Qur'ondagi eng buyuk sura
Abu Sa'id Rofe' ibn Mu'allo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga:«Masjiddan chiqishingdan oldin senga Qur'ondagi eng buyuk surani o‘rgatmayinmi?» deb, qo‘limdan ushladilar. Keyin chiqmoqchi bo‘lganimizda: «Ey Allohning Rasuli, «Qur'ondagi eng buyuk surani o‘rgatib qo‘yaman», degan edingiz?» dedim. Shunda u zot: «Al hamdu lillaahi Robbil 'aalamiin» da. Menga berilgan takrorlanuvchi yettilik va buyuk Qur'on shudir», dedilar».Imom Buxoriy rivoyati.
Sharh: Bu yerda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Hijr surasining 87-oyatiga ishora qilmoqdalar. Unda shunday deyiladi: «Batahqiq, Biz senga takrorlanuvchi yettilik va buyuk Qur'onni berdik». Ushbu oyatda kelgan vasflar Fotiha surasining nomlaridandir. Bu suraning «takrorlanuvchi» deyilishi uning namozlarda har rakatda qayta-qayta, takror-takror o‘qilishi yoki Makkada ham, Madinada ham nozil bo‘lgani e'tiboridandir. U yetti oyatdan iborat bo‘lgani uchun «ettilik» deyilgan. «Takrorlanuvchi yettilik» deb o‘girilgan ushbu «Sab'ul-masoniy» iborasini yana «hamdu sano yettiligi» deb ham tushunish mumkin. Bunda surada Alloh taologa hamdu sano ma'nolari mujassamligi nazarda tutilgan bo‘ladi.Hadisning sahixul Buxoriydagi rivoyatiga ko‘ra Abu Said masjidda namoz o‘qiyotganda Rasuli Akram uni chaqiradilar. U kishi namoz o‘qib o‘tirganlari uchun darrov javob bera olmaydi. Namozi tugaganidan so‘ng esa namoz o‘qiyotgan edim, deya kelolmaganligining sababini aytdi. Shunda Payg‘ambarimiz yuqoridagi oyatni o‘qib, hadisda zikr qilingan suhbat boshlandi.Alhamdulillahdan maqsad hamma bilganidek «Fotiha» surasidir. Bu sura Qur'onning eng fazilatli, o‘qilganda esa eng ko‘p savob yoziladigan sura, e'tibori baland bo‘lib, mazmuni bilan ham Qur'onning butunini izohlagan suradir. Shu sabab «Ummul Qur'on», «Ummul kitab» deb nomlanadi. Faqat kitob bu sura bilan boshlanganligi sabab «Fatihatul kitab» nomi bilan ham ataladi. Suraning yana bir ismi «Al-hamdu»dirki, bu «Suratul-hamd» nomining qisqartirilgan holidir. Yana bu sura «as-sab'ul masaniy», «al-Vafiyya», «al-Kafiyya» kabi nomlar bilan atalishini yaxshi bilamiz. Fotiha surasining fazilatlarini bayon qilgan ko‘plab hadislar bordir. Baqara surasining eng katta suraligini bayon qilgan hadislar bu hadislar bilan qarama qarshi emas. Chunki u hadisda aytilgan Baqara surasidagi amrlar, voqe'alar, dalillar va ibratlardir. Shu sababli Baqara surasiga tenglashtiriladigan boshqa sura yo‘qdir. Hatto ichidagi fiqh mavzularini Hazrati Umar 8 yil o‘rganganlar. O‘g‘li Abdulloh uchun ham xuddi shunday fikrlar bildiriladi.As-sabul masaniy Fotiha surasining boshqa ismi deya zikr qildik. Bu ism berilishiga sabab namozning har bir rakatida takrorlanishi va 7 oyatdan iborat ekanligidir. Shuningdek, Makkada hamda Madinada nozil bo‘lganligi sabab hamda Allohga maqtov va duoni o‘z ichiga olganligi, fasohat va balog‘at ham borligi, bu ummatdan boshqa ummatga nozil bo‘lmaganligi va yana bir qancha sabablar tufayli ushbu ismni olgan. Fotixa surasining «Qur'oni azim» deb nomlanishining sababi ma'no jixatidan Qur'onning butunini o‘z ichida jamlaganli uchundir. Hasan Basriy Qur'ondan oldingi kitoblardagi ma'lumotlarni Qur'onga tashigani va Qur'onning butun ma'nosi Fotiha surasida jamlanganini bildirgan. Shu sabab Fotiha surasining tafsirini o‘rganish Qur'onni o‘rganish bilan tengdir degan. Shu sababli bo‘lsa kerak rivoyat va diroyat tafsirlarini bir kitobda jamlagan tafsirchi olimlar Fotiha surasining tafsiri bo‘yicha uzundan uzun izoh bildirishgan. Fotiha surasining o‘ziga atalgan tafsir kitoblari ham mavjuddir.
Kiritilgan vaqti: 05/06/2025 09:13; Ko‘rilganligi: 185
Chop etilgan vaqti: 10/10/2025 20:33