O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Juma mav'izalari

01.04.2022 y. Xush kelding Ramazon!

 
 

بسم الله الرحمن الرحيم

الحَمْدُ لله وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى رَسُولِهِ محمد وَعَلَى آلِهِ وَأَصْحَابِهِ أَجْمَعِينَ

Muhtaram jamoat! Muborak kunlar ostonasida turibmiz. Oylarning sultoni Ramazon soya solib turibdi. Ramazon so‘zining ma'nolaridan biri shuki, arablar bahor kirib kelganda eng birinchi yog‘adigan yomg‘irlarni Ramazon deb atashgan. Dehqonlar shu yomg‘irlardan keyin qarashar, qaysi daraxt shu yomg‘irdan keyin kurtak otsa unga parvarishni davom ettirishar, qaysi bir daraxt kurtak otmagan bo‘lsa undan umidni uzishar ekan. Bir so‘z bilan aytganda u yomg‘ir ular uchun umid yomg‘iri hisoblanar ekan. Biz mo‘min-musulmonlar uchun ham Robbimiz rahmatlari yog‘iladigan oy – Ramazon yaqinlashmoqda. Kim Ramazon kelganidan xursand bo‘lsa va unda yomonliklardan tiyilish hamda oz bo‘lsada yaxshilik sari qadam qo‘yishni niyat qilsa, uning yaxshilikka erishishidan umid qilsa bo‘ladi. Ayni shu kunlar arafasida Payg‘ambarimiz alayhissalom sahobalarga quyidagi so‘zlarni aytganlari rivoyat qilingan:

يَا أَيُّهَا النَّاسُ إِنَّهُ قَدْ أَظَلَّكُمْ شَهْرٌ عَظِيمٌ شَهْرٌ مُبَارَكٌ فِيهِ لَيْلَةٌ خَيْرٌ مِنْ أَلْفِ شَهْرٍ فَرَضَ اللَّهُ صِيَامَهُ وَجَعَلَ قِيَامَ لَيْلِهِ تَطَوُّعًا فَمَنْ تَطَوَّعَ فِيهِ بِخِصْلَةٍ مِنَ الْخَيْرِ كَانَ كَمَنْ أَدَّى فَرِيضَةً فَمَا سِوَاهُ وَمَنْ أَدَّى فِيهِ فَرِيضَةً كَانَ كَمَنْ أَدَّى سَبْعِينَ فَرِيضَةً وَهُوَ شَهْرُ الصَّبْرِ وَالصَّبْرُ ثَوَابُهُ الْجَنَّةُ وَهُوَ شَهْرُ الْمُوَاسَاةِ وَهُوَ شَهْرٌ يُزَادُ رِزْقُ الْمُؤْمِنِ فِيهِ مَنْ فَطَّرَ صَائِمًا كَانَ لَهُ عِتْقُ رَقَبَةٍ وَمَغْفِرَةٌ لِذُنُوبِهِ" قِيلَ: يَا رَسُولَ اللهِ لَيْسَ كُلُّنَا يَجِدُ مَا يُفَطِّرُ الصَّائِمَ قَالَ: "يُعْطِي اللَّهُ هَذَا الثَّوَابَ مَنْ فَطَّرَ صَائِمًا عَلَى مَذْقَةِ لَبَنٍ أَوْ تَمْرَةٍ أَوْ شَرْبَةِ مَاءٍ وَمَنْ أَشْبَعَ صَائِمًا كَانَ لَهُ مَغْفِرَةٌ لِذُنُوبِهِ وَسَقَاهُ اللَّهُ مِنْ حَوْضِي شَرْبَةً لاَ يَظْمَأُ حَتَّى يَدْخُلَ الْجَنَّةَ وَكَانَ لَهُ مِثْلُ أَجْرِهِ مِنْ غَيْرِ أَنْ يَنْقُصَ مِنْ أَجْرِهِ شَيْئًا وَهُوَ شَهْرٌ أَوَّلُهُ رَحْمَةٌ وَأَوْسَطُهُ مَغْفِرَةٌ وَآخِرُهُ عِتْقٌ مِنَ النَّارِ وَمَنْ خَفَّفَ عَنْ مَمْلُوكِهِ فِيهِ أَعْتَقَهُ اللَّهُ مِنَ النَّارِ

(أخرجه الإمام البيهقي عَنْ سَلْمَانَ الْفَارِسِيِّ رضي الله عنه)

ya'ni: “Ey, insonlar! Ulug‘, muborak oy sizlarga soya solib turibdi. Bu oyda ming oydan ko‘ra yaxshiroq bir kecha bor. Alloh taolo bu oyning ro‘zasini farz qildi, kechasi bedor bo‘lishni nafl qildi. Kim unda biror bir yaxshilik ila Allohga yaqinlik hosil qilsa, xuddi boshqa oylarda farzni ado qilganga o‘xshaydi. Kim unda bir farz amalni ado etsa (boshqa oylarda) etmishta farzni ado qilgandek bo‘ladi. Bu oy sabr oyidir. Sabrning savobi jannatdir. Bu oy o‘zgalardan ko‘ngil so‘rash, mehr-muruvvat oyidir. Bu oyda mo‘min kishining rizqi ziyoda bo‘ladi. Kim u kunda biror ro‘zadorga iftorlik qilib bersa, bu uning gunohlariga mag‘firat va jahannamdan ozod bo‘lishiga sabab bo‘ladi”, – dedilar. Shunda: “Ey, Allohning Rasuli! Hammamiz ham ro‘zadorga beradigan iftorlik topa olmaymiz-ku”, – deyishdi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: Alloh taolo bu savobni ro‘zadorga bir yutum sut yo bir dona xurmo yo bir qultum suv bilan iftorlik qilib bergan kishiga beradi. Kim ro‘zadorni to‘ydirsa, bu uning gunohlariga kafforat bo‘ladi va Alloh taolo uni mening havzimdan sug‘oradiki, undan keyin to jannatga kirguncha chanqamaydi. Iftorlik qilib berganga ham ro‘zadorning ajridan biror narsa kamaytirilmagan holda, uning ajriga teng savob bo‘ladi. Bu oyning avvali rahmat, o‘rtasi mag‘firat, oxiri jahannamdan ozod bo‘lishdir. Kim Ramazon oyida qo‘l ostidagi (xizmatchisi)ga engillik qilsa, Alloh taolo uni mag‘firat qiladi va uni do‘zaxdan ozod qiladi”, – dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyatlari).

Ushbu hadisdan Ramazondagi har qanday amalning ajri bir necha barobar qilib berilishini bilib oldik. Bularni yaxshi anglagan ummat peshvolari bo‘lmish sahobai kiromlar Ramazonni xuddi bir ulug‘ mehmondek kutib olar edilar. Ular Ramazonga o‘tgan gunoh va xatolari uchun tavbalar qilib, imkon qadar zimmalaridagi qarzlarni ado qilib, hatto ba'zilari zimmasida hech qanday haq qolmasligi uchun zakotlarini ado qilib kirar edilar. Zotan, ushbu oy mo‘min-musulmonlar uchun ibodat mavsumi hisoblanadi. Misol uchun ba'zilar bozor va katta-katta do‘konlarning chegirmalar mavsumini kutib yashaydilar. Narsalarning narxi pasaytirib beriladigan, bitta narsaning narxiga ikki yoki uchta narsa beriladigan kunlarda do‘konlar odamlarga to‘lib ketadi. Oldingi solih zotlar Ramazonni ajr va savoblar bir necha o‘nlab marta ko‘p beriladigan mavsum sifatida ko‘rganlar. Shuning uchun ham ular Ramazonga olti oy qolganidan boshlab unga yetkazishni so‘rab Alloh taologa duo qilganlar. Aslida Ramazonga yetib kelish ulkan ne'mat va katta imkoniyatdir. Chunki oy rahmat oyidir, omonlik oyidir. Unda qancha-qancha insonlar do‘zaxdan najot topish baxtiga musharraf bo‘ladilar. Bu xususda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam shunday deganlar:

إذا كان أولُ ليلةٍ من شهرِ رمضانَ صُفِّدَتِ الشياطينُ ومَرَدةُ الجنِّ ، وغُلِّقتْ أبوابُ النارِ فلم يُفتحْ منها بابٌ ، وفُتِّحَتْ أبوابُ الجنةِ فلم يُغلقْ منها بابٌ ، ويُنادي منادٍ كلَّ ليلةٍ : يا باغيَ الخيرِ أقبلْ ، ويا باغيَ الشرِّ أقْصرْ ، وللهِ عتقاءُ من النارِ ، وذلك كلَّ ليلةٍ

(رواه الترمذي عن أبي هريرة رضي الله عنه)

ya'ni: “Ramazonning birinchi kechasida shaytonlar va sarkash jinlar zanjirband qilinadi. Do‘zax eshiklari yopiladi. Uning bironta eshigi ochilmaydi. Jannat eshiklari ochiladi. Uning bironta eshigi yopilmaydi. Har kechada bir nido qiluvchi nido qiladi: “Ey yaxshilik istovchi!. Ey yomonlik istovchi!. Allohning do‘zaxdan ozod qilingan bandalari bo‘ladi va bu har kechada sodir bo‘ladi” (Imom Termiziy rivoyatlari).

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam ushbu oyni alohida e'tibor bilan o‘tkazar edilar. Bu haqda shunday deyiladi:

عن ابن عباس رضي الله عنهما ، قَالَ : كَانَ رسول الله صلى الله عليه وسلم أجْوَدَ النَّاسِ، وَكَانَ أجْوَدَ مَا يَكُونُ في رَمَضَانَ حِيْنَ يَلْقَاهُ جِبْريلُ ، وَكَانَ جِبْريلُ يَلْقَاهُ في كُلِّ لَيْلَةٍ مِنْ رَمَضَانَ فَيُدَارِسُهُ القُرْآنَ ، فَلَرَسُولُ الله صلى الله عليه وسلم حِيْنَ يَلْقَاهُ جِبرِيلُ أجْوَدُ بالخَيْرِ مِن الرِّيحِ المُرْسَلَةِ

 (متفقٌ عَلَيْهِ)

ya'ni: “Rasululloh sallallohu alayhi va sallam insonlarning eng saxiysi edilar. U zotning eng saxovatli holatlari Ramazonda – Jabroil bilan uchrashgan vaqtda  bo‘lar edi. Jabroil alayhissalom Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bilan Ramazonning har tunida uchrashar edi va Qur'onni dars qilishar edi. Haqiqatda shu kunlarda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam yaxshilikda erkin shamoldan ham saxiy bo‘lib ketar edilar” (Muttafaqun alayh).

Bundan ma'lum bo‘ladiki, Ramazon Qur'on va saxovat oyidir. Zero Qur'on Ramazonda nozil qilingan. Qur'oni karim oyatlarida ham Ramazon Qur'on nozil  qilingan oy sifatida vasf etilgan:

  شَهْرُ رَمَضَانَ الَّذِي أُنْزِلَ فِيهِ الْقُرْآَنُ هُدًى لِلنَّاسِ وَبَيِّنَاتٍ مِنَ الْهُدَى وَالْفُرْقَانِ

ya'ni: “Ramazon oyi – unda odamlarga hidoyat hamda hidoyatu furqondan iborat Qur'on nozil qilingandir”, deyiladi (Baqara surasi 185-oyat).

Ramazonning Qur'on tushirilishi uchun tanlab olingani ham uning ulug‘ fazilatga ega ekaniga dalolat qiladi. Zero bu Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan sunnat bo‘lgan amaldir. Sahobai kiromlar va tobe'inlar ushbu oyda Qur'on tilovati va darsiga alohida ahamiyat berishlari ham shundandir.

Sufyon Savriy Ramazon kirsa odamlarga ko‘p aralashmay Qur'on tilovatiga yuzlanar edi. Imom Molik Ramazon kirishiga hadis darslarini qo‘yib, mus'hafni olib tilovatga berilar edi.

Ramazonda qaysi amalga bel bog‘lasam bo‘larkan, qaysi amal ko‘proq ajr va baraka keltirar ekan, deb o‘ylab turgan insonlarga ulamolar bu oyda ko‘proq Alloh taoloning kalomi Qur'oni karimni tilovat qilish, uni tinglash va uni o‘rganishni tavsiya qiladilar. Shuning uchun taroveh namozlarida Qur'oni karimni xatm qilish sunnat hisoblanadi. Ramazon va Qur'on qiyomatda mo‘minlar uchun shafoatchi maqomida bo‘ladi. Hadisi sharifda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam shunday deganlar:

الصيامُ والقرآنُ يَشْفَعانِ للعبدِ، يقولُ الصيامُ: أَيْ رَبِّ! إني مَنَعْتُهُ الطعامَ والشهواتِ بالنهارِ، فشَفِّعْنِي فيه، ويقولُ القرآنُ: مَنَعْتُهُ النومَ بالليلِ، فشَفِّعْنِي فيه؛ فيَشْفَعَانِ

ya'ni: “Ro‘za va Qur'on ikkisi Qiyomat kuni bandani shafoat qiladi: Ro‘za: “Ey Rabbim, men buni kunduzlari taom va shahvatlardan to‘sgan edim. Uning haqida shafoatimni qabul qil. Qur'on: “Men uni kechalari uyqudan to‘sgan edim. Uning haqida shafoatimni qabul qil”, deydi. Bas, ikkovining ham shafoati qabul qilinadi” (Imom Ahmad rivoyatlari).

Alloh taolo bandalarini yaxshi ko‘rsada, ularga onalaridan mehribonroq bo‘lsada ularning zimmasiga ro‘zani farz qildi va bu oyning ma'lum vaqtida och va tashna yurishlarini xohladi. Bunga sabab shuki, ro‘za ular uchun ham ma'naviy, ham jismoniy ma'noda shifo bo‘ladi. Buning misoli ona bolasini yaxshi ko‘rsa ham bola kasal bo‘lgan vaqtda achchiq dorilarni unga majburlab ichirib, uni shifo topishini xohlashi kabidir. Shuning uchun ham ro‘za farz qilingan oyatning oxirida “shoyadki taqvo qilsangiz” deyildi. Ya'ni sizlar ro‘za tutish orqali taqvoga ya'ni zohiriy va botiniy gunohlardan saqlanish malakasiga ega bo‘lasiz.

Ro‘zaning mo‘minlar uchun eng katta manfaati bu uni do‘zax otashidan himoya qilishi va undan uzoqlashtirishi hisoblanadi. Bu xususda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam shunday deydilar:

 مَا مِنْ عبْدٍ يصُومُ يَوماً في سبِيلِ اللَّه إِلاَّ باعَدَ اللَّه بِذلك اليَومِ وجهَهُ عَن النَّارِ سبعينَ خرِيفاً 

(متفقٌ عليه عَنْ أَبي سَعيدٍ الخُدْريِّ رَضيَ اللَّه عنهُ)

ya'ni: “Qaysi bir banda Alloh yo‘lida bir kun ro‘za tutar ekan Alloh taolo uning yuzini shu tufayli yetmish kuz (ya'ni yetmish yillik masofaga) do‘zaxdan uzoq qiladi” (Muttafaqun alayh).

Rasululloh sallallohu alayhi va sallam shunday marhamat qilganlar:

مَنْ صَامَ رَمَضَانَ إيمَاناً وَاحْتِسَاباً، غُفِرَ لَهُ مَا تَقَدَّمَ مِنْ ذَنْبِهِ

(متفقٌ عَلَيْهِ عن أَبي هريرة رضي الله عنه)

ya'ni: “Kim Ramazon oyida imon bilan, savob umidida ro‘za tutsa, uning o‘tgan gunohlari kechiriladi” (Muttafaqun alayh).

Ushbu hadisda Ramazondek buyuk fazilatlarga boy oyda faqat ro‘za tutibgina kifoyalanmasdan, balki kechalari qoim bo‘lib, taroveh namozlarida Qur'on tilovatini tinglasalar, Alloh taoloning buyuk va'dalariga sazovor bo‘ladilar.

Bu oyda fursatni g‘animat bilish uchun odatdagi ibodatlarga qo‘shimcha ravishda 20 rakat tarovih namozi sunnat qilingan. Bu esa savoblarning bir necha barobar bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Bu haqda Payg‘ambarimiz alayhissalom shunday deydilar:

 مَنْ قَامَ رَمَضَانَ إِيمَانًا وَاحْتِسَابًا غُفِرَ لَهُ مَا تَقَدَّمَ مِنْ ذَنْبِهِ

(رواه الامام البخاري عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه)

ya'ni: “Kim imon bilan, savob umidida Ramazon kechalari qoim bo‘lsa, uning o‘tgan gunohlari kechiriladi” (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Muhtaram azizlar! Ushbu oy toat va ibodat, mehr va oqibat, muruvvat va saxovat oyidir. Yuqoridagi o‘tgan hadislardan Ramazonda qilinadigan amallarning fazilatlari, xususan ro‘zadorlarga iftor qilib berish gunohlarimizga kafforat bo‘lishini tushunib oldik. Lekin shu o‘rinda bir mulohazani eslatib o‘tamizki, xalqimizning diniy saviyasi ortib, savob va gunoh to‘g‘risidagi tushunchalari ham shakllanib bormoqda. Qilayotgan amallari qabul bo‘lishi uchun ixlos qanchalik zarur bo‘lsa, riyo amallarning savobini bekor qilishini yaxshi anglamoqdalar. Shundan kelib chiqib iftorlik bermoqchi azizlarimiz qiladigan iftorliklarini ixcham tarzda, dabdaba va riyokorliklardan chetlangan holda, hashamatli restoran yoki kafelarda emas, balki uyda oila va yaqinlari davrasida o‘tkazishlari maqsadga muvofiq bo‘ladi. Dabdaba qilib, o‘ziga to‘q kishilarga iftorlik bergandan ko‘ra, beva-bechora va yetim-esirlarga, mehribonlik uylariga xayr-ehson qilish dinimizda eng maqbul ishlardandir.    

Shuningdek,  Ramazon tavba va istig‘for, zikr va tasbehlar oyidir. Duo va tazarru' oyidir. Rahm-shafqat va kechirimli bo‘lish oyidir. Bu muborak oyga tavba bilan, bir-birlarimizdagi haqlarni ado etib, bir-birimizga bo‘lgan gina va adovatlarni unutib, bir-birimizni kechirib kirib boraylik. Yaxshilikda musobaqalashaylik. Mo‘minning umri faqatgina yaxshilikni ziyoda qilishi kerak. Bu kunlar ham o‘tib ketadi. Bundan so‘ng to‘qlik kunlari yana keladi. Tomoqlarimiz yana ho‘l bo‘ladi, ammo ajr qoladi insha Alloh!

Majruh qalblarga davo bo‘ladigan, mahzun qalblarga tasalli bo‘ladigan, tog‘lar qadar ajr bo‘ladigan Qur'on xatmlarida qatnashaylik. Elu yurt haqiga, aziz vatanimiz haqiga duolar qilaylik. Tinchlik va xotirjam kunlar bardavom bo‘lishini Haq taolodan so‘raylik.

Barchamizga Ramazon oyi muborak bo‘lsin! Uni g‘animat bilib, yaxshiliklar bilan o‘tkazishni barchamizga nasib qilsin! Omin!

 

“Xush kelding Ramazon!” nomli mav'izani yuklab olish (PDF formatda)


Kiritilgan vaqti: 30/03/2022 13:22;   Ko‘rilganligi: 810
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/islam/juma/01042022-y-xush-kelding-ramazon
Chop etilgan vaqti: 28/03/2024 14:01
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing