O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Qur'on oyatlari

“Baqara” surasining 3-5-oyatlari tafsiri

 
 

“Baqara” surasining 3-5-oyatlari tafsiri

  بِسْمِ اللَّهِ  الرَّحْمَنِ الرَّحِيمِ 

 (3) الَّذِينَ يُؤْمِنُونَ بِالْغَيْبِ وَيُقِيمُونَ الصَّلَاةَ وَمِمَّا رَزَقْنَاهُمْ يُنفِقُونَ 

3. Ular g‘aybga iymon keltirurlar, namozni to‘kis o‘qirlar va Biz ularga bergan rizqdan nafaqa qilurlar.

Ushbu oyatda Qur'on hidoyatidan bahramand bo‘la oladigan taqvodorlarning sifatlaridan uchtasi sanalgan:

Birinchisi – “g‘aybga iymon keltirurlar”.

Abul Oliya g‘aybga iymon keltirishning tafsirida: "Allohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, Payg‘ambarlariga, qiyomat kuniga, jannatiga, do‘zaxiga, muloqotiga, o‘limdan keyingi hayotga va qayta tirilishga ishonishdir", degan ekanlar.

Imom al-Hokim Amr ibn Shuaybdan rivoyat qiladilarki, bir kuni Payg‘ambarimiz alayhis salom sahobai kiromlariga:

“Sizningcha kimning iymoni ajoyib?” – dedilar. Sahobalar: “Farishtalarniki”, - dedilar. Uzot:

“Ular Robbilarining oldida turib, iymon keltirmasalar, qanday bo‘ladi?” – dedilar. Sahobalar:

“Payg‘ambarlarniki”, - dedilar. Payg‘ambar alayhissalom:

“Ularga vahiy tushib turib, iymonga kelmasalar, qanday bo‘ladi?” – dedilar. Sahobalar:

“Bizniki”, - dedilar. U zoti bobarokat:

“Men oralaringizda turib, iymon keltirmasalaringiz qanday bo‘ladi?” – deb turib, so‘ngra o‘zlari javob qiladilar:

“Men uchun xaloyiqning ichida iymoni ajoyibi sizlardan keyin sahifalardagi kitoblarga iymon keltirgan qavmlardir” – dedilar.

Haqiqatan, g‘aybga iymon keltirish bilan inson hayvondan ajrab turadi. Chunki, his qilish a'zolari yordamida ularga moddiy ta'sir etuvchi narsalarni idrok qilish bilan ishonish hayvonlarda ham bor. G‘aybga iymon keltirish tufayli inson o‘zini o‘rab turgan hissiy dunyodan cheksiz ufqli, keng olamga chiqadi.   

Ikkinchisi –“namozni to‘kis o‘qirlar”.

Ya'ni, Allohga ibodat qiladilar. Bandaga qul bo‘lishdan ozod bo‘lib, bandalarning Parvardigoriga qul bo‘ladilar. Namoz orqali banda Alloh taologa bog‘lanadi. Hayotida yerga qapishib yurishdan yuqori narsani topadi. Shuningdek, boshqa ulkan yaxshiliklarga erishadi.

Uchinchisi – “Biz ularga bergan rizqdan nafaqa qilurlar”.

Taqvodor mo‘min-musulmon odamning e'tiqodi bo‘yicha, uning qo‘lidagi mol-dunyo Alloh bergan rizq, o‘zi yaratgan narsa emas. Shuning uchun ham taqvodor inson Alloh bergan rizqdan o‘zining zaifhol, muhtoj birodarlariga sadaqa qiladi. “Sadaqa” so‘zini tasdiq ma'nosi bor, mol-dunyosini sarflab sadaqa qilishda e'tiqoddagi ma'noning, ya'ni, yaxshilik qilish ma'nosining tasdig‘i bor. “Nafaqa” o‘zi umumiy so‘z bo‘lib, zakot, xayr-ehson, sadaqa kabi ma'nolarni anglatadi.

(4) وَالَّذِينَ يُؤْمِنُونَ بِمَا أُنزِلَ إِلَيْكَ وَمَا أُنزِلَ مِن قَبْلِكَ وَبِالْآخِرَةِ هُمْ يُوقِنُونَ 

4. Va ular senga va sendan oldin nozil qilingan narsaga iymon keltirarlar va oxiratga aniq ishonarlar.

Demak, taqvodorlarga oid navbatdagi to‘rtinchi sifat - Muhammad alayhissalomga nozil qilingan Qur'oni Karimga va u kishidan oldin tushirilgan samoviy kitoblarga iymon keltirish. Bu narsa, taqvodrlarning, Islom ummatining buyuk sifatlaridan biri bo‘lib, boshqa hech bir ummatda yo‘qdir. Chunki Islom ummatidan boshqa hech bir ummat Allohdan nozil bo‘lgan barcha kitoblarga birdek iymon keltirmagan. Islom ummati Alloh tushirgan barcha kitoblarga birdek iymon keltiradi.

         Bu hol esa, aslida bashariyatning kitoblari va Payg‘ambarlari bir ekani alomatidir.

         Beshinchi sifat – “oxiratga aniq ishonarlar”.

Ya'ni, hech shak-shubha qilmay ishonadilar. Oxiratga ishonish insonni tor dunyodan keng dunyoga chiqaradi. Uning hayoti imtihonlarga to‘la bu besh kunlik dunyo bilan tugamasligini bildiradi. Kelajagining uzoq ekanligini, nihoyasiz yashash olami yuor ekanini bildiradi.

Ushbu besh sifat insoniyat uchun nihoyatda zarur sifatlar bo‘lib, kim shularni o‘zida mujasam qilsa, Qur'on hidoyatidan to‘la bahramand bo‘ladi. Qur'on hidoyatidan bahramand bo‘lgan esa, ikki dunyo saodatiga erishadi. Shuning uchun ham, kelasi oyatda mazkur besh sifatga sohib bo‘lganlar erishadigan natijaning e'loni keladi:

(5) أُولَٰئِكَ عَلَىٰ هُدًى مِّن رَّبِّهِمْ ۖ وَأُولَٰئِكَ هُمُ الْمُفْلِحُونَ 

  1. Ana o‘shalar Robbilaridan bo‘lgan hidoyatidadirlar va ana o‘shalar, o‘shalargina najot topguvchilardir.

Kim najot topishni istasa, o‘zida taqvodorlik sifatlarini mujassam qilishga urinsin.

Yuqoridagi oyatlarda Qur'on hidoyatiga sazovor bo‘lish uchun sabab bo‘ladigan taqvodorlik sifatlaribayon etilgan bo‘lsa, kelasi oyatlarda ularning ziddi bo‘lmish hidoyatdan naf olmaydigan osiylarning sifatlari zikr qilinadi.

 

(“Tafsiri Hilol” kitobidan)

   Davomi bor...


Kiritilgan vaqti: 30/08/2019 16:58;   Ko‘rilganligi: 2140
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/islam/ayahs/baqara-surasining-3-5-oyatlari-tafsiri
Chop etilgan vaqti: 07/12/2024 22:43
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing