O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Uchrashuvlar, seminarlar, brifinglar

Muftiy Usmonxon Alimov hazratlari Namangan viloyatida bir guruh fuqarolar bilan uchrashdi

 
 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari joylarda aholi bilan birma-bir suhbat qilish, namozxonlar bilan samimiy muloqotlar o‘tkazish va ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilar holidan xabar olish maqsadida, Namangan viloyatida xizmat safarida bo‘lib turibdilar.

Bugun muftiy hazratlari Namangan viloyati bosh imom-xatibi Abdulhay Tursunov va Kosonsoy tumani hokimi Bahodir Yusupov hamrohligida Kosonsoy tumaniga tashrif buyurib, tumandagi ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar bilan bir piyola choy ustida dildan suhbat o‘tkazdilar.

Muloqotda bugungi kunda davlatimiz Rahbari tomonidan olib borilayotgan din sohasidagi ulkan o‘zgarishlar, Yaratgan Parvardigorning bunday bergan ne'matlariga shukrona keltirish, to‘g‘ri yo‘lga qaytgan kishilarning hayotini yaxshilash va muammolarini bartaraf etish haqida so‘z bordi.

Uchrashuvda muftiy Usmonxon Alimov hazratlari mo‘min-musulmonlarning dardu tashvishlarini yengillatish bugungi kunda davlatimiz Rahbari tomonidan bosh maqsad qilib qo‘yilganini ta'kidladilar. Shuningdek, kishilarning diniy-ma'rifiy savodxonligini oshirish, imon-e'tiqodini mustahkamlash, Islom dinining ezgu ta'limotlarini tarqatish asosiy maqsad ekanini ta'kidladilar.

Muftiy hazratlari bugungi dono siyosatni keng targ‘ib etish va dinimiz, ona-Vatanimizni himoya qilishda hamma munosib hissa qo‘shishi ham farz, ham qarz ekanini izohladilar. Hozirgi kunda jadal rivojlanayotgan yurtimizni gullab yashnashiga barcha barobar mas'ul ekanini alohida aytib, keng imkoniyat va imtiyozlar berayotgan Yurtboshimiz haqlariga duoi xayrlar qildilar.

Uchrashuvlar do‘stona va samimiy ruhda o‘tmoqda.

Manba: muslim.uz


Kiritilgan vaqti: 15/09/2019 15:05;   Ko‘rilganligi: 1231
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/seminars-briefings/muftiy-usmonxon-alimov-hazratlari-namangan-viloyatida-bir-guruh-fuqarolar-bilan-uchrashdi
Chop etilgan vaqti: 20/04/2024 05:55
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing