O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Juma mav'izalari

03.01.2020 y. UMR – G‘ANIMAT!

 
 

بسم الله الرحمن الرحيم

اَلْحَمْدُ للهِ الَّذِي جَعَلَ اللَّيْلَ وَالنَّهَارَ خِلْفَةً لِمَنْ أَرَادَ أَنْ يَذَّكَرَ أَوْ أَرَادَ شُكُوراً، وَجَعَلَ الْجَنَّةَ لِلْمُؤْمِنِينَ جَزَاءً وَمَصِيراً، وَصَلِّ  اللَّهُمَّ وَسَلِّمْ عَلَى سَيِّدِنَا مُحَمَّدٍ الْمَبْعُوثِ رَحْمَةً وَمِنَّةً وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ اَجْمَعِينَ اَمَّا بَعْدُ

Muhtaram jamoat! Dinimizda inson umri va vaqtining qadri nechog‘lik ulug‘ ekanligi haqida yetarlicha ma'lumotlar berilgan. Zero, inson o‘ziga berilgan umrdan unumli  foydalana olsa, bu uning dunyo va oxiratda saodatga erishishiga sabab bo‘ladi. Alloh taolo Qur'oni karimda turli vaqtlarga qasam ichish bilan umr insonga berilgan ne'mat ekaniga ishora qilgan. Albatta, Alloh taolo qasam ichgan narsa qadri ulug‘ narsa bo‘ladi. Ma'lumki, vaqtning asosiy o‘lchovi – kecha va kunduzdir. U ikkisi odamlar umrlarini solih va ezgu amallar bilan o‘tkazishi, Parvardigorga shukr qilishlari uchun tinimsiz aylanib turadi. Qur'oni karimda shunday marhamat qilinadi:

﴿ وَهُوَ الَّذِي جَعَلَ اللَّيْلَ وَالنَّهَارَ خِلْفَةً لِمَنْ أَرَادَ أَنْ يَذَّكَّرَ أَوْ أَرَادَ شُكُوراً

ya'ni: “U eslatma olmoqchi yoki shukr qilmoqchi bo‘lgan kishilar uchun kecha va kunduzni (bir-biriga) o‘rinbosar qilib qo‘ygan zotdir” (Furqon surasi, 62-oyat).

Qur'oni karimda inson umri bekorga berilmagani qayta-qayta aytilgan. Uni behuda ishlar, ko‘ngilxushliklar va bekorchilik, dangasalik va tamballik bilan zoye qilish uchun emas, balki, xayrli amallar, foydali ishlar, elu yurtga manfaat keltiradigan, oxirat uchun zaxira bo‘ladigan buyuk ishlarni amalga oshirish uchun berilgan qimmatli fursat ekani ta'kidlanadi. Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qiladi:

﴿ الَّذِي خَلَقَ الْمَوْتَ وَالْحَيَاةَ لِيَبْلُوَكُمْ أَيُّكُمْ أَحْسَنُ عَمَلًا وَهُوَ الْعَزِيزُ الْغَفُور ُ﴾  

ya'ni: “(U) sizlarning qaysi biringiz chiroyliroq (savobliroq) amal qiluvchi ekaningizni sinash uchun o‘lim va hayotni yaratgan zotdir. U Aziz (qudratli) va G‘afur (kechirimli)dir” (Mulk surasi, 2-oyat).

Alloh taolo insonga umri davomida yetarli imkoniyat va vaqt beradi va bu marhamatdan unumli foydalana olmaganlarning oxiratda pushaymoni qattiq bo‘ladi. Bu haqda Qur'oni karimda shunday deyiladi:

﴿ وَهُمْ يَصْطَرِخُونَ فِيهَا رَبَّنَا أَخْرِجْنَا نَعْمَلْ صَالِحًا غَيْرَ الَّذِي كُنَّا نَعْمَلُ أَوَلَمْ نُعَمِّرْكُمْ مَا يَتَذَكَّرُ فِيهِ مَنْ تَذَكَّرَ وَجَاءَكُمُ النَّذِيرُ فَذُوقُوا فَمَا لِلظَّالِمِينَ مِنْ نَصِير ٍ﴾

ya'ni: “Ular u joyda: "Parvardigoro, bizlarni (azobdan) chiqargin –bizlar qilib o‘tgan amallarimizdan boshqacha yaxshi (amallarni) qilaylik!" – deb faryod qilurlar. Axir, Biz sizlarga eslatma oladigan kishi eslatma olgudek uzun umr bermaganmidik?! Sizlarga ogohlantiruvchi (payg‘ambar) ham kelgan edi-ku! Bas, endi (jazolaringizni) totaveringiz! Zolimlar (kofirlar) uchun yordamchi bo‘lmas” (Fotir surasi, 37-oyat).

Bu oyati karimaning ma'nosini quyidagi hadisi sharif ham ta'kidlab keladi. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

مَنْ عَمَّرَ سِتِّينَ سَنَةً أَوْ سَبْعِينَ سَنَةً فَقَدْ عُذِرَ إِلَيْهِ فِي الْعُمُرِ

  (رواه الامام احمد عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ)

ya'ni: “Alloh taolo kimga oltmish yil yoki yetmish yil umr bergan bo‘lsa, batahqiq unga umr to‘g‘risida uzr qoldirilmaydi(Imom Ahmad rivoyatlari).

Ya'ni, Alloh taolo ushbu uzun muddatli umrni unga muhlat qilib berish bilan oxiratda uning uzr aytishiga va o‘zini oqlashiga biron bir bahona qolmagan.

Hadisi shariflarda vaqt qadri alohida ta'kidlangan. Hatto, Qiyomat kunida insondan so‘raladigan dastlabki to‘rtta savolda ham umrning so‘rog‘i bor. Hadisi sharifda shunday marhamat qilinadi:

لَا تَزُولُ قَدَمَا عَبْدٍ يَوْمَ الْقِيَامَةِ حَتَّى يُسْأَلَ عَنْ أَرْبَعٍ عَنْ عُمْرِهِ فِيمَا أَفْنَاهُ وَعَنْ عِلْمِهِ مَا عَمِلَ بِهِ وَعَنْ مَالِهِ مِنْ أَيْنَ ِكْتَسَبَهُ وَفِيمَا أَنْفَقَهُ وَعَنْ جِسْمِهِ فِيمَا أَبْلَاهُ

 (رواه الامام الترمذي عن أبي بردة رضي الله عنه)

ya'ni:Banda qiyomat kuni to‘rt xislatidan so‘ralmaguncha, bir qadam ham oldinga siljiy olmaydi; umrini nima bilan o‘tkazgani, o‘rgangan ilmiga qanday amal qilgani, mol-dunyoni qay yo‘sinda topganiyu nimalarga sarflagani va jismini nimaga fido qilganidan so‘raladi(Imom Termiziy rivoyatlari).

Inson uchun yoshlik davri ham katta ne'mat sanaladi. Yoshlik umrning bir bo‘lagi, lekin uning boshqa davrlardan ajratib turuvchi o‘ziga xos qiymati bor. U hayotning g‘ayratu shijoatga to‘la hamda ikki zaiflik – go‘daklik va keksalik orasidagi jismoniy quvvatga erishgan bir davridir. Qur'oni karimda shunday deyiladi:

﴿ اللَّهُ الَّذِي خَلَقَكُمْ مِنْ ضَعْفٍ ثُمَّ جَعَلَ مِنْ بَعْدِ ضَعْفٍ قُوَّةً ثُمَّ جَعَلَ مِنْ بَعْدِ قُوَّةٍ ضَعْفًا وَشَيْبَةً

يَخْلُقُ مَا يَشَاءُ وَهُوَ الْعَلِيمُ الْقَدِيرُ

ya'ni: “Alloh shunday zotdirki, sizlarni zaif narsadan (bir tomchi suvdan) yaratdi, so‘ngra (sizlarga) zaiflikdan keyin (quvvat paydo) qildi. So‘ngra quvvatdan keyin yana zaiflik va qarilikni (paydo) qildi. U O‘zi xohlagan narsani yaratur. U Bilimdon va Qudratlidir” (Rum surasi, 54-oyat).

Yoshlikda qilingan ishlar puxta, mustahkam bo‘ladi, ibodatlarning savobi ham ortiq bo‘ladi. Shuning uchun ham hamma zamonda mamlakatning kuch-qudrati, taraqqiyoti o‘sha mamlakat yoshlarining salohiyati bilan chambarchas bog‘liq. Yoshlik bilim-ma'rifat to‘playdigan davrdir. Xalqimizda “Yoshlikda olingan ilm toshga o‘yilgan naqsh kabidir”, – degan maqol bor. Umrning, xususan yoshlikning  qadriga yetish haqida Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deydilar:

اغْتَنِمْ خَمْسًا قَبْلَ خَمْسٍ: شَبَابَكَ قَبْلَ هِرَمِكَ، وَصِحَّتَكَ قَبْلَ سَقَمِكَ، وَغِنَاءَكَ قَبْلَ فَقْرِكَ، وَفَرَاغَكَ قَبْلَ شُغْلِكَ،
وَحَيَاتَكَ قَبْلَ مَوْتِك) رواه الإمام الحاكم عن ابن عباس رضي الله عنهما(

ya'ni: “Siz besh narsani besh narsadan avval g‘animat biling: qarilikdan avval yoshligingizni, kasal bo‘lishdan avval salomatligingizni, faqirlikdan avval boyligingizni, bir ishga mashg‘ul bo‘lmasdan avval bo‘sh vaqtingizni va  o‘limingdan avval hayotingizni”, – dedilar (Imom Hokim rivoyatlari).

Taraqqiyot tezlashgani sari vaqt kushandalari ham ko‘payib bormoqda. Hozirgi kunda kattayu kichikning ko‘p vaqti ijtimoiy tarmoqlarga sarf bo‘layotgani sir emas. Biz bu vositani yaxshilikka yo‘naltirilsa, insonning dunyo va oxiratda saodatiga sabab bo‘lishini ta'kidlaymiz. Lekin afsuski, tilloga teng vaqtimizni ijtimoiy tarmoqlarda bekorga sarflasak, gunoh ishlarga ketkazsak, ertangi kunda qattiq pushaymonga sabab bo‘ladi. Ayniqsa, farzandlarimiz ayni bilim oladigan, kitob o‘qiydigan vaqtlari voqeiy hayotdan uzilib, virtual olam qobig‘iga o‘ralib qolishi, maqsadlarini yo‘qotib qo‘yishi, ayanchli holatdir. Bu musibatdan qutilish choralaridan biri sifatida yoshlarga jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanib turishni tavsiya qilish mumkin. Yoshlarning ham ma'nan, ham jismonan baquvvat, tanlari sog‘lom, g‘ayratli va shijoatli bo‘lishlarida jismoniy tarbiyaning ahamiyati kattadir. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam badan tarbiyasi mashqlari qatorida yoshlarni suzishga, otda chopishga, kamondan otishga o‘rgatish lozim ekanligini alohida ta'kidlaganlar va hadislarining birida: “Kuchli mo‘min kuchsiz mo‘mindan yaxshiroq va Allohga suyukliroqdir”, – deb marhamat qilganlar (Imom Muslim rivoyatlari).

Insonlarni turli xil zararli illatlardan saqlash maqsadida Islom dini sog‘likka futur yetkazuvchi va umuman inson hayoti uchun xavfli bo‘lgan narsalar bilan shug‘ullanish va iste'mol qilishdan qaytargan. Jumladan, Qur'oni karimda: “O‘zingizni halokatga duchor qilmang” (Baqara surasi, 195-oyat), “O‘zingizni o‘zingiz o‘ldirmang” (Niso surasi, 29-oyat), deyilgan. Demak yoshlarimizni mast qiluvchi ichimliklar va giyohvand moddalar iste'mol qilishdan asrash, hayotda zararli bo‘lgan amallardan qat'iy ogoh qilishimiz lozim.

 Ijtimoiy tarmoqlarda va turli ko‘ngilochar kompyuter o‘yinlarida haddan tashqari ko‘p vaqt o‘tirish sog‘liqqa ham zarar berishi shubhasiz va bunga misollar ko‘p. Hatto baland joyda selfi qilaman deb pastga qulaganlar ham uchrab turibdi. Hamma narsada me'yor yaxshi bo‘lgani kabi, bu sohada ham chegarani bilish kerak. Yoshlar buni anglay olishmasa, kattalar yordam berishlari va nazorat qilishlari lozim. Albatta, yoshlarning vaqt qadriga yetib tartibli va davomli bilim olishi yaxshi natijalar beradi.

Islom tarixi vaqtni qadriga yetish natijasida ulkan yutuqlarga erishgan va o‘zidan yorqin iz qoldirgan minglab olimlarning misollariga to‘lib toshgan. Biz faxr bilan nomlarini zikr qiladigan ajdodlarimizning hammalari vaqtning qadriga yetgan, yoshligida bilim to‘plagan zotlardir. Bu yaxshi odat ularga umrlarining oxirigacha hamrohlik qilgan. Shu sababli ular ham biz kabi umr ko‘rishgan bo‘lsa-da, o‘zlaridan son-sanoqsiz kitoblar va katta bilim qoldirishgan. Biz haligacha ular qoldirgan ilmiy merosni to‘liq o‘rganib, hayotga tatbiq qila olganimiz yo‘q!  Ulug‘ ajdodlarimizning hayoti biz uchun katta ibrat maktabidir. Alloh taolo bizni ularga loyiq avlodlardan qilsin!

Alloh taolo barchamizga umrning qadriga yetish, uni o‘zi rozi bo‘ladigan go‘zal holat va ezgulikda o‘tkazishni nasib qilsin, bu yo‘lda hammamizga, xususan yoshlarga g‘ayrat-shijoat bersin! Omin!

  

"UMR – G‘ANIMAT!" nomli mav'izani yuklab olish (PDF formatda)


Kiritilgan vaqti: 02/01/2020 15:59;   Ko‘rilganligi: 3109
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/islam/juma/03012020-y-umr-ganimat
Chop etilgan vaqti: 02/05/2024 02:45
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing