa:

عَالِمُ الْغَيْبِ فَلا يُظْهِرُ عَلَى غَيْبِهِ أَحَدًا إِلا مَنِ ارْتَضَى مِنْ رَسُولٍ فَإِنَّهُ يَسْلُكُ مِنْ بَيْنِ يَدَيْهِ وَمِنْ خَلْفِهِ رَصَدًا (سورة الجن 27)

ya'ni, “(U) g‘aybni biluvchidir. Bas, O‘z g‘aybidan biror kimsani xabardor qilmas. Faqat O‘zi rozi bo‘lgan (tanlagan) payg‘ambarnigina (ikki dunyoning ba'zi sirlaridan ogoh etar). Bas, albatta, U (Alloh) (har bir payg‘ambarning) oldidan ham, ortidan ham kuzatuvchi (farishta) yo‘llar, – deb marhamat qilgan (Jin surasi 27-oyat).

Folbinlar hattoki Alloh taolo payg‘ambarlariga ham bildirmaydigan g‘ayb ishlarni bilishni da'vo qilayotgan yolg‘onchi ekanliklari shu yerdan ma'lum bo‘lyapti.

Ali ibn Abu Tolib raziyallohu anhu: “Folbin – sehrgardir, sehrgarlik esa kofirlik alomatlaridandir,” – deganlar.

Yuqoridagi oyat va hadisi shariflardan ma'lum bo‘lishicha, sehr-jodu, bashoratchilik va boshqa issiq-sovuq qilish kabi ishlar shariatimizda qattiq qoralangan. Hattoki ayrim hadisi shariflarda keltirilishicha, ushbu ishlar halokatga olib boruvchi amallardan ekan. Shuning uchun bu ishlarni hech qanday sabab bilan umuman oqlab bo‘lmaydi.

Azizlar! Ming afsuslar bo‘lsinki, bugungi kunimizda ham folbinlarning ham jamiyat, ham oilalar tinchligiga rahna solayotgani hech kimga sir emas. Turli “duoxon”, azayimxon va ular kabi boshqa shaxslar huzuriga borib, ham vaqtini ham naqdini sarflash bilan birga Yaratganga osiy bo‘layotgan yurtdoshlarimiz hali-hanuz uchrab turibdi. Ularning orasida farzandlarimizning tarbiyasida o‘rinlari katta bo‘lgan ayollarning ko‘pligi tashvishimizni yana ham orttiradi. Jamiyatda yuz beradigan ajralishlarning katta qismiga aynan shular sababchi bo‘ladi, desak, xato qilmaymiz. Bu haqda Qur'oni karimda bunday deyilgan:

واتَّبَعُوا مَا تَتْلُو الشَّيَاطِينُ عَلَىٰ مُلْكِ سُلَيْمَانَ ۖ وَمَا كَفَرَ سُلَيْمَانُ وَلَٰكِنَّ الشَّيَاطِينَ كَفَرُوا يُعَلِّمُونَ النَّاسَ السِّحْرَ وَمَا أُنزِلَ عَلَى الْمَلَكَيْنِ بِبَابِلَ هَارُوتَ وَمَارُوتَ ۚ وَمَا يُعَلِّمَانِ مِنْ أَحَدٍ حَتَّىٰ يَقُولَا إِنَّمَا نَحْنُ فِتْنَةٌ فَلَا تَكْفُرْ ۖ فَيَتَعَلَّمُونَ مِنْهُمَا مَا يُفَرِّقُونَ بِهِ بَيْنَ الْمَرْءِ وَزَوْجِهِ ۚ وَمَا هُم بِضَارِّينَ بِهِ مِنْ أَحَدٍ إِلَّا بِإِذْنِ اللَّهِ ۚ وَيَتَعَلَّمُونَ مَا يَضُرُّهُمْ وَلَا يَنفَعُهُمْ ۚ وَلَقَدْ عَلِمُوا لَمَنِ اشْتَرَاهُ مَا لَهُ فِي الْآخِرَةِ مِنْ خَلَاقٍ ۚ وَلَبِئْسَ مَا شَرَوْا بِهِ أَنفُسَهُمْ ۚ لَوْ كَانُوا يَعْلَمُونَ (سورة البقرة 102)

ya'ni, “Va Sulaymon podshohligidagi shaytonlar (jinlar) aytgan narsalarga ergashadilar. Sulaymon kofir emas edi, balki odamlarga sehr o‘rgatadigan shaytonlar kofir edilar. Bobildagi Horut va Morut (nomli) farishtalarga tushirilgan narsalarga (ergashadilar). Holbuki, u farishtalar: "Biz faqatgina fitnamiz (ya'ni, odamlarni aldab imtihon qilish uchun yuborilganmiz) bas, (biz aytgan narsalarni qilib) kofir bo‘lib qolma", demasdan turib, hech kimga hech narsa o‘rgatmas edilar. Va o‘shalardan (Horut va Morutdan) er xotinning o‘rtasini buzadigan narsalarni o‘rganadilar. (Lekin) ular (yahudiylar) Allohning iznisiz hech kimga zarar yetkaza olmaydilar. Hech foydasiz, bilaks, zararli narsalarni o‘rganadilar” (Baqara surasi 102-oyat).

Demak, ular qadimdan kishini juftidan ajratishga harakat qilib kelishgan ekan. Aynan folbinlar sabab er-xotinlar o‘rtasi buzilib ketayotgani kabi, qarindosh-urug‘lar va qo‘ni-qo‘shnilar orasi ham tobora buzilib ketyapti. Inson boshiga tushgan kulfat, musibat yoki o‘ziga yetgan xastalik sabab ular huzuriga boradi. Ular esa bu ishlarni ovsiningiz, qo‘shningiz yoki falonchilar sizga qarshi o‘qitgani, isitma-sovutma qilgani sabab bo‘ldi deb, o‘zlarini topqir qilib ko‘rsatadi. Natijada qarindosh va mahalladoshlar orasiga sovuqchilik tushadi. Biz agar bu borada dinimiz ko‘rsatmalariga amal qilsak, imonimiz mukammal va Allohning oldida yuzimiz yorug‘ bo‘ladi. Chunki Parvardigori olam siz-u bizlarni bu dunyoda aka-uka va ahil-do‘st bo‘lib yashashga buyurgandir.

Hozirgi paytda fol ochishning turlari son-sanoqsiz bo‘lib ketdi. Karta bilan, qushlarga xat torttirish bilan, qo‘lning kaftiga qarab turib, suratga qarab va hokazolar... Yuqorida aytilgandek, bularning hammasi – kufr ishlardir. Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam:

مَنْ أَتَى عَرَّافًا، فَسَأَلَهُ عَنْ شَيْءٍ فَصَدَّقَهُ لَمْ تُقْبَلْ لَهُ صَلَاةٌ أَرْبَعِينَ لَيْلَةً
 (رواه الإمام مسلم)

ya'ni, “Kimda-kim folbinga borib, undan biror narsa so‘rasayu va uning aytganiga ishonsa, uning 40 kunlik namozi qabul bo‘lmaydi”, – deganlar. Bu hadisi sharifda folbinga borish oqibatida qilingan ibodatlarni ham qabul bo‘lmasligi aytilmoqda.

Muhtaram jamoat! Ko‘pincha shumlanish yoki biror narsani bexosiyat deb hisoblash odamlarda uchrab turadi. Dinimizda buning muolajasi berilgan. Buning uchun Alloh taologa tavakkul qilish va uning qazoi-qadariga imon keltirish kerak. Agar shunda ham insoniy tabiati g‘olib kelib, shumlanish davom etsa, bu narsaga yengilib yuravermasdan tavakkul qiladi. Bu borada ushbu hadis rivoyat qilingan:

ثَلَاثَةٌ لَا يَسْلَمُ مِنْهُنَّ أَحَدٌ الظَّنُّ وَالطِّيَرَةُ وَالْحَسَدُ فَإِذَا ظَنَنْتَ فَلَا تَحَقَّقْ إِذَا تَطَيَّرْتَ فَلَا تَرْجِعْ وَإِذَا حَسَدْتَ فَلَا تَبْغِ
 (رواه الإمام عبد الرزاق في مصنفه)

ya'ni, “Uch narsadan hech kim salomat bo‘lmaydi: gumon, shumlanish va hasad. Agar gumon qilsangiz, ro‘yobga chiqarmang, shumlansangiz qaytmang va hasad qilsangiz, o‘zingizni tiying (hasadni ro‘yobga chiqarmang)” (Imom Abdurrazzoq “Musannaf”da rivoyat qilganlar).

Shuning uchun yoqmagan narsani ko‘rganda, inson “Ey Alloh, yaxshilikni keltiruvchi ham, yomonlikni daf' qiluvchi ham O‘zingsan! Sendan o‘zga kuch ham, qudrat ham yo‘q!” – deb aytishlikka buyurilganmiz.  Bu haqda Umar raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam:

مَنْ عَرَضَ لَهُ مِنْ هَذِهِ الطِّيَرَةِ شَيْءٌ فَلْيَقُلِ "اللَّهُمَّ لَا طَيْرَ إِلَّا طَيْرُكَ وَلَا خَيْرَ إِلَّا خَيْرُكَ وَلَا إِلَهَ غَيْرُكَ

ya'ni, “Kimda ushbu shumlanishlardan biri paydo bo‘lsa, (Ey Alloh, yomonlik ham yaxshilik ham faqat sendan. Sendan o‘zga iloh yo‘q), deb aytsin”  deganlar.

Demak, musulmon shaxs sehr-jodu qiluvchilar, folbinlar, azayimxon va “duoxon”larga bormasligi va ishonmasligi kerakligidan tashqari, ularni huzuriga yetaklashi mumkin bo‘lgan shumlanishdan ham saqlanishlari lozim bo‘lar ekan.

 Alloh taolo barchalarimizni sehr-jodu, irim-sirim va boshqa gunohlardan salomat qilib, jamiyatimiz va undagi oilalarni ahil-inoq bo‘lib yashashga tavfiq ato etsin!  


Aqidaviy masala sharhi

Allohning kalom sifati

Muhtaram azizlar! Ma'ruzamiz davomida hozirgi kundagi dolzarb aqidaviy masalalardan biri bo‘lmish Alloh taoloning kalom (gapirish, so‘zlash) sifati haqida suhbatlashamiz.

  Hozirgi kunda ba'zi soxta salafiylar Alloh taolo ham biz bandalarga o‘xshab harf va ovoz yordamida gapiradi, demoqda. Vaholanki, Ahli sunna val jamoa – Moturidiy va Ash'ariy e'tiqodida Alloh taoloning biror-bir sifati haqiqati (mohiyati)da ham, kayfiyati (ko‘rinishi)da ham bandalarning sifatlariga o‘xshamaydi. Bu haqda mo‘tabar “Fiqhul akbar” kitobida quyidagi jumlalar keltirilgan:

وصفاتُهُ كلُها بخلافِ صفاتِ المخلوقينَ، يعلمُ لا كعلمِنا، يَقْدِرُ لا كقدرَتِنا، يَرَى لا كرؤيَتِنا، يتكلمُ لا ككلامِنا، ويسمعُ لا كسمعِنا. نحنُ نتكلمُ بالآلاتِ والحروفِ، واللهُ تعالى يتكلمُ بلا حروفٍ ولا آلةٍ. والحروفُ مخلوقةٌ، وكلامُ اللهِ تعالى غيرُ مخلوقٍ

ya'ni: Alloh taoloning barcha sifatlari yaratilganlarning sifatlaridan o‘zgachadir. Uning bilishi bizning bilishimiz kabi emas, qudrati bizning qodirligimiz kabi emas, ko‘rishi bizning ko‘rishimiz kabi emas, eshitishi bizning eshitishimiz kabi emas. Biz vositalar va harflar bilan gapiramiz. Alloh taolo vositalar va harflarsiz gapiradi (ya'ni, ularga muhtoj emas). Harflar yaratilgandir, Alloh taoloning kalomi yaratilgan emasdir.

Demak, yurtimizda an'anaviy hisoblangan moturidiylik ta'limotiga ko‘ra, Alloh taoloning eshitish, ko‘rish, gapirish va shu kabi sifatlarini yaratilganlarning sifati kabi deb tushunmaslik kerak. Zero, yaratuvchi bilan yaralmishning sifatlari aslo bir xil bo‘lmaydi. Alloh taoloning sifatlari uning ilohligiga xos va mos bo‘ladi. Alloh taolo sifatlarining mohiyatini Allohning O‘ziga topshiramiz. Mana shunday qilish sahobai kiromlar va salafi solihinlarimizning yo‘llaridir. Alloh taoloning sifatlari borasida chuqur ketib ular borasida bahs qilish esa bid'atchi kimsalarni yo‘lidir. Bu haqda ulug‘ ajdodimiz Abul Mu'in an-Nasafiyning "At-Tamhid li qovaid at-tavhid” kitoblarida ham atroflicha ma'lumotlar keltirilib, adashgan toifalarga raddiyalar berilgan.

Shuningdek, Imom Molik rahmatullohi alayh: “Ahli bid'atlar – Alloh taoloning ism-sifatlari, kalomi, ilmi va qudrati haqida gapiradilar, sahobai kiromlar va ularga ergashganlar tilini tiygan narsalardan tiyilmaydilar” deganlar.

Xulosa shuki, bu masalada ulamolarimiz bayon qilib bergan ma'lumotlar bilan kifoyalanish va bu borada chuqur ketmaslik maqsadga muvofiqdir.

Alloh taolo barchalarimizni sog‘lom aqidada, haq yo‘lda sobitqadam aylasin!

 

 "Islom dinining folbinlik, sehr va “duoxonlik” kabi amallarga munosabati" nomli mav'izani yuklab olish (PDF formatda)


Kiritilgan vaqti: 04/02/2021 19:18;   Ko‘rilganligi: 1538
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/islam/juma/05022021-y-islom-dinining-folbinlik-sehr-va-duoxonlik-kabi-amallarga-munosabati
Chop etilgan vaqti: 28/03/2024 17:42
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing