O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Juma mav'izalari

02.07.2021 y. Solih amal – qalb lazzati

 
 

بسم الله الرحمن الرحيم

اَلْحَمْدُ للهِ وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى رَسُولِهِ سَيِّدِنَا مُحَمَّدٍ، نَبِيِّ الرَّحْمَةِ وَرَسُولِ السَّلاَمِ، وَعَلَى آلِهِ وَصَحَابَتِهِ الْكِرَامِ، أَمَّا بَعْدُ

Muhtaram jamoat! Mo‘min-musulmon kishi imkon qadar hayotining har lahzasini ezgu va savobli amallar, xayrli ishlar bilan o‘tkazishga harakat qilmog‘i kerak. Chunki umr qisqa bo‘lib, uni qachon tugashi va ajal qachon kelishini hech kim bilmaydi. Solih amal – barcha turdagi yaxshi ishlarni qilish, odamlarga foyda keltirish, ularga xayru ehson qilish, Alloh taolo va Payg‘ambarimiz alayhissalom buyurgan amallarni puxta va to‘la-to‘kis bajarish kabi amallardir. Shunday ekan, bu g‘animat umrni qadriga yetib, qo‘limizdan kelgunicha o‘zgalarning hojatini chiqarib, yordam berib, hayotlik paytimizda ko‘plab xayrli va savobli amallarni qilib, oxiratimizga zaxira qilishimiz maqsadga muvofiqdir. Bu haqda Alloh taolo Qur'oni karimda bunday degan:

 الَّذِي خَلَقَ الْمَوْتَ وَالْحَيَاةَ لِيَبْلُوَكُمْ أَيُّكُمْ أَحْسَنُ عَمَلًا

ya'ni: (U) sizlarning qaysi biringiz chiroyliroq (savobliroq) amal qiluvchi ekaningizni sinash uchun o‘lim va hayotni yaratgan zotdir (Mulk surasi 2-oyat).

Solih amal qilish – kishini ikki dunyoda zafar topib, yoqimli hayot kechirishiga sabab bo‘ladi. Alloh taolo bu haqda shunday marhamat qilgan:

مَنْ عَمِلَ صَالِحًا مِنْ ذَكَرٍ أَوْ أُنْثَى وَهُوَ مُؤْمِنٌ فَلَنُحْيِيَنَّهُ حَيَاةً طَيِّبَةً وَلَنَجْزِيَنَّهُمْ أَجْرَهُمْ بِأَحْسَنِ مَا كَانُوا يَعْمَلُونَ

ya'ni: “Erkakmi yo ayolmi – kimda-kim mo‘min bo‘lgan holida biror ezgu ish qilsa, bas, Biz unga yoqimli hayot baxsh eturmiz va ularni o‘zlari qilib o‘tgan go‘zal (solih) amallari barobaridagi mukofot bilan taqdirlaymiz” (Nahl surasi 97-oyat).

Darhaqiqat, ezgu amal qiluvchi solih mo‘min bu dunyoda boy yoki kambag‘al holda yashamasin, baribir, uning hayoti o‘ziga yoqimli va maqbuldir. Boy bo‘lgandagi holati ma'lum, bordi-yu, u faqirlikda yashayotgan bo‘lsa ham, unda yana bir katta boylik – qanoat borki, u tufayli g‘am-tashvish tortmaydi. Ammo, ezgu amallardan uzoq kimsaga qiyin, u har ikki holatda ham g‘am-tashvishdan xoli emas – kambag‘alikka sira toqat qila olmaydi, har ko‘yga kirib bo‘lsa ham, boylik orttirish ilinjida joni halak. Agar u boyib ketsa, boyligini ezgulik va savob yo‘liga sarf etmaydi, balki baxillik va tug‘yon balosiga mubtalo bo‘lib, turli foydasiz amallar bilan aziz umrini o‘tkazadi. Bu dunyoda boylikni asrash tashvishi, oxiratda esa hisob-kitob uchun Allohning huzurida turishi unga mashaqqat ustiga mashaqqatdir. Lekin boy bo‘lish bilan birga, imon-e'tiqodli, ahli solih bo‘lsa, nur ustiga nur bo‘ladi.

Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam aytdilar:

﴿قَالَ اللَّهُ تَعَالَى: أَعْدَدْتُ لِعِبَادِي الصَّالِحِينَ، مَا لَا عَيْنٌ رَأَتْ، وَلَا أُذُنٌ سَمِعَتْ، وَلَا خَطَرَ عَلَى قَلْبِ بَشَرٍ

ya'ni: “Alloh taolo: “Solih bandalarimga jannatda shunday ne'matlarni tayorlab qo‘ydimki, ularni biror ko‘z ko‘rib, quloq eshitib, inson qalbi his etmagandir”, dedi” (Muttafaqun alayh).

Ezgu va savobli amal qilgan kishini jannatdagi martabasi baland bo‘ladi. Bu haqda Alloh taolo Qur'oni karimda shunday degan:

 وَمَنْ يَأْتِهِ مُؤْمِنًا قَدْ عَمِلَ الصَّالِحَاتِ فَأُولَئِكَ لَهُمُ الدَّرَجَاتُ الْعُلَى

ya'ni: “Kimki u zotga (Alloh huzuriga) yaxshi amallarni qilib, mo‘min holida kelsa, bas, ana o‘shalar uchun yuksak darajalar, bordir” (Toha surasi 75-oyat).

Shuningdek, dinimizda shunday amallar borki, ularni qilgan kishining martabasi Allohning huzurida baland bo‘ladi. Ular, yetimlarga g‘amxo‘rlik qilish, muhtoj va mazlumlarga yordam berish, qiynalib qolgan kimsalarni qiyinchilikdan qutqarish, qarzdorlarga qarzini uzishda ko‘maklashish, odamlarga ozor beradigan narsalarni bartaraf qilish kabi ishlardir. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam ham o‘zaro hamjihat bo‘lib yashashimizga targ‘ib qilib bunday deganlar:

أيُّها الناسُ أفشوا السلامَ وأطعِموا الطعامَ وصِلُوا الأرحامَ وصَلُّوا بالليلِ والناسُ نيامٌ تدخلوا الجنةَ بسلامٍ

 (رواه الإمام ابن ماجه عن عبد الله بن سلام)

ya'ni: “Ey insonlar, salomni yoying, taom yediring, silai rahm qiling, odamlar uxlaganda tunni ibodat bilan o‘tkazing­da, jannatga salomatlik ila kiravering” (Imom Ibn Moja rivoyatlari).

Demak, mazkur amallar bizni jannatga kirishimizga ham sabab bo‘lar ekan. Ezgu va savob amal qilganlarni Alloh taolo gunohlarini kechirib, ishlari va ahvolini o‘nglaydi. Bu haqda Muhammad surasida shunday deyilgan:

 وَالَّذِينَ آَمَنُوا وَعَمِلُوا الصَّالِحَاتِ وَآَمَنُوا بِمَا نُزِّلَ عَلَى مُحَمَّدٍ وَهُوَ الْحَقُّ مِنْ رَبِّهِمْ كَفَّرَ عَنْهُمْ سَيِّئَاتِهِمْ وَأَصْلَحَ بَالَهُمْ

ya'ni: “Imon keltirgan va solih amallarni qilgan hamda Muhammadga nozil qilingan narsaga (Qur'onga) – holbuki, u Parvardigorlari tomonidan kelgan haqiqatdir – imon keltirgan zotlarning esa yomonlik (gunoh)larini o‘chirur va ishlarini isloh etur” (Muhammad surasi 2-oyat).

Demak, ezgu va savob amalda bardavom bo‘ladigan bo‘lsak, Alloh taolo kasbu korimizni isloh qilib, boshqalar bilan bo‘ladigan muomala va munosabatlarimizni yanada yaxshi qilar ekan.

Ezgu amal qiladigan kishilarni Alloh taolo yaxshi ko‘rishini va'dasini bergan:

 إِنَّ الَّذِينَ آمَنُوا وَعَمِلُوا الصَّالِحَاتِ سَيَجْعَلُ لَهُمُ الرَّحْمَنُ وُدًّا

ya'ni: “Albatta, imon keltirib, ezgu (ish)larni qilgan zotlar uchun Rahmon (ularning qalbida O‘ziga nisbatan) do‘stlikni paydo qilur” (Maryam surasi 97-oyat).

Alloh qaysi bandani yaxshi ko‘rsa, uni barcha bandalar yaxshi ko‘rib qoladi. Bu haqda hadisi sharifda Payg‘ambarimiz alayhissalom shunday marhamat qilganlar:

إِذَا أَحَبَّ اللَّهُ عَبْدًا نَادَى جِبْرِيلَ: إِنَّ اللَّهَ يُحِبُّ فُلَانًا فَأَحِبَّهُ، فَيُحِبُّهُ جِبْرِيلُ، فَيُنَادِي جِبْرِيلُ فِي أَهْلِ السَّمَاءِ: إِنَّ اللَّهَ يُحِبُّ فُلَانًا فَأَحِبُّوهُ، فَيُحِبُّهُ أَهْلُ السَّمَاءِ، ثُمَّ يُوضَعُ لَهُ الْقَبُولُ فِي الْأَرْضِ

(رواه الإمام البخاري عن أبي هريرة رضي الله عنه)

ya'ni: “Agar Alloh bir bandani yaxshi ko‘rib qolsa, Jabroil alayhissalomga: “Alloh falonchini yaxshi ko‘radi, sen ham uni yaxshi ko‘r” deydi. Jabroil alayhissalom ham uni yaxshi ko‘radi. Jabroil alayhissalom osmon ahli orasida: “Alloh falonchini yaxshi ko‘radi, sizlar ham uni yaxshi ko‘ringlar” deb nido qiladi. Shunda osmon ahli ham u bandani yaxshi ko‘rib qolishadi. Keyin yer yuzidagi hamma odamlar u bandaning so‘zini qabul qiladigan bo‘lib qoladi” (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Ma'lumki, sahobai kiromlardan ba'zilariga hayotlik paytlarida jannat bashorat berilgan edi. Ulardan birlari Abu Bakr Siddiq raziyallohu anhu edilar. Imom Muslim Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda bayon qilinadi, bir kuni Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Sizlardan kim bugun ro‘za tutdi?”, deb so‘radilar. Abu Bakr raziyallohu anhu: “Men”, dedilar. “Kim bugun janozada qatnashdi?”, deb so‘radilar. Abu Bakr: “Men”, dedilar. “Kim bugun bir miskinni to‘ydirdi?”, deb so‘radilar. Abu Bakr: “Men”, dedilar. “Kim bugun bir bemorni borib ko‘rdi?”, deb so‘radilar. Abu Bakr: “Men”, dedilar. Shunda, Payg‘ambarimiz alayhissalom:

مَا اجْتَمَعْنَ فِي امْرِئٍ إِلَّا دَخَلَ الْجَنَّةَ

(رواه الإمام مسلم عن أبي هريرة رضي الله عنه)

ya'ni: “Kimda ushbu ishlar bir kunda jamlansa, u albatta jannatga kiradi”, dedilar (Imom Muslim rivoyatlari).

Jannat bashorati berilgan zotlardan yana birlari – Bilol Habashiy raziyallohu anhu edilar. Imom Termiziy Burayda raziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda bunday deyilgan: “Bir kuni ertalab, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Bilol raziyallohu anhuni chaqirib, Ey Bilol!:  

بَمَ سَبَقْتَنِي إِلَى الْجَنَّةِ؟ مَا دَخَلْتُ الْجَنَّةَ قَطُّ إِلَّا سَمِعْتُ خَشْخَشَتَكَ أَمَامِيْ

(رواه الإمام الترمذي عن بريدة رضي الله عنه) 

ya'ni: “Nima amalingiz bilan jannatga peshqadamlardan bo‘ldingiz? Jannatda oyog‘ingiz tovushini eshitdima!” dedilar. Shunda Bilol raziyallohu anhu: “Ey Allohning Rasuli, har qachon azon aytsam, darhol ikki rakat namoz o‘qiyman va qachon tahoratim buzilsa, darhol tahorat qilaman, zimmamda Alloh taolo uchun ikki rakat namoz bor deb bilaman (ya'ni, ikki rakat namoz o‘qib olaman)”, dedilar. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Shu ikki (xislatingiz) sababli ekan”, dedilar” (Imom Termiziy rivoyatlari). (Rasululloh alayhissalom bu holatni  tushlarida ko‘rganlar. Payg‘ambarlarning tushlari vahiydir).

Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz alayhissalom bizni yaxshi amallarda bardavom bo‘lishimizga qiziqtirib, bunday deganlar:

أَحَبُّ الأعمالِ إلى اللهِ أدْومُها و إن قَلَّ

(رواه الإمام البخاري عن عائشة رضي الله عنها)

ya'ni: “Alloh taologa amallarning eng yaxshisi garchi oz bo‘lsa-da davomlisidir” (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Shunday ekan, solih amallardan bo‘lmish, Alloh taolo farz qilgan ibodatlarni bajarish, ota-onaga yaxshilik, muhtoj va qiynalib qolganlarga g‘amxo‘rlik qilish, odamlar bilan chiroyli muomala va munosabatda bo‘lish, omonatdorlik, kechirimlilik kabi solih va ezgu amallarda bardavom va sobitqadam bo‘lishimiz maqsadga muvofiqdir. Shu bilan birga qilgan yaxshi amallarimizni riyo, sum'a va ujbdan saqlab, imkon qadar maxfiy qilishimiz yanada ulkan savob va ajrlarga sababdir.

Azizlar! Hayotimizni yodga olib ko‘raylik, har birimiz biror ezgu amal qilganda yoki insonlarning biror mushkulini oson qilganda qalbimizda unitilmas bir lazzatni his qilganmiz, zero, bu mo‘minlik belgilaridandir. Bu lazzat tufayli qalbga ajib hotirjamlik kirgani, bu yengillik bir necha kun, xatto uzoq vaqt davomida bizni tark etmaganini sezganmiz. Nahotki, bu lazzatni hayotimizda doimiy bo‘lishini xohlamaymiz?! Shunday ekan, yuqorida aytilganlarga amal qilib, hayotimizning har bir fursatida ezgu amal va atrofdagilar bilan go‘zal muloqotda bo‘laylik.

Muhtaram jamoat! Hozirgi kunda safarda ikki namozni jamlab o‘qish haqida savollar bilan murojaat qilish holatlari ko‘p uchramoqda. Ya'ni, safarda peshin va asr namozini peshin namozining vaqtida, shom bilan xufton namozini shom namozining vaqtida o‘qisa bo‘ladimi, deb so‘rashmoqda. Shu haqda quyida qisqacha bayon qilib o‘tishni lozim topdik.

Qur'oni karim va hadisi shariflarda namozlarni o‘z vaqtida o‘qish zaruriy ekanligi uqtiriladi. Belgilangan vaqtdan avval o‘qish ham, kechiktirib o‘qish ham joiz emas. Bu haqda Alloh taolo quyidagicha marhamat qiladi:

 إِنَّ الصَّلَاةَ كَانَتْ عَلَى الْمُؤْمِنِينَ كِتَابًا مَوْقُوتًا

ya'ni: “Zero, namoz mo‘minlarga vaqti tayin etilgan va (farz deb) bitilgandir” (Niso surasi 103-oyat).

  Shuni ham aytish kerakki, har bir namozning avvalgi vaqti ham, oxirgi vaqti ham belgilab qo‘yilgan. Shunga binoan Hanafiylarning nazdida  ikki farz namozni bir vaqtda jamlab o‘qish muqim uchun ham, musofir uchun ham joiz emas. Faqatgina hojilarga  Haj vaqtida Arafotda Peshin paytida Peshin va Asrni, Muzdalifada Xufton vaqtida Shom va Xufton namozini, jamlab o‘qishga ruxsat berilgan. Chunki, bu ish Rasululloh sallallohu alayhi vasallam va sahoba raziyallohu anhumlardan sobit bo‘lgandir. Undan boshqa biror joyda namoz vaqti kirmasdan turib ado qilish yoki uzrsiz vaqtidan o‘tkazib o‘qish sobit bo‘lmagan. Hazrati Umar raziyallohu anhu:

اَلْجَمْعُ بَيْنَ الصَّلاَتَيْنِ مِنْ غَيْرِ عُذْرٍ مِنَ الْكَبَائِرِ

ya'ni: “Uzrsiz ikki namozni jamlab o‘qish gunohi kabiradandir”, deganlar (Ibn Abi Shayba rivoyatlari).

Yana bir sahoba Abdulloh Ibn Abbos raziyallohu anhu:

مَنْ جَمَعَ بَيْنَ الصَّلاَتَيْنِ مِنْ غَيْرِ عُذْرٍ فَقَدْ اَتَى بَابًا مِنْ اَبْوَابِ الْكَبَائِرِ

ya'ni: “Kim uzrsiz ikki namozni bir vaqtda jamlab o‘qisa, gunohi kabiralardan birini qilibdi”.

Mazkur hadisda ikki namozni bir vaqtda jamlab o‘qish gunohi kabira deyilmoqda. Gunohi kabira ishni qilish hargiz joiz bo‘lmaydi.

Ba'zi hadislarda ikki namozni jamlab o‘qish borasida ham rivoyatlar kelgan. Lekin ulamolarimiz “Namoz vaqtlari Qur'oni Karim oyatlari va mutavotir hadislar bilan sobit bo‘lgani, safarda namozni jamlab o‘qish haqidagi hadislar esa ohod hadislar ekani”ni ta'kidlaydilar.

Qolaversa, Hanafiy ulamolarimiz: Nabiy alayhissalom safarda birorta namozni haqiqiy ma'noda jamlamaganlar, balki ko‘rinishda roviyga shunday tuyulgan”, deydilar. Ya'ni, peshin namozini oxirgi vaqtiga kechiktirib o‘qib, asr namozini avvalgi vatida o‘qiganlari, shom namozini kechiktirib, xufton namozini avvalgi vaqtida o‘qiganlar. Mana shunda namoz vaqtlari haqidagi boshqa hadislarni ham jamlagan holda tushunish mumkin bo‘ladi.   

Rasuli akram alayhissalomning soyalari kabi doimo birga yurgan sahobalardan biri Abdulloh ibn Mas'ud raziyallohu anhu namozni jamlashni butkul inkor qilganlar. “Sahih Buxoriy”ning Haj kitobida Abdulloh ibn Mas'ud raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Men Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamni namozlarni doimo o‘z vaqtida o‘qiganlarini, faqatgina “Hajjatul vado”da Muzdalifada Xufton vaqtida Shom va Xufton namozlarini o‘qiganlarini ko‘rdim”, deganlar. Boshqa bir rivoyatda: “Men Rasululloh sallallohu alayhi vasallamni namozlarni doim o‘z vaqtida o‘qiganlarini faqatgina “Hajjatul vado”da Arafotda Peshin va Asr namozlarini Peshin vaqtida, Muzdalifada Shom va Xufton namozlarini Xufton vaqtida o‘qiganlarini ko‘rdim”, deganlar.

Shunga ko‘ra hanafiy mazhabimizda namozlarni haqiqatan jamlab o‘qish faqat hajda ma'lum o‘rinlarda hojilargagina ruxsat etilgan, deyishgan. Lekin boshqa paytlarda namozni jamlash joiz bo‘lmaydi.

Alloh taolo barchalarimizni O‘zi rozi bo‘ladigan amallarda bardavom qilib, ikki dunyo saodatiga musharraf aylasin! Omin!


Foydasiz amallarni tark qilish (Ilova)

Keyingi paytlarda asta-sekin ko‘zga tashlana boshlagan noxush an'analardan biri kiyim-kechak va avtomashinalarga turli yozuv, shakllarni yozib-chizib olishdir. Ta'kidlash kerakki, bu ishlar Islom madaniyatiga boshqa madaniyatlardan kirib kelgandir. Chunki Islom tarixining uzoq davrlarida bunday ishlarga qiziqish bo‘lmagan.

O‘sha yozuvlar turli tillarda va ma'nolarda bo‘lib, hatto uyatsiz so‘zlar va muborak dinimizga taalluqli bo‘lganlari ham topiladi.

Bularni ichida eng noma'qullari kiyimlarga yozilganidir. Xususan kiyimning old va orqa qismiga yozilgan, turli ma'noli shakllar va so‘zlar e'tiborni tortuvchi bo‘ladi. Ayniqsa, bu ayollarning kiyimida bo‘lsa, bizning tarbiyamizga mutlaqo ziddir.

Kiyimga yozilgan diniy ma'nodagi so‘zlarga kelsak, xususan: “Alloh”, “Muhammad”, “Mashaalloh”, “La ilaha illalloh” kabi muborak kalimalarni yozayotgan paytda ularni oyoq-osti bo‘lishi yoki vaqti kelib qadrsizlanishini e'tiborga olish zarur. Zero fiqhiy manbalarda Alloh taolo va uning sifatlari, oyati karimalar, payg‘ambarlarning ismlari yozilgan narsalar bilan hojatga kirish makruh ekani, ularni tashqarida qoldirish mustahabligi ta'kidlangan. Qazoi hojat qilmoqchi bo‘lgan shaxs o‘zi bilan Alloh taoloning ismi yozilgan, shuningdek, maloikalar, Aziz, Karim, Muhammad, Ahmadga o‘xshash ulug‘ ismlarni birga olmasligi kerak. Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam qachonki xaloga kirsalar, uzuklarini yechib qo‘yar edilar” (Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyati).

Ma'lumki, Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallamning uzuklarida “Muhammadur-Rasululloh” degan yozuv bor edi. Podshohlarga maktub yuborsalar, o‘sha uzukni muhr qilib bosar edilar. Uzukda Allohning ismi yozilgan bo‘lgani uchun ham xaloga kirganlarida uni yechib qo‘yar edilar. Shunga binoan, Alloh taoloning ismi yozilgan narsa bilan, ayniqsa, Qur'oni karim bilan xaloga kirib bo‘lmaydi.

Yana bir holat mashinalarga turli so‘zlarni yozib olishdir. Ma'lumki, ko‘chada yurish ko‘pchilikning haqqi hisoblanadi. Shuning uchun mashinalarga turli-tuman, ma'noli-ma'nosiz, o‘zgalarni jig‘iga tegadigan so‘zlarini yozib olish, ko‘chaning haqqiga rioya qilmaslik va madaniyatsizlik belgisidir.

Bu so‘zlar dinimizga taalluqli so‘zlar (Alloh, Muhammad, Mashaalloh, La ilaha illalloh) bo‘lsa, ko‘pchilik ulamolar bularni yozishni muboh deb bilganlar. Faqat Saudiya Arabistoni “Katta ulamolari hay'ati” bu ishlar: “Qur'on va Sunnatda asli yo‘q, bid'at ishlar”, degan illatni keltirib, joiz emas deyishgan.

Xulosa shuki, (dinimizda alohida ta'kidlagan o‘rinlardan tashqari) tashqi ko‘rinish, muboh ishlar va turli yozuv-alomatlarga berilib ketish foydasi yo‘q ishlardandir. Dinimizda ixlos, niyatni xolis qilishning o‘rni katta bo‘lib, bugungi kunda ularga e'tibor qaratishga ko‘proq muhtojmiz. Har qancha atrofimizni yozuvlar va alomatlar bilan to‘ldirmaylik, bu bizga savob keltirmaydi. Balki eng katta savob imon va ixlos bilan qilingan farz, vojib, sunnat va boshqa savob amallardan, hamda harom ishlardan tiyilishdan keladi. Eng muhimi, Qiyomatda go‘zal qalb bilan kelgan kishilar najot topadilar:

يَوْمَ لَا يَنْفَعُ مَالٌ وَلَا بَنُونَ إِلَّا مَنْ أَتَى اللَّهَ بِقَلْبٍ سَلِيمٍ

“U kunda na mol-dunyo va na farzandlar foyda bermas, Faqat Alloh huzuriga sog‘lom dil bilan kelgan kishilargagina (foyda berur)” (Shu'aro, 88).

Vallohu a'lam bissavob.

 

"Solih amal – qalb lazzati" nomli mav'izani yuklab olish (PDF formatda)


Kiritilgan vaqti: 02/07/2021 09:08;   Ko‘rilganligi: 1678
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/islam/juma/02072021-y-solih-amal-qalb-lazzati
Chop etilgan vaqti: 27/04/2024 01:23
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing