O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Jihod, takfir, shahidlik, mazhabsizlik, xalifalik kabi masalalardagi soxta da'volarga raddiyalar

 
 

Ming afsuski, o‘ta nozik va hassoslik bilan yondashish talab etiladigan “takfir”, “jihod”, “shahidlik”, “mazhabsizlik”, “xalifalik” kabi tushunchalarni turli diniy ekstremistik oqim a'zolari chalasavod kimsalarning fatvolariga tayangan holda g‘arazli niyatlarda talqin etishmoqda. Bunday noto‘g‘ri talqin odamlar ongini buzib, ularning iddaolariga ergashmaganlarga nisbatan urush, qon to‘kish, zulm o‘tkazishga sabab bo‘lmoqda.

Shahidlik” yoki hudkushlik amaliyoti va unga raddiya. Hozirda ba'zi guruh yoki shaxslar tomonidan “o‘z-o‘zini o‘ldirish” tushunchasi shahidlik deb noto‘g‘ri talqin qilinmoqda. Aslida bu harakatlar ham shaxsning o‘z hayotiga tajovuz qilishi bo‘lib, Qur'on va Sunnatga ko‘ra o‘z joniga suiqasd qilish hisoblanadi. Dunyoning ba'zi davlatlarida hokimiyatga erishish uchun islom dinini niqob qilib olgan buzg‘unchi kuchlar tomonidan musulmon shaxsning ma'lum maqsadlar yo‘lida “o‘zini-o‘zi o‘ldirish”i “shahidlik amaliyoti” deb baholanishi ayni adashishdir. Islom ulamolari tomonidan mazkur “kuchlar”ning o‘z harakatlarini oqlash maqsadida keltirgan barcha dalillari qoralangan va asossiz deb topilgan. Qadimgi faqihlar azoblanish yoki asirga tushishdan qutulish uchun o‘zini-o‘zi o‘ldirish haromligi haqida ittifoq qilishgan. Ibn Xazm aytadilar: “Fuqaholar shaxsni o‘zini-o‘zi o‘ldirishi, a'zolaridan birortasini kesishi, ayniqsa, kessa og‘rig‘i hayot uchun juda ham xavfli bo‘ladigan a'zosini kesib davolamasdan o‘zini-o‘zi qiynashi halol emasligiga ittifoq qilishgan”.

Shuningdek, yana ko‘plab manbalarda islom faqihlari tomonidan musulmon shaxsning tinch-osoyishta hayotda o‘z o‘zini o‘ldirish u yoqda tursin, o‘ziga o‘lim tilash ham qoralangani ta'kidlanadi.

Imom Qurtubiy Qur'oni karim “Niso” surasidagi: “Bir-birlaringizni o‘ldirmangiz!”, – oyati haqida fikr bildirib, unda insonlar bir-birlarini o‘ldirishdan qaytarilgan bo‘lsa ham, shaxsning o‘z joniga qasd qilishini o‘z ichiga oladi”, – deydi.

Bugungi kunda mavjud zamonaviy fatvolarda ham “Niso” surasining mazkur 29-oyati asos qilinib o‘zi yoki boshqa shaxsni o‘ldirish islomda qat'iy man etilgani ta'kidlanadi. Unga ko‘ra bir kimsa dushman ichida o‘zini portlatsa, birinchi navbatda, o‘zi o‘ladi, qilgan ishi ochiqdan-ochiq o‘zini o‘ldirish hisoblanadi. Qolaversa, begunoh insonlar qoni to‘kiladi. O‘z joniga qasd qilgan va nohaq qon to‘kkan kimsa esa do‘zaxga tushishi Qur'on oyatlarida ochiq bildirilgan. Ayniqsa, mazkur fatvolarda o‘z Vatani hududida amalga oshirilgan hudkushlik amaliyoti kechirib bo‘lmas jinoyat ekanligi va bu – islom hamda millatdoshlariga nisbatan sodir etilgan eng katta xiyonat bo‘lishi ma'lum qilingan.

Asrimizning zabardast ulamolari ushbu so‘zlarini isbotlash maqsadida: “Qur'on oyatlari va Sunnatda bayon etilgan o‘zini-o‘zi o‘ldirish to‘g‘risidagi man qilingan ko‘rsatmalarning mavjudligi, uning harom amal ekanligi uning noshar'iy amal ekanligidan dalolatdir”, – ­­­deydilar. Zamonaviy chiqarilgan fatvolar xulosasida mazkur amaliyotlarda o‘lgan kimsa shahid bo‘lmasligi va uni shahid deb nomlash ham mumkin emasligi, aksincha, mazkur amallar o‘zini-o‘zi o‘ldirish va o‘z joniga qasd qilish deb ta'kidlanadi.

Jihod so‘zining mazmun-mohiyati. Jihodning lug‘atdagi xususiyatidan kelib chiqqan holda qator turlarga ajratilgan. Islom diniga so‘z bilan da'vat qilish yoki farzandni ota-onasi xizmatida bo‘lishi ham jihod hisoblangani bois, uning keng ma'noda qo‘llanishi ayon bo‘ladi.

Umumiy holda jihod nafs, shayton va bosqinchilikka qarshi kurashish kabi turlarga ajratilgan.

Payg‘ambar alayhissalom Makka davrida mushriklar tomonidan sodir bo‘lgan qiyinchiliklarga barcha sahobalarni sabr qilishga chorlab, urush qilishdan qaytarganlar. Qur'on ilmlari bilan shug‘ullangan ulamolarning ta'kidlashlaricha, 70 dan ortiq oyati-karimada musulmonlar kofirlarga qarshi jihoddan qaytarilgan. Hatto, himoya uchun ham kofirlarga qarshi jang qilishga ruxsat berilmagan.

Makka davrida Payg‘ambar alayhissalom Alloh taoloning Nahl surasi 125-oyatidagi: “(Ey Muhammad), Parvardigoringiz yo‘li – diniga donolik, hikmat va chiroyli pand-nasihat bilan da'vat qiling! Ular bilan eng go‘zal yo‘lda mujodala-munozara qiling!”, – degan ko‘rsatmasi asosida faoliyat olib borgan.

Musulmonlar qatnashgan janglar faqatgina urush hududlarida bo‘lib, Payg‘ambar alayhissalomning ko‘rsatmasiga muvofiq jangda qo‘lida qurol bo‘lgan kimsalar bilan urushilgan, agar ular to‘xtatishni xohlashsa so‘zsiz to‘xtatilgan. Shuningdek, jangni xohlamaganlarga tegilmagan, ayollar, bolalar va keksa yoshdagilarga hujum qilinmagan. O‘zaro ahdlashgan kimsalarga xabar bermasdan yoki to‘satdan hiyla bilan urush ochilmagan, dushman tomon oldin jang boshlamaguncha, ularga urush qilinmagan.

Payg‘ambar alayhissalom musulmon jamiyatini barpo etish yoki unga hudud hozirlash uchun umuman jang qilmagan. Va hatto xos davlatni barpo etish maqsadida musulmonlarni jamlash uchun ham amalga oshirmagan. Agar “jihod” islom davlatini qurish uchun yoki insonlarni dinga kirishga majburlash uchun joriy etilganida, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam o‘zi bu borada namuna bo‘lur edilar. Biroq Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bunday yo‘l tutmagan. Aksincha, musulmon jamiyati tinch yo‘l bilan tabiiy ravishda yuzaga kelgan.

Hozirda turli guruh va toifalar o‘zlari ilgari surayotgan g‘oyaga erishish maqsadida “jihod” turlaridan foydalanishga urinmoqdalar. Ular ba'zi musulmonlarning islom ahkomlarini to‘g‘ri talqin etadigan ilmiy saviyaga ega emasligidan foydalanib, “jihod – muqaddas urush”, degan tushunchalarni targ‘ib qilib, nohaq qon to‘kilishga sababchi bo‘lmoqdalar. Bunga dunyoning turli chekkasida “jihod” niqobi ostida sodir etilayotgan qo‘poruvchilik harakatlari misol bo‘la oladi.

Afsuski, ushbu tushuncha takror va takror islom ulamolari tomonidan sharhlanib, jihod bu – jang qilish emasligi, arab tilida urushni anglatuvchi “qitol” so‘zi mavjudligi ta'kidlanayotgan bo‘lsada, ba'zi shaxslar ongida jihod qurolli kurash degan tushuncha hamon hukmron bo‘lib turibdi.

Vaholanki, “jihod”ning asosiy negizi islom va uning asoslarini insonlarga to‘g‘ri talqin etishdir. Bunga turli fiqh kitoblarining jihod bobi hujjat bo‘la oladi. Mazkur asarlarda insonlarni yaxshilikka chorlash va yomonliklardan qaytarish, o‘zining insoniylik jihatlari bilan boshqalarga namuna bo‘la olish jihodning asosiy mag‘zi ekanligi bayon etilgan. Imom Navaviy o‘zining “Al-manhaj fiy avval kitab al-jihad” kitobida “jihod”ning ta'rifi va turlari bayonida “... yaxshi ishlarga buyurish va yomon ishlardan qaytarish” markaziy o‘rinda turishini bayon qilgan. Imom Dirdiyr o‘zining “Aqrob al-masalik” degan asari “jihod” bobini shariat ilmlarini tarqatish, yaxshi ishlarga buyurish va yomon ishlardan qaytarish vojib ekanini tushuntirish bilan boshlagan.

Xalifalik masalasi. Barchamiz ommaviy axborot vositalari orqali guvohi bo‘lganimizdek, Iroq va Suriya mamlakatlari hududida “Iroq va Shom islom davlati” diniy-ekstremistik guruhi go‘yoki “xalifalik” tuzilganini da'vo qildi. Tabiiyki, bu qanday guruh, musulmon olamining uning bayonotiga munosabati qanday degan savollar tug‘iladi.

Payg‘ambar alayhissalomning hadisi shariflarida aytilganidek: “Xalifalik mendan so‘ng o‘ttiz yil. Undan so‘ng podsholik va amirlik bo‘ladi”. Shunga ko‘ra, Abu Bakr ikki yil, Umar o‘n yil, Usmon o‘n ikki yil va Ali olti yil xalifalik qildi.

O‘tgan umaviy, abbosiy va usmonli turk hukmdorlar amalda jamiyatning diniy hayotiga ta'sir ko‘rsatmaganlar. Shuning uchun ham ma'lum davrdan so‘ng diniy arboblar qatlami (faqih, mufassir va muhaddislar) shakllana boshladi. Diniy masalalar bo‘yicha jamoatchilik fikrini diniy ulamo va faqihlar rivojlantirgan. Aytish mumkinki, davr o‘tishi bilan hukmdorlar davlat ishlari bilan, ulamolar esa diniy masalalar bilan shug‘ullanganlar.

Hozirgi mutaassib kishilarning xalifalik tuzish to‘g‘risidagi fikrlari asossizdir. Dunyoviy tizim hukmron bo‘lgan hozirgi zamonda xalifalikka zarurat yo‘q. Buni voqelikning o‘zi bizga ko‘rsatib turibdi.

Yuqorida ta'kidlanganidek, davlat dindorlarga o‘z ibodatlarini to‘liq, emin-erkin ado etishlari uchun barcha sharoitlarni yaratib berayotgan, buyuk ma'naviy merosimiz o‘rganilib, muqaddas dinimizga yuksak e'tibor va ehtirom ko‘rsatilayotgan sharoitda mutaassib oqimlarning bunday soxta da'volari butkul asossiz va xatodir.

Takfir tushunchasi mazmun-mohiyati. Islom tarixida, takfir tushunchasi xalifa Ali roziyallohu anhu davrida paydo bo‘lgan xorijiylar firqasi tomonidan o‘zlariga ergashmaganlarga nisbatan qo‘llanilgan. Ular dastlab xalifa Alining ashaddiy tarafdorlari bo‘lib, “Siffiyn” jangidan so‘ng hazrati Alidan o‘n ikki minglik qo‘shin bilan ajralib chiqib, unga va Muoviyaga qarshi barobar kurash boshlagan.

Xorijiylar qurol ishlatish orqali o‘z e'tiqodini tarqatish va hokimiyatga erishishni maqsad qilib qo‘ygan. Ular musulmonlarni o‘ldirishni halol sanaydilar. Katta gunoh qilgan kishini kofirga chiqarib, ularning moli va jonini o‘zlariga halol sanashgan. Ta'kidlash o‘rinliki, xorijiylarning mazkur takfir tushunchasi orqali minglab musulmonlar, jumladan, xalifa Alining ham hayotlariga tajovuz qilingan.

Islom ulamolari xorijiylarning katta gunoh bo‘yicha da'volarini tahlil qilib, umuman ularni islomiy tushunchalardan yiroq ekanligini ta'kidlashadi. Jumladan, musulmonlar tomonidan sodir etilgan gunohlar sababli islomdan chiqmasligi haqida qator dalillar mavjud. Jumladan, Islom ulamolari aytadilar: Islom shahodat kalimasidir. U bilan inson musulmon bo‘ladi.

Bunga Uboda roziyallohu anhuning Rasululloh sallallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilgan hadislari dalil bo‘ladi: “Kim Allohdan o‘zga iloh yo‘q va Muhammad Uning Rasuli ekanligiga guvohlik bersa, do‘zax unga harom bo‘ladi” (Imom Muslim rivoyati). Yana: Abu Zarr roziyallohu anhuning Rasululloh sallallohu alayhi vasallamdan keltirgan hadislari dalil bo‘ladi: “Ummatimdan biror kishi Allohga hech bir narsani sherik qilmagan holda vafot etsa, jannatga kiradi”, – deyilgan (Imom Buxoriy rivoyati).

Takfir” — musulmonni imonsizlikda ayblash demakdir. Jihodchilar ularga ergashmagan musulmonlarni “kofir” ya'ni “dinsiz” deb asossiz hukm chiqarib, o‘zlarining jirkanch maqsadlarini, insoniylikka zid xatti-harakatlarini amalga oshirmoqdalar. Biror kishini kofirga chiqarish og‘ir ish, uning xatari va xatosi ham qattiq ekan, ulamolar bu borada tolibi ilm, ayniqsa endi ilm o‘rganishni boshlagan hali yetarli bilimga ega bo‘lmagan odam bu mavzuga kirishishdan ehtiyot bo‘lishi, o‘zi va oxirati uchun foydali bo‘lgan ilmlarni o‘rganish bilan mashg‘ul bo‘lishi kerak, deb ta'kidlaydilar.

Mazhabsizlik tushunchasi. XX asr so‘nggida musulmon olamida islom niqobi ostidagi aqidaparastlik guruhlaridan tashqari yana bir tahdidning yangi qatlami namoyon bo‘ldiki, u ham bo‘lsa mazhabcizlikka chaqiruvchilar toifasidir. Harakat tarafdorlarining da'vosicha, islomda unga e'tiqod qiluvchi shaxs uchun sunniylikdagi to‘rt mazhablarning biriga ergashish shart qilinmagan.

Ma'lumki, sunniylikda to‘rtta fiqhiy mazhab bo‘lib, ular: shofi'iy, molikiy, hanbaliy va hanafiy mazhablardir. Bu fiqhiy mazhablar islomda muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, bugungi tahlikali kunda aqidada adashayotgan, mutaassib, ekstremistik oqimlarga da'vat qilayotganlarning nohaq da'volariga zarba berishda asos bo‘layotgan bu mazhablar asoslarini tutganlar adashmaydilar.

Xulafoi roshidinlar davrlarida islom dini hududi kengaydi. Misr, Suriya, Iroq kabi davlatlar islom dinini  o‘zlariga qabul qildilar. Kufa va Basra kabi yangi shaharlar barpo qilindi. Mazhablar paydo bo‘lishining asosiy omili ham mana shundan boshlangan. Bu yurtlarga islom dini ta'limotlarini yetkazib bera oladigan ustoz ya'ni olim — sahobalar kelib, ularning xolis mehnatlari samarasida Alloh taolo din ahkomlarini mukammal talqin qila oladigan zabardast fiqh ulamolarini dunyoga kelishini iroda qildi.

Ana shunday ulug‘ allomalardan biri hanafiy mazhabi asoschisi bo‘lmish Imomi A'zam Abu Hanifa No‘mon ibn Sobitdir.

Hanafiylik mazhabi mo‘tadilligi, dinimizning mohiyatini musulmonlarga oson yetkazishi, diyorimiz musulmonlari asrlar osha o‘zaro ittifoqda,  muammolarni  oson hal qilib, din ko‘rsatmalariga go‘zal holda amal qilib, kelayotgani  yurtimizda ko‘p sonli zabardast olimlarning yetishib chiqayotgani kabilarda, eng maqbuli sifatida o‘z isbotini topdi. Bizning yurtimizda diniy e'tiqodimiz asosan hanafiy mazhabi asosida ekani Yaratganning marhamati, mo‘min-musulmonlarning hidoyat yo‘lida, ahil-birdam ekanining asosiy sabablaridan biridir. Zero, taniqli olim, marhum Ramazon Butiy ta'kidlaganidek: “Mazhabsizlik bu dinsizlikka olib boruvchi ko‘prikdir”.

Haqiqatdan e'tibor berib o‘rganib ko‘rsak, hozirgi kunimizdagi din niqobi ostidagi hamma buzg‘unchi ekstremistik oqimlar va guruhlarning a'zolari mazhabsizlikning natijasidir. Chunki, ba'zan mazhabga qarshi bemazhablar qaysar haqqa unamaydigan, sof e'tiqodli ulamolarimizning nasihati va ko‘rsatmalariga rozi bo‘lmaydigan mutaassib bo‘lib, oxir-oqibat buzg‘unchi — terrorchi oqimlar safiga kirib qolishmoqda.

Biz barchamiz  dinimiz ko‘rsatmalarini xalqimizga ahli sunna val jamoa, xususan hanafiylik mazhabi e'tiqodiga muvofiq mukammal qilib yetkazishga mas'ulmiz.

Xalqimiz ma'naviy hayotida asrlar bo‘yi e'tiqod, iymon, pok aqida sobitligi muhim o‘rin tutgan. Shundan kelib chiqib, xalqimiz e'tiqodini turli g‘arazli xurujlar va hamlalardan himoya qilish, yoshlarga dinimizning asl mohiyatini to‘g‘ri tushuntirish, musaffo islom g‘oyalarini aholi, xususan, yoshlarga to‘g‘ri tushuntirish bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridandir. Mamlakatning kelajagi bo‘lgan yosh avlod har jihatdan – ham jismonan, ham axloqan, ham ma'nan barkamol bo‘lishi lozim. Pag‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.): «Har biringiz rahbarsiz va har biringiz qo‘l ostidagilaringizga mas'ulsiz», deya marhamat qilganlar.

Din niqobidagi turli buzg‘unchi oqim va firqalar mamlakatdagi tinchlik, osoyishtalik, millatlar va dinlar o‘rtasidagi ahillikka rahna solishni maqsad qiladilar. Bu esa har birimizdan doimo hushyorlik va ogohlikni, yoshlar tarbiyasiga mas'uliyat bilan yondashishni shu yo‘l bilan jaholatga ma'rifatni qarshi qo‘yib, ular qalbini chetdan bo‘layotgan barcha xurujlardan qat'iy himoya etishni talab etadi.

 

R. AtajonovYangiariq tumani bosh imom-xatibi,

(Shayx Abdulaziz Mansur fatvolaridan foydalanildi)


Kiritilgan vaqti: 21/06/2021 17:36;   Ko‘rilganligi: 1151
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/jihod-takfir-shahidlik-mazhabsizlik-xalifalik-kabi-masalalardagi-soxta-davolarga-raddiyalar
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 10:32
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing