O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Qur'on oyatlari

Qur’ondagi go‘zal tashbeh

 
 

هُنَّ لِبَاسٌ لَكُمْ وَأَنْتُمْ لِبَاسٌ لَهُنَّ

Ular sizga libosdir, siz ularga libosdirsiz (Baqara surasi 187-oyat).

Alloh taolo ushbu oyati Karimada er-xotinni bir-biriga nisbatan libosga o‘xshatdi. Agar libosning xususiyati haqida chuqurroq mulohaza qilib ko‘rsak, Alloh taolo bejizga er-xotinni libosga tashbeh qilmaganiga yana bir karra imon keltiramiz. Zotan, libosda er-xotin o‘rtasidagi munosabatlarga taalluqli ma’nolar mavjuddir.

Qur’oni Karimga tafsir yozgan ulamolar er-xotinni bir-biriga nisbatan libosga o‘xshash jihatlaridan ba’zilarini keltiradilar:

1) Libosning hususiyatlaridan biri السَّتْرُ ya’ni yopish, berkitish, yashirish ma’nolarini bildiradi.

Libos insonning badanidagi kamchilik nuqsonlarni yashirganidek, er-xotin bir-biridagi aybu nuqson, kamchiliklarni yashiradi. Zero, er-xotinlik bir-birining kamchiliklarini yashirish asosiga qurilgan. Kamchiliklarni yoyish, sharmanda qilishga ko‘ra emas…

إِنَّ مِنْ أَشَرِّ النَّاسِ عِنْدَ اللَّهِ مَنْزِلَةً يَوْمَ الْقِيَامَةِ الرَّجُلَ يُفْضِي إِلَى امْرَأَتِهِ وَتُفْضِي إِلَيْهِ ثُمَّ يَنْشُرُ سِرَّهَا

Abu Sa’iyd roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda bunday deyiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Qiyomat kuni Allohning nazdida martabasi eng yomon odam ayoliga yaqinlik qilib, ayoli unga yaqin bo‘lgandan keyin sirini odamlarga yoyib yuradigan kishidir”(Imom Muslim, Imom Ahmad).

2) Libosning xususiyatlaridan yana biri الوقاية والحماية ya’ni saqlash va himoya qilishdir. Kiyim insonni yozning issig‘i va qishning sovug‘idan saqlaganidek, er-xotin bir-birini fahsh va munkar ishlardan saqlaydilar. Ular go‘yoki bir-birlarini gunoh ma’siyatdan saqlaydigan qo‘rg‘on kabidirlar.

إذا رأى أحدكم من امرأة ما يعجبه، فليأت أهله، فإن ذلك رَدُّ ما في نفسه

«Qachon biringizga biror ayol yoqib tushsa va qalbidan joy olsa, darhol o‘z xotinini topib, unga yaqinlik qilsin. Chunki shunday bo‘lishi uning ko‘nglidagi narsani qaytaradi», deyilgan (Imom Muslim, Abu Dovud, Termiziy va Nasoiy rivoyat qilishgan).

Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ko‘zlari bir ayolga tushdi. Darhol xotinlari Zaynabning oldiga bordilar. U o‘ziga tegishli chala oshlangan terini oshlab o‘tirar edi. Shunda u zot ehtiyojlarini qondirdilar. So‘ngra sahobalari oldiga chiqib: «Albatta, ayol kishi shayton suvratida kelib, shayton suvratida qaytadi. Qachon biringiz biror ayolni ko‘rsa, o‘z ahliga yaqinlik qilsin. Chunki shunday bo‘lishi uning ko‘nglidagi narsani qaytaradi», dedilar».

3) Libosning hususiyatlaridan yana biri التكميل ya’ni to‘ldirish, makammalashtirishdir.

Inson kiyimsiz bo‘lgan holida o‘zini noqulay va nuqsonli his qiladi. Libos kiygan paytda esa o‘sha kamchilik to‘lgani va noqulaylikdan xalos bo‘lganini mulohaza qiladi.

Erkak ayolisiz kemtik, shuningdek, ayol ham erisiz noqis bo‘ladi. Ular turmush qursalar o‘sha kamchilik to‘ladi.

وَجَعَلَ مِنْهَا زَوْجَهَا لِيَسْكُنَ إِلَيْهَا الأعراف: 189

«U sizlarni bir jondan yaratgan va orom olsin uchun undan juftini yaratgan Zotdir (A’rof surasi 189-oyat).

4) Libosning xususiyatlaridan yana biri الجمال ya’ni go‘zal, chiroyli, ziynatli qilishdir.

Kiyim nafaqat insonning avratini berkitadi, balki uni ziynatlab, ko‘rkam qiladi. Oqillarning nazdida inson kiyimsiz beo‘xshov va xunuk holda bo‘ladi.

Er-xotin bir-biriga xuddi kiyim insonga ko‘rk bo‘lgandek, ziynat bo‘ladilar.

5) Libosning xususiyatlaridan yana biri الاتصاق ya’ni jips bog‘langan, yopishgan va ajralmaslikdir.

Libos insonning tanasiga shu qadar yaqinki, u doim badanga tegib turadi. U tanaga yopishgan bo‘lib, kiyim va badanning orasini biror narsa ajratmaydi.

Er-xotin bir-biriga, xuddi kiyim tanaga yaqin bo‘lganidek yaqindir.

Xulosa o‘rnida shuni aytish lozimki, Alloh taolo er-xotin o‘rtasidagi munosabatni pokiza aloka bo‘lishini iroda qildi. Toki ularning oralariga birorta kamchilik, ayb yoki dog‘ tushib, musaffo hayotlariga rahna solmasin! Ularning buloq suvidek tiniq hayot chashmalarini qandaydir loyqa cho‘kindi yoki quyqum xira qilmasin!..


Kiritilgan vaqti: 04/10/2018 00:00;   Ko‘rilganligi: 2405
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/islam/ayahs/qurondagi-gozal-tashbeh
Chop etilgan vaqti: 08/11/2024 16:15
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing