Jasur va sodiq sahoba
Islom tarixida 10 nafar sahobaning hayotligidayoq jannatiy ekani bashorat qilingan. “Asharai mubashshara” (o‘nta jannat bashorati berilgan sahobiy) orasida Zubayr ibn Avvom roziyallohu anhu sadoqat va xolislik xislatlari bilan ajralib turgan.
Zubayr ibn Avvom roziyallohu anhu hijratdan 28 yil oldin Makkada dunyoga kelgan. Islomni birinchilardan bo‘lib, o‘n olti yoshida qabul qilgan. Dastlabki musulmonlar din yo‘lida tortgan mashaqqat va qiyinchiliklarga barcha qatori u zot ham sherik bo‘lgan.
Abu Nu’aymning “Hulyat ul-avliyo” kitobida quyidagilar aytiladi: “Zubayrning amakisi uni bo‘yraga o‘rab osib qo‘yar va unga olov yoqib tutunni kiritib, kufrga qayt, der edi. Zubayr bo‘lsa, zinhor kufr keltirmayman, derdi”.
Yana e’tiborli jihati, u uch marta hijrat qilgan kamdan kam sahobalarda biri, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bilan barcha g‘azotlarda ishtirok etgan. Badr jangida o‘ng qanot qo‘mondoni, Makka fathida uch bayroqdorning biri bo‘lgan.
Abdurrahmon ibn Avf roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi.
Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “Abu Bakr jannatda, Umar jannatda, Usmon jannatda, Ali jannatda, Tolha jannatda, Zubayr jannatda, Abdurrahmon ibn Avf jannatda, Sa’d ibn Abu Vaqqos jannatda, Abu Ubayda ibn Jarroh jannatda, Said ibn Zayd jannatda”, dedilar”.
Zubayr ibn Avvom roziyallohu anhu g‘oyat jasur jangchi bo‘lganlari haqida ham dalillar bor. Mislo uchun, Uhud jangi oldidan mushriklar bayroqdori Talha ibn Abu Talha yakkama-yakka jangga chaqiradi. Musulmonlardan Zubayr roziyallohu anhu chiqdi va dushman bilan kurashib, uni yengdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar:
“Har bir nabiyning havoriysi bor. Mening havoriyim Zubayrdir”.
Havoriy – sadoqatli hamda samimiy yordamchi, degan ma’noni anglatishini hisobga olsak, Zubayr ibn Avvom roziyallohu anhuning maqomlari naqadar yuksak bo‘lgani anglashiladi.
Xandaq jangida ittifoqdosh Banu Qurayza qabilasi o‘z ahdini buzib, dushman bilan til biriktirgani haqida xabar keladi. Rost-yolg‘onligini aniqlash uchun Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kim Banu Qurayzaga borib keladi?” deb so‘raydilar. Zubayr raziyallohu anhu: “Men borib kelaman”, deydi. U zot: “Senga ota va onam fido bo‘lsin”, dedilar.
Ushbu yuksak bahoning sababi o‘sha tun sovuq va qorong‘i edi. Hamma holdan toygan, qimirlashga majol yo‘q edi. Har kimning ham bunday vazifani bajarishga yuragi betlamasdi. Zubayr roziyallohu anhu mana shunday og‘ir vaziyatda fidokorlik ko‘rsatganlar.
Zubayr roziyallohu anhu ko‘p yillar mobaynida bundan haqli ravishda faxrlanib yurganlar.
Anvar AHMEDOV,
Shayx Xudoydod Vali jome masjidi imom-xatibi.
Киритилган вақти: 07/08/2023 08:59; Кўрилганлиги: 1011
Чоп этилган вақт: 10/10/2025 02:40