O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Qur'on oyatlari

Alloh taoloning bandasi va nabiyi Muhammad sollallohu alayhi va sallamga muhabbati

 
 

Olamlarning Robbisiga eng ulug‘ hamdlar va eng afzal bandasi, habibi va nabiyi Muhammadga salovot va salomlar bo‘lsin.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Allohning eng suyukli bandasidir. Bu haqiqatni har bir Qur’onni o‘qib uning ajoyib ma’nolarini taammul, tadabbur va tafakkur qilgan odam topadi. Bunga juda ham ko‘p misollar keltirish mumkin. Shular jumlasidan Zuho surasida Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

بسم الله الرحمن الرحيم

Mehribon va rahmli Allohning ismi bilan boshlayman.

والضحى

Zuho bilan qasam. Bundan murod choshgoh vaqti va u quyosh ko‘tarilayotgan paytdagi kunduzning boshidir. Zuho qasam bilan xoslandi, chunki bu vaqt Alloh Muso alayhissalom bilan gaplashgan va sehrgarlar sajdaga tashlangan soatdir. Yoki bundan murod tunga muqobil bo‘lishligi uchun to‘liq kunduzdir.1

والليل إذا سجى

Sokin bo‘lgan (yo‘ki zulmatli bo‘lgan) tun bilan qasam. Sokin bo‘lgan tun, ya’ni murod odamlar va undagi ovozlar sukunatidir.1 Imom Al-Qushayriy rohimahulloh o‘z tafsirlarida: “Bundan murod Me’roj kechasi”, deyishgan.2 Imom Al-Qurtubiy rohimahulloh o‘z tafsirlarida ushbu fikrlarni Qatoda, Muqotil va Ja’far As-Sodiq keltirganini zikr qilib o‘tgan.3 Va qasamning javobi:

ما ودعك ربك وما قلى

Robbing seni tark qilmadi va g‘azab ham qilmadi. Ya’ni ey Muhammad, Robbing seni ixtiyor qilib, tark qilmadi. Seni yaxshi ko‘rib, senga g‘azab ham qilmadi. Bu Mushriklar “Robbisi uni tashlab qo‘ydi”, deganlariga raddiyadir.4 Hafiz Ibn Kasir rohimahulloh o‘z tafsirlarida bu sura nozil bo‘lishi sababi to‘g‘risida shunday deganlar:

Imom Ahmad Jundub ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilishadi, u kishi deyishdi: “Nabiy sollallohu alayhi va sallam kasal bo‘ldilar va bir yoki ikki kecha turmadilar. Va bir ayol kelib: “Ey Muhammad, shaytoning seni tark qilgan deb o‘ylayapman”, dedi. So‘ng Alloh azza va jalla “Zuhoga qasam. Sokin bo‘lgan tun bilan qasam. Robbing seni tark qilmadi va g‘azab ham qilmadi” oyatlarini nozil qildi.” Va yana bir rivoyatda: “Jabroil alayhissalom Rasulullohga kechikdi va mushriklar: “Muhammadni Robbisi tark qildi”, deyishdi va Alloh taolo “Zuhoga qasam. Sokin bo‘lgan tun bilan qasam. Robbing seni tark qilmadi va g‘azab ham qilmadi.” oyatlarini nozil qildi.5

Bu oyatlarda Alloh taolo o‘zining buyuk mo‘jizalari tun va kun bilan qasam ichib, o‘z nabiyi, habibi va eng suyukli bandasiga uni tashlab qo‘ymasligi, g‘azab qilmasligi va yaxshi ko‘rishi xabarini bermoqda.

وللآخرة خير لك من الأولى

Va albatta, oxirat sen uchun bu dunyodan yaxshiroq. Hafiz Ibn Kasir rohimahulloh o‘z tafsirlarida Imom Ahmad Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyatlarini keltirishadi, u kishi dedi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bo‘yrada yotib qolgandilar, yonboshlariga ta’sir qilibdi, uyg‘onganlaridan so‘ng yonboshlarini silab turib: “Ey Allohning Rasuli, izn bersangiz, bo‘yraning ustidan biror narsa to‘shab bersak”, dedim. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Menga nima va dunyoga nima. Men bu dunyoda bir daraxt soyasida ot minib ketayotgan odamga o‘xshayman, tezda o‘tib ketaman, soya esa qoladi”, dedilar”.5

ولسوف يعطيك ربك فترضى

Va albatta, Robbing senga ato qilur va sen rozi bo‘lasan. Ya’ni Robbing oxiratda savob, sharofat, shafoat va bundan boshqasini to rozi bo‘lguningcha ato qiladi. Ibn Abbos roziyallohu anhu “Bu ummatlariga shafoat”, deganlar. Imom Al-Qurtubiy rohimahulloh o‘z tafsirlarida Imom Muslim Sahihlaridagi Abdulloh ibn Amr ibn Osdan rivoyat qilingan hadisni zikr qilib o‘tganlar: “Nabiy sollallohu alayhi va sallam Alloh taoloning Ibrohim alyhissalom to‘g‘risidagi so‘zini: “Bas, kim menga ergashsa, u mendandir. Kim menga osiy bo‘lsa, albatta, O‘zing mag‘firat qiluvchi va rahmlisan.” (Ibrohim surasi, 36-oyat) va Iso alayhissalomning: “Agar ularni azoblaydigan bo‘lsang, bas, albatta, ular Sening bandalaring.” (Moida surasi, 118-oyat) so‘zini tilovat qilib, ikki qo‘lini ko‘tardilar va: “Ey Alloh, ummatim, ummatim”, deb, yig‘ladilar. Va Alloh taolo Jabroil alayhissalomga: “Muhammadning oldiga borgin va undan “Seni nima yig‘latdi?” deb so‘ragin, vaholanki Robbing biluvchiroq”, dedi. Jabroil alayhissalom Nabiy sollallohu alayhi va sallam oldilariga keldi, so‘radi va U Zotga xabar berdi. So‘ng Alloh taolo Jabroil alayhissalomga: “Muhammadning oldiga borgin va unga “Albatta, Alloh taolo senga: “Albatta, Biz seni ummating borasida rozi qilamiz va seni xafa qilmaymiz”, deyapti”, degin”, dedi”.3

Bu oyatlarni o‘qib taammul qilsak, Alloh taolo o‘z nabiyini juda yaxshi ko‘rishi va ikrom qilishini ko‘rishimiz mumkin. Bu Qur’ondagi bunga o‘xshash ko‘p misollardan bir ko‘rinish xolos. Bizga bu dunyoda Kitob, sunnat va hikmatni o‘rgatgan, bizni poklagan kishi Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdir. Bizni hamma o‘zi bilan ovora bo‘ladigan, dahshatli, qo‘rqinchli, ulug‘ kunda ahvolimizdan qayg‘uradigan, shafoat qiladigan kishi Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdir. Bizning ham u kishiga muhabbatimiz shunga loyiq bo‘lsin. U kishi Alloh taoloning eng suyukli nabiyi, biz ham, bandalar u zotni yaxshi ko‘raylik, u kishiga salovot va salomlarni ko‘paytiraylik.

Yer va osmonlarning barchasini Robbi Allohga eng a’zim hamdlar bo‘lsin. Assalomu alaykum va rohmatullohi va barakatuh!

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. Imom Abul Barakot Abdulloh ibn Ahmad an-Nasafiy. “Tafsiyru an-Nasafiy av Madaarikut tanzil va haqoiqut ta’viyl”.

2. Imom Abul Qosim Abdulkarim al-Qushayriy. “Tafsiyrul Qushayriy al-Musamma Latoifal isharat”.

3. Imom Abu Abdulloh Muhammad ibn Ahmad al-Qurtubiy. “Al-Jaame’ liahkamil Qur’an”.

4. Shayx Muhammad Ali as-Sobuniy. “Sofvatut tafasiyr”.

5. Shayx Muhammad Ali as-Sobuniy. “Muxtasaru tafsiyri Ibn Kasiyr”.

6. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. “Tafsiri Hilol”.


Kiritilgan vaqti: 28/11/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 36982
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/islam/ayahs/alloh-taoloning-bandasi-va-nabiyi-muhammad-sollallohu-alayhi-va-sallamga-muhabbati
Chop etilgan vaqti: 04/12/2024 14:12
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing