O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Xalit EREN: O‘zbekistonning diniy-ma'rifiy sohadagi tashabbuslarini Islom hamkorlik tashkiloti doirasida va xalqaro maydonda to‘la qo‘llab-quvvatlaymiz

 
 

Mamlakatimizda davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan ochiqlik siyosati natijasida barcha sohalarda yuksalishlar ko‘zga tashlanmoqda. Ilm-fan, ta'limni qo‘llab-quvvatlash, diniy sohadagi o‘zgarishlar xorijiy ekspertlarning e'tirofiga sabab bo‘lmoqda, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Xalit EREN, Islom hamkorlik tashkilotining Islom tarixi, san'ati va madaniyatini tadqiq qilish markazi (IRCICA) Bosh direktori:

— O‘zbekiston ilm-marifat rivojlangan mamlakat, Islom madaniyati beshigidir. Islom tamaddunining boy manbalarini o‘zida mujassam etgan bu ajoyib mamlakatda Prezident Shavkat Mirziyoev rahnamoligida barcha sohalar qatori diniy-ma'rifiy yo‘nalishda amalga oshirilayotgan islohotlar bizda katta taassurot uyg‘otmoqda. Islom ta'limotini chuqur o‘rganish, ilm va tamaddun g‘oyalarini targ‘ib etish bo‘yicha nufuzli xalqaro tashkilotlarda ilgari surayotgan tashabbuslarini juda katta qiziqish va mamnuniyat bilan kuzatib borayapmiz. Va biz bu ezgu tashabbuslarni to‘la qo‘llab-quvvatlaymiz.

Shavkat Mirziyoev mamlakat Prezidenti etib saylanganidan beri O‘zbekistonni dunyoga ochish borasida tinimsiz sa'y-harakatlarni amalga oshirib kelmoqda. Bunda o‘lkaning boy madaniy ma'naviy merosini keng targ‘ib qilishga katta e'tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston rahbarining 2016 yil Toshkentda bo‘lib o‘tgan Islom hamkorlik tashkiloti a'zo-davlatlarining Tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishida va 2017 yil BMT Bosh assambleyasida ilgari surgan tashabbuslari u kishining nafaqat islom ummatining, balki butun jahon hamjamiyatining kelajagi haqida qayg‘urayotganidan dalolat beradi.

IRCICA Shavkat Mirziyoev tashabbuslari bilan tashkil etilgan muassasalar — Imom Buxoriy Xalqaro tadqiqot markazi, Islom tamadduni markazi, O‘zbekiston Islom akademiyasi bilan yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda. Hozirgi kunda O‘zbekiston Islom akademiyasida IRCICA kafedrasi tashkil etilgan. Bundan tashqari biz yuqorida zikr etilgan muassasalar bilan hamkorlikda qator qo‘shma loyihalarni amalga oshirib, Shavkat Mirziyoevning ma'rifatparvar dunyoqarashini jahon afkor ommasiga tanishtirishda faol ishtirok etayapmiz.
Biz O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan diniy-ma'rifiy sohalardagi barcha tashabbuslarni Islom hamkorlik tashkiloti doirasida va keng xalqaro maydonda qo‘llab-quvvatlaymiz ham ularni targ‘ib etishga hissa qo‘shamiz.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati


Kiritilgan vaqti: 15/09/2020 13:39;   Ko‘rilganligi: 685
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/news/xalit-eren-ozbekistonning-diniy-marifiy-sohadagi-tashabbuslarini-islom-hamkorlik-tashkiloti-doirasida-va-xalqaro-maydonda-tola-qollab-quvvatlaymiz
Chop etilgan vaqti: 02/05/2024 02:56
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing