O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Imom Buxoriy nomi BMT bosh minbarida yangradi

 
 

2017 yil 19 sentyabr kuni Amerika Qo‘shma Shtatlarining Nyu-York shahrida ish boshlagan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoevning oliy minbardan turib butun dunyoga qilgan murojaatini o‘zgacha hayajon bilan kuzatdik.

Prezidentimizning nutq qilishdan oldin kursida o‘tirgan holda taklifni kutib turishlari, sessiya raisi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevni taklif qilamiz”, deyilgach, salobat bilan chiqib, yozuvlarni ochishlari, mikrafonni to‘g‘irlab dona-dona so‘zlar bilan co‘z boshlashlari har bir o‘zbekistonlik qalbida iftixor, yurtboshiga nisbatan ishonch va hurmat hislarini jo‘sh urdirdi.

Hali davlatning boshqaruviga kelganiga qisqa vaqt bo‘lishiga qaramay, bu buyuk yo‘lboshchining asrga tatigulik ishlarni amalga oshirgani, ichki va tashqi siyosatda salmoqli ishlarni yo‘lga qo‘ygani, buning samarasini nafaqat har bir O‘zbekiston fuqarosi, balki qo‘shni davlatlar ham ko‘rayotgani, bahramand bo‘layotgani barcha e’tirof etgan haqiqat. Shu qisqa davr ichida qilingan ishlar, to‘plangan tajriba asosida oliy minbardan turib ma’ruza qilish, ko‘pchilikning e’tiboridan chetda qolayotgan, shuning bilan birga ko‘plab muammolar shuning yechimiga bog‘liq bo‘lgan jihatlarga to‘xtalishlari, dunyo hamjamiyatini birlashishga, tinchlikni saqlashga chorlashlari barchamizni to‘lqinlantirdi, boshimizda mustahkam irodali, mard va jasur yurtboshi turganiga yana bir bor amin bo‘ldik.

O‘zbekistonning maqsad vazifalari, kelajakda amalga oshiriladigan ishlar, mintaqaviy va jahon miqyosidagi muammolar va ularning hal etilishi bo‘yicha aniq fikr va takliflar keng jamoatchilik tomonidan qizg‘in kutib olinganiga shubhamiz yo‘q.

Prezidentimiz dunyo bo‘ylab jamiyat manfaatlari ortga surulib, ko‘proq shaxsiy maqsadlar sari harakat qilish avjiga chiqqan vaqtda «Inson manfaatlari hamma narsadan ustun» deya, bugungi kunning ko‘plab muammolari yechimi qaysi tarafda ekaniga ishora qilib o‘tdi.

Sh.Mirziyoev ertangi kunning asoschilari bo‘lmish yoshlarga alohida e’tibor qaratishga chaqirar ekan: “Bizning asosiy vazifamiz - yoshlarning o‘z salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratish, zo‘ravonlik g‘oyasi «virusi» tarqalishining oldini olishdir”, deyish bilan 2 milliardni tashkil etuvchi bugungi dunyo yoshlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish lozimligini ta’kidladi.

Islomofobiya zo‘rayib, musulmonlarga nisbatan salbiy munosabat ortib borayotgan vaziyatda, ekstremizmga qarshi faqat qurol bilan kurashish yetarli natija bermasligi, oqibat bilan emas, sabab bilan kurashish lozimligi, bu borada O‘zbekistonda izchil ishlar olib borilayotgani aytilganda balki ko‘pchilik buning mohiyatini aniq anglab yetmagandir. Liken,ekstremizm g‘oyalari ta’siriga tushib qolgan, to‘g‘ri yo‘ldan adashgan fuqarolarni ijtimoiylashtirish, ularni sog‘lom hayotga qaytarish bu illatning qayta urchimasligi uchun asosiy bois bo‘lishini yurtimiz misolida dnyo ommasi o‘ziga dasturulamal qilib oladi.

Islom dini tinchlik dini ekani, unga xunrezliklarning asosi, ekstremizmning omili sifatida qarashni to‘xtatishga chaqirar ekan, davlatimiz rahbari: “Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassamining ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Biz muqaddas dinimizni zo‘ravonlik va qon to‘kish bilan bir qatorga qo‘yadiganlarni qat’iy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz”, deyishlik bilan dinimizga nisbatan salbiy munosabat yuritish mantiqsizlik ekanini ta’kidlab o‘tdi.

Davlatimiz rahbarining ma’ruzasidan dunyo hamjamiyatini shuni angladiki, O‘zbekiston bugun rivojlanishning yangi bosqichiga chiqqan. Yoshlarning ongi, ma’rifatini, salohiyatini o‘stirish ishlarini muqaddas islom dining ezgu g‘oyalari asosida olib borish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bu yurtning rivojlanishidagi asosiy tutgan yo‘li va o‘z navbatida o‘ta natija beradigan tanlovdir.

Zero bugun buyuk bobokalonimiz Imom Buxoriy hazratlarining g‘oyat boy merosini asrab-avaylash va o‘rganish, ma’rifatiy islom to‘g‘risidagi ta’limotini keng yoyish maqsadida Samarqand viloyatida Imom Buxoriy nomidagi Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Toshkentda tashkil etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi O‘zbekistonning mustahkam kelajak qurish borasidagi dastlabki odimlaridir.

Toki, insonlar qalbida ma’rifat, o‘zaro ishonch, do‘stlik tuyg‘ulari joy olmas ekan, moddiyotning qay darajadagi rivojlanish bosqichiga yetilmasin, insoniyat bir kuni tanazzulga uchrashi inkor qilib bo‘lmaydigan haqiqat. Bu haqida olis o‘tmishning tarix varaqlari hamisha bizni ogohlantirib keladi.

Ushbu haqiqatni teran anglagan O‘zbekiston Prezidenti oliy minbardan turib BMT Bosh Assambleyasining «Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik» deb nomlangan maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish taklifi bilan murojaat qildi.

Kun sayin ortib borayotgan savodsizlik va jaholatga barham berish, barchaning ta’lim olish huquqini ta’minlashda ushbu va shunga o‘xshash bitimlar, kelishuvlarga dunyo ahli haminqadar muhtoj ekani anglatib qo‘yildi.

Bugungi O‘zbekiston dunyo bo‘ylab bag‘rikenglik va o‘zaro hurmatni qaror toptirish, diniy erkinlikni ta’minlash, e’tiqod qiluvchilarning huquqini himoya qilish, ularning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik tarafdori va bunga bor imkoniyatini solib harakat qiladi.Tinchlik, taraqqiyot va farovonlik sari hamkorlikni kengaytirish yo‘lidan sobit boradi.

Inson, uning ehtiyoj va manfaatlarini ta’minlash bu diyorning asosiy maqsadi va ushbu yo‘lda eng oqilona tanlov asosida belgilangan yo‘l orqali yurib bormoqda.

Muhtaram Prezidentimizning yurt obodligi, uning taraqqiy etishi, shu diyorda yashayotgan har bir fuqaroning farovon hayot kechirishi yo‘lida tinimsiz qilayotgan mehnatlariga Allohning o‘zi madadkor bo‘lsin. Jonajon O‘zbekistonimiz boshida hamisha tinchlik quyoshi porlasin va oliyjanob xalqimiz o‘zining oliy maqsadlariga erishsin.

Zayniddin domla Eshonqulov:

O‘zbekiston musulmonlari idorasining

Samarqand viloyati vakili, viloyat bosh imom xatibi


Kiritilgan vaqti: 21/09/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 1880
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/news/imom-buxoriy-nomi-bmt-bosh-minbarida-yangradi
Chop etilgan vaqti: 19/04/2024 19:13
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing