O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Qur'on oyatlari

“Baqara” surasining 6-7-oyatlari tafsiri

 
 

بِسْمِ اللَّـهِ الرَّحْمَـٰنِ الرَّحِيمِ

“Baqara” surasining 6-7-oyatlari tafsiri

Yuqoridagi oyatlarda Qur'on hidoyatiga sazovor bo‘lish uchun sabab bo‘ladigan taqvodorlik sifatlari bayon etilgan bo‘lsa, kelasi oyatlarda ularning ziddi bo‘lmish hidoyatdan naf olmaydigan osiylarning sifatlari zikr qilinadi:

 

إِنَّ الَّذِينَ كَفَرُوا سَوَاءٌ عَلَيْهِمْ أَأَنذَرْتَهُمْ أَمْ لَمْ تُنذِرْهُمْ لَا يُؤْمِنُونَ. 6     

6. Albatta, kufr keltirganlarga qo‘rqitasanmi-qo‘rqitmaysanmi – baribir, iymon keltirmaslar.

Ya'ni, qo‘rqitsang ham, qo‘rqitmasang ham, kofirlarga foydasi yo‘q, ular baribir iymon keltirmaydilar. Chunki:

7 .خَتَمَ اللَّهُ عَلَى قُلُوبِهِمْ وَعَلَى سَمْعِهِمْ وَعَلَى أَبْصَارِهِمْ غِشَاوَةٌ وَلَهُمْ عَذَابٌ عَظِيمٌ 

7. Alloh ularning qalblari va quloqlarini muhrlab qo‘ygan va ko‘zlarida parda bor. Va ularga ulkan azob bordir.

Kofirlarning o‘z qilg‘iliklariga yarasha, nobakorliklari jazosiga Alloh ularning qalblarini muhrladi, hidoyat ta'sir qilmaydigan bo‘ldi. Quloqlariga muhr bosdi, hidoyatni eshitmaydigan bo‘ldilar. Ko‘zlariga parda tushirdi, hidoyat yo‘lini ko‘rmaydigan bo‘ldilar. Endi, qiyomatda ularga ulkan azob bo‘ladi.

Ibn Abi Hotim Ibn Amrdan rivoyat qilishicha, sahobalar Payg‘ambar alayhissalomga:

“Ey, Allohning Rasuli, biz Qur'onni o‘qib bir narsani orzu qilamiz, yana Qur'onni o‘qib noumid bo‘lgandek bo‘lamiz”, dedilar. Payg‘ambar alayhissalom:

“Sizllarga jannat ahli va do‘zax ahlining xabarini beraymi?”, - dedilar. Sahobalar:

“Ha”, - dedilar. Shunda u zoti bobarokat:

“Alif, Lam, Miym...”dan “...muflihun”gacha o‘qidilar-da:

“Bular ahli jannatlar”, - dedilar. Sahobalar:

“Biz ulardan bo‘lamiz, degan umiddamiz”, deyishdi. So‘ngra Payg‘ambar alayhissalom: “Innallaziyna kafaruu...”dan to  “azabun aziym”gacha o‘qidilar va:

“Mana bular ahli do‘zaxlar”, - dedilar. Sahobalar:

“Bizlarmas-a?” – deyishgan edi, Payg‘ambar alayhissalom:

“Ha!” – dedilar.

Bu oyatlarda avval mo‘minlarning, keyin kofirlarning vasfi keldi, kelasi oyatlarda uchinchi toifa bo‘lmish munofiqlarning vasfi boshlanadi. Munofiqlarning xatari ulkan, chunki ularning haqiqiy basharalari ko‘pchilikka ayon emas. Shuning uchun, Alloh gapni uzoqdan boshlab, ularning bir necha sifatlarini ta'rif qiladi.  

 

 (“Tafsiri Hilol” kitobidan)

   Davomi bor...


Kiritilgan vaqti: 04/09/2019 15:03;   Ko‘rilganligi: 2250
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/islam/ayahs/baqara-surasining-6-7-oyatlari-tafsiri
Chop etilgan vaqti: 13/04/2024 14:00
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing