O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Qur'on oyatlari

“Fotiha” surasining tafsiri

 
 

بِسْمِ اللَّهِ الرَّحْمَنِ الرَّحِيمِ

BISMILLAHIR ROHMANIR ROHIYM

 “Fotiha” surasi

Makkada nozil bo‘lgan, 7 oyatdan iborat.

Bu suraning bir necha nomi bo‘lib, shulardan biri “Fotiha”, ya'ni  “ochuvchi” deganidir. Chunki Qur'oni Karim ushbu sura ila ochiladi. Fotiha surasi juda ham fazilatli sura bo‘lib, bu haqda bir qancha rivoyatlar keltirilgan.

Imom Ahmad ibn Hanbal rivoyat qilgan hadisi sharifda: Ubay ibn Ka'b Payg‘ambar alayhissalom huzurlarida “Fotiha” surasini o‘qidilar, shunda hazrat: “Mening jonim tasarrufida bo‘lgan Zot. U Zot bilan qasam ichamanki, Tavrotda ham, Injilda ham, Zaburda ham, Furqonda (Qur'onda) ham bunga o‘xshash tushirilmagan”, dedilar. “Fotiha” surasi oyatlarining tafsiriga kirishishdan oldin, Qur'oni Karimga oid eng mashhur ikki istiloh; oyat va sura so‘zlarining lug‘aviy va istilohiy ma'nolari ila tanishib olsak, maqsadga muvofiq bo‘ladi.

“Oyat” so‘zining bir necha lug‘aviy ma'nosi bor:

  1. “Mo‘jiza”. Alloh taolo Baqara surasida: “Bani Isroildan so‘ragin, Biz ularga qancha ochiq-oydin oyat-mo‘jiza bergan ekanmiz”, degan.
  2. “Belgi-alomat”. Alloh taolo Baqara surasida: “Albatta uning mulkining oyat-belgisi, sizlarga Robbingizdan ichida sakina bor tobut kelishidir”, degan.
  3. “Ibrat”. Alloh taolo Baqara surasida: “Albatta, bunda oyat-ibrat bordir”, degan.
  4. “Ajoyib ish”. Alloh taolo Mo‘minun surasida: “Va Biz Ibn Maryamni va uning onasini oyat-ajoyib ish qildik”, degan.
  5. “Burhon, dalil”. Alloh taolo Rum surasida: “Osmonlaru yerning yaratilishi va tillaringizu ranglaringizning turli bo‘lishi, Uning oyat-dalillaridandir”, degan.
  6. “Jamoat”. Arablarda, qavm oyati- jamoasi bilan chiqdi, degan gap bor.
    7. Qur'on oyati. Ulamolar istilohida esa  oyat – Qur'on surasiga kirgan, boshlanishi va tugashi belgili so‘zlar toifasidir. Shu bilan birga, Qur'oni Karimning har bir oyati yuqoridagi lug‘aviy ma'nolarni o‘z ichiga olgan bo‘ladi. Ha, Qur'oni Karimning har bir oyati  mo‘jiza, ibrat, ajoyib ish, belgi-alomat, harf va so‘zlar jamoasi va Alloh taoloning qudrati dalilidir.

Qur'oni Karimning har bir oyati, uning avvali va oxiri haqidagi ilmni Alloh taolodan Jabroil alayhissalom bilgan. U kishidan Payg‘ambar alayhissalom, u Zotdan esa  musulmonlar o‘rganganlar.
Qur'oni Karimdagi eng qisqa oyat «Yasin» bo‘lib, ikki harfdan iboratdir.
Eng uzun oyat esa  Baqara surasidagi «Qarz oldi-berdi» oyatidir. Oyatlarni bir-biridan ajrata bilish, ularning boshlanish va tugash joylarini anglab yetish  ma'nolarni yaxshi fahmlashga va boshqa bir qancha ishlarda yordam beradi.

Qur'oni Karimda oyat so‘zi ko‘plab takrorlangan. Oyat so‘zi ba'zi bir joylarda yuqorida zikr qilingan ma'nolarning hammasini, ikkinchi bir joyda ikki-uchtasini, uchinchi joyda esa  faqat bittasini ifoda etib kelgan. Ushbu nozik farqni anglab yetilgandagina ma'no to‘g‘ri tushuniladi.
“Sura” so‘zi lug‘atda, qo‘rg‘on, manzil va sharaf ma'nolarini anglatadi.
Ulamolarimiz istilohida esa  sura – Qur'on oyatlarining boshlanish va tugashi belgilangan mustaqil toifasidir. Boshqacha qilib aytadigan bo‘lsak, Qur'on oyatlarining qo‘rg‘on ila o‘ralgandek bir toifasiga sura, deyiladi.
Qur'oni Karimdagi eng qisqa sura Kavsar surasi bo‘lib, uch oyatdan, eng uzun sura Baqara surasi bo‘lib, 286 oyatdan iboratdir.

أَعُوذُ بالله مِنَ الشَّيْطَانِ الرَّجِيمِ

A'UUZU BILLAHI MINASH SHAYTONIR ROJIYM

Quvilgan Shayton yomonligidan Alloh panohini so‘rayman.

Shayton Allohga isyon qilib, Odam Atoga qulluq qilmay gunohkor bo‘lgani uchun Alloh uni la'natlagan, huzuridan quvgan va rahmatidan uzoq qilgan. Mazkur ma'nolar barchasi “rojiym” so‘zida o‘z ifodasini topgan. Alloh taolo Qur'oni Karimda: “Agar Qur'on o‘qisang, Shaytonir rojiym yomonligidan Alloh panohini so‘ragin”, degan. Shuning uchun har bir Qur'on o‘quvchi kishi qiroatni, “A'uuzu billahi minash-shaytonir rojiym” bilan boshlamog‘i lozim, bo‘lmasa, gunohkor bo‘ladi.

بِسْمِ اللَّهِ الرَّحْمَنِ الرَّحِيمِ

1.Bismillahir rohmanir rohiym.

Mehribon va rahmli Alloh  nomi ila boshlayman.

Alloh taolo o‘z kitobini “Bismillah” bilan boshlagani musulmonlarga ham o‘rnak, ular ham doim o‘z so‘zlarini va ishlarini «Bismillah» bilan boshlamoqlari lozim. Payg‘ambar alayhissalom o‘z hadislaridan birida: “E'tiborli har bir ish “Bismillah” bilan boshlanmas ekan, uning oxiri kesikdir” deganlar. Ya'ni  uning barakasi bo‘lmaydi, oxiriga yetmaydi, deganidir.

الْحَمْدُ لِلَّهِ رَبِّ الْعَالَمِينَ

  1. Barcha maqtov, shukrlar olamlarning tarbiyachisi Allohga bo‘lsin.

Olamlarni yaratgani uchun ham, ularning tarbiyachisi bo‘lgani uchun ham, ulardagi barcha jonzotlarga hayot, rizqi ro‘z berishi uchun ham Alloh barcha hamdu sanolarga sazavordir.

الرَّحْمَنِ الرَّحِيمِ

  1. U Rohman va Rohiymdir.

“Rohman” sifati faqat Allohga xos bo‘lib, barchaga: kofirga ham, mo‘minga ham mehribon va ne'mat beruvchi, ma'nosini anglatadi. Rohman sifatini Alloh taolodan boshqa hech kimga nisbatan ishlatib bo‘lmaydi.
“Rohiym” sifati esa xosroq bo‘lib, qiyomat kuni faqat mo‘minlarga rahm qiluvchi ma'nosini anglatadi va Allohdan o‘zgalarga, jumladan, Payg‘ambar alayhissalomga nisbatan ham ishlatiladi. “Allohning xulqi bilan xulqlaninglar!” degan asarga asoslanib, ulamolarimiz, bu oyatni o‘qigan har bir kishi rahmli bo‘lishga urinmog‘i lozim, deydilar.

مَالِكِ يَوْمِ الدّينِ

  1. U qiyomat kunining podshohidir.

Ushbu oyati karimada qiyomat kuni, Yavmiddin, deb nomlangan. Din so‘zi arabchada hisob, jazo, mukofot ma'nolarini biliradi. Yavmiddin – qiyomat kunida barcha bandalar qayta tiriltirilib, hisob-kitob qilinadi. Yaxshiga mukofot, yomonga jazo beriladi. Bu oyatni o‘qiganda qiyomatni eslab, o‘sha dahshatli kunda faqat Allohning O‘zi hukm chiqarishi, o‘sha yerda uyalib qolmaslikni eslab, unga tayyorgarlik ko‘rishga ahd qilinadi.

إِيَّاكَ نَعْبُدُ وَإِيَّاكَ نَسْتَعِينُ

  1. Faqat Sengagina ibodat qilamiz va faqat Sendangina yordam so‘raymiz.

Bizda “ibodat” deganda, faqat namoz o‘qish, ro‘za tutish, zikr, Qur'on qiroati kabi narsalar tushuniladigan bo‘lib qolgan. To‘g‘ri, bular ulkan ibodatlar, lekin aslida Allohga manzur bo‘lgan har bir ish ibodatdir. Demak, inson o‘z hayotida Allohning aytganini qilib yursa, ibodatda yurgan bo‘ladi. Alloh halol rizq top, deb buyurganmi, demak, halol rizq topish harakatida yurganlar ibodatda bo‘ladilar. Albatta, halol rizq topish ibodat ekan, deb boshqa narsalarni tark qilmaydi. Masalan, namoz va ro‘zani tark qilishga hech kimning haqi yo‘q. Xullasi kalom “Iyyaka na'budu” “faqat Sening aytganingni qilamiz” ma'nosini anglatadi. Bu esa  banda tarafidan Allohga berilgan ulkan va'dadir. Alloh taolo barchamizni ushbu va'daning ustidan chiqadiganlardan qilsin. “Iyyaka nasta'in” ham xuddi shunday, faqat Allohdangina yordam so‘rash ma'nosini anglatadi. Odatda biror ishga qattiq urinib, kuchi yetmay qolgan taqdirda yordam so‘rashga arablar “isti'ona” so‘zining turli ko‘rinishlarini ishlatadilar. Ushbu oyati karimada, “Iyyaka nasta'in”, deyilishi ham, o‘zimiz imkoni boricha harakat qilib, imkonini topa olmay qolganimizda, faqat Sendangina yordam so‘raymiz, degan ma'noni bildiradi. Harakat qilmay dangasa bo‘lib yotib olgan holda, birovdan yordam so‘ralmaydi. Mulohaza qilsangiz, ikkala ishda ham: ibodat qilishda ham va yordam so‘rashda ham birlik emas, ko‘plik lafzi ishlatilyapti, bu esa Islomda jamoatchilik, ko‘pchilik bilan bo‘lish ruhini aks etdiradi.

اهْدِنَا الصِّرَاطَ الْمُسْتَقِيمَ

  1. Bizni to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilgin.

Hidoyatga – to‘g‘ri yo‘lga boshlash, lug‘atda  biror narsaga lutf bilan yo‘llab qo‘yishga aytiladi. Ulamolar nazdida shunday hidoyatga – yo‘lga boshlash bir necha darajali bo‘lar ekan:

a) Alloh insonga qo‘shib yaratgan tuyg‘ularnig hidoyat-yo‘l ko‘rsatishi. Misol uchun, chaqaloqning, birov o‘rgatmasa ham, onasini emishi, xavf yaqinlashganda ko‘zini yumishi, qorni ochganda yig‘lashi va hokazolar ana shu hidoyatlar jumlasiga kiradi. Buni ilmiy tilda, tug‘ma instinkt, deyiladi. Lekin bu toifadagi hidoyat insonning barcha talablarini qondira olmaydi. Ular faqatgina ba'zi bir ehtiyojlarni qondirishi mumkin, xolos;

b) inson a'zolarining his qilishi hidoyati – yo‘l ko‘rsatishi: hidlash, eshitish, ko‘rish, ushlab ko‘rish kabi sezgilar orqali ma'lum bir narsalarga hidoyat topsa bo‘ladi, lekin bular ham kifoya qilmaydi, hammalari ma'lum bir chegaragacha yaraydi, xolos. Misol uchun ko‘z ma'lum uzoqlikdagi va ma'lum kattalikdagi narsalarnigina ko‘ra oladi. Ba'zida esa his qilish a'zolari xato qilishi ham muikin. Misol uchun katta tezlikda ketayotgan kishiga qizil chiroq yashil bo‘lib ko‘rinishi hammaga ma'lum. Ko‘rinib turibdiki, ikkinchi toifadagi hidoyat birinchi toifadagi hidoyatdan ustun va to‘laroq bo‘lsa ham, insonning ikki dunyo baxt-saodati ila ta'minlashga mutlaqo yetishmaydi. Endi undan ham mukammalroq hidoyat bormi, degan savol paydo bo‘ladi. Bu savolga, ha, undan ham mukammalroq hidoyat bor, u aql hidoyatidir, deb javob beriladi;

v) aql yordamida inson yuqorida zikr qilingan vositalar ojiz qolgan narsalardan hidoyat topadi, ularning xatosini tuzatadi. Masalan: suvda biror narsaning aksini singan holatda ko‘rish mumkin, bu ko‘zning xabari, lekin aql aks suvda shunday ko‘rinayotgan narsaning, aslida butun, to‘g‘riligiga hidoyat qiladi. Kasal odamga shirin taom ham nordon tuyulishi mumkin, lekin aql u toam aslida shirin ekanini  bildiradi. “Demak, hamma narsani aql orqali ajratib saodat yo‘lini topib ketsa bo‘lar ekan-da?” degan savol tug‘iladi. Ko‘pchilik “Ha!” deb javob ham beradi. Lekin musulmonlar “Aql ham to‘la hidoyatga qodir emas, dunyoga nazar soling: hamma aqlni ishga solib turli yo‘lga kiryapti va hamma o‘zinikini to‘g‘ri deb, da'vo qilyapti. Lekin hammalari bir-birlariga xilof ish qiladilar. Ko‘pincha aqlga or bo‘ladigan narsalarni ham qonun-qoida qilib olaveradilar. Shuning uchun aqlning o‘zi insonni ikki dunyo baxti-saodati yo‘liga yetarli darajada hidoyat qila olmaydi. Aqlning ustidan ham hukmini o‘tkazuvchi hidoyat bor», deyishadi. U esa to‘rtinchi – eng oliy darajadagi hidoyatdir;

g) ilohiy-diniy hidoyat. Insonni yaratgan Alloh uni ikki dunyo saodatiga erishtiruvchi yo‘lni ham biladi. Shuning uchun bandalariga diniy ko‘rsatmalar yuborib, ularni to‘g‘ri yo‘lga solib turadi. Bu ko‘rsatmalarning so‘nggisi Islomdir. Shuning uchun ham musulmonlar ushbu oyati karimani namozlarida, doimiy ravishda o‘qib, Alloh taolodan hidoyat so‘rab, o‘zlari erishgan Islom hidoyatida bardavom qilishini tilab turadilar.

صِرَاطَ الَّذِينَ أَنْعَمْتَ عَلَيْهِمْ غَيْرِ الْمَغْضُوبِ عَلَيْهِمْ وَلَا الضَّالِّينَ

  1. O‘zing ne'mat berganlarning yo‘liga (boshlagin), g‘azabga duchor bo‘lganlarning yo‘liga emas, adashganlarnikiga ham emas”.

“O‘zing ne'mat berganlar”dan murod – Payg‘ambarlar, siddiqlar, shahidlar va solih bandalardir.

“G‘azabga duchor bo‘lganlar”dan murod – yahudiylardir.

Yahudiylarning g‘azabga duchor bo‘lishlarining sabablari ko‘p, jumladan, ularning anbiyolarni o‘ldirishlari, Allohga bergan ahdlariga vafo qilmasliklari va hokazolar. Lekin ularning Allohning g‘azabiga duchor bo‘lishlarining eng katta sababi – bilganlariga amal qilmasliklari. Alloh ularga ilm bergan, ular esa bila turib ilmga amal qilmaganlar. Demak, yahudiylar yo‘l qo‘ygan xatoni takrorlamaslik kerak.
“Adashganlar”dan murod – nasroniylar. Nasroniylarning “adashganlar” bo‘lishlarining ham bir qancha sabablari bor. Eng asosiysi – ular maqsadga erishish yo‘lida Alloh ko‘rsatgan yo‘lni emas, o‘zlari topgan yo‘lni tanlaganlar, ya'ni Iso Payg‘ambar oldilarida o‘zlarini aybdor, deb bilib, uni rozi qilamiz, deb Alloh aytmagan ibodatlarni va ishlarni, aqidalarni o‘zlaricha qilganlar. Bu ham noto‘g‘ri yo‘l. Demak, oyatning ma'nosi: “Ey Alloh, bizni o‘tgan anbiyoyu avliyo, azizlarning yo‘lidan boshlagin, yahudiy va nasroniylar yo‘lidan boshlamagin”, deganidir.

Bu sura oyatlari oz bo‘lishiga qaramay, ulkan ma'nolarni o‘z ichiga olgan, shuning uchun ham “Ummul Qur'on” – “Qur'onning onasi” deb nomlanadi. Unda Alloh taologa maqtov, uning sifatlari, qiyomat kuni egasiligi, ibodat, ixlos, duo, yolvorish, yaxshi ummatlarning zikri va yomon yo‘ldan yurganlarning oqibati nima bo‘lganligi zikr qilinadi.
Shuning uchun ham namozning har bir rak'atida “Fotiha” surasini o‘qishga buyurilgan, uni takror-takror o‘qib turiladi. O‘qiganda ma'nosini tadabbur-mulohaza qilib o‘qilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Buyuk vatandoshimiz Imom Nasaiy mashhur sahobiy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi qudsiyda (hadisi qudsiy oyat bilan hadis o‘rtasidagi martabaga ega rivoyat, uning ma'nosi va lafzi Alloh tarafidan bo‘ladi, lekin ojiz qoldirish, mo‘jizalik xususiyati yo‘q) Alloh taolo aytadi: “Namozni O‘zim bilan bandam orasida ikkiga bo‘lganman, bandam nimani so‘rasa, beraman. Agar u (banda) : “Alhamdu lillahi robbil alamin” desa, Alloh: bandam menga hamd-shukr aytdi”, deydi. Banda: “ar-Rohmanir Rohiym”, desa, Alloh: “Bandam menga sano – maqtov aytdi”, deydi. Banda: “Maliki yavmiddin”, desa, Alloh: “Bandam meni ulug‘ladi”, deydi. Banda: “Iyyaka na'budu va iyyaka nasta'iyn”, desa, Alloh: “Bu men bilan bandam orasidagi narsa, bandam nimani so‘rasa, beraman”, deydi. Agar banda: “Ihdinas sirotal mustaqiym, sirotallaziyna an'amta alayhim g‘oyril mag‘zubi alayhim va lazzoolliyn”, desa, Alloh: “Bu bandamga xos, so‘raganini berdim”, deydi.

 

(“Tafsiri hilol” kitobidan)


Kiritilgan vaqti: 28/08/2019 17:45;   Ko‘rilganligi: 47609
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/islam/ayahs/fotiha-surasi-tafsiri
Chop etilgan vaqti: 13/04/2024 14:26
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing