O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Qur'on oyatlari

Qur’oni Karim darslari (1-qism). "Ulumi Qur’on"ning ta’rifi

 
 

«Ulum» kalimasi «ilm» so‘zining ko‘plik shakli bo‘lib, «Ulumi Qur’on» birikmasining so‘zma-so‘z tarjimasi «Qur’on ilmlari» degan ma’noni bildiradi. Bundan «Ulumi Qur’on» Qur’oni Karim bilan bog‘liq bo‘lgan ilmlarni o‘z ichiga olishini anglab olamiz.

«Ilm» so‘zi lug‘atda «jahl», ya’ni «bilimsizlik» so‘zining aksini – «bilim», «fahm» va «ma’rifat»ni bildiradi.

«Ilm»ni olimlar turlicha ta’riflaganlar:

Faylasuflar «Ilm bir narsaning aqlda hosil bo‘lgan suratidir», deydi.

Mutakallimlar «Ilm o‘z egasiga ishni oydinlashtirib beruvchi sifatdir», deyishadi.

Boshqa olimlar «Ilm bir narsani voqe’likda qanday bo‘lsa, shunday idrok etishdir», deydilar.

«Ilm» so‘zining lug‘atdagi ma’nosini bilib olganimizdan so‘ng endi uning «tib ilmi», «kimyo ilmi», «fiqh ilmi», «hadis ilmi» deb alohida sohalarga nisbatan ishlatilishidagi ma’nosini o‘rganishga kirishaylik. Bu boradagi «ilm»dan murod ma’lum mavzuga oid asoslar, qoidalar va ularning tasdig‘idir. Ushbu ma’nodan kelib chiqib, ilmlarni qayd etib, yozma shaklda alohida kitoblarga bitishni yo‘lga qo‘ygan ulamolar «ilm»ni quyidagicha ta’riflaydilar:

«Ma’lum yo‘nalishga oid nazariy, zaruriy, juz’iy va kulliy asoslarni, qoidalarni bayon qilish hamda isbotlash ilmdir».

Endi esa «Ulumi Qur’on» ilmining ta’rifiga o‘tsak ham bo‘ladi. Mashhur olim, «Manahilul-irfan fi ulumil-Qur’an» kitobining muallifi Muhammad Abdulazim Zarqoniy rahmatullohi alayhi «Ulumi Qur’on» ilmini quyidagicha ta’riflaydilar:

«U Qur’oni Karimning nozil bo‘lishiga, tartib berilishi, jamlanishi, yozilishi, o‘qilishi, tafsiri, nosix (nasx qiluvchisi), mansux (nasx bo‘luvchisi), undan shubhalarni rad qilish va boshqalarga oid ilmiy bahslardir».

Ustozimiz shayx Ibrohim Abdulloh Rufayda rahmatullohi alayhi esa «Ulumi Qur’on»ni shunday ta’riflar edilar:

«U Qur’oni Karimga bog‘liq bo‘lgan, yoki undan chiqarib olingan, yoxud uni tushunishga yordam beradigan barcha ilmlardir».

«Ulumi Qur’on» ko‘p sohalarni o‘z ichiga olgan bo‘lib, jumladan, quyidagilarni aytish mumkin:

– Qur’oni Karim tarixi;

– Oyatlarning nozil bo‘lish sabablari;

– Qur’oni Karimning jamlanishi;

– Qur’oni Karimning tartib topishi;

– Qur’oni Karimning qiroati;

– Qur’oni Karimning rasmi xatti;

– Qur’oni Karimning oyatlari soni;

– Qur’oni Karimning mo‘jizaligi;

– Qur’oni Karimning muhkam va mutashobihi;

– Qur’oni Karimning nosix va mansuxi;

– Qur’oni Karimning tafsiri va boshqalar.

O‘ta muhim va sharafli ushbu ilm ichida ilmlar ko‘p bo‘lgani uchun u alohida soha sifatida shakllangan va «Ulumi Qur’on» – «Qur’on ilmlari» deb nomlangan.

«Ulumi Qur’on»ning ahamiyati

Ushbu ilm islomiy ilmlar ichidagi eng ahamiyatli ilmlardan biridir, desak, zarracha mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Chunki «Ulumi Qur’on» mo‘min-musulmonlar uchun eng muqaddas bo‘lgan Qur’oni Karimga bevosita bog‘liq ilmdir. Qur’oni Karim Islom va musulmonlar uchun asosiy manba ekani hech kimga sir emas. Shuning uchun ham qarshi taraflar har doim Qur’oni Karimga tosh otib kelishgan, undan ayb topishga jon-jahdlari bilan harakat qilishgan. Hozir ham bu harakatlar davom etmoqda.

Shu bois musulmon ulamolar bu ilmga alohida ahamiyat berganlar: musulmon ummatiga o‘z ilohiy Kitobini yaxshilab tanishtirganlar va dushmanlarning hujumlarini qaytarib, ularning o‘zlarini sharmanda qilganlar.

«Ulumi Qur’on» o‘zida Qur’oni Karim haqidagi umumiy va yuksak ma’rifatni jamlagandir. Ushbu ilmdan xabardor bo‘lgan inson Qur’oni Karimga taalluqli o‘ta qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘ladi. Bu esa o‘z navbatida Qur’oni Karimga nisbatan dushmanlar tomonidan to‘qilgan tuhmatlarga raddiya berishda asqotadi. Eng muhimi, «Ulumi Qur’on» bilan tanishgan kishi Qur’oni Karimga bog‘liq ilmlarning debochalari bilan oshno bo‘ladi va ularni anglab yetishi osonlashadi. Bu ilm Qur’oni Karimga oid ilmlarning kaliti desak, xato qilmagan bo‘lamiz.

«Ulumi Qur’on»ning tarixi

Barcha islomiy ilmlar qatori, «Ulumi Qur’on» ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning davrlarida kurtaklagan. O‘sha saodat asriga oid rivoyatlarga diqqat bilan nazar soladigan bo‘lsak, bugungi kunda Qur’on ilmlari orasidan joy olgan makkiy va madaniy oyatlar, oyatlarning nozil bo‘lish sabablari, nosix va mansux, muhkam va mutashobih kabi ilmlarga oid ma’nolarni o‘ziga jo qilgan ma’lumotlarga ko‘zimiz tushadi. Sahobai kiromlardan «falon oyat falon sabab ila nozil bo‘lgan», «falon sura mana bu yerda nozil bo‘lgan», «falon oyatni falon oyat nasx qilgan» kabi ma’nodagi rivoyatlar juda ham ko‘p kelgan.

«Ulumi Qur’on»ga to‘rt roshid xalifa davrlarida asos solina boshladi. Hazrati Abu Bakr roziyallohu anhuning davrlarida Qur’oni Karim yozma shaklda jamlanib, mus’haf shakliga keltirildi. Hazrati Usmon roziyallohu anhuning davrlarida Qur’oni Karimdan nusxa ko‘chirish ishlari yo‘lga qo‘yildi, Qur’oni Karimni xatga tushirish – «rasmi xat» ilmiga, Qur’oni Karimni muayyan shaklda ta’lim berish faoliyatiga asos solindi. Hazrati Aliy roziyallohu anhuning davrlarida Qur’oni Karimga bog‘liq ilmlar paydo bo‘la boshladi. Odamlar Qur’oni Karimni arab tili qoidalariga zid o‘qiyotganlari mulohaza qilinib, nahv ilmiga asos solindi. Undan keyin esa «Qur’on e’robi ilmi» yuzaga keldi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan Qur’oni Karimni uning o‘ziga xos ilmlari bilan qabul qilib olgan sahobai kiromlar ularni o‘zlaridan keyingi avlod – tobe’inlarga omonat bilan yetkazish borasida ulkan xizmatlarni amalga oshirdilar. Bu sharafli ishga ayniqsa to‘rt xalifa, Abdulloh ibn Abbos, Abdulloh ibn Mas’ud, Ubay ibn Ka’b, Zayd ibn Sobit, Abu Muso Ash’ariy, Abdulloh ibn Zubayr roziyallohu anhum katta hissa qo‘shdilar.

O‘z navbatida tobe’inlar ham o‘zlaridan keyingi avlod musulmonlariga Qur’oni Karimni va uning ilmlarini yetkazishda tahsinga sazovor ulug‘ xizmatlarni ado etdilar. Ushbu ulkan ahamiyatli ishni amalga oshirishda, xususan, Mujohid, Ato, Qatoda, Ikrima, Hasan Basriy, Sa’id ibn Jubayr, Zayd ibn Aslam va boshqalar – hammalariga Allohning rahmati bo‘lsin – beqiyos jonbozlik ko‘rsatdilar.

Boshqa islomiy ilmlarda bo‘lganidek, «Ulumi Qur’on» borasidagi bitiklar ham ikkinchi hijriy asrda yuzaga kela boshladi. Dastlab bu sohada yozilgan narsalar «Ulumi Qur’on» ilmlaridan ma’lum biriga bag‘ishlanar edi. Birinchilardan bo‘lib uchinchi hijriy asrda Abu Ubayd Qosim ibn Sallom rahmatullohi alayhi (224 hijriy sanada vafot etgan) nosix va mansux ilmi haqida kitob yozdi. Imom Buxoriyning ustozi Aliy ibn Madiniy rahmatullohi alayhi (234 hijriy sanada vafot etgan) «asbabun-nuzul» (oyatlarning nozil bo‘lish sabablari) ilmiga oid asar yaratdi. Undan keyin yana boshqa ulamolar turli mavzularda asarlar bitdilar. Ba’zilar nasx mavzusida, ba’zilar makkiy va madaniy oyatlar haqida, yana boshqalar Qur’oni Karimning fazilatlari haqida asarlar yozdilar va hokazo.

Keyinchalik tafsirlarning muqaddimalarida ham «Ulumi Qur’on»ga oid ma’lumotlar bo‘lishi odat tusiga kira boshladi. Imom Tabariy rahmatullohi alayhining mashhur tafsirlari muqaddimasida «Ulumi Qur’on»ga oid «al-ahrufus-sab’a» – yetti harf, qiroatlar va shularga o‘xshash boshqa mavzularni ko‘ramiz. Abu Muhammad Homid ibn Ahmad ibn Ja’far ibn Bistom rahmatullohi alayhining «Al-mabaniy linazmil-ma’aniy» nomli tafsirlari muqaddimasida «Ulumi Qur’on»ga oid o‘nta fasl bor.

Muhammad Abdulazim Zarqoniy rahmatullohi alayhining ta’kidlashlaricha, «Ulumi Qur’on» kitobining hozirgi ko‘rinishdagi nusxasi dastlab Aliy ibn Ibrohim ibn Sa’id Hufiy rahmatullohi alayhi (430 hijriy sanada vafot etgan) tomonidan yozilgan bo‘lib, mazkur kitobning ismi «Al-burhan fi ulumil-Qur’an»dir. Bu kitobning asli o‘ttiz juzdan iborat bo‘lib, undan o‘n besh juzi qo‘lyozma shaklida bugungi kungacha yetib kelgan.

Oltinchi hijriy asrga kelib, Ibn Javziy rahmatullohi alayhi (597 hijriy sanada vafot etgan) «Fununul-afnan fi ulumil-Qur’an» va «Al-Mujtaba fi ulumin tata’allaqu bil-Qur’an» nomli kitoblarini yozdi.

Yettinchi hijriy asrga kelib, Alamuddin Saxoviy rahmatullohi alayhi (643 hijriy sanada vafot etgan) «Jamalul-Qurro va kamalul-iqro» kitobini, Abu Shoma rahmatullohi alayhi esa (665 hijriy sanada vafot etgan) «Al-murshidul-aziz fima yata’allaqu bil-Qur’anil-aziz» kitobini tasnif qildi.

Sakkizinchi hijriy asrda imom Badruddin Zarkashiy rahmatullohi alayhi (794 hijriy sanada vafot etgan) o‘zining mashhur «Al-burhan fi ulumil-Qur’an» nomli asarini yozdi.

To‘qqizinchi hijriy asrda esa imom Jaloluddin Suyutiy rahmatullohi alayhi (911 hijriy sanada vafot etgan) «Al-itqon fi ulumil-Qur’an» nomli kitobni ta’lif etdi. Bu kitob o‘z sohasidagi barcha kitoblarning gultoji bo‘ldi. Undan barcha foydalandi va foydalanmoqda.

Imom Suyutiy rahmatullohi alayhidan keyin ushbu fan bo‘yicha kitob tasnif qilish faoliyati to‘xtab qoldi. Tushkunlik davrining ta’sirida bo‘lsa kerak, boshqa islomiy ilmlar qatori, «Ulumi Qur’on» ilmida ham tushkunlik va turg‘unlik davri bosib o‘tildi.

Bizning davrimizda, islomiy ilmlarni qayta ta’lif qilish jarayonida «Ulumi Qur’on»ga oid kitoblarni ham qayta yozishga ehtiyoj tug‘ildi. Buning ustiga, «Azhari Sharif» va shunga o‘xshash boshqa ilm dargohlarida «Ulumi Qur’on» dars sifatida o‘qitila boshladi. Shu munosabat bilan «Ulumi Qur’on»ga oid kitoblar ham yangidan yozila boshladi.

Shayx Tohir Jazoiriy rahmatullohi alayhi «At-tibyan fi ulumil-Qur’an» nomli ajoyib kitobni yozdi.

Shayx Muhammad Aliy Saloma rahmatullohi alayhi «Manhajul-Furqon fii ulumil Qur’an» nomli kitob ta’lif qildi.

Shayx Abdulloh Darroz rahmatullohi alayhi «An-nabaul-azim anil-Qur’anil-karim» nomli asar tasnif qildi.

Shayx Muhammad Abdulazim Zarqoniy rahmatullohi alayhi «Manahilul-irfan fi ulumil-Qur’an» kitobini yozdi.

Shayx Muso Shohin Loshin rahmatullohi alayhining «Al-laalil-hison fi ulumil-Qur’an» nomli kitobi chop etildi.

Shayx Subhiy Solih rahmatullohi alayhi «Mabahis fi ulumil-Qur’an» kitobini nashr etdi.

Shayx Manno’ Xalil Qatton ham «Mabahis fi ulumil-Qur’an» nomli kitob yozdi.

Shayx Ibrohim Abdulloh Rufayda Tripolidagi «Kulliyatud-da’va al-Islamiyya» talabalari uchun «Muzakkarotun fi ulumil-Qur’an» nomli darslikni tayyorladi. Ushbu bitiklarning ba’zilari u kishining xotirasiga bag‘ishlab chop etilgan kitobda nashr etildi. Ammo qolganlari hali kitob holiga keltirilmagan.

Doktor Fazl Hasan Abbos ham «Itqonul-burhan fi ulumil-Qur’an» kitobini ta’lif qildi.

Ushbu kitobda keladigan matnlar orqali bu ilohiy dastur haqida ba’zi bir ma’lumotlarni taqdim qilish niyatidamiz. Tajribalarning ko‘rsatishicha, bunga o‘xshagan ma’lumotlar o‘quvchini har xil xayolga olib kelishi mumkin. Chunki Qur’oni Karimning ulug‘ligidan, bu muqaddas Kitobning oliymaqomligidan, qolaversa, musulmonlarning bu ilohiy Kitobga bo‘lgan cheksiz ehtiromlari va ikromlaridan kelib chiqqan holda, har bir shaxsning xayolida o‘ziga xos Qur’on shakllangan bo‘ladi. Bu shaklning qanday bo‘lishi o‘sha shaxsning xayoliga, Qur’oni Karim haqida eshitgan maqtovlariga asoslangan bo‘ladi.

O‘quvchilarga odatda Qur’oni Karim haqida taqdim qilinadigan ba’zi ilmiy ma’lumotlar esa mazkur xayoldagi siymoni takrorlamasligi mumkin. Chunki Qur’oni Karim xayoliy narsa emas, voqe’likdir. Zotan, Islomning o‘zi voqe’iy dindir. Alloh taolo uni xayol uchun emas, voqe’likda yashash uchun yuborgandir.

O‘sha dinga Alloh taolo farishtani emas, voqe’likda hamma taniydigan, boshqalar kabi insoniy sifatlarga ega bo‘lgan zotni – Muhammad sollallohu alayhi vasallamni payg‘ambar qilib tanladi. Har bir odamga joriy bo‘ladigan narsalar u zotga ham joriy bo‘lar edi. Ana shu sharoitda u zotning payg‘ambarlik qilishlari haqiqiy mo‘jiza edi. Agar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam farishta yoki g‘ayrioddiy shaxs bo‘lganlarida, odamlar «Bu farishta bo‘lgani yoki g‘ayrioddiy bo‘lgani uchun Alloh taoloning amrlarini bajarmoqda, biz esa oddiy odammiz», deb bahona topgan bo‘lar edilar.

Ana shunday dinning muqaddas dasturi bo‘lgan Qur’oni Karim ham voqe’likdagi Kitob bo‘lishi lozim edi. Agar bu Kitob xayol aralash, osmonda turadigan kitob bo‘lganida, odamlar unga amal qilmaslik uchun yana boshqa bahona topar edilar.

Alloh taolo Qur’oni Karimning samoviyligi, muqaddasligi, buzilmasligi va mo‘jizaligini O‘z huzurida, yetti osmonning yuqorisida sobit qilib qo‘ydi. Ammo shu bilan birga, uni yerga nozil qilib, yer yuzida yashaydigan bandalariga omonat shaklida topshirib ham qo‘ydi. Alloh taolo musulmon ummatiga O‘zining oxirgi va qiyomatgacha turadigan Kitobi bo‘lmish Qur’oni Karimni berish bilan birga, uni o‘qish, o‘rganish va saqlashni ham topshirdi.

Musulmon ummatining bu Kitobni qabul qilib olib, o‘rganib, uni saqlash borasida qilgan fidokorliklari, Alloh taolo tomonidan berilgan va’daning amaliy-voqe’iy isboti o‘laroq, har qancha tahsinga sazovordir. Zotan, Qur’oni Karimning mo‘jizakorligi ham uning yerda, odamlar ichida turib, boshqa kitoblardan ustun bo‘lishidadir. Qur’oni Karimning mo‘jizakorligi uning yerda, odamlar ichida turib, boshqa kitob­lar singari buzilib ketmaganidadir.

Xullas, Qur’oni Karim va uning ta’rifi haqida har qancha gapirilsa, butun boshli bir necha kitoblar bag‘ishlansa ham oz.

«Qur’on ilmlari» kitobidan


Kiritilgan vaqti: 09/10/2018 00:00;   Ko‘rilganligi: 14065
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/islam/ayahs/quroni-karim-darslari-1-qism-ulumi-quronning-tarifi
Chop etilgan vaqti: 23/04/2024 02:42
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing