O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

TARIXIY UCHRASHUV

 
 

Jonajon diyorimizda yashayotgan har bir fuqaro borki, bugungi kunda olib borilayotgan islohotlar, o‘zgarishlar, yangilanishlarga qarab O‘zbekistonning mustahkam poydevor asosida buyuk maqsadlar sari shaxdam qadamlar bilan borayotganiga guvoh bo‘lmoqda. Inson qadri, xalq manfaati oliylarga ko‘tarilgan yurtimizda isloh etilmagan soha, e’tibordan mosuvo jihat, o‘z holiga tashlab qo‘yilgan biror bir yo‘nalish qolmay, barchasi umumiy maqsad sari birlashtirilmoqda.

2017 yil 15 iyun kuni yurtimizda tarixiy jarayon, nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyodagi nodir holat, Davlat rahbarining rasmiy din vakillari – imom-xatiblar bilan bevosita uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. "Ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash – davr talabi" mavzusida o‘tkazilgan anjumanda Prezidentimiz aynan imom-xatiblarga murojaat etib, davlatimizning ularga bo‘lgan ishonchi, imomlardan kutilayotgan natijalar va bog‘lanayotgan umidlar haqida so‘z yuritdilar.

Prezidentimizning shijoat bilan so‘zlashlari, jon kuydirishlari, barchaning bir yoqadan bosh chiqarib, qo‘lma-qo‘l ishlashga chorlashlarini zaldan turib bevosita kuzatar ekanman, yelkamdan zolvorli bir mas’uliyat bosib, Prezident ishonchini oqlashga bo‘lgan ichki bir ont, shuning bilan birga qusurga yo‘l qo‘yishdan hadik hislari o‘rab kelardi.

Negaki, Yurtboshi ijtimoiy-ma’naviy sohani yanada rivojlantirish, oilalarimiz, mahallalarimizda, butun jamiyatimizda sog‘lom muhitni mustahkamlash, yoshlar tarbiyasi, tinch-osuda hayotimizni, muqaddas dinimiz pokligini asrash ishlaridagi mas’ul va mutasaddilar ro‘yxatining avvalgi qatorida imom-xatiblar nomini zikr etmoqda. Vatanning buguni va ertasi, farzandlar, nabiralar taqdiri va kelajagini, bir so‘z bilan aytganda, hayot-mamotimizni hal qiluvchi jihatlarni isloh etishda din vakillarini faol bo‘lishga chorlamoqda.

Xo‘sh, endi men olib borayotgan ishlarimda qanday o‘zgarish qilaman, uning samarasini oshirishda, xalqqa manfaatli bo‘lishida nimalarga ko‘proq e’tibor qaratishim kerak, kechagi kunimdan farq qilishim uchun qanday ishlarni amalga oshiraman?, degan savollar iskanjasida tarixiy jarayonni kuzatar ekanman, oldinda qilinishi kerak bo‘lgan ishlar hali juda ko‘p ekanligi borasida mulohaza yuritaman.

Demak, bugunning imomi birinchi navbatda o‘zining mavqeini teran anglashi, oldida turgan vazifasining mohiyatini tushunib yetishi kerak. Faqatgina kunlik namoz va juma namozi ado etib, qolgan vaqt ma’raka-marosimlar bilan cheklanish imomlarga xos bo‘lmagan holat.

Birinchi galda xalqimizga azaldan xos bo‘lgan bag‘rikenglik an’analarini mustahkamlash, mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari bir oila farzandlaridek ahil va inoq yashashlarining bardavomligini ta’minlashga hissa qo‘shish, xalqimiz tabiati, mentaliteti asosini tashkil etuvchi olijanoblik, ezgulik va tom ma’nodagi bag‘rikenglik fazilatini yosh avlod ongida ham shakllantirib borish ustuvor vazifamiz bo‘lishi kerak.

Istiqlolning nurli quyoshi ostida tug‘ilib, voyaga yetgan farzandlarimizga mustaqillikning qadriga yetishlari, uning mohiyatini teran anglashlari uchun mustabid tuzumi davridagi holatlar va hurriyatga erishilgandan so‘ng amalga oshirilgan ishlar, qo‘lga kiritilgan yutuqlar haqida aniq raqamlarga tayanib, tushuncha berib borishimiz lozim bo‘ladi.

Dinimiz tarixi, buyuk allomalar va aziz-avliyolarimiz merosini o‘rganish va targ‘ib etish bo‘yicha boshlangan ishlarni davom ettirishda jonbozlik ko‘rsatish ham muhim vazifalarimizdandir.

Xalqaro terrorizm, ekstremizm, narkotrafik, diniy qarama-qarshilik, noqonuniy migratsiya, odam savdosi, ekologik muammolarga qarshi kurashishga doir har bitta imom o‘ziga xos qarash, aniq reja va yo‘nalishni belgilab olishi lozim.

Shu o‘rinda Yurtboshimizning nutqlaridan iqtibos keltiraman:

"Biz ko‘p joylarda jaholatga qarshi ma’rifat tashabbusi bilan chiqyapmiz. Muqaddas islom dinini niqob qilib boshqa ko‘chalarga kirib ketayogan johil kimsalar bir narsani tushunmaydi yoki tushunishni istamaydi. Ya’ni, islom faqat nurli hayotga, ilm-ma’rifatga, yaxshilikka undaydi. Hech qachon xunrezlik, qotillik, zo‘ravonlikka chaqirmaydi. Ana shu haqiqatni tan olmasdan, soxta g‘oyalarga aldanib, zararli oqimlarga kirish, terrorchi bo‘lish – bu O‘zbekiston xalqiga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi".

Demak, xalqimizga yotgan bo‘lgan g‘oyalar, tushunchalarga qarshi kurashish bizning maqsad va vazifalarimizning birinchi galdagisidir. Buning uchun hududimizda mahallalar, ta’lim muassalari, ichki ishlar tizimi bilan hamkorlikda maqsadli rejalar tuzishimiz, aholi, ayniqsa uyushmagan yoshlar bilan jiddiy shug‘ullanishimiz, xorijga ketayotganlar va u yerdan qaytganlar bilan muntazam suhbat o‘tkazib, e’tiqodining sog‘lomligini nazorat qilib borishiz ustuvor vazifamizdir.

Profilaktik nazoratga olinganlar va hozirda jazo muddatini o‘tayotganlarning oila a’zolari bilan olib borayotgan ishlarimizga ham o‘zgacha munosabat bilan yondashish vaqti yetib keldi. Ularning bo‘ladiganini bo‘ladiganga, bo‘lmaydiganini bo‘lmaydiganga chiqarishda ham imomlardan amaliy harakat talab etilmoqda. O‘z tushunchasida butkul mutaassiblarini chetga qo‘yib, qolganlarini to‘g‘ri yo‘lga o‘tkazish, jamiyat orasiga olib kirish, bo‘yinlaridan tavqi la’nat bosib turgandek, yelkalarini qisib yurishlaridan qutqarishda imomlardan yordam so‘ralmoqda.

Buning uchun har bir imom mahalla faollari, uchastka nozirlari bilan birgalikda ana shunday kishilar bilan dildan suhbat o‘tkazishi, bugungi siyosatimiz mohiyatini tushuntirib berishi, mavjud muammolarini bartaraf etishga ko‘maklashishi, oxir-oqibat e’tiqodining butkul to‘g‘irlanishiga erishishi lozim. Bu borada imomlardan talab etilayotgan yagona natija shu bo‘lib, ularga ikkinchi variant taklif etilmaydi.

Zero, Prezidentimizning nutqlari davomida:

"....Shuning uchun ham sizlarning katta bilimingiz, obro‘-e’tiboringizni inobatga olib, men sizlarga, barcha din ahllariga, jamoatchiligimizga murojaat qilmoqchiman: yurtimizda tinchlikni, osoyishtalikni saqlashda bizga yordam bering", deb aytgan so‘zlarini hech qachon unitmaslik kerak.

Sho‘ o‘rinda alohida ta’kidlash lozim bo‘lgan jihat borki, davlatimiz rahbari o‘z chiqishlarida mamlakatimizning deyarli barcha hududlarida dinimiz ravnaqi yo‘lida beqiyos xizmat qilgan buyuk aziz-avliyolar, alloma zotlar xotirasiga barpo etilgan yodgorlik majmualari, ilmiy markazlar qoshida islom dinining alohida yo‘nalishlari bo‘yicha ilm olishga, mutaxassis bo‘lishga tayyorlab boradigan ilmiy maktablar tashkil etish taklifini berdilar. Ilmiy maktablarning ahamiyati haqida gapirib:

"Masalan, Samarqandda – Imom Buxoriy ilmiy markazida hadisshunoslik, Imom Moturidiy markazi qoshida kalom ilmi, Farg‘onada – Marg‘inoniy ilmiy markazida islom huquqi maktabi, Buxoroda – Bahouddin Naqshband markazida tasavvuf, Qashqadaryoda – Abu Muin Nasafiy markazida aqida ilmi maktabini tashkil etsak, o‘ylaymanki, bu juda foydali bo‘ladi.

Kelgusida chuqur bilimli imom-xatiblar, islomshunos mutaxassislar, ulamolar tayyorlashda, eng muhimi, farzandlarimizni buyuk ajdodlarimizning bebaho merosi ruhida, sog‘lom e’tiqod ruhida tarbiyalashda bu maktablar tayanch bo‘lib xizmat qiladi", deya ta’kidladilar.

Bu xabar yurtimiz musulmonlari uchun katta xursandchilik bo‘ldi. Chunki islom ilmlariga chanqoq xalqimiz farzandlarining din ilmlarini puxta egallashlarini, xalqimizga sifatli xizmat qilishlarini hamisha istab kelganlar. Ilmiy maktablarning tashkil etilishi mavjud imkoniyatlarni yanada kengaytiradi, yurtimizga ko‘plab yetuk kadrlarni yetkazib berishni ta’minlaydi.

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlashni xohlardimki, yurtimizda biz imom-xatiblar uchun samarali mehnat olib borishimiz, ilmimiz, salohiyatimizni oshirishimiz uchun barcha imkoniyatlar hozirlangan va ular yanada rivojlantirib borilmoqda. Zimmamizda e’tiborni e’tirof etish, imkoniyatlardan unumli foydalanish va bog‘langan umidlarni puchga chiqarmaslik mas’uliyati turibdi.

Yurtboshimiz buyuk shoirimiz Zahiriddin Muhammad Boburning, “Har kimki vafo qilsa, vafo topqusidur, Har kimki jafo qilsa, jazo topqusidur”, misrasini keltirib, barchani sadoqatli bo‘lishga chaqirdilar. Shijoatli bo‘lishga, ikki kemaning boshini tutmaslikka, “Bir bolaga yetti mahalla ham ota, ham ona” degan maqolning haqiqiy ma’nosini anglashga, oilalar mustahkamligini ta’minlashga, o‘quv muassasalarida ta’lim tizimini yaxshilashga ko‘maklashishga, o‘z joniga qasd qilishning oldini olishga va yana ko‘plab mas’uliyatlarga chorlamoqdalar.

Demak, bugun ana shunday ahamiyatli ishlarni amalga oshirish vaqti, yurt tinchligini asrash, xalq e’tiqodini sof hola tutish, farovonligini ta’minlash vaqti, tinimsiz mehnat, samara beruvchi mashaqqat vaqti, loqaydlik, beparvolik vaqti emas, bu mening vazifamdan tashqari deyiladigan, faqat o‘z qobig‘iga o‘raladigan vaqt emas.

Shunday ekan, qo‘lni qo‘lga beraylik va oliy maqsad sari birgalikda harakat qilaylik.

Zayniddin Eshonqulov,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Samarqand viloyati vakili


Kiritilgan vaqti: 17/06/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 894
 
Material manzili: http://sammuslim.uz/oz/press/news/tarixiy-uchrashuv
Chop etilgan vaqti: 16/11/2019 03:42
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing