O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Juma mav'izalari

11.10.2019 y. Islomda vatanpar-varlik tushunchasi

 
 

بسم الله الرحمن الرحيم

اَلْحَمْدُ للهِ وَكَفَى، وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى رَسُولِهِ الْمُصْطَفَى، وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أجْمَعِينَ، أَمَّا بَعْدُ

Muhtaram jamoat! Ma'lumki, insonga berilgan eng bebaho ne'matlardan biri – o‘z Vatanida yashashdir. Chunki Vatan uning kindik qoni to‘kilgan, go‘daklik chog‘i o‘tgan, ilk qadamlarini qo‘ygan, yoshlik, keksalik  davrlarini suradigan, xotiralari muhrlangan, ota-bobolarining yurti, farzandu nabiralari ulg‘aygan zamindir! Alloh taolo har bir insonga vatanni sevish va unga muhabbat qo‘yish tabiatini ato etgan.

Islomda vatanga muhabbat bu – tug‘ilib o‘sgan yurtiga nisbatan e'zozdan iboratdir! Demak, musulmon kishi vatanini sevadi! Uning iqboli uchun harakat qiladi, uni himoya qiladi, xursand bo‘lsa – xursand, xafalik yetsa – qayg‘uradi. Inson “Vatan menga nima berdi?” deb emas, balki “men Vatanimga nima qildim?” degan oliy tuyg‘u bilan yashamog‘i lozim.

 Shuning uchun ham kishi o‘z yurtidan uzoqlashganda, uni qumsaydi va sog‘inadi. Bu qumsash biz ummatga Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan merosdir. Chunki islom tarixidan ma'lumki, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam O‘z vatanlari  Makkai mukarramada 53 yoshlarigacha yashadilar. Bu davr mobaynida Makka mushriklari tomonidan U Zotga bir qancha zulm, dushmanchilik va kamsitishlar bo‘ldi. Shunday bo‘lsa-da vatanlarini tark qilib boshqa joyga ketmadilar. Ammo Makka mushriklarining zulmlari haddan oshib, Rasulullohning jonlariga qasd qilish darajasiga borganlaridan keyin Allohning buyrug‘iga binoan Makkadan chiqib ketdilar. Chiqish vaqti kelganida ko‘zga yosh oldilar, ko‘ngillari bo‘shab, Makkaga qarab shunday dedilar:

"مَا أَطْيَبَكِ مِنْ بَلَدٍ، وَأَحَبَّكِ إِلَيَّ! وَلَوْلاَ أَنَّ قَوْمِي أَخْرَجُونِيْ مِنْكِ مَا سَكَنْتُ غَيْرَكِ"

(رواه الإمامُ الترمذي عَنْ عَبْدِ اللهِ بن عباسٍ رضي الله عنهما)

ya'ni:(Ey Makka) sendan ko‘ra menga sevimliroq va suyukliroq shahar yo‘q! Agar qavmim meni sendan chiqarmaganida, aslo sendan boshqa joyni makon tutmasdim”  (Imom Termiziy rivoyati).

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam Makkadan uzoqlashganlari sari unga bo‘lgan ishtiyoqlari ziyodalashib borardi. Shunda Alloh taolo Rasulullohning ko‘ngillarini ko‘tarib, Makkaga qaytib kelishlarini bashoratini berib, Qur'oni karimdagi quyidagi oyati karimani nozil qildi:

إِنَّ الَّذِي فَرَضَ عَلَيْكَ الْقُرْآَنَ لَرَادُّكَ إِلَى مَعَادٍ...

ya'ni: (Ey, Muhammad!) Albatta, Sizga (ushbu) Qur'onni farz qilgan zot, shak-shubhasiz, Sizni qaytish joyiga (Makkaga) qaytaruvchidir...” (Qasos surasi 85-oyat).

Shundan keyin Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam xotirjam safarlarini davom ettirdilar.

Insonning o‘z Vatani oldida bir necha vazifalari bo‘lib, ularning eng muhimlari uchtadir:

1. Vatanning haqqiga duo qilish. Chunki payg‘ambarlar o‘z vatanlari haqqiga duo qilganlar. Masalan, “Payg‘ambarlarning otasi” Ibrohim xalilulloh o‘z vatanlari bo‘lmish Makkai mukarrama haqiga Qur'oni karimda duo qilganlari bayon qilingan:

وَإِذْ قَالَ إِبْرَاهِيمُ رَبِّ اجْعَلْ هَذَا بَلَدًا آَمِنًا وَارْزُقْ أَهْلَهُ مِنَ الثَّمَرَاتِ مَنْ آَمَنَ مِنْهُمْ بِاللَّهِ وَالْيَوْمِ الْآَخِرِ قَالَ وَمَنْ كَفَرَ فَأُمَتِّعُهُ قَلِيلًا ثُمَّ أَضْطَرُّهُ إِلَى عَذَابِ النَّارِ وَبِئْسَ الْمَصِيرُ

ya'ni: “Eslang, Ibrohim: “Ey, Rabbim, buni (Makkani) tinchlik shahri qilgin va uning aholisidan Allohga va oxirat kuniga ishonuvchilariga (turli) mevalardan rizq qilib bergin!”, – deganida, Alloh: “(Ulardan) kofir bo‘lganlarini esa, biroz rizqlantirib, so‘ngra do‘zax azobiga mubtalo eturman. Bu o‘ta yomon oqibatdir”,dedi” (Baqara surasi 126-oyat).

Rasululloh sallallohu alayhi vasallam ham Madina munavvaraga borganlarida uning haqqiga quyidagicha duo qildilar:

"اللَّهُمَّ حَبِّبْ إلَيْنَا المَدِينَةَ كَحُبِّنَا مَكَّةَ أوْ أشَدَّ، اللَّهُمَّ بَارِكْ لَنَا في صَاعِنَا وفي مُدِّنَا..."

(رواه الإمامُ البخاري والإمام مسلم عن عائشة رضي الله عنها)

ya'ni: “Ey Alloh! Madinani bizga Makkani suyganimizdek yoki undanda ziyodaroq suyukli qilgin! Va uni toshu tarozusiga – so'u muddiga barakot bergin!” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

Mana payg‘ambar alayhissalomlar yashab turgan yurtlariga tinchlik va rizq so‘radilar. Zero bu ikki ne'mat – Vatan farovonligi omillaridandir! U ikkisi yoki biri topilmasa, baxt saodat yo‘qoladi.

2. Vatan obodligi uchun moddiy va ma'naviy hissa qo‘shish. Bu haqda Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qildi:

هُوَ أَنْشَأَكُمْ مِنَ الْأَرْضِ وَاسْتَعْمَرَكُمْ فِيهَا

ya'ni: “U (Alloh) sizlarni yerdan paydo qilib, sizlarni uni obod etuvchi etdi(Hud surasi 61-oyat). Demak, inson yer yuzini, xususan yashab turgan yurtini, o‘z Vatanini obod qilishi – uning burchi hisoblanadi.

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

إِنْ قَامَتِ السَّاعَةُ وَفِي يَدِ أَحَدِكُمْ فَسِيلَةٌ، فَإِنِ اسْتَطَاعَ أَنْ لاَ تَقُومَ السَّاعَةُ حَتَّى يَغْرِسَهَا، فَلْيَغْرِسْها

  (رواه الإمام البخاري عَنْ أَنَسٍ بْنِ مَالِكٍ رَضِيَ الله عَنْهُ)

ya'ni: “Qiyomat qoim bo‘lib qolsa-yu, biringizning qo‘lida ko‘chat bo‘lsa, u qoim bo‘lgunicha ekishga ulgursa, ekib qo‘ysin” (Imom Buxoriy rivoyati).

Hadisi sharifda inson o‘z hayotining oxirgi lahzasini ham g‘animat bilib, yashab turgan joyini obod qilish, uni gullab-yashnatishga targ‘ib qilinmoqda.

3. Vatanda fasod va buzg‘unchilik ishlari bilan mashg‘ul bo‘lmaslik. Bu haqda Qur'oni karimda shunday marhamat qilinadi:

وَلَا تُفْسِدُوا فِي الْأَرْضِ بَعْدَ إِصْلَاحِهَا وَادْعُوهُ خَوْفًا وَطَمَعًا إِنَّ رَحْمَةَ اللَّهِ قَرِيبٌ مِنَ الْمُحْسِنِينَ

ya'ni: “Yerni (Alloh xayrli ishlarga) yaroqli qilib qo‘ygandan keyin (unda) buzg‘unchilik qilmangiz! Unga (Allohga) ham qo‘rqinch va ham umid bilan duo qilingiz! Allohning rahmati ezgu ish qiluvchilarga yaqindir” (A'rof surasi 56-oyat).

Har bir shaxs o‘zi yashab turgan joyini ardoqlab, uni himoya qilishi – o‘z joni, moli, ota-onasi va farzandlarini himoya qilish hisoblanadi. Bu ish ulkan savob ekani haqida Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

" مَنْ قُتِلَ دُونَ مَالِهِ فَهُوَ شَهِيدٌ وَمَنْ قُتِلَ دُونَ نَفْسِهِ فَهُوَ شَهِيدٌ وَمَنْ قُتِلَ دُونَ دِينِهِ فَهُوَ شَهِيدٌ وَمَنْ قُتِلَ دُونَ أَهْلِهِ فَهُوَ شَهِيدٌ"

(رواه الإمام الترمذى عن سعيد بن زيد رضي الله عنه)

 ya'ni: “Moli, joni, dini va ahli ayolini himoya qilish yo‘lida halok bo‘lgan kishi shahidlik maqomini topadi” (Imom Termiziy rivoyati).

Kishi vataniga xiyonat qilishi, undagi ota-onasi, farzandlari va xalqining qadriga yetmasligi, ularni o‘ylamasdan vatanga qarshi qurol ko‘tarishi – islomdagi eng og‘ir gunoh va juda katta jinoyatdir!

Vatanni sevishimizga bir qancha sabablar bor. Jumladan, Alloh taolo taqdirimizni shu yerga bitdi. Shu vatanda tug‘ilib o‘sdik, tarbiya topdik. Bu vatanda eng sevimli qarindoshlarimiz, yaqinlarimiz yashashadi. Buning ustiga bu zaminni son-sanoqsiz ulug‘ zotlar, Allohning do‘stlari vatan tutishgan.

Afsuski, ayrim Vatan qadriga yetmagan kimsalar, go‘yoki “hijrat qilish farz” degan soxta da'voni qilib, oilasi bag‘rida tinch, osuda hayot kechirayotgan musulmonlarni o‘zga yurtlarga chiqib ketishga da'vat qilmoqda. Ammo bugungi kunda turli siyosiy kuchlarning qo‘lida qo‘g‘irchoq bo‘lgan ayrim vatangadolar dunyoning notinchlik hukm surgan va o‘zlari qo‘nim topgan mintaqalariga taassubga berilgan shaxslarni bir joyga jamlash va shu orqali xomiylarining rejalashtirilgan siyosiy maqsadlari yo‘lida harakatlanishmoqda. Xususan, ular ilm-ma'rifatdan yiroq, johil kimsalarni o‘z atroflariga to‘plashga intilib, islom diyori bo‘lgan, azon aytiladigan, juma va hayit namozlari bemalol o‘qiladigan, xullas, islomning besh arkonlari emin-erkin ado etilib, musulmonchilik amalda bo‘lgan va o‘zlari tinchlik-xotirjamlikda hayot kechirayotgan vatanlarini tark etishga targ‘ib qilinmoqdalar.

O‘z yurtini tashlab, o‘zga yurtlarda sarson-sargardon bo‘lish ayni islom ta'limotiga zid ishdir. Al-Fokihiy o‘zining “Makka xabarlari” asarida yozishicha, Ibn Abbos raziyallohu anhu uxlayotganida yostig‘i tagidagi hamyoni o‘g‘irlanadi. O‘g‘ri ushlanib, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam oldilariga olib borilganida, u o‘z qilmishini ushbu mablag‘ evaziga hijrat qilmoqchi ekanligi bilan oqlamoqchi bo‘ladi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam esa, uning sodir etgan ishini qoralab, Makkaga qaytishini va o‘z shahrida yashashini buyurib, “hijrat to‘xtatildi!”, – deya ta'kidlaydilar.

Kishining o‘z yurtiga mehr-muhabbatli bo‘lishiga targ‘ib qilib, Imom Muhammad G‘azzoliy  rahmatullohi alayhi shunday deganlar: “Inson o‘z tug‘ilib o‘sgan yerini va undagi narsalarni, garchi u joy odam yashamaydigan sahro bo‘lsa ham, yaxshi ko‘radi. Vatanga bo‘lgan muhabbat inson qalbidagi tug‘ma tabiatdir. Bu narsa insonni vatanida bo‘lganida xotirjam, musofirlikda sog‘inadigan, unga hujum qilinganda himoya qiladigan, hurmatsizlik qilinganda g‘azablanadigan qilib qo‘yadi”.

Abu Amr ibn Alo rahmatullohi alayh: “Kishining vafodorligi uning o‘z vatani uchun qayg‘urishidan, yaqinlarini sog‘inishidan va umrining zoye ketkazgan lahzalariga o‘kinib yashashidan bilinadi”, – deganlar.

Vatandagi tinchlikning qadriga yetish haqida sport sohasidagi rahbarlardan biri yaqinda bo‘lib o‘tgan bir voqeani so‘zlab berdi:

Musobaqaga qatnashish uchun xorijiy mamlakatdan bir falastinlik sportchi yigit O‘zbekistonga tashrif qilgan edi. Falastinlik yigit vataniga qaytishdan bir kun avval chuqur, og‘ir bir nafas olib: “Afsus ertaga musobaqa nixoyasiga yetadi, biz o‘z yurtimizga qaytamiz”, – degan gapni aytdi. Biz uni  gapidan taajjub qildik va so‘radik: “Ertaga vataningizga qaytasiz, vatanga ketishdan xam ortiq baxt bormi? Siz o‘z yurtingizga, yaqinlaringizning huzuriga ketasiz-ku, nega vatanga qaytish uchun afsus qilyapsiz?” Falastinlik mehmonimiz shunday javob qildi: “To‘g‘ri, vatanga ketish, farzandlarni ko‘rish, jigarlar bilan diydorlashish bu baxt, lekin bizni yashab turgan yurtimizda o‘q ovozi eshitilib turadi. Ko‘chaga ma'lum, belgilangan soatda chiqamiz, undan boshqa vaqtda ko‘chaga chiqolmaymiz. Tug‘ilib o‘sgan diyorimizda bemalol yurolmaymiz, na tuy-hasham, na xursandchilikni o‘z vaqtida o‘tkaza olamiz. Doimo biron-bir o‘q kelib umrimga xotima yasab qo‘yadi degan qo‘rquv va xavotirda yashaymiz, lekin sizlarning yurtingizga kelganimizda shu narsaning guvohi bo‘ldikki, biz bu yerda erkin nafas oldik. Kechasi yarim tun bo‘lsin, yorug‘ tong bo‘lsin bemalol ko‘chalarda yurgan odamlarni ko‘rdik. Farzandlarini qo‘llaridan yetaklab ota-onalar istirohat qilib turganlarini, to‘ylaringiz to‘ylardek, ma'rakalaringiz ma'rakalardek o‘tib turganini ko‘rdik. Biron-bir o‘q ovozini eshitganimiz yo‘q. Biron-bir nojo‘ya harakatni ko‘rganimiz yo‘q. Sizlarga havas qildik. Bunday vatanda yashash hammaga ham nasib qilmaydi. Yurtingizni qadriga yetinglar!”, – deb so‘zini nihoyaladi.

Shunday ekan, har birimiz o‘z vatanimizga bo‘lgan muhabbatimizni yanada oshirib, tinchligini qadriga yetib, uni obodligi va rivojlanishi yo‘lida o‘z hissamizni qo‘shib, kundan-kunga ko‘payib borayotgan islohot va yutuqlariga shukr qilib, har xil yovuz niyatdagi kimsalardan uni ko‘z qorachig‘imizdek asrab-avaylab, Vatan ravnaqi yo‘lida xizmat qilayotgan shaxslarning haqqiga duolar qilib, ibodatlarimizni o‘z vaqtida bajarib umrguzaronlik qilishimiz maqsadga muvofiqdir.

Alloh taolo aziz va mo‘tabar Vatanimizni bundanda farovon va osmonini musaffo qilib, xalqimizni tinch va osuda aylab, ikki dunyo saodatiga musharraf aylasin! Omin!

 

"Islomda vatanparvarlik tushunchasi" nomli mav'izani yuklab olish (PDF formatda)


Kiritilgan vaqti: 09/10/2019 18:22;   Ko‘rilganligi: 59
 
Material manzili: http://sammuslim.uz/oz/islam/juma/11102019-y-islomda-vatanparvarlik-tushunchasi
Chop etilgan vaqti: 21/11/2019 02:42
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing