O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Hadislar

Vahiyning boshlanishi kitobi (2 BOB)

 
 

2-hadis. Horis ibn Hishom (r.z.) Rasululloh s.a.v.dan: “Yo Rasululloh, sizga vahiy qanday keladi,” – deb so‘radi. Rasululloh s.a.v.: “Menga vahiy, ba’zan qo‘ng‘iroq ovozi yanglig‘ kelardi. Kuchli vahiy kelganda shunday bo‘ladi. Shunda men butun borliqni unutib, vahiy so‘zlarini o‘qib olardim. Ba’zan esa, inson qiyofasidagi farishta menga vahiy keltirar va men uning aytganlarini yodlab olar edim”, – deb javob qildilar.

Oisha (rz.): “Qattiq sovuq kunlarning birida u zotga vahiy kelganining guvohi bo‘ldim. Shunda u kishi butun borliqni unutgan holatda bo‘lib, peshonalari qattiq terlab ketgan edi”, – deb aytdilar. (yana q. 3215hadis)

Horis ibn Hishom – Abu Abdurohman al-Maxzumiy, sahoba, Makkada istiqomat qilgan, Payg‘ambar a.s.dan bir necha hadis rivoyat qilgan. Maxzum qabilasining yetakchisi, Rasululloh s.a.v. u kishiga 100ta tuya hadya qilgan. Ummat olimlaridan biri. Nabirasi Abu Bakr ibn Abdurohman tobe’iyn Makka muftiylaridan biri bo‘lgan.

Oisha (rz.) – Oisha binti Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuma, Makka shahrida tug‘ilgan, mo‘minlarning onasi, sahobiya, Payg‘ambarimiz s.a.v.ning zavjalari.

Hadisning ahamiyati haqida

Imom Buxoriy har tomonlama amallar debochasi hisoblangan “niyat” to‘g‘risidagi hadisni keltirganlaridan so‘ng, niyat va amallarni isloh qilish uchun asosiy vosita bo‘lgan “vahiy” to‘g‘risidagi hadislarni keltirdilar.

Vahiy – Alloh taolo tomonidan tanlab olingan payg‘ambariga bilvosita yoki bevosita aytilgan, jo‘natilgan “ilohiy so‘z, ilohiy ko‘rsatma” bo‘lib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri qalbga indiriladi. Ibn Abbos bu haqda:

عن ابن عباس رضي الله عنه: أن الوحي هو القذف في القلب

“Vahiy – qalbga indirilgan narsadir,” – dedilar.

Alloh taolo inson zotini O‘zi bilan so‘zlashishi faqat vahiy orqali bo‘lishi mumkin ekanligini aytadi:

فقال تعالى: {وَمَا كَانَ لِبَشَرٍ أَن يُكَلّمَهُ اللَّهُ إِلاَّ وَحْياً} (الشورى: 51).

“Biron odam (ya’ni, nabiy yoki rasul) uchun Alloh unga so‘zlashi joiz emas, magar vahiy-ilhom orqali, (so‘zlar)”ظ (Sho‘ro surasi 51.)

Vahiy kelishi amalda ommatan insonlarga taalluqli bo‘lmasdan, balki faqat payg‘ambarlarga xos amal hisoblanadi. Ya’ni, vahiy faqat payg‘ambarlarga nozil bo‘ladi. Alloh taolo insonlarni dunyo va oxiratiga oid qonun-qoidalarni payg‘ambarlariga jo‘natilgan vahiy orqali ularga bildiradi.

Qur’on oyat va hadislarida kelgan xabarlardan payg‘ambarlarga vahiy bir necha xil ko‘rinishda bo‘ladi shulardan;

1. Rost tush – Payg‘ambar s.a.v.ga vahiy, payg‘ambarlik martabasi berilishidan avval rost tushlarni ko‘rish orqali boshlangan. Rasululloh s.a.v. “Payg‘ambarlarnipg tushlari vahiydir”, – deb aytganlar. Ibrohim Xalilullohning ham tushlarida o‘z o‘g‘illari Ismoil zabixullohning Alloh yo‘lida qurbonliq qilishga buyurilishini bunga misol bo‘la oladi.

2. Vahiy ilhom – Alloh taolo tomonidan biron bir masala yoki ishning yechiminini to‘g‘ridan-to‘g‘ri payg‘ambarning qalbiga solinishi. “Va u (Payg‘ambar) o‘z havoyi-xohishi bilan so‘zlamas.” (Najm surasi, 3.). Ushbu oyatga binoan, Payg‘ambar s.a.v.ning dinga oid hadisi shariflari ham “vahiy ilhom”ning hosilasi hisoblanadi.

3. Biron parda-to‘siq ortidan Alloh taolo O‘z payg‘ambariga so‘zlashidir. Bunga Tur tog‘ida Muso a.s. va Me’rojda Payg‘ambarimiz Muhammad s.a.v. muyassar bo‘lganlar.

4. Alloh taolo O‘z payg‘ambarlariga farishtalar orqali vahiy yuborishi bo‘lib, bunda Tangri taoloning vahiylarini payg‘ambarlarga eltguvchi o‘rtadagi asosiy vositachi farishta – Jabroil alayhis-salomdirlar.

Yuqorida aytilgan dalillardan ma’lum bo‘ladiki, vahiy – Alloh taolo insonlar ichidan o‘zi xoslagan solih bandalari (payg‘ambarlari)ga jo‘natiladigan ilohiy ko‘rsatmadir. Hozirgi vaqtda Tangri yoki farishtalar bilan gaplashayotganini hamda vahiy kabi buyuk ishlarni da’vo qilayotgan soxta payg‘ambarlaru kohinlar shaytonning malaylaridan boshqa narsa emas.

Hadisning umumiy ma’nosi.

Sahobalar nazaridan Rasululloh s.a.v.ning hayotidagi biror narsa chetda qolmagan. U zotlar Payg‘ambar a.s.dan shariatga taalluqli har bir hukm bilan birgalikda u zotning hayoti bilan bog‘liq har bir hodisa, voqeani bilishga intilishar edilar. Ana shunday kunlarning birida sahobalardan biri “Horis ibn Hishom (r.z.) Rasululloh s.a.v.dan: “Yo Rasululloh, sizga vahiy qanday keladi,” – deb so‘radi.” Ya’ni, Sizga vahiy qanday, qanday ko‘rinishlarda keladi?

“Rasululloh s.a.v.: “Menga vahiy, ba’zan qo‘ng‘iroq ovozi yanglig‘ kelardi.”

Payg‘ambar a.s. vahiyning kelishini qo‘ng‘iroq ovoziga o‘xshatmoqdalar. Qo‘ng‘iroq ovozi – har bir temir yoki qattiq jismning bir-biriga urilganda chiqadigan ovozga aytiladi. Bu kabi ovozlar eshituvchi uchun bir tarafdan emas, balki hamma tomondan keladi. Vahiy – Alloh taoloning kalomidir. Uni ovozi ham vahiyni qabul qilib oluvchi payg‘ambarga qo‘ng‘iroq ovozi kabi hamma tomondan keladi. Shuning uchun Payg‘ambarimiz s.a.v. vahiyni kelishini “Menga vahiy, ba’zan qo‘ng‘iroq ovozi yanglig‘ kelardi.” deb ta’rifladilar.

“Kuchli vahiy kelganda shunday bo‘ladi.”

Alloh taolo bilan payg‘ambarning o‘rtasida vahiyni keltiruvchi vositachi farishtasiz amalga oshgan vahiy. Vahiyning bu taxlitda kelishini Rasululoh s.a.v., “qo‘ng‘iroq ovozi yanglig‘” “kuchli vahiy”, dedilar.

Manbalarda keltirilishicha, vahiy uch xil holat bilan kelar ekan;

1. Vahiyni nozil qilayotgan zot (Alloh taolo) tomonidan vahiy qilinayotgan zot (payg‘ambar)ning qalbi O‘ziga mutlaq bo‘ysundirilishi va unga vahiyni tushurilishi. Bu holatda vahiy farishtasi vositachilik qilmaydi.

2. Vahiy kelayotganda vahiy tushirilayotgan zot (payg‘ambar)ning hissiy sezgilariga ta’sir qilinishi. U holatda ovozni eshitadi, u ovoz Imom Buxoriy nazdida Alloh taoloning ovozidir va u maxluqlar ovoziga o‘xshamaydi.

3. Vahiyni farishta tomonidan keltirilishi. Bu ikki qismdan iborat; a). Payg‘ambarning ichki olami – botini, qalbi vahiy farishtasiga bo‘ysundirilishi; b). Vahiy farishtasi inson suvratida kelib, payg‘ambarga yuzma-yuz holatda vahiyni so‘zlamoqligi.

“Ba’zan esa, inson qiyofasidagi farishta menga vahiy keltirar va men uning aytganlarini yodlab olar edim”, – deb javob qildilar.”

Yuqorida aytilinganidek, vahiy payg‘ambarimizga turli xil ko‘rinishlarda kelar, undan so‘ng kelgan vahiy Alloh taoloning inoyati bilan u zotning qalblariga muhrlanar edi. Bu haqda Qur’oni karimda shunday deyiladi:

“(Ey Muhammad, Qur’onni) tezroq (yodlab) olish uchun tilingizni u bilan qimirlatmay-pichirlamay qo‘ya qoling. 16. Zero uni (sizning dilingizda) jamlash ham, (tilingizda) qiroat qildirish ham Bizning zimmamizdadir.17. Bas, qachon Biz (ya’ni Jabroil farishta) uni (ya’ni har bir vahiyni) o‘qib bitganimizdan so‘nggina siz ham uni o‘qishga ergashing!18. So‘ngra uni — Qur’onni bayon qilib berish ham albatta Bizning zimmamizdadir.19.” (Qiyomat, 16-19.)

Oisha r.z. Payg‘ambar s.a.v.ga vahiy kelayotgan vaqtda u zotning holatlaridan so‘zlab bermoqdalar. Oisha (rz.): “Qattiq sovuq kunlarning birida u zotga vahiy kelganining guvohi bo‘ldim. Shunda u kishi butun borliqni unutgan holatda bo‘lib, peshonalari qattiq terlab ketgan edi”, – deb aytdilar.

Payg‘ambarimiz s.a.v. Alloh taolodan keladigan vahiyga juda qattiq e’ibor qaratib, vahiyning har bir harfi va ohangini eslab qolishga intilar edilar. U zotga vahiy kelgan vaqtda atrofdagi hech bir narsa u zotni vahiydan chalg‘ita olmas edi. Yuqorida aytilganidek, vahiy kelayotganda u zotning qalblari vahiyga bog‘lanib, dunyodan mutlaq uzilar edi.

Hadisdan olinadigan istifodalar.

1. Vahiy – insoniyatga nisbatan Alloh taoloning rahmati ekanligi.

2. Vahiy kelishi faqat Alloh taolo hamda payg‘ambarlarga xos bo‘lgan ish ekanligi.


Kiritilgan vaqti: 01/12/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 6062
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/islam/hadiths/vahiyning-boshlanishi-kitobi--2-bob-
Chop etilgan vaqti: 27/02/2024 02:25
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing