O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Qur'on oyatlari

“Baqara” surasining 33-34-oyatlari tafsiri

 
 

بِسْمِ اللّهِ الرَّحْمنِ الرَّحِيمِ

قَالَ يَا آدَمُ أَنْبِئْهُمْ بِأَسْمَائِهِمْ ۖ فَلَمَّا أَنْبَأَهُمْ بِأَسْمَائِهِمْ قَالَ أَلَمْ أَقُلْ لَكُمْ إِنِّي أَعْلَمُ غَيْبَ السَّمَاوَاتِ وَالْأَرْضِ وَأَعْلَمُ مَا تُبْدُونَ وَمَا كُنْتُمْ تَكْتُمُونَ(33)

  1. Ey Odam, ularga bularning ismlarini aytib ber, – dedi. Ularga o‘shalarning ismlarini aytib bergan chog‘ida: Sizlarga: Osmonlaru yerning g‘aybini bilaman va sizlar oshkor qiladigan narsalarni ham, berkitgan narsalarni ham bilaman», demabmidim?! – dedi. 

Shu bilan Odamning farishtalardan ustunlik tarafi namoyon bo‘ldi. U ham bo‘lsa, ilm-ma'rifat edi. Inson yer yuzida fasod qilishi, qon to‘kishi ham mumkin, ilohiy ne'mat bo‘lmish ilmni o‘z o‘rnida ishlatib, farishtalardan ustun bo‘lishi ham mumkin.

 

وَإِذْ قُلْنَا لِلْمَلَائِكَةِ اسْجُدُوا لِآدَمَ فَسَجَدُوا إِلَّا إِبْلِيسَ أَبَىٰ وَاسْتَكْبَرَ وَكَانَ مِنَ الْكَافِرِينَ (34)

  1. Esla, farishtalarga: “Odamga sajda qilinglar!” dedik, bas, sajda qildilar, faqat iblisgina bosh tortdi, mutakabbirlik qildi va kofirlardan bo‘ldi. 

Farishtalarga sajda qilishni buyurib, Alloh Odamga ulkan martaba ato etdi. Ammo bu sajda ibodat uchun emas, balki Odamni – Allohning ulug‘ ijodini tabriklash ma'nosida edi.

Farishtalar darhol sajda qildilar, chunki ularning fitrati – tabiatida Allohning amriga isyon qilish xususiyati yo‘q. Faqat iblis sajda qilmadi. Ushbu iboradan kelib chiqib, ba'zilar: “Iblis aslida farishtalardan edi, ammo amrga itoat etmay, Odamga sajda qilmagani uchun ularning safidan chiqarilgan”, deyishadi. Aslida unday emas. Iblis asli jindan bo‘lgan, bu haqda oyat bor. Qolaversa, Qur'oni Karim oyatida aytilganidek, farishtalarda Allohning amriga isyon qilish tabiati yo‘q. Shundan, Alloh taolo farishtalarni Odamga sajda qilishga buyurgan paytda iblis ham o‘sha joyda hozir bo‘lgan, deb xulosa qilsak bo‘ladi.

Iblis bilan inson orasida dushmanlik shundan boshlanadi. Bu dushmanlik yaxshilik vakili bilan yomonlik vakilining kurashiga aylandi.

 “Tafsiri hilol” kitobidan


Kiritilgan vaqti: 09/10/2019 15:36;   Ko‘rilganligi: 2431
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/islam/ayahs/baqara-surasining-33-34-oyatlari-tafsiri
Chop etilgan vaqti: 26/04/2024 07:48
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing