O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Uchrashuvlar, seminarlar, brifinglar

“Samarqandlik allomalar” kitobida 140 ga yaqin olim va diniy ulamo haqida ma'lumot berilgan

 
 

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi xodimlari tomonidan tayyorlanib “Jaholatga qarshi ma'rifat” rukni ostida chop etilgan kitoblar taqdimoti o‘tkazildi.

Unda tarixchilar, islomshunos, sharqshunos olimlar, soha mutaxassislari, diniy idora va tashkilotlar vakillari, Imom Buxoriy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi xodimlari, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti tadqiqotchilari va talabalari ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining qisqa davr ichida amalga oshirgan ishlari haqida gapirdi. Chop etilgan kitoblar ilmiy ahamiyati, badiiy saviyasi to‘g‘risida iliq fikrlar bildirildi.

– Kitob inson qalbiga nur olib kiradi, – dedi Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori, professor Ubaydulla Uvatov. – U ilmiy bo‘lsa, kishi ma'naviyatini yuksaltirishga va ilmini yanada boyitishga hissa qo‘shadi. Taqdimoti o‘tkazilayotgan kitoblar aynan shu maqsadda kitobxonlar e'tiboriga havola etilmoqda. Birgina, “Samarqandlik allomalar” kitobida 140 ga yaqin alloma, olim va diniy ulamo haqida batafsil ma'lumotlar berilgan. Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi xodimlari astoydil mehnat qilgan. Har bir kitob tarixdan so‘zlaydi va ularda bugungi kun bunyodkorlik shukuhi aks etgan.

Joriy yilda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari tomonidan 50 ga yaqin diniy-ma'rifiy, tarixiy, ma'naviy-ma'rifiy mavzudagi kitob va risolalar, “Jaholatga qarshi ma'rifat” rukni ostida 30 ta kitob nashrga tayyorlangan. Shulardan 5 tasi – “Samarqandlik allomalar”, “Alauddin al-Usmandiy as-Samarqandiy”, “Imom Buxoriy – muhaddislar sultoni”, “Ibrohim Saffor Buxoriy” kitoblari va “Imom Buxoriy majmuasi” kitob albomi “G‘afur G‘ulom” nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyidan chop etildi.

Imom Buxoriy hadislari asosida maktab o‘quvchilari uchun “Kasb o‘rganish fazilati”, “Imom Buxoriy izidan”, “Ilmdan o‘zga najot yo‘q” kabi risolalar tayyorlandi.

Tadbir qatnashchilariga kitoblar sovg‘a qilindi.

Dilobar MAMATOVA, Temur MAMADAMINOV (surat), O‘zA.

Manba: Zarnews.uz


Kiritilgan vaqti: 26/12/2019 16:27;   Ko‘rilganligi: 1934
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/seminars-briefings/samarqandlik-allomalar-kitobida-140-ga-yaqin-olim-va-diniy-ulamo-haqida-malumot-berilgan
Chop etilgan vaqti: 20/04/2024 13:30
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing