O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Hadislar

MAKKA BILAN UNDAGI BINONING FAZILATI HAQIDA

 
 

Alloh taolo bu xususda bunday deydir: «Biz Ka’bani odamlar uchun har yili to‘planadigan joy qilib berdik va unga tinchlik-omonlik baxsh etdik, shunday ekan, Ibrohim Maqomini o‘zingizga namozgoh qilib oling! Biz Ibrohim va Ismoilga «Uyimni (Baytullohni) tavof va e’tikof etguvchilar uchun hamda ruku’ va sajda qilish uchun pokiza qiling!» deb topshirdik. Ibrohim: «Yo rabbiy, bu yurtni tinchlik-omonlik maskaniga aylantirgin, uning Allohga iymon keltirgan, oxirat kuniga ishongan ahliga ne’matingni bisyor qilgil!» – deb iltijo qilgan edi. Alloh taolo: «Kim kofir bo‘lsa, kam ne’mat beraman, so‘ng ularni do‘zax azobiga mubtalo qilaman», – degan. Oxirat qanchalik dahshatlidir! Eslang, Ibrohim va Ismoil Ka’baning poydevorini qurayotib: «Yo rabbimiz, ushbu binomizni qabul qilgin, haqiqatan sen o‘zing eshitguvchi, bilguvchi zotdirsan! Yo rabbimiz, bizni o‘zingga bo‘yin eggan musulmon banda qilgin, zurriyotimizni ham musulmon ummat qilgin, bizga hajda ado etmog‘imiz lozim bo‘lgan udumlarni ko‘rsatgin (aytgin), bizning tavbalarimizni qabul etgin, haqiqatan sen o‘zing tavbamizni qabul qilguvchi mehribon zotdirsan!»-deyishgan».

Jobir ibn Abdulloh rivoyat qiladilar: «Ka’ba qayta qurilayotganda Nabiy sollallohu alayhi va sallam bilan Abbos tosh tashishga bordilar (keldilar). Abbos Nabiy sollallohu alayhi va sallamga: «Izoringni yechib, yelkangga qo‘yib olgin!» – dedilar. Janob Rasululloh shunday qilgan edilar, ko‘zlari tinib, boshlari aylanib, chalqancha yiqilib tushdilar. Keyin: «Izorim qani, olib bering!» – dedilar. Izorlarini olib berishgan edi, o‘ranib oldilar».

Nabiy sollallohu alayhi va sallamning zaifalari Oisha roziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Nabiy sollallohu alayhi va sallam menga: «Qavming Ka’bani qayta qurgan vaqtda Ibrohim qurgan poydevorni pasaytirganlarini bilmasmisan?» – dedilar. Men: «Yo Rasululloh, Ibrohim qurgan poydevorni asliga keltirib qo‘ymasmisiz?» – dedim. Janob Rasululloh: «Agar qavming yaqindagina kofir bo‘lmaganda edi, shunday qilgan bo‘lar edim», – dedilar».

Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Agar Oisha roziyallohu anho bu hadisni Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan eshitgan bo‘lsalar, unda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam hijr (devor) yaqinidagi ikki ustunni silab, o‘pmaganlar, deyolmasman, chunki Ka’baning poydevori Ibrohim davridagidek qilib, asliga keltirilmagan».

Oisha roziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Men Nabiy sollallohu alayhi va sallamdan: «Ka’ba devori ichkariga olinadimi?» – deb so‘radim. Janob Rasululloh: «Ha», – dedilar. Men: «Nima uchun ular devorni Ka’ba ichiga olmaganlar?»-dedim. Janob Rasululloh: «Qavmingga nafaqa kamlik qilgan», – dedilar. Men: «Nima uchun eshigi baland qilib qurilgan?» – dedim. Janob Rasululloh: «Qavming o‘zlari istagan kishilarni kiritib, istamaganlarini qo‘ymaslik uchun shunday qilishgan. Agar qavming johiliyadan chiqib, endigina islomga qadam qo‘ygan bo‘lmaganida, devorni buzib, Ka’ba ichkarisiga olar edim, eshigini bo‘lsa, yerga yopishtirib (ostonasini past qilib) qurar edim, lekin ularning qalblari inkor qilishidan (fe’llari aynib, islomdan qaytib qolishlaridan) cho‘chiyman».-dedilar».

Oisha roziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam menga: Agar qavming yaqindagina kofirlikni tark etib, endigina islomga qadam qo‘ygan bo‘lmaganida edi, men Ibrohim alayhi-s-salot va-s-salom davridagi poydevorni tiklab, Ka’bani qayta qurgan bo‘lar edim. Quraysh ahli binoni past qurib qo‘ydi. Men orqadan ham eshik qurgan bo‘lar edim», – dedilar».

Oisha roziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Nabiy sollallohu alayhi va sallam: «Ey Oisha, agar qavming johiliyadan chiqib, endigina islomga qadam qo‘ygan bo‘lmaganida, men Ka’bani shaksiz buzishga amr qilar edim, undan nimaiki tashqariga olib chiqib qurilgan bo‘lsa, ichkariga olar edim, mavjud eshik ostonasini pasaytirib, yana ikkita – mashriq va mag‘rib tomondan eshiklar ochar edim. Imoratning poydevorini Ibrohim alayhi-s-salot va-s-salom davridagidek qilib qurar edim», – dedilar.

Mana shularning hammasini buzish Ibn Zubayr zimmasiga tushdi. Yazid roziyallohu anhu: «Men Ibn Zubayr Ka’bani buzib, yangidan barpo qilganining shohidi bo‘lganman, u hijrning (devorning) bir qismini Ka’ba ichkarisiga oldi, keyin men Ibrohim qurgan poydevor toshini ham ko‘rdim, u tuya o‘rkachiga o‘xshar ekan», – deydilar. Jarir roziyallohu anhu bunday deydilar: «Men Yaziddan eski poydevorning qayerdaligini so‘radim. U kishi: «Hozir senga ko‘rsataman», -dedilarda, meni hijr ortiga olib o‘tib, «U mana shu yerdadir», – deb ko‘rsatdilar. Men poydevorning kengligini taxminan olti ziro’ (1 ziro’ – 75 sm) deb chamaladim».


Kiritilgan vaqti: 04/10/2018 00:00;   Ko‘rilganligi: 2492
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/islam/hadiths/makka-bilan-undagi-binoning-fazilati-haqida
Chop etilgan vaqti: 05/10/2024 11:14
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing