“Baqara” surasining 26-oyati tafsiri
بِسْمِ اللّهِ الرَّحْمنِ الرَّحِيمِ
إِنَّ اللَّهَ لَا يَسْتَحْيِي أَنْ يَضْرِبَ مَثَلًا مَا بَعُوضَةً فَمَا فَوْقَهَا ۚ فَأَمَّا الَّذِينَ آمَنُوا فَيَعْلَمُونَ أَنَّهُ الْحَقُّ مِنْ رَبِّهِمْ ۖ وَأَمَّا الَّذِينَ كَفَرُوا فَيَقُولُونَ مَاذَا أَرَادَ اللَّهُ بِهَٰذَا مَثَلًا ۘ يُضِلُّ بِهِ كَثِيرًا وَيَهْدِي بِهِ كَثِيرًا ۚ وَمَا يُضِلُّ بِهِ إِلَّا الْفَاسِقِينَ (26)
- Albatta, Alloh chivin va undan ustunroq narsalarni misol qilib keltirishdan uyalmas. Bas, iymon keltirganlar, albatta, u Robblaridan kelgan haqligini bilurlar. Ammo kufr keltirganlar: «Alloh bu misoldan nimani iroda qildi?» – derlar. U Zot o‘sha bilan ko‘pchilikni zalolatga ketkazar va ko‘pchilikni hidoyatga solar va u bilan faqat fosiqlarnigina zalolatga ketkazar.
Kofirlar va munofiqlar istehzo qilish o‘rniga aqlni ishlatganlarida edi, Alloh taoloning chivin yoki pashsha singari jussasi kichik narsalarni misol qilib keltirishi ojizlikdan bo‘lmay, balki ulkan qudratdan dalolat ekanini bilar edilar. Chunki koinotni yaratgan Alloh taolo o‘sha qudrati ila chivinni ham, hatto undan kichik narsalarni ham yaratgandir. Mohiyat narsaning jismida emas, balki undagi hayotdadir. Xo‘p, ana shu chivin shunchalik arzimas narsa bo‘lsa, unga Allohdan boshqa kim ham hayot yoki jon bera oladi? Dunyodagi barcha kuchlar to‘planib, Alloh yaratgan birorta ulkan jussali hayvonni yarata olmaganlaridek, bitta chivinni ham yarata olmaydilar. Zarbulmasaldan maqsad kishilar qalbini sinash, ularni imtihon qilishdir. Odamlar esa bunday zarbulmasaldan keyin ikki xil munosabatda bo‘ladilar:
- Iymon keltirganlar zarbulmasaldan ibrat va va'z-nasihat oladilar, Allohning qudratiga yana bir bor qoyil qoladilar. Hamda zarbulmasalning Robblaridan kelganini, uning haqligini biladilar, iymonlari yanada ziyoda bo‘ladi.
- Kufr keltirganlar esa Allohning nuridan, iymondan bebahra bo‘lganliklari uchun bu ulkan haqiqatni anglab-tushunib yetmaydilar. Alloh taologa nisbatan beodoblik qiladilar.
«Alloh bu misoldan nimani iroda qildi?» – derlar».
Beodoblarcha berilgan bu savolga oyatning o‘zida ochiq-oydin javob bor:
«U Zot o‘sha bilan ko‘pchilikni zalolatga ketkazar va ko‘pchilikni hidoyatga solar…»
Demak, zarbulmasal – sinov: u har kimga har xil ta'sir qiladi. Esi bor odam undan foyda olib, iymoni mustahkamlanadi. Aqli shaytonning qo‘lida bo‘lganlar esa uni masxara qilib, kufrida yana chuqur ketadi. Kufrida chuqur ketadiganlar fosiqlardir. Odatda, «fosiq» deb gunoh ishlarni qilgan musulmonlarga aytiladi. «Fisq» so‘zi ulamolar istilohida «Gunohi kabira qilib yoki kichik gunohlarda bardavom bo‘lib, Allohning amridan chiqishdir». Qur'oni Karimda esa mavzuga qarab, kofir va munofiqlar ham ba'zan fosiq deb ataladilar.
(“Tafsiri Hilol” kitobidan)
Davomi bor...
Kiritilgan vaqti: 21/09/2019 16:45; Ko‘rilganligi: 2326
Chop etilgan vaqti: 10/12/2024 11:08