O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Yurtboshimiz Samarqandga tashrif buyurdi

 
 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev viloyatgatashrifini Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov qabrini ziyorat qilishdan boshladi. Ziyorat chog‘ida Qur’on tilovat qilinib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari marhum Birinchi Prezidentimizning oxiratlari obod bo‘lishini so‘rab duo qildilar. Keyin Davlatimiz rahbari Islom Karimov dafn etilgan hududda barpo etilayotgan yodgorlik majmuasida borayotgan ishlar bilan tanishib, loyihani yanada takomillashtirish, ziyoratchilar uchun qulayliklarni oshirish bo‘yicha tavsiyalar berdi.

So‘ngra Prezidentimiz diniy ulamolar bilan birgalikda Imom Buxoriy hazratlarining qabrlarini ziyorat qilib, Imom al-Buxoriy nomidagi xalqaro tadqiqot markazi loyihasi bilan yaqindan tanishdi.

Uchrashuv chog‘ida Yurtboshimiz buyuk bobokalonimiz qoldirib ketgan boy ilmiy-ma’naviy merosni puxta o‘rganish, uni avlodlarga mukammal tarzda yetkazish maqsadida tashkil etilayotgan tadqiqot markazi Vatanimiz ulamolari zimmasiga yuksak mas’uliyat yuklashi, ulug‘ ajdodimizning munosib vorislarini tarbiyalashda tinimsiz mehnat qilishlari, mazkur jarayonga yangicha, zamonaviy uslubda yondashish talab etilishini aytib o‘tdilar.

Muzey, kutubxona, ilmiy majmuani o‘z ichiga oluvchi Markaz yurtimizda dinimiz sofligini saqlash, xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirish, boy tariximizni dunyoga yanada ko‘proq tanitishga xizmat qiladigan muqaddas maskan bo‘lib qolishi ta’kidlandi.

– Muhaddislar peshvosi bo‘lgan buyuk mutafakkir bobomiz Imom Buxoriy mangu qo‘nim topgan ushbu maskanda o‘ziga xos ma’naviy-ruhiy muhit mavjud, –dedi davlatimiz rahbari. – Majmuaga ziyoratga kelgan odam bu markazga ham kirib, ma’naviy oziq olsin, bobolarimiz hikmatlaridan o‘rganib ketsin. Shunda ularning kalbida ulug‘ ajdodlarimiz bilan faxrlanish tuyg‘usi rivoj topadi, ayni paytda shunday buyuk zotlarning avlodi mas’uliyatini his etadi.

Yangi markazda buyuk muhaddislar Imom Buxoriy, Imom Termiziy; ulug‘ faqihlar Burhoniddin Marg‘inoniy, Abullays Samarqandiy; kalom ilmining buyuk mutafakkirlari Abu Mansur Al-Moturidiy, Abul Muin Nasafiy kabi ajdodlarimizning bebaho merosini alohida-alohida o‘rganish va ilmning ushbu sohalari bo‘yicha mukammal bilimga ega bo‘lgan yetuk mutaxassislar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilayotgani aytildi.

Shavkat Mirziyoev olimlar va ulamolar bilan suhbatda ushbu markazda tadqiqotchilarga Qur’oni karim oyatlarini qiroat bilan o‘qish, to‘g‘ri talaffuz etish, arab imlosida yozish – kalligrafiya bo‘yicha mamlakatimiz yetakchi olimlari darslarini yo‘lga qo‘yish, xorijlik tadqiqotchilar uchun malaka oshirishni ta’sis etish haqida so‘zladi.

Prezidentimiz Buxorodagi Mir Arab madrasasining ham qadimgi mavqeini tiklash zarurligini ko‘rsatib o‘tdi. Madrasa binosini ta’mirlash va zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlash bo‘yicha topshiriqlar berdi. Shuningdek, yurtboshimiz poytaxtdagi Hazrati Imom majmuasi hududida Islom taraqqiyot markazini tashkil etish ko‘zda tutilayotganini ham aytib o‘tdi.

Imom Buxoriy majmuasi atrofidagi savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini rekonstruksiya qilish ziyoratchilar uchun qo‘shimcha qulaylik yaratib, hudud infratuzilmasini yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishiga e’tibor qaratildi.

Prezidentimiz Maxdumi A’zam ziyoratgohidan Imom Buxoriy majmuasigacha bo‘lgan yo‘l bo‘yida ikki qavatli zamonaviy uylar va ijtimoiy obyektlar qurish, hududni obodonlashtirish bo‘yicha mutasaddi rahbarlarga topshiriqlar berdi.

Imom al-Buxoriy nomidagi xalqaro tadqiqot markazi yurtimizda islom dini rivoji yo‘lida olib borilayotgan islohotlarning gultoji bo‘lmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari

idorasining Samarqand viloyati vakilligi


Kiritilgan vaqti: 14/04/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 1178
 
Material manzili: http://sammuslim.uz/oz/press/news/yurtboshimiz-samarqandga-tashrif-buyurdi
Chop etilgan vaqti: 16/11/2019 05:01
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing