O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Qur'on oyatlari

“Baqara” surasining 25-oyati tafsiri

 
 

بِسْمِ اللّهِ الرَّحْمنِ الرَّحِيمِ

وَبَشِّرِ ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ وَعَمِلُواْ ٱلصَّٰلِحَٰتِ أَنَّ لَهُمْ جَنَّٰتٍۢ تَجْرِى مِن تَحْتِهَا ٱلْأَنْهَٰرُ ۖ كُلَّمَا رُزِقُواْ مِنْهَا مِن ثَمَرَةٍۢ رِّزْقًا ۙ قَالُواْ هَٰذَا ٱلَّذِى رُزِقْنَا مِن قَبْلُ ۖ وَأُتُواْ بِهِۦ مُتَشَٰبِهًا ۖ وَلَهُمْ فِيهَآ أَزْوَٰجٌ مُّطَهَّرَةٌ ۖ وَهُمْ فِيهَا خَٰلِدُونَ (25)

  1. Iymon keltirgan va solih amallar qilganlarga ular uchun ostlaridan anhorlar oqib turgan jannatlar borligining xushxabarini ber. Har gal ularning mevasidan rizqlantirilganlarida: «Avval ham bundan rizqlantirilgan edik», – derlar. (U) ularga o‘xshash qilib berilgandir. Ularga u yerda pokiza juftlar bor va ular u yerda mangu qoluvchidirlar. 

Ushbu oyati karimada Alloh subhanahu va taolo O‘z Payg‘ambari Muhammad alayhissalomga xitob qilib, iymon keltirgan va solih amal qilganlarga bashorat – suyunchilik xabar berishni buyurmoqda. Demak, daraxtlari ostidan anhorlar oqib turuvchi jannatga kirish uchun iymon keltirish, ya'ni Allohga, payg‘ambarga, Qur'onga va iymon keltirish lozim bo‘lgan boshqa narsalarga iymon keltirish hamda amali solihlarni, ya'ni Qur'on va sunnatda yaxshi deb ta'riflangan ishlarni qilish zarurdir.

Ahli jannat faqat jannatga kirish bilan kifoyalanib qolmaydilar, balki u yerda turli noz-ne'matlarga sazovor bo‘ladilar. Jumladan:

“Har gal ularning mevasidan rizqlantirilganlarida: «Avval ham bundan rizqlantirilgan edik», – derlar. (U) ularga o‘xshash qilib berilgandir.

Ya'ni ularga bu dunyoda bahramand bo‘lgan mevalariga o‘xshash mevalar berilgandir. Ammo bu o‘xshashlik faqat ism va shakldadir. Jannat mevalarining ta'mi esa boshqa. Shaklining o‘xshashligi shuning uchunki, banda bu dunyoda totib yurgan lazzatli ne'matni jannatda ham ko‘rsa, sevinadi. Ta'mini totganda esa kutganidan ham lazzatliroq ekani ayon bo‘ladi.

Ulug‘ sahobiy Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu:

“Jannatdagi narsalarning birortasi bu dunyonikiga o‘xshamaydi, faqat ismi o‘xshashi mumkin”, – deganlar.

Yana

Ularga u yerda pokiza juftlar bor…

Har jihatdan pokiza juftlar bordir. Chunki jannat hurlari alohida yaratilgandir. Ushbu ne'matlarning lazzati va huzurbaxshligining ziyodaligi ularning bardavomligida hamdir. Shuning uchun ham oyatda aytilganidek:

…va ular u yerda mangu qoluvchidirlar.

O‘tgan oyatlarda Alloh taolo munofiq va kofirlarning haqiqiy holini bayon qilish uchun olov yoqqan odamni va yomg‘irda qolgan odamni zarbulmasal qilib keltirdi. Shuningdek, boshqa sura va oyatlarda ham ushbu uslubni ishlatib, jumladan, o‘rgimchakni va pashshani misol qiladi. Kofir va munofiqlar bunday misol keltirishdan ham bir nuqson topmoqchi bo‘lishadi. Qur'on borliqni yaratgan Allohning kalomi bo‘la turib, unda pashsha, o‘rgimchak kabi, ular nazarida arzimas tuyulgan jonzotlarning zikr etilishi istehzolariga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Oqibatda ular turli gap-so‘zlar tarqatishgan. Jumladan, “Alloh bu misolni keltirishdan nimani iroda qiladi?” – deya boshlashgan.

 

(“Tafsiri Hilol” kitobidan)

   Davomi bor...


Kiritilgan vaqti: 20/09/2019 16:59;   Ko‘rilganligi: 2680
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/islam/ayahs/baqara-surasining-25-oyati-tafsiri
Chop etilgan vaqti: 14/12/2024 13:04
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing