O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

HAMDARDLIK BILDIRAMIZ

 
 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi diniy sohada ko‘p yillar samarali xizmat qilgan, jonkuyar ulamo, fidoiy inson Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Xayrulloh domla Turmatovning vafoti munosabati bilan chuqur ta'ziya izhor etadi.

Rahmatli Xayrulloh domla Turmatov Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida ta'lim olgan, mehnat faoliyati davomida Toshkent viloyatidagi "Chetsuv", "Qorabog‘", “Zangiota” jome masjidlari imom-xatibi, Angren shahri bosh imom-xatibi va Toshkent viloyati bosh imom-xatibi vazifalarida fidokorona xizmat qildi. 
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi ushbu og‘ir musibatga chin qalbdan sherik ekanini izhor etadi. Barchamizni Alloh taolo yaratgan. Taqdirlarimizni ihota qiluvchi yagona Zot ham faqatgina Robbimizning O‘zidir. Qur'oni karimda: “…Albatta, biz Allohning ixtiyoridamiz va albatta, biz Uning huzuriga qaytuvchilarmiz…” (Baqara, 156) deyilgan.
Alloh taolo oxirat safariga kuzatilayotgan bu din xizmatchisini mag‘firatiga olsin, yaqinlariga sabru jamil berib, qazoi qadarini imon ila, rozilik ila qarshi olganlar qatorida ajru mukofotlar ato etsin.
Xayrulloh domla Turmatovga ulamolar, imom-xatiblar, imom noiblar, jome masjidlardagi har bir mas'ul xodim hamda qalblari Allohning baytiga bog‘langan qadrli insonlarning ehtiromi baland va yuksak edi.
Faoliyatlari davomida jome masjidlarni obod va ko‘rkam, namozxonlarni ibodat qilishlari uchun munosib va zamonaviy shart-sharoitlarga ega bo‘lishi yo‘lida tinim bilmay mehnat qilayotgan edilar...
Hadisi qudsiylardan birida aytiladi: “Ey Odam farzandi! …Albatta, Men sizlarning suratingizga ham, chiroyingizga ham qaramayman. Balki qalbingizga qarayman va sizlardagi yaxshi xislatlardan rozi bo‘laman”. Rahmatli Xayrulloh domla Turmatov ham ana shunday yaxshi xislatlar, ezgu fazilatlar sohibi edi. 
Alloh taolo marhum ulamoni O‘z mag‘firatiga olsin, chekkan dardlarini gunohlariga kafforat aylasin, iymonlarini salomat qilsin, solih amallarini o‘zlariga hamroh etsin. Oxiratlarini obod etib, joylarini Firdavs jannatlaridan qilsin!
Haq taolo marhum olimning ahli oilasi, farzandu arjumandlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to‘ldirsin. Biz Buyuk Parvardigordan duo qilib so‘raymizki, marhum olimni o‘zining cheksiz rahmatiga olsin, jannat bog‘lariga doxil etsin.

Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji'uun.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi


Kiritilgan vaqti: 16/09/2020 17:14;   Ko‘rilganligi: 759
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/news/hamdardlik-bildiramiz
Chop etilgan vaqti: 26/04/2024 06:31
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing